YANGI IQTISODIY MODEL: YUQORI TEXNOLOGIYA, MEHNAT UNUMDORLIGI VA INSON KAPITALI

Jarayon YANGI IQTISODIY MODEL: YUQORI TEXNOLOGIYA, MEHNAT UNUMDORLIGI VA INSON KAPITALI
21

Jahon iqtisodiyoti sun’iy intellekt, robototexnika, avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar ta’sirida o‘zgarmoqda. Endi mamlakat raqobatbardoshligi faqat qancha mahsulot ishlab chiqarilishi bilan emas, balki bir xodim qancha qiymat yaratishi, zamonaviy texnologiyalardan qay darajada foydalanilishi va inson kapitali iqtisodiy natijaga aylana olishi bilan ham belgilanadi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investisiya jalb qilish, sanoatni diversifikatsiyalash va eksportni oshirishga qaratilgan islohotlar natijasida 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sib, 145 milliard dollardan oshdi. Sanoat 6,8 foizga, qurilish 14,2 foizga, bozor xizmatlari 14,7 foizga o‘sdi. 2026-yilning birinchi yarmida YAIM o‘sishi 8,5 foizni tashkil etdi.

Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ilgari surilgan milliy dasturlar orasida iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishga qaratilgan uchinchi dastur alohida ahamiyatga ega. Unda kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investisiya jalb qilish, 2030-yilgacha YAIMni 300 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollardan oshirish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish maqsadlari belgilangan.

Bu maqsadlar iqtisodiyotni faqat kengaytirish emas, uning sifatini o‘zgartirishni anglatadi. Ya’ni ko‘proq ishchi yollash o‘rniga raqamli boshqaruv, avtomatlashtirish va zamonaviy texnologiyalar yordamida mavjud mehnat resurslari bilan ko‘proq qiymat yaratish — yangi modelning asosiy tamoyilidir.

Investisiya samarasi uning hajmi bilangina emas, qanday texnologiya olib kirishi, qancha malakali va yuqori daromadli ish o‘rni yaratishi, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishi, korxonalarni global qiymat zanjiriga qo‘shishi va eksportni kengaytirishi bilan baholanishi lozim. 2025-yilda o‘zlashtirilgan investisiyalar 43,1 milliard dollarga yetdi. Endi muhim vazifa — ushbu mablag‘larni texnologik modernizatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarga yo‘naltirish.

Sanoatda ham mahsulot miqdori bilan birga uning qanday texnologik darajada ishlab chiqarilayotgani muhim. Kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlar mahsulotlarini 2,5 barobar oshirish vazifasi belgilangan.

Sun’iy intellekt ishlab chiqarishni aniq boshqarish, uskunalardagi nosozliklarni oldindan aniqlash, sifatni nazorat qilish va energiya sarfini kamaytirishga yordam beradi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni prognozlash va suvdan oqilona foydalanish, tibbiyot, moliya, logistika va davlat xizmatlarida esa ish jarayonlarini samarali tashkil etish imkonini beradi. Biroq texnologiyaning samarasi uni ishlata oladigan insonga bog‘liq. Shuning uchun xodimlarni raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish zarur. Avtomatlashtirish ayrim vazifalarni qisqartirishi mumkin, ammo ma’lumotlar tahlili, dasturlash, texnologik jarayonlarni boshqarish va muammolarni hal qilish kabi ko‘nikmalarga talabni oshiradi.

Texnologik iqtisodiyotning eng katta boyligi texnologiyaning o‘zi emas, balki uni yaratadigan va undan iqtisodiy qiymat oladigan inson hisoblanadi. Shu sababli oliy va professional ta’limni mehnat bozori bilan yaqinlashtirish, texnik mutaxassislar tayyorlash, yuqori daromadli kasblarga o‘qitish va ta’lim muassasalarining korxonalar bilan hamkorligini kuchaytirish muhim.

Yangi model kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniyalarga aylanishini ham nazarda tutadi. Buning uchun kredit va imtiyozlar bilan cheklanib qolmasdan, texnologiya, marketing, eksport, logistika, korporativ boshqaruv va malakali kadrlar bo‘yicha ko‘mak beruvchi yaxlit ekotizim zarur. Korxonalar faoliyatini faqat ularning soni bilan emas, balki barqaror o‘sishi, yangi bozorlarga chiqishi, eksport qilishi va munosib ish o‘rinlari yaratishi bilan baholash kerak.

Yuqori daromadli ish o‘rni yuqori mehnat unumdorligi va qo‘shilgan qiymatga tayanadi. Zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan korxona raqobatbardoshligini oshiradi, xodimlar esa ko‘proq daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday ish o‘rinlari faqat yirik shaharlarda emas, barcha hududlarda yaratilishi lozim. Har bir hududning resurslari, kadrlari va bozor imkoniyatlaridan kelib chiqib ixtisoslashuvini rivojlantirish, mahalliy korxonalarni kooperatsiya va eksport zanjirlariga jalb etish muhim.

Eksport siyosatining maqsadi faqat hajmni oshirish emas, balki uning texnologik darajasi va qo‘shilgan qiymatini yuksaltirishdan iborat. 2025-yilda O‘zbekiston eksporti 33,8 milliard dollarga yetdi. Xizmatlar eksporti 9,76 milliard dollarni tashkil qildi. To‘qimachilikda xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish, IT-xizmatlar va boshqa raqamli mahsulotlar eksportini kengaytirish mamlakat ichida ko‘proq qiymat qolishiga xizmat qiladi. Tayyor kiyim-kechak, mashinasozlik, farmasevtika va raqