TO‘TIQULLIK XAVFI ORTIB BORMOQDA...
Tarixdan ma’lumki, asl millat oydinlari o‘zlari mansub xalqning genezisi, etnologiyasini o‘rganib, o‘zlashtirib, ota-bobolari, ajdodi kimligini, milliy o‘zligini tanishni o‘zlarining farzandlik burchi deb bilganlar. Har qancha qiyin bo‘lsa-da, bu burchni bajarishga bor kuch-g‘ayrati, iqtidori va iste’dodini ayamagan. Mahmud Qoshg‘ariy bobomizning sa’y-harakatini bu boradagi eng go‘zal namuna deyish mumkin. Dunyo tarixida uning “Devoni lug‘otit-turk”iga teng keladigan asar hali-hanuz topilmadi va yaratilmadi.
Undan hozirgi turkiy xalqlar ajdodlarining so‘zligi, etnolingvistikasi, etnografiyasi, madaniyati, og‘zaki ijodi, adabiyot va san’ati, turmush tarzi, xo‘jalik yuritishi, makon-manziliga oid nodir tarixiy dalil va ma’lumotlar o‘rin olgan. O‘zi, o‘zligini, o‘zbekligini bilish, tanish va topishga intilish “El netib topqay menikim, men o‘zimni topmasam” degan Navoiy bobomizning hayot-faoliyati, ijodining tayanch nuqtasi bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur yuragini o‘rtagan vatan ishqida ham o‘zligi, o‘zbegini topgan inson hayqirig‘i mujassam:
Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim – xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Milliy tariximizning eng yorqin sahifasi – jadidchilikning yuzaga kelgani ham o‘zlikni anglash va mustahkamlashga qaratilgan azm-u qaror tufaylidir. Tamaddun, sivilizatsiya, uyg‘onishlar, ko‘zlarning ochilishi, mustaqillik asosida ham ana shunday kuch-qudrat yotibdi. Zero, o‘zining kimligi, o‘zligining asoslarini, kelib chiqish, rivojlanish tarixini bilmagan inson ham, xalq ham dunyodan o‘zini tanimay, topmay o‘tib ketadi. Dunyo ham ularning borligidan, kimligidan bexabar qoladi. Kim, qaysi millat shunday bo‘lishini xohlaydi?! Ijod maydoniga tarixga aylanganiga uncha uzoq bo‘lmagan XX asrning 60–70-yillarida kirib kelib, she’riyatimiz osmonini birin-ketin tonggi yulduzlardek yoritib yuborgan to‘rt buyuk o‘zbek shoirining qalamini o‘tkir, so‘zlarini keskir, o‘zlarini o‘zg‘ir qilgan narsa ham shunday ruhoniy kuch emasmi?
Bu yerda bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan, o‘z-o‘zidan tushunarlidek tuyuladigan o‘ta nozik, biroq mohiyatan hal qiluvchi bir masala borligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bu milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari intilayotgan xalqimizning Yangi O‘zbekiston jamiyatini barpo etish uchun nihoyatda muhim bo‘lgan o‘zlikni tanishdek umummilliy evrilishning nima bilan, qaysi qurol, vosita orqali amalga oshirilish sharti bo‘lgan masaladir. Ha, ha, aynan strategik maqsadimizning nima vositasida amalga oshirilish sharti bo‘lgan masala. Zero, shu shartga amal qilinmasa, u bajarilmasa, har qancha sa’y-harakat qilinmasin, ta’kidlaganimiz milliy tanuv vazifasining ro‘yobga chiqmasligi aniq. Bu vazifa esa xalqimiz uchun ko‘hna tariximizning barcha bosqichlarida dolzarb bo‘lib kelgan. U ayniqsa sho‘ro davrida – sovetlar yakkahokimligi o‘rnatilgan yillarda kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi.
Negaki, ota-bobolarimiz boshdan kechirgan mustabid sovet tuzumi milliy-etnik o‘zlikni anglash, topishdek umuminsoniy intilishga mohiyatan zid edi va shu sabab tashkil topganidan to tanazzulga yuz tutguniga qadar xalqlarning o‘zligini anglash, tanishdek milliy harakat-intilishlariga zimdan yoki ochiqchasiga, ammo qat’iy qarshilik qilib keldi. Millatlarning o‘zligiga oid asl haqiqatlarning ochilishiga aslo yo‘l qo‘ymadi, har xil yo‘llar bilan to‘siq qo‘yib, ataylab pardalab tashladi, yashirdi yoki uni buzib, qoralab ko‘rsatdi, jon-jahdi bilan yanglish-yaroqsiz tasavvur hosil qilishga tirishdi va bunga erishdi ham. Shu sababli yetmish yillik sovet tarixida ona xalqimiz o‘zining asl etnik asosi, kelib chiqishi, milliy o‘zligi, mentaliteti haqida uzuq-yuluq va buzilgan, haqiqatdan uzoq, hatto uni yerga uradigan, past nazar bilan qarashga odatlantiradigan yaramas ma’lumotga ega bo‘ldi, xolos. Buning salbiy oqibatlari bugun ham kattamizdan tortib kichigimizgacha pand beryapti. O‘zimizni, o‘zligimizni bilish, tanish va milliy o‘zanlarga qaytish qiyin kechyapti, kelajakka ishonch masalalari biz o‘ylagandek, kutganimizdek emas, e’tiqodi hali to‘la shakllanmagan – arosatda yurganlarimiz bor va kam ham emas. Vaholanki, ayni shu masalalarda metindek mustahkam, irodali, sabot-matonatli bo‘lishimiz talab etiladi.
“Lekin oftob poymol bo‘lmas, kavaklarda qolmas oy nuri”, deganlaridek, Respublikamizda Mustaqillikning qo‘lga kiritilishi bilan millatlarni manqurt qilishga qaratilgan antidemokratik sovet siyosatiga mamlakat miqyosida chek qo‘yildi. Birinchi navbatda millat tarixini tanish, o‘zbekka tegishli milliy o‘zanlarga qaytish va buni ijtimoiy hayotning bor jabhasiga tatbiq qilib, barcha sohada milliy tiklanishga e’tibor kuchaydi, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilgani, hech bir shubha-gumonsiz, bu boradagi ishlarning eng muhim boshlanmasi, ushbu umummilliy evrilishni muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur sharti, mustaqillikka erishishimiz uchun ilk muhim qadam bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, uning mazkur maqomi, ya’ni o‘zbek tilining O‘zbekistonning xohlagan hududida davlat tili sifatida faol harakatlanishi umummilliy evrilishni muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur sharti ekanligi mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyingi davrda ham zarracha bo‘lsin o‘zgargani yo‘q, bugun ham shunday, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. Zero, har bir vatandoshimiz hayot-faoliyati davomida doimiy amal qilishi lozim va esdan chiqmasligi kerakki, o‘zbek tilining davlat tili maqomiga egaligi Respublikamiz tasarrufidagi qonunosti hujjatlarida belgilab qo‘yilgan ayrim joylar, chet el tashkilotlaridan tashqari, uning barcha hududlarda hech bir monelik, qarshiliklarsiz, bemalol joylashishi, yashashi, harakatlanishi, faoliyat yuritishi uchun to‘la, qonuniy huquq beradi va O‘zbekiston hududida millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning zimmasiga ushbu qonunga bo‘ysunish, amal qilish huquqi va mas’uliyatini yuklaydi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasida ushbu qonun talablari so‘zsiz bajarilishi, ijrosi ta’minlanishi lozim. Davlat tili maqomiga egalik qonuniga binoan, boshqa hech bir til mavqeyi-maqomidan qat’i nazar, o‘zbek tilining qonuniy o‘rin-joylarini egallashga, uning o‘rnida, u bo‘lishi kerak joylarda qo‘llanishga, faoliyat yuritishga haqli emas. O‘zbekiston nafaqat o‘zbek xalqi va unda yashayotgan millat vakillariniki, balki o‘zbekka ona til bo‘lgan o‘zbek tiliniki hamdir. O‘zbekiston o‘zbek tili uchun ham uning egasi bo‘lgan o‘zbek xalqidek emin-erkin hayot kechiradigan, bemalol nafas oladigan, qiyomatgacha umrguzaronlik qiladigan qonuniy ota makon, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbek tili davlati, O‘zbek tili respublikasi hamdir. Zero, o‘zbek uchun, uning ona tili uchun bunday davlat, bunday respublika dunyoda boshqa yo‘q – bu yorug‘ olamda o‘zbekka, o‘zbek tiliga tegishli yagona, birdan-bir yurt u tug‘ilgani, ko‘z ochib ko‘rgani, o‘z uyi – o‘lan to‘shagi bo‘lgan ona yer, ona tuproq U. Shu yer, shu tuproqqina o‘zbekning ona vatani; shu yer, shu tuproqdagina o‘zbekning ona tilisi davlat tili maqomida faoliyat yuritadi; shu yer, shu tuproqdagina o‘zbek uchun ona til va davlat tili tushunchalari tenglik kasb etib, bir xil maqomli qadriyatlardek qabul qilinadi.
Biroq, asliga, asil mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ona tili va davlat tili tushunchalari teng, bir xil qiymatli emas. Ona til maqomi til uchun davlat tili maqomidan ham yuqori turadigan eng yuksak mavqe, eng baland martaba, eng ardoqli sha’n. Demak, o‘zbek tili biz uchun eng oliy, eng yuksak qadriyat – Vatandek yagona, Vatandek bitta bo‘lgan, milliy mohiyatiga ko‘ra, hatto undan ham yuqori turadigan muqaddas ne’mat – ona tilimiz.
Shak-shubhasiz, xalqning vatani bo‘lsa, nur ustiga nur, qo‘shaloq baxt, omad, ammo baxtga qarshi, dunyoda vatani yo‘q yoki uni boy bergan ona tilli xalqlar ham bor. Biroq ona tilsiz xalq ham, vatan ham yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Xalqning borligi, mavjudligi, yashash sharti – ona tilning borligi bilandir. Biz O‘zbekistonda yashayotganimiz uchun emas, ona tilimiz o‘zbek tili bo‘lganligi, nutqimiz o‘zbekchaligi bois o‘zbekmiz.
Ayting-chi, dunyoning boshqa yurtlaridagi barcha tildoshlarimiz o‘zlarini nimaga asoslanib o‘zbek deydilar? Bir paytlar O‘zbekistonda yashaganliklari yoki qarindosh-urug‘lari O‘zbekistonda ekanliklari sabablimi? Yo‘q, albatta. Ular ona tillari o‘zbek tili bo‘lganligi uchun, jondan aziz shu tilni saqlab qolganlari, o‘zbek tili sohiblaridan biri ekanliklari tufayli o‘zbek hisoblanadilar! Ming yillardan buyon yon qo‘shnilarimiz Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘onistonda yashab kelayotgan tildoshlarimizning bizga millatdoshligining asl sababi ham shu – o‘zbek tili. Turkiya yoki Yevropa, Amerika, Kanada, Afrika, Avstraliyadagi o‘zbeklar ham xuddi shu sabab – o‘zbek tili bois o‘zlarini o‘zbek sanaydilar. Boshqacha aytganda, ular O‘zbekiston bor bo‘lgani yoki biz bor bo‘lganimiz uchun emas, o‘zbek tili deb atalgan ota turkiy tillardan birining egasi bo‘lgani, har qancha qiyinchilik bo‘lsa ham, shu aziz, moʻtabar, egasidek bag‘rikeng, ko‘ngli oq, muqaddas, tengsiz ne’mat – ona tilimizni, o‘zbek tilini saqlab qolganlari, asrab-avaylab kelayotgani tufayli o‘zbekdirlar! O‘zbekning yo‘qolmasligi, o‘zbekning o‘lmasligi, o‘zbekning yashashi, barhayotligi uning tili – o‘zbek tili bilandir degani bu. O‘zbek tilini ko‘z qorachig‘idek asraganlar, uni o‘zlikning, o‘zbeklikning javhari, joni-jahoni deb biladigan asl o‘zbek farzandlari, muhtaram, mukarram zotlar bor ekan, o‘zbek tili o‘lmaydi, o‘zbek o‘lmaydi, O‘zbekiston o‘lmaydi va hamisha shunday bo‘lajak.
Ta’kidlaganlarimizdan ochiq-oydin ayon bo‘lyaptiki, yer yuzidagi barcha o‘zbeklarning o‘zbekligining asosi bitta: onamiz, onajonimizdek yagona o‘zbek tili – ona tilimiz. Barchamizning o‘zbekligimiz – mehribon Ollohning izni bilan bitilgan ilohiy taqdir – shu buyuk ne’mat ona tilimiz, o‘zbek tili bilan muhrlangan. Har birimizning o‘zbekligimizga birdan-bir dalil, yagona isbot u. Bu borada boshqa hech bir qadriyat unga teng kela olmaydi, ta’kidlanganidek, hatto vatan ham. Zero, u ham boshqa emas, ayni ona tilimiz tufayli O‘zbekistondir. O‘zbek tili bo‘lmasa, O‘zbekiston ham yo‘q.
Qissadan hissa-xulosa shuki, xalqning xalqligi, dunyoda borligi, borlig‘i boshqa hech bir narsa bilan emas, aynan ona tili bilandir. Bunda zarracha bo‘lsin mubolag‘a yo‘q, bu obyektiv hayot haqiqati. Navoiy hazratlari bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” demaganlar. Demak, ming yillardan buyon bizga beminnat xizmat qilib kelayotgan onamizdek sevimli o‘zbek tili bizning o‘zligimiz, o‘zbekligimiz timsolidir.
Biroq, ming afsuski, buni hali ko‘p xalqlar, shu jumladan, biz, o‘zbeklar ham, chuqur anglab, uqib, yurakdan his etib ulgurganimiz yo‘q. O‘zbekchani unutib yuborgan To‘tiqul, To‘tinisa holidagi to‘tigo‘l “o‘zbeklar” hali ham bor, ayanchlisi, ularning safiga yangilari qo‘shilayotgani va bundan na ularning o‘zlari, na bizning – atrofdagi o‘zbeklarning uyalayotganimiz, tashvishlanib, xavotirga tushayotganimiz, ogohlanayotganimiz.
Bundan ham yomoni esa, bu xil harakatlarning hatto ayrim davlat mutasaddilari tomonidan rag‘batlantirilayotgani, qo‘llab-quvvatlanayotgani, shuning natijasi o‘laroq, bu nomaqbul faoliyat ta’sir doirasi, qamrov miqyosining eniga ham, bo‘yiga ham tobora kengayib, kuchayib, yosharib borayotgani. Bugungi kunda poytaxtimizda va viloyat markazlarida nafaqat chet(asosan, ingliz) tiliga ixtisoslashgan bakalavriat va magistratura, balki maktab, detskiy sad, kindergardenlar, ularda esa popugay-solovyonok, solovyonkalar, parrot-nightingale, nightingalelar tobora ortib, ko‘payib boryapti. Ayniqsa, oxirgi holat o‘ylantirmasligi, hushyor torttirmasligi mumkin emas. Xo‘sh, bundan quvonaylikmi, xavotirlanaylikmi? Hoziridan quvonib, ertasidan kuyib qolmaymizmi? Bolajonlarimizni o‘z qo‘limiz bilan tashdan biznikidan kuchli, omadli, zamonaviy tuyuladigan, ammo notanish – begona ruh, begona aura, begona intellektli muhojirlar ixtiyoriga topshirib qo‘ymayapmizmi? Ularning chet tillari bilan birga bolalarimiz yuragiga rus, ingliz, fransuz, nemis yoki boshqa bir xalq ruhi, dunyoqarashi ham singishini, natijada avlodimiz arosatda qolishi muqarrarligini bilamizmi? Bu har qanday chet til uchun qonuniyat ekanidan xabarimiz bormi? Bu ishimiz, qarorimiz natijasi o‘laroq, baxtiyor kichkintoylarimizning beg‘ubor yuragida navnihol o‘zbegimizning ruhi, dunyoqarashi rivojlanish o‘rniga qovjirab, so‘lib-so‘nib, jigargo‘shalarimiz bizdan uzoqlashib, begonalashib qolmasligiga kim kafolat beradi? Tirik turib ulardan ayrilib, yaqin kelajakda na chin o‘zbek, na chin o‘ris/ingliz...ga ega bo‘lib qolsak, dodimizni kimga aytamiz-u kim tinglaydi?!
Yashirib nima qildik, o‘zbeklarimizning anchagina qismi ingliz, ayrimlari o‘ris, nemis, koreys tilini o‘rganish va bilishni hayotini yangilashning, to‘g‘risi, boylik, farovonlik, karyera, omad tomon o‘zgartirishning eng ma’qul, eng kerak, zo‘r yo‘li, ayni hozir vaqti bo‘lgan ish-jarayon deb bilmoqda. Ularning bunday to‘xtamga kelishlari bejiz emas, albatta. Negaki, bugun yana mustabid sovet tuzumida bo‘lganidek, o‘z tilini bilmaydigan, unda gapira olmaydigan, biroq ingliz yoki o‘ris tilida(bunga yana xitoy tili ham qo‘shilishi xavfi yo‘q emas) bulbuldek (aslida, to‘ti) sayraydiganlarning oshig‘i olchiga aylanib boryapti. Bunga zarur sharoitlar, moddiy, hatto ma’naviy asoslar ham yaratib berilyapti(Bundan To‘tiqullarimiz, To‘tigullarimiz qanchalar xursand, qanchalar mamnun!). Inglizchani suv qilib yuborgan, ammo o‘zbek tilini bilmaydigan o‘z yurtimizdagi asli o‘zbek To‘tiqul, To‘tivoy, To‘tixo‘ja, To‘tigul, To‘tixol, To‘tinisa kabi o‘z muhojirlarimizga alohida e’tibor-u hurmat, mulozamatni katta davlat anjumanlari, ko‘rsatuvlarida ham bemalol kuzatish mumkin bo‘lib qolyapti... Xo‘sh, bularning qaysi biri, nimasi davlat tili maqomidagi o‘zbek tilining – ona tilimizning milliy manfaatiy-u, obro‘-e’tibori, qadr-qimmatining oshishiga xizmat qiladi? Aksincha emasmi?! Onamizdek muqaddas va yagona, tengi yo‘q ona tilimizga bunday ixtiyorsizlik, bepisandlik aslida o‘z eliga, o‘z qonuniga e’tiborsizlikdan, o‘z xalqiga o‘ta hurmatsizlikdan, yuzsizlarcha munosabatdan boshqa narsa emasligini, nahotki, tushunmasak, sezmasak!
Chet tili, ko‘proq, ingliz tili bilan bog‘liq bu xildagi alohida e’tibor, moddiy shart-sharoit yaratish, yuridik qo‘llab-quvvatlov ilm-fan sohasidagi o‘quv-biluv jarayoni bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga ham taalluqli. Jumladan, xususan, ingliz tili fakulteti yoki magistraturasini bitirgan bakalavr va magistrlarning yoppasiga maoshiga dastlab, yanglishmasak, 15 % qo‘shimcha haq to‘landi. Ularga yana boshqa rag‘batlantiruvchi imtiyozlar ham berildi. Hozir respublikamizda ingliz tilining obro‘si, maqom-mavqeyini ko‘taruvchi quyidagi tartib-qoidalar ham hayotga tatbiq etilgan: magistratura yoki doktoranturaga kirish uchun ingliz tilidan imtihon topshirishingiz yoki ingliz tilidan sertifikatingiz bo‘lishi shart. Sertifikatingiz bo‘lsa, mutaxassislik fanidan ilmiy qobiliyatingiz haminqadar, hatto inqadar bo‘lsa ham, marhamat, hujjatingiz qabul qilinadi. Bo‘lmasa, o‘z bakalavriat yoki magistratura yo‘nalishingizni imtiyozli diplom bilan bitirgan bo‘lsangiz ham(shunchalik zo‘r ekansiz, ingliz tilini suv qilib yubormaysizmi?), hujjatingiz qabul qilinmaydi. Muayyan fan bo‘yicha PhD yoki DSc darajasini olish uchun himoyaga chiqmoqchi bo‘lsangiz ham, avval chet(ingliz) tilidan imtihon topshirishingiz lozim. Shu o‘rinda ona tilisini jondan ortiq sevgan buyuk millatdoshimiz, tildoshimiz – jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi Ibrat otaning quyidagi so‘zlarini hech qachon unutmasligimiz lozimligini, uni til siyosatidagi faoliyatimizning dasturulamali sifatida qabul qilib, nafaqat yurtimizga, uning eng ko‘zga ko‘rinadigan va turli tashkilotlarning munosib joylariga, balki yuragimizga ham naqshinlab qo‘yishimiz zarurligini ta’kidlab o‘tishni joiz deb bilamiz: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilisini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar(Ta’kid bizniki – J.A.). Zero, o‘z tiliga sadoqat bu – vataniy ishdir”.
