KELAJAKNI ASRASH BUGUNDAN BOSHLANADI

Daxldorlik KELAJAKNI ASRASH BUGUNDAN BOSHLANADI
57



Bugun ekologiya va iqlim o‘zgarishi butun dunyoni tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biri. Pedagog sifatida shuni ayta olamanki, tabiatni asrash va unga mehr-muhabbat tuyg‘usi avvalo maktabda, yosh avlod tarbiyasidan boshlanadi.



Shu maqsadda Uchquduq tumanidagi 7-IDUMning 9-sinf o‘quvchilari bilan “Ekologiya va atrof-muhit – bizning nigohimizda” mavzusida davra suhbati o‘tkazdik. Maqsadimiz o‘quvchilarning ekologiyaga oid qarashlarini tinglash va ularni ochiq muloqotga chorlash edi.


Suhbat davomida Uchquduqning cho‘l iqlimi, hududni ko‘kalamzorlashtirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qildik. Axir, cho‘l bag‘rida har bir tup daraxt, har bir tomchi suvning qadri beqiyos.


Quvonarlisi, o‘quvchilarimiz mavzuga katta qiziqish bilan yondashib, chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha tayyorlagan slayd hamda kichik loyihalarini taqdim etishdi. Ularning tashabbuskorligi bugungi yoshlar atrof-muhit taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatdi.


Davra suhbati yakunida maktabimiz hovlisini yanada ko‘kalamzorlashtirish va “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etishga kelishib oldik.


Tabiatni asrash har birimizning kundalik mas’uliyatimizdir. Yoshlarimiz qalbida ona tabiatga mehr va daxldorlik tuyg‘usini ko‘rish esa ustoz uchun eng katta mukofotdir.

Madina OMONOVA,

Uchquduq tumanidagi 7-IDUM o‘qituvchisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish