Virjiniya VULF: Shaxsiyxona

Virjiniya VULF
128

Fikrning yuksakdagi tajassumi


Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma’ruzasida  “Ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga diqqat qaratadi va eplaydi, erkaklar esa faqat bitta  narsaga diqqat qaratishnigina zo‘r eplaydi. Shu sabab alohida sohalarda erkaklardan geniylar  ko‘p” dedi. Motsartni misol qildi. Buni ilmiy fakt deb atadi.


Endi tasavvur qiling, siz ayolsiz va jinsingizdan hech qachon Motsart chiqishiga ko‘zingiz  yetmaydi. Yanayam chuqurroq tasavvur qiling: siz pardoz, ovqat, bolangizning maktabi, ro‘zg‘or  va shu kabilarni parallel o‘ylay olasiz, lekin hech qachon chuqur o‘ylolmaysiz. Hech narsaga  chuqur va jiddiy kirolmaysiz. Maishiy hayotni yaxshi o‘ylay olasiz va yaxshi uddalaysiz. O‘z-  o‘zidan fikr cho‘qqilarini zabt etish istagingiz yo‘qqa chiqdi. Tabiatning o‘zi yo‘qqa chiqarib  tashladi. Endi ham qo‘li, ham oyog‘i yo‘q odamni tasavvur qiling. O‘sha tug‘ma noqis holatdasiz.  Tabiat, jamiyat, miyangiz neyronlari belgilagan hayot bor – maishiy kundalik turmush hayoti.  Siz ham yosh bola kabi yuksak tog‘ yo ziyoratgoh tepasiga chiqib dunyoga qaramoqchi, o‘sha  go‘zallikdan zavq, rohat olmoqchi edingiz va bu uchun hayotingizniyam berishga rozisiz. Ammo  sizni kirish eshigi oldidan qaytarishdi. Chunki siz noqissiz. Qo‘li­ngiz, oyog‘ingiz yo‘q. Endi esa  dunyoning yarmini shunday noqis holda tasavvur qiling. Birdan qisingan yelkalar, abadiy ruhi  tushib ketgan ko‘zlarni ko‘rasiz. Ha, abadiy! Hatto keyin ham biror orzu uchquni  yolqinlanmaydi. Xuddi yosh bolaning ilk va katta orzusi barbod bo‘lgani kabi abadiy so‘nmoq…  


Ha, dunyoning o‘sha yarmi – ayollar. O‘sha biroz noqis bili­nadigan, jiddiyroq, muhimroq ishlarga kelganda ko‘kragidan itariladigan, hatto o‘z tabiati, miyasi ham unga qarshi chiqadigan yaratiq ‒ mana ayol bo‘lishning mohiyati. Atrof, ming yillik qoidalar, qadriyatlar, jamiyat nari tursin, hatto o‘z tabiatingiz, miyangiz sizga qarshi chiqadi (bu ham ayolning ming yillar davomida o‘choq egasi sifatida qolib ketgani bilan bog‘liq). Demak, sen o‘zing istagan yuksakdagi Fikrdan lazzat olish uchun ikki hissa ko‘proq kurashishga maj­bursan. Kurashish deganda hozir ko‘pchilik noto‘g‘ri talqinni “moda” qilib olgan – erkak bilan kurashish emas! Bu erkak bilan, yo erkaklik dunyosi bilan kura­shish emas! Vulf erkaklar yozayotganda o‘ziga juda isho­nadi, chunki u har qanday ayol yozardan ustunman deb o‘ylaydi va shunga suyanadi deydi. Bu erkak tabiat ham u tomonda ekanini bilib turadi degani. Ayol esa hatto ijtimoiy sharoitlar natijasida tabiat ato qilgan “noqislik”lari uchun ham kurashishga majbur. Tushun­yapsizmi, endi ayol bo‘lish nima deganini?! Va bu hamma ayollar uchun, hamma ayollar shunday. Biroq hamma erkak Motsart bo‘lmagani singari hamma ayol ham Fikrning yuksakdagi tajassumi yoki olisdagi Go‘zallikning yal-yal yonishidan bahra olishga ishtiyoqmand emas. Bu mutlaqo tabiiy, buning uchun kimdir ayblanishi yoki faxrlanishi shart emas. Lekin boshqa bir tarafi bor – inson hayotining mohiyati o‘sha Go‘zallikni anglash, rohatlanish yo yaratish deb izoh beramiz. Xalqlarning qanchalik taraqqiy etganini o‘sha oliy go‘zallikdan, Ongdan qanchalik bahramandligi bilan o‘lchaymiz. Hayotning mohiyati oliy odam bo‘lishga intilish deb belgilaymiz. Va bu mutlaqo tafakkur va ong ishi! Endi ayting-chi, o‘sha hayotning asl mohiyatini ang­lamoqqa Ayolning ham haqqi bormi?! Haqqi bo‘lsa, nega u bir necha asrlar, ming yillar davomida hayotning oliy ma’nosini anglashga urinishdan, Yo‘ldan mahrum qilib kelindi, kelinmoqda – siz buni Vulfning Shekspirning singlisi haqidagi fikrlarini o‘qish davomida yaxshiroq tushunasiz. Sharqda ahvol undan ham battar bo‘lgan, Navoiyning adabiy singlisi haqida tasavvur bo‘lishi mumkinmi, albatta yo‘q – u podshoh saroyida tug‘ilgan ayol bo‘lsagina o‘z qizi­qishlarini namoyonlay olardi, uyam juda cheklangan tarzda. Endi holatni yaxshiroq tasavvur qiling – tabiat sizni erkaknikidan farqliroq ong bilan yaratgan, biror narsa ustida jiddiy va chuqurroq o‘ylolmaslik bahona chetga surilgansiz – ming yillar davomida hayotning oliy mohiyatini anglash, anglashga urinish yo‘lidan mahrum qolgansiz. Tafakkur, ong ishidan, haqiqiy ijod, yaratuvchanlik baxtidan ming-minglab kilometr olisga otib yuborilgansiz. Vaholanki, hayotning ma’nosi haqidagi eng chiroyli so‘zlar yaratish, fikrlash, anglash zavqi haqida edi. Va afsuski, bu ma’no siz uchun ko‘zda tutilmagandi. Aytmoqchi, inson deganda ham siz nazarda tutilmagandirsiz balki. Vulf asarini o‘qigan bir-ikki o‘zbek o‘quvchilar (afsuski, ular ayollarning o‘zi) asarni noto‘g‘ri talqin qilib, “Nima, ayollar erkaklar bilan kurashga kirishmoqchimi?” debdi. Yo‘q, aslo. Agar shunday tushunsak, bu asarning eng noto‘g‘ri talqini bo‘lardi. Ayollar ham oliy haqiqatlar uchun yashamoqchi, ayollar ham hayotning oliy mohiyatidan o‘z nasibasi bo‘lishini istaydi. Fikr yo‘lida azobla­nish, kuyish, yonish, oxir-oqibat qurtning g‘umbakni yorib chiqib, kapalakka evrilishi, Fikrning yuksak sathlarida qanot qoqishni istaydi. Va bularning barchasi maishiy hayotda parallel hamma narsani o‘ylab, eplaydigan ayol haqida emas, intellektual ayol haqida. Vulfning kitobi intellektual ayolni ko‘zda tutadi, ammo unga maishiy hayotda qo‘yilgan to‘siqlarga chuqur kirib boradi. Ayolning intellektualga evrilishi maishiy hayotdagi ozodlik evazigaligini birma-bir tahlil qiladi.


Tillaniso NURYOG‘DI