Mana, ona tilimizga, o‘zbek tiliga, davlat tilimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak! Shu ma’noda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga 20 foiz ustama to‘lash joriy qilingani adolatni tiklash yo‘lidagi kichik bir qadam, kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lash belgilangani dadil qadam bo‘libdi. O‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlar pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda OTMlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangani esa nihoyat bu borada ham tub burilish, o‘zligimizga yuzlanish boshlanganidan, ona tilimiz – o‘zbek tili ko‘chasida ham bayram bo‘ladigan kunlar kelayotganidan darakdir.
Kezi kelganda O‘zbekiston Respublikasi jamiyati, xalqi oldiga qo‘yilgan va Yurtboshimiz ilk prezidentlik qadamlarida ta’kidlaganlaridek, mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quriladigan, inson qadrini hamma narsadan ulug‘ qo‘yuvchi ma’naviy-ma’rifiy, qonun ustuvor-u hukmron bo‘ladigan adolatli jamiyat qurishdek strategik maqsadga erishishning muhim omili – milliy o‘zlikni tanish, milliy evrilish uchun bajarilishi shart deganimiz masalaga yana qaytib, ushbu umummilliy tiklanishdan umummilliy yuksalish sari yo‘nalgan oliyjanob harakatni milliy o‘zlikni anglash, tanishsiz, buni esa mustaqil davlatimiz tili maqomidagi o‘zbek tilisiz – ona tilimizsiz nafaqat amalga oshirib, balki tasavvur ham qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlamoqchimiz. Hech qanday gap-so‘z, istisno bo‘lishi mumkin emas: bu boradagi ishlarimizning maqsadga muvofiq amalga oshirilishida boshqa biron aloqa vositasi ona tilimizning o‘rnini bosa olmaydi yoki unga yordamchi ham bo‘la olmaydi. Milliy yuksalish aynan o‘zbek tili vositasida milliy o‘zlikni anglash, tanish asosida amalga oshiriladi va shundagina u maqsadga muvofiq yo‘nalish oladi.
Bas, shunday ekan, avval o‘zligimiz, o‘zbekligimiz asosi bo‘lgan eng oliy qadriyatimiz o‘zbek tilimizni, ona tilimizni bilishga, bildirishga jazm qilaylik.
Birinchi galda shuni hal qilishga odatlanaylik. Til sohasida, til tutumimizda shu narsa birinchi o‘rinda tursin. Ayniqsa, kichkintoylarimiz – jajji o‘g‘ilcha, qizaloqlarimizni, maktab yoshidagi bolajonlarimizni chet tillardagi ta’lim-tarbiya maskanlariga berishda yanglishmaylik – ko‘zimizni quvontiruvchi yaqinni emas, o‘zimizni, o‘zligimizni, o‘z tilimiz, dilimizni quvontiruvchi uzoqni ko‘zlab ish qilaylik. Bu borada shunisi muhimki, O‘zbekistonimizda ijtimoiy hayotning ona tilimizga taalluqli istisnosiz barcha jabhasi o‘rnida o‘zbek tili o‘zining qonuniy va tabiiy mavqeyi – oliy maqomda, oliy o‘rinda va siyosiy mavqeyida – davlat tili maqomida bo‘lishi ta’minlanishi zarur. Bunda:
Birinchidan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul tizimida barcha fanlar bo‘yicha da’vogarlar o‘zbek tilidan kirish imtihoni(yozma(diktant) va test; bakalavriatning o‘zbek tili va adabiyoti, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari uchun yozma(insho), og‘zaki va test topshirishlari va uning bali eng yuqori qiymatli taqsimotda bo‘lishi zarur.
Ikkinchidan, ishga qabul qilishda quyidan eng yuqori mavqegacha o‘zbek tilidan diktant va test sinovidan o‘tish majburiyligi belgilab qo‘yilishi lozim. Shu yurtning egasi bo‘lgan xalqning tilini – davlat tilini – o‘zbek tilini bilmagan odam davlat va nodavlat (xususiy) tashkilot ishchi-xodimi bo‘lishga haqli emas.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilanganlaridan tashqari, barcha davlat, davlat-sheriklik, nodavlat, xususiy tashkilot va korxonalar, jismoniy va yuridik shaxslar o‘z faoliyatlarini davlat tilida – o‘zbek tilida olib borishi majburiyligi ta’minlanishi choralari ko‘rilishi zarur. Shu munosabat bilan ularning ish yuritish hujjatlari, nomlari, izoh-ma’lumotlar, reklama, e’lonlar, shiorlar to‘liq ekspertizadan o‘tkazilishi va ilmiy tavsiyaga asosan o‘zbekchalashtirilishi shart.
To‘rtinchidan, To‘tiqul, To‘tigo‘llikka yo‘l qo‘yilmasligi, bu nomaqbul harakatga butunlay barham berilishi kerak. Bundaylar uchun o‘zbeklik, o‘zlik, o‘zbek tili hech qanday qadr-qimmatga ega bo‘lmagan, e’tibor berishga ham arzimaydigan oddiy so‘z, quruq gap, siyqasi chiqqan tushunchalar, xolos. Bu kabi milliy o‘zlik asoslarini tushunishga ham yaramaydigan To‘tiqul, To‘tigo‘llik o‘zbek uchun shaxsiy fojeagina emas, milliy fojea, milliy yo‘qotish hamdir. Shunga ko‘ra bugungi kunda bunday xavfdan ogohlik va uning oldini olish davr talabi darajasiga ko‘tarildi.
Beshinchidan, davlat tilida ish yuritish asoslari, orfografiya(to‘g‘ri yozish), orfoepiya(to‘g‘ri talaffuz) qoidalari O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat, xususiy korxona, tashkilotlardagi xodimlarning barchasiga o‘qitilishi, o‘rgatilishi va bu jarayon o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilishi lozim. Yangi yozuvga o‘tganimiz munosabati bilan bu boradagi ahvolimiz umumiy miqyosda ayanchli holatda bo‘lib, tub burilish-o‘zgarishlarga, keskin munosabatga muhtoj. Oddiy ma’lumotlilarni qo‘ya turaylik, oliy ma’lumotli mutaxassislarimizning ko‘pchiligining imlo savodxonligi talabga javob bermaydi.
Oltinchidan, kasb-hunar maktablari, oliy o‘quv yurtlarida “Milliy g‘urur asoslari” fani tashkil etilib, majburiy fan sifatida o‘qitilishi, bunda ta’lim-tarbiya oluvchilarda milliy g‘ururni shakllantirishga alohida e’tibor berish zarur. Toki har bir o‘zbek o‘zini Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Boburdek jahoniy zot bobolari, Navoiydek ma’naviyat-ma’rifat sarchashmasi, so‘z mulkining sultoni bor millat, o‘zbek tilidek buyuk adabiy til, O‘zbekistondek mustaqil davlat egasi deb his qilsin.
Yettinchidan, Respublikamizning butun hududi, har bir go‘shasi, ko‘cha-ko‘yi, mahallasida o‘zbek tili muhitini yaratish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanishi, har olti oyda qilingan ishlar, erishilgan natijalar jonli muhokamadan o‘tkazib turilishi kerak. Bunda O‘zbekistonimizda yashayotgan vatandoshlarimiz, boshqa millat vakillari, chet el fuqarolarining katta-yu kichik o‘zbeklarga davlat tilida – o‘zbek tilida murojaat qilishiga, ularning shunga odatlanishiga erishish muhim hisoblanadi. Bu ularning O‘zbekistonga, o‘zbekka, uning ona tilisiga – o‘zbek tiliga samimiy hurmati belgisidir. Tabiiyki, o‘zbekning ham ularga murojaati davlat tilida, o‘zbek tilida amalga oshiriladi. Boshqa millat vakillari o‘zbekdan unga uning tilida murojaat qilishni talab etishga haqli emas. Biroq o‘zbek unga o‘zbek tilida murojaat qilishini talab qilishga haqli. Bu uning qonuniy, konstitutsion huquqi.
Ayon bo‘lyaptiki, Yangi O‘zbekiston jamiyatini qurishdek milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yo‘nalgan strategik maqsadimizni ona tilimiz – davlat tili maqomidagi o‘zbek tili asosida amalga oshirishni ta’minlash va uning davlat tili sifatidagi mavqeyi, maqomi, o‘rni va rolini yanada mustahkamlash choralarini ko‘rish bu borada kutilgan natijaga erishishimizning, darhaqiqat, muhim shartidir.
Jumanazar ABDULLAYEV,
GulDU dotsenti
Shu kecha va kunduzda
Darsingiz zerikarli bo‘lmasin!
Milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilindi
TO‘TIQULLIK XAVFI ORTIB BORMOQDA...
Maxsus muxbir xotiralari
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank