VATANGA QASAMYOD
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga bu yilgi kirish imtihonlari shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib, yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur Akademiyaga qiziqishi va ishtiyoqi baland yoshlarimiz imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, yuqori ballar to‘plagan abituriyentlarimiz kursantlik baxtiga muyassar bo‘ldilar va bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri Akmal Parpiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huquqni muhofaza qilish sohasida ta’limni rivojlantirish sho‘ba mudiri Marjona Muradova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, Oliy Majlis deputati Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisining o‘rinbosari Akram Shukurov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mas’ullari, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi rahbari Muhammad Ali Axmedov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faol a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmasi a’zosi, xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining o‘rinbosari Odiljon Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Zulfiya Mo‘minova, taniqli kinorejissyor Ibrohim Rasulov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va faxriylari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, faxriylari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va ularning ota-onalari va yaqinlari, taniqli san’atkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov ochib, hamda Akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni “Vatanga qasamyod” qabul qilganliklari munosabati bilan tabriklab, mazkur tantanali tadbir “1-sentabr – jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami”ga ulanib ketayotganligi kursantlar uchun faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini hamda bugungi tadbir shubhasiz, ularning hayotida unutilmas voqea bo‘lib muhrlanib qolishini alohida ta’kidladi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan sohada olib borilgan yangilanish va islohotlar natijasida, vazirlik zamonaviy texnika, qutqaruv asbob-anjomlari bilan ta’minlangan, xalqchil va ochiq, chinakam ma’noda, xalqimiz uchun yaqin, muhim va ishonchli tuzilmaga aylanganini e’tirof etdi. Shuningdek, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, o‘z jonlarini xatarda qoldirib, ko‘plab insonlarning hayoti, mol-mulklarini saqlab qolish – bu albatta beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmat ekanligini qayd etdi.