MA’NAVIYAT DARAXTINING O‘Q ILDIZI

Biz ma’naviyat haqida ko‘p gapiramiz. Va to‘g‘ri qilamiz, chunki har qanday ilmning, yangi texnologiya yoki kashfiyotning asl mohiyati uning inson ma’naviyatiga qay darajada ta’sir qilishi bilan o‘lchanishi lozim. Jamiyatda ro‘y beradigan muayyan bir hodisa insonlar ma’naviyatini boyitadimi, yoki unga tahdid soladimi – baholash ana shu mezonga asoslansagina u foydali bo‘ladi. Agar biron kashfiyot yoxud yangilik allaqaysi sohani bir qadam olinga siljitib, shuning barobarida ma’naviy qadriyatlarimizga tahdid solsa, undan ikkilanmay voz kechgan ma’qul. Dunyoning qadam olishiga boqib, inson ham o‘z harakatlarini tezlatadi: u zamondan orqada qolishni istamaydi. Bugun Oyga yoki Marsga parvoz qilish ertak bo‘lmay qoldi. Har qanday ilmiy-texnikaviy yutuq zamirida ham allaqanday qurbonliklar yotadi. Muhimi – ana shu qurbonlikka keltirilayotgan narsa ma’naviyat bo‘lmasin! Chunki asrlar, ming yillar bo‘yi insonni inson sifatida saqlab qola olgan kuch ma’naviyatdir. Bo‘lmasa, uning qonidagi, genlaridagi yovvoyilik xususiyati allaqachon g‘olib kelib, odam bolasi vahshiylashib ketardi. Biz uzoq yillar davomida ma’naviyat haqida maqolalar yozdik, ma’ruzalar qildik, darslar o‘tdik. Biroq, ulkan bir daraxt deb tasavvur etiladigan ma’naviyatning o‘q tomiri qayerda ekanligi borasida o‘ylab ko‘rmadik. Aslida bir yarim ming yil oldin barg yozib, kurtak ochgan bu daraxt hozir ham yashnab turibdi, faqat biz uni ko‘pda ko‘rmaymiz, uning xaloskor mevalaridan bahramand bo‘lishni istamaymiz. Bu daraxtning nomi – milliy tarbiyadir.
Xo‘sh, milliy tarbiya zamirida nimalar yotadi? Avvalo, muqaddas dinimiz va mumtoz merosimiz. So‘ng – zamonaviy bilimlar. Ko‘pchilikka ma’lumki, istiqlolning dastlabki yillarida yosh davlat o‘laroq biz tarbiyaning turli shakllarini hayotga tatbiq etib ko‘rdik, biroq ularning hech biri kutilgan natijani bermadi. Va nihoyat, aylanib-aylanib, jadid bobolarimizga qaytib keldik. Ammo, bugun biz jadidlarni ko‘klarga ko‘tarib, ular bilan faxrlansak ham, aslida ularning tub maqsadlarini to‘la ochib berolganimiz yo‘q. Ayrimlar o‘ylaganidek, ular ming yillik an’analardan butunlay voz kechib, sof ovro‘pocha tarbiyani targ‘ib qilishgani yo‘q. “Sharq kishisi o‘laroq har bir yigit-qiz, avvalo, muslim bo‘lishi, shundan so‘nggina dunyoviy ilmlarni o‘rganishi lozim” degan istak yotgandi ularning qarashlarida. Dini islomning hech bo‘lmaganda dastlabki, boshlang‘ich tushunchalarini anglab yetmagan kishi esa mumtoz merosimizni anglashi imkonsiz. Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Ahmad Donishni tushunmagan yosh ko‘ngilda ma’naviyat qanday ildiz otadi?
Ta’lim sohasi so‘nggi yillarda eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri. Ta’limga e’tibor susaydi, ko‘plab erkak muallimlar ish izlab xorijga ketishdi. Oqibatda ayol muallimalardan tahsil olgan o‘g‘il bolalar ham muloyim, o‘z haqini talab qilolmaydigan, mute bo‘lib shakllandi. Bu yoqda esa internet xuruji kuchaydi... O‘z muallimiga qo‘l ko‘targan o‘quvchi yoki o‘quvchini ayovsiz savalayotgan o‘qituvchi haqidagi videolar kunda-kunora tarqalib turibdi. Bu nimadan dalolat? Ma’naviyatsizlikdan! Dinimizda, milliy axloqimizda o‘qituvchi ota bilan tenglashtirilgan. Otaga qo‘l ko‘targan bolaning esa ikki dunyosi kuyib ketadi. Qolaversa, o‘quvchiga qo‘l ko‘tarish – nodonlik. Faqat qo‘rqoqlargina o‘zidan ojizga qo‘l ko‘taradi. Hurmatni, muhabbatni zo‘rlik bilan qozonib bo‘lmaydi. Oldin mehr berish kerak. O‘quvchi maktabdayoq dinning boshlang‘ich tushunchalarini egallasa, mumtoz adabiy merosimizni bir qadar tushunadigan bo‘ladi. Klassik adabiyot esa, shubhasiz eng buyuk tarbiya maktabidir. Uyda ota-ona, maktabda muallim har kuni kitobni targ‘ib etaversa, oxiri o‘quvchi jonidan o‘tgandan so‘ng o‘qib ko‘radi kitobni. Va beixtiyor ana shu sehrli olamga sho‘ng‘ib ketadi. Najot aynan shu yerda. Ikkinchi muhim jihat – tarix. Salgina ma’rifatliroq odam ham yaxshi biladiki, bizning tariximiz ko‘p bora soxtalashtirildi. Ajdodlarimiz bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli yo‘lni chala-yarim, shuning ham kimlarningdir manfaatlariga xizmat qilgan qisminigina bilamiz. Misol: hozir ham ko‘pchilik, hatto ayrim olimlar ham milliy qahramonlarimiz qatorida Muqannani ham sanab ketishadi. Holbuki, Muqanna o‘zini Xudo deb e’lon qilgan bir firibgar, ko‘zbo‘yamachi va maishiy buzuq odam bo‘lgan. Bu haqda Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asarida va “Tarixi Tabariy”da ochiq-oydin bitilgan. Bir narsani nazardan qochirmasligimiz kerak: bosqinchi sho‘ro mafkurasi bizni ko‘p chalg‘itdi, “Sening bobolaring ana shunaqa odamlar edi” deb kamsitdi. Endi ilm ahli tarixiy faktlarni saralab olishi va chinakam vatanparvarlarnigina xalqqa taqdim etishi lozim. Tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga ishga kelganimdan beri ko‘plab tadbirlarda qatnashdim, bolalarni kuzatdim. Afsuski, hatto kitobxonlik ko‘riklarida qatnashishga da’vogar bolalar ham kitobning yaxshi-yomonini ajratolmaydi. “Kitobning yomoni ham bo‘ladimi?” dersiz? Albatta, bo‘ladi. Bugun nashriyot va bosmaxonalar xususiylashib ketdi, ma’naviyatimizga, diniy va milliy qarashlarimizga zid keladigan, bolalarni chalg‘itadigan kitoblar ham paydo bo‘lishi hech gap emas. Aynan shu o‘rinda ustoz-shogird masalasi o‘rtaga chiqadi. Bilimdon va hushyor ustoz shogirdiga yaxshi kitoblarni tanlab berishi lozim.
Muxtasar aytadigan bo‘lsak, ma’naviyat daraxtining o‘q ildizi uzilmasligi, bu azamat chinor qurib qolmasligi uchun biz, eng avvalo, milliy tarbiyaga qattiq e’tibor berishimiz, farzandlarimizni chinakam sharqlik, haqiqiy muslim va dunyoviy ilmlarning ham bilimdoni qilib tarbiyalashimiz kerak. Dunyoviy ilmlar uchun diniy tarbiyani, diniy bilimlar olaman deb, zamonaviy ilmlarni boy bergan kishi muqarrar yutqazadi.
Dilobar JO‘RAYEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tuman bo‘linmasi
bosh mutaxassisi
Shu kecha va kunduzda
OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

SUMALAK ASLIDA “SE MALAK”MI?

Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi

2-kurs talabasi Yaponiyadagi Xalqaro notiqlik tanlovida g‘olib bo‘ldi
