OLIY TA’LIMDA XALQARO HAMKORLIK

Jarayon OLIY TA’LIMDA XALQARO HAMKORLIK
26

“Ilmni, Chindan bo‘lsa ham, o‘rgan” degan hadisi sharifda “Chin” mamlakatining tilga olinishi – ramziy ma’noga ega. Arab diyori uchun bu uzoq mamlakat hisoblangan. Demak, bundan, ilmni yiroq-yiroqlarga borib bo‘lsa ham, o‘rgan, degan ma’no-mazmun kelib chiqadi.


O‘zbekistonimizning bugungi taraqqiyoti uchun bu o‘ta muhim shiorlardan biri hisoblanadi. Chunki tezroq dunyoning rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishimiz uchun tinmay izlanishimiz, o‘qib-o‘rganishimiz, o‘z ichki imkoniyatlarimizni haddi a’losida ishga solish bilan birga, xorijdagi eng ilg‘or tajribalarni yurtimizda hayotga joriy etishimiz zarur.

Tashkil topganining besh yilligini nishonlayotgan Toshkent amaliy fanlar universiteti (TAFU) bu g‘oyaga qat’iy amal qilib kelayotgan xususiy ta’lim tashkilotlaridan biri.

U mamlakatimizdagi 74 xususiy ta’lim tashkilotlari orasidagi bitiruvchilarga davlat ta’lim standarti bo‘yicha diplom beradigan 5 universitetdan biri hisoblanadi. 2026/27 o‘quv yili o‘qishga qabul qilinganlarni hisobga olmaganda (chunki bu jarayon davom etyapti), universitetda 20 mingdan oshiq talaba ta’lim oladi, ularga 500 dan ortiq professor-o‘qituvchi dars beradi.

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda mehnat jamoalarida tobora chuqurlashayotgan raqobat muhiti yuzaga kelgan. Xalqaro maydonda ham kadrlarning yangi avlodidan yuqori kasbiy malaka talab qilinyapti. Davr har bir oliy ta’lim dargohidan ham O‘zbekistonimiz, ham mintaqamizdagi qo‘shni mamlakatlar, ham jahondagi yetakchi davlatlarda mehnat qilishga layoqatli kadrlar tayyorlashni talab etayotir. Shubhasiz, bu oliy ta’lim sifatini ta’minlashga bo‘lgan jiddiy ijtimoiy buyurtma hisoblanadi.

Tajribali va yuqori malakali professor va o‘qituvchilar universitetning asosiy boyligi hisoblanadi. Butun dunyoda ham oliy ta’lim muassasasi reytingini aynan unda ta’lim berayotgan muallimlar salohiyati tashkil etadi. Universitetga ishga qabul qilishda ularning ilmiy salohiyatiga, shuningdek, xorijiy tillarni bilishi, nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar bilan ishtirok etishi, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chiqargani, xalqaro “hersh” indeksiga egaligiga jiddiy e’tibor beriladi. Shu bois mazkur universitetda professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishiga ham alohida masala sifatida qaraladi. Keyingi 3 yilda 27 professor-o‘qituvchi xorijdagi yetakchi universitetlarda malaka oshirdi.

Ilmiy tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, o‘quv jarayonini innovatsiyalar bilan uzviy bog‘lash hamda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadini xalqaro hamkorliksiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Universitetda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda Yevropaning Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Estoniya, Osiyoning Indoneziya, Hindiston, Janubiy Koreya, Markaziy Osiyoning Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston davlatlari vakillari ishtirok etdi.

Universitet professor va o‘qituvchilarining o‘tgan o‘quv yilida Scopus va WoS tizimida indeksatsiyalangan maqolalari 342, ilmiy anjumanlardagi ma’ruza va tezislari 31 tani tashkil etdi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasiga muvofiq 5 ta patent ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Universitetda keyingi 3 yilda 10 ta xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. TOP-500 tarkibiga kirgan universitetlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borishga qaratilgan 2 shartnoma imzolandi. Universitetda ishlaydigan xorijiy professor va o‘qituvchilar soni oshib bormoqda. Professor-o‘qituvchilar 20 xalqaro ilmiy loyihada ishtirok etyapti.

Xalqaro Kiberxavfsizlik Sammiti doirasida 30 dan ziyod davlat vakillari ishtirokida tashkil etilgan xakerlik musobaqasida Axborot xavfsizligi ixtisosligi talabasi Kamron Mamedov faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Universitetda o‘quv jarayoni xalqaro andozalar va zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan.

TAFUning jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi kuchayib, uning geografiyasi ham kengayib boryapti.

Kunikecha Malayziyadagi “KOLEJ POLY-TECH MARA SDN. BHD” (“KPTMSB”) kompaniyasi hamda TAFU o‘rtasida Hamkorlik qilish to‘g‘risidagi majburiy kuchga ega bo‘lmagan memorandum imzolandi. 




 
Malayziyadagi bu kompaniya xususiy ta’lim muassasalarini boshqarish bilan shug‘ullanadi. Uning boshqaruvi tarkibida Malayziya politexnika universiteti va olti kollej mavjud.

Bu hamkorlik hujjatiga asosan, tomonlar do‘stlik va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish; o‘zaro anglashuv, akademik hamkorlik, madaniy almashinuv va xodimlar almashinuvini rag‘batlantirish; yanada rasmiy, keng qamrovli va majburiy kuchga ega bitimlar tuzish yo‘lida ish olib borish kelishildi. Mehmonlar TAFUning o‘quv binolaridagi talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan atroflicha tanishdi.

Memorandumni imzolash tadbirida O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Karomiddin Ibodovich Gadoyev ishtirok etdi.



Sultonmurod OLIM,
TAFU professori

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #OTM

Ulashish