Xolmuhammad Karimiy: Qora lola
O‘zbek adabiyotida urush mavzusi turli davrlarda turlicha talqin qilib kelingan bo‘lsa-da, ayrim asarlar borki, ular o‘quvchini voqea ichiga olib kiradi, uni nafaqat kuzatuvchi, balki dardning bevosita guvohiga aylantiradi. Xolmuhammad Karimiyning “Qora lola” romani ana shunday asarlardan biri. Ushbu roman 1979–1989-yillarda Afg‘onistondagi urushning dahshatli manzaralari, inson taqdiriga solgan og‘ir izlari va ma’naviy-ruhiy talafotlarini chuqur va ta’sirchan ifodalagan asar sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Asar butun insoniyatning azal-azaldan dushmani bo‘lmish urush oqibatlari, uning jirkanch qiyofasi haqida. Yozuvchi bu ko‘rguliklarni o‘z boshidan kechirgan, yurakdan his qilgan, guvohi bo‘lgan. Shu sababdan ham “Qora lola” oddiy to‘qima asar emas, balki hayot haqiqatidan tug‘ilgan, chin dard va iztiroblarni so‘zlaydigan asardir.
“Urush o‘z nomi bilan urush. U hech kimni ayab o‘tirmaydi, hech kimga baxt keltirmaydi”, degan fikr romanning butun mohiyatini ifodalab turadi, qanchalik mudhish, shafqatsiz va ma’nosiz ekanini teran his qildiradi. Muallif urushni qahramonlik maydoni sifatida emas, balki insoniyatning eng katta fojialaridan biri sifatida ochib beradi. Asarda jang maydonidagi qonli manzaralar, urush sabab vayron bo‘lgan taqdirlar, singan orzular, yarim yo‘lda uzilgan umrlar, o‘z vatanidan uzoqda halok bo‘lgan yoshlarning armoni juda kuchli aks ettirilgan.
Romanda nomining o‘zi ham nihoyatda chuqur ramziy ma’noga ega. “Qora lola” urushda halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini olib ketuvchi samolyotning ramziy nomi. Bu ibora o‘zida faqat motamni emas, balki butun bir avlod fojiasini mujassam etadi. Lola odatda go‘zallik, noziklik, yoshlik va hayot timsoli bo‘lsa, uning “qora” sifatida berilishi o‘quvchiga bir vaqtning o‘zida go‘zallik va fojeaning, umr va o‘limning, umid va iztirobning yonma-yon yashashini eslatadi. Muallif ushbu obraz orqali urushning ichki va tashqi mohiyatini bir nuqtaga jamlagan.
Roman urushning boshlanish sabablari ham nihoyatda keskin va haqqoniy ochib beriladi. Muallif urushni “bir guruh kaltabin kishilarning qarori” natijasi ekanini ko‘rsatadi. Bu juda muhim g‘oya. Chunki urushni odatda oddiy xalq boshlamaydi, uni hokimiyat, siyosat, manfaat yoki mafkura yo‘lida qaror qabul qilganlar boshlab beradi. Ammo uning eng katta zarbasi oddiy insonlar – askarlar, onalar, otalar, bolalar va butun jamiyat zimmasiga tushadi. “Qora lola” ana shu adolatsizlikni, ya’ni qarorni birlar qabul qilib, azobini boshqalar tortishini nihoyatda achchiq haqiqat bilan ko‘rsatadi.
Romanning yana bir muhim jihati, unda urushning faqat tashqi qiyofasi emas, balki inson ruhiyatidagi parchalanishlar ham juda chuqur tasvirlangan. Asar qahramonlari oddiy, hayotiy, tirik insonlar sifatida gavdalanadi. Ular qo‘rqadi, iztirob chekadi, Vatani, uyini sog‘inadi, ayriliqdan eziladi, buyruq va vijdon o‘rtasida ikkilanadi. Bu holatlar romanga yuksak psixologik kuch bag‘ishlaydi. Muallif qahramonlarni faqat jangchi yoki buyruq bajaruvchi shaxs sifatida emas, balki qalbi uyg‘oq, dardchil, orzulari va armonlari bisyor insonlar sifatida ko‘rsatadi. Shu sababli o‘quvchi asarni o‘qir ekan, voqealarni shunchaki kuzatmaydi, ich-ichidan his qiladi.
Shodiyona
XUSHMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
NIYAT
YO‘L haqida
Oltin yerdan, bilim kitoblardan qazib olinadi
BOLALAR KONTENTI UCHUN MUHIM QADAM
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank