Dilafro‘z TURSUNOVA, Sabohat QODIROVA, Yunusobod tumani Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsultlari

450
O‘rindoshlik bo‘yicha ishlaydigan ayol xodimlar homiladorlik va tug‘ish nafaqasini oladi­mi?

Bu eng ko‘p uchraydigan savollardan biri. 

2023-yil 30-aprelda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 440-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan o‘zga kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlari to‘liq hajmda beriladi. Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabr­dagi “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Bu norma, homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olgan o‘rindosh xodimlarga tatbiq etiladi va belgilangan tartibda ushbu ta’tilga nafaqa puli berilishi kafolatlangan.

Amaliyotda kelib tushayotgan savollarga yuqorida qayd etilganidek, javob sifatida aytish mumkinki, o‘rindoshlarga, jumladan, maktabda o‘rindoshlik asosida ishlaydigan ayol xodimlarga ham mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq kafolatlangan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari o‘rnatilgan tartibda to‘lanishi belgilangan.