VATANGA QASAMYOD

Daxldorlik VATANGA QASAMYOD
66



Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga bu yilgi kirish imtihonlari shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib, yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur Akademiyaga qiziqishi va ishtiyoqi baland yoshlarimiz imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, yuqori ballar to‘plagan abituriyentlarimiz kursantlik baxtiga muyassar bo‘ldilar va bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri o‘tkazildi.




Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi sho‘ba mudiri Akmal Parpiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huquqni muhofaza qilish sohasida ta’limni rivojlantirish sho‘ba mudiri Marjona Muradova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, Oliy Majlis deputati Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisining o‘rinbosari Akram Shukurov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mas’ullari, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi rahbari Muhammad Ali Axmedov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faol a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmasi a’zosi, xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining o‘rinbosari Odiljon Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Zulfiya Mo‘minova, taniqli kinorejissyor Ibrohim Rasulov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va faxriylari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, faxriylari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va ularning ota-onalari va yaqinlari, taniqli san’atkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.




Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov ochib, hamda Akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni “Vatanga qasamyod” qabul qilganliklari munosabati bilan tabriklab, mazkur tantanali tadbir “1-sentabr – jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bayrami”ga ulanib ketayotganligi kursantlar uchun faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini hamda bugungi tadbir shubhasiz, ularning hayotida unutilmas voqea bo‘lib muhrlanib qolishini alohida ta’kidladi.




Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan sohada olib borilgan yangilanish va islohotlar natijasida, vazirlik zamonaviy texnika, qutqaruv asbob-anjomlari bilan ta’minlangan, xalqchil va ochiq, chinakam ma’noda, xalqimiz uchun yaqin, muhim va ishonchli tuzilmaga aylanganini e’tirof etdi. Shuningdek, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, o‘z jonlarini xatarda qoldirib, ko‘plab insonlarning hayoti, mol-mulklarini saqlab qolish – bu albatta beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmat ekanligini qayd etdi.



Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi – o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro va ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir”. Inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasidagi eng asosiy vazifalardan biri ekanligini, zilzila, yong‘in, sel, suv toshqini, ko‘chki, texnogen avariya yoki boshqa favqulodda vaziyat yuz berganida, odamlar birinchi navbatda qutqaruvchiga ishonch umid ko‘zlari bilan qarashini va qutqaruvchi kasbi – oddiy kasb emasligini e’tirof etdi.


Shundan so‘ng tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan Yangi O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan barcha sohalar qatorida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham tubdan islohotlar amalga oshirilayotgani, favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv tizimini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va eng muhimi, siz kabi vatanparvar kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilganini alohida ta’kidlandi.



Shuningdek, Istiqlolimizning 35 yilligi kabi xalqimiz uchun ulug‘ va aziz bayram bilan muborakbod etgan holda, bugungi ulug‘ sana barchamiz uchun iftixor manbai bo‘lsa, “Vatanga qasamyod” marosimi uning ma’naviy davomi bo‘lganligini qayd etib, qutqaruvchilik kasbi – shunchaki xizmat emas, balki jon fido etishga tayyorlikni talab qiladigan sharafli va muqaddas burchi ekanligini, bu kasb – inson hayotini asrash, xalq og‘irini yengil qilish, yurtning osoyishtaligi uchun qo‘yilgan qadam ekanligini e’tirof etildi.


Tadbir yakunida taniqli san’atkorlarning Ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari va chiqishlari bayram shukuhiga yanada zavq ulashib, barcha ishtirokchilar va taklif etilgan mehmonlarda iliq taassurotlar qoldirdi.


Muxtasar qilib aytganda, buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy aytganidek: “Bilim insonni komil qiladi, tarbiya esa uni mukammallashtiradi.” Bu hikmatli so‘zlar bugun qasamyod qilgan yosh kursantlar uchun ham hayotiy dasturilamal bo‘lib, ilm olish va ma’naviy yuksalishda doimiy yo‘ldoshlari bo‘lib qoladi.

Farhodjon XOJAYEV,
FVV Akademiyasi axborot va
jamoatchilik bilan aloqalar
bo‘limi boshlig‘i, mayor

Maqola muallifi

Farhodjon XOJAYEV

Farhodjon XOJAYEV

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish