DEBRIFING yoxud attestatsiyadan keyingi o‘ylar...
82 ball…
‒ Ey, yigʻishtir shu daftar-kitobingni, oʻqituvchiligingni maktabda qilasan. Tur mollardan bir xabar ol...
‒ Mana, turyapman, dadasi.
‒ Ayaaa!.. Shimimni dazmollamabsizku...
‒ Dazmollaganman, bolam.
‒ Kulrangini dazmollab bering, ko‘ylagim bilan tushadi...
‒ Xoʻp, hozir, bolam.
‒ Hay, kelinjon, kuygan hid kelyaptimi?
‒ Voy... esim qursin-a, somsaaa.
– Haa, oʻzimni “prapessir” kelinimdan aylanay.
Xullas, yuqoridagi kabi hangomalar ayol oʻqituvchi bor xonadonda har kuni bot-bot takrorlanadi.
Mana, ikki oydirki, oilamizda ham shu qoʻshiq – attestatsiya... Na kunimda, na tunimda halovat bor, darslarimni ham oʻzim xohlagandek yayrab-yashnab oʻtolmayman, uy ishlarim ham
oʻlda-joʻlda. Yurgan yoʻlimda qoʻlimda telefon, qulogʻimda quloqchin.
Shunday paytlari talaba qizim kirlarni yuvib, uylarni tozalab jonimga ora kiradi. Bolajonim, boringga shukur. Yaxshi boʻldi kelganing, yodlaydigan narsalarim bor, qarashvorasan:
Karotin, ksantofill, xlorofill.
● Tomirlar uch xil boʻladi: arteriya, vena, kapillyarlar.
● Birinchi kompyuter Amerikada ixtiro qilingan boʻlib, ogʻirligi 30 tonna.
● 5 ta olma, 4 ta nok, 3 ta bodringning har biridan bittadan necha usulda tanlab olish mumkin?
● Metafora usulida maʼno koʻchishi qaysi qatorda berilgan?
● Andijon lagani qaysi?
● Uglevodlar berilgan javobni aniqlang.
● Sovuqqonli sut emizuvchilarni toping.
‒ Ayaaa, nima, boshlangʻich sinf oʻqituvchisi ensiklopediya kitobimi?! – koʻzlarini ishqalab soʻraydi qizim.
‒ Senam charchab ketding, uxlay qol, bolam.
‒ Aya, bir narsa aytaymi, men hech qachon oʻqituvchi boʻlmayman!
‒ Iye, unda nega oʻqiyapsan, qizim?
– Til oʻrganib chetga ketaman. Ustoz boʻlib, sizga oʻxshab qiynalib, kerak-nokerak maʼlumotlarni yodlab, asablarimni egovlab yuramanmi?! Mana qarang, oʻn yildan buyon oliy toifali oʻqituvchisiz, lekin oyligingiz keyingi oyligingizgacha yetmaydi, bir dunyo kreditingiz bor. Sizni oʻylasam men charchab ketaman, aya.
Indamayman, inday olmayman, yuragimni gʻijimlayotgan ogʻriqni oʻtkazish uchun “valerianka”mni qidiraman.
Blum
27 yil umrimni shu sohaga sarfladim, yuzlab shogirdlarim bor, koʻrganda ustoz deya qoʻllari koʻksida, men ham ularni oʻz farzandlarimdek yaxshi koʻraman! Eh, bu yillar davomida qishda loy kechib, yozda toʻpiq qadar tuproq kezib, qadrdon va dardkash yoʻllarimda nechta oʻquvchimga karra jadvalini yodlatib, nechtasi bilan toʻg‘rilik va yaxshilik haqida suhbat qilib kelganman. Ular ulgʻayishdi. Men esa koʻzoynaklarim ostidan ularga termulaman.
Bu yil 1-sinfga kelgan Islomjon va Azizbek degan oʻquvchilarim bilan tuproq koʻchalarni changitib ketayap-
miz.
‒ Ustoz, men katta boʻlsam sizga “Toyota” mashinasini olib beraman, ‒ deydi Islomjon koʻzlarini katta-katta ochib. – Abduqodir Husanovga oʻxshagan zoʻoʻoʻr futbolchi boʻlaman, keyin esa sizni Ronaldoning oldiga olib boraman.
‒ Ungacha men qarib munkillab qolaman-ku, bolajonim.
‒ Haaa, unda Ronaldoni uyingizga olib kelaman, maylimi ustoz, boʻladimi endi?!
‒ Boʻladi bolam, ilohim niyatingga yetgin.
‒ Eeeyy, eeeyy, men-chi “Jip” mashinasini olib beraman. U eng zoʻr mashina, togʻlargayam tip-tikka chiqib ketaveradi. Keyin, katta boʻlganimda hokim boʻlamandaaa, mana shu yoʻlimizni, albatta, asfalt qildiraman. Boʻladimi, ustoz? ‒ deydi ozgʻin boʻynini oldinga choʻzganicha Azizbek.
‒ Rosa boʻladida, savob ish, bolajonim.
Hayot darsi davom etmoqda...
Baholash
Hayotingizda sizni ilm-maʼrifat yoʻliga boshlovchi insonlar bilan uchrashishingiz shunchaki tasodif emas, bu taqdir! Demak, ustozlik ‒ oriflik taqdir!
Menga ustozlik qilgan Anora Mahkamova guruhi ustozlari, Adhamjon Vasiyev, Maftuna Toʻrayevalarga alohida mehr va muhabbat toʻla ehtiromlarimni yoʻllab qolaman.
Ilohim, aziz boshingiz omon boʻlsin, hurmatli ustozlarim, yana ilm-u ziyo yoʻlida koʻrishguncha.
O‘roloy MARDIYEVA,
Qo‘shrabot tumanidagi 35-maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
O‘qituvchilar 100 ming dollar maosh oladi
DEBRIFING yoxud attestatsiyadan keyingi o‘ylar...
“YALDO KECHASI” TARIXIY ROMANI KITOBXONLAR QO‘LIDA
“Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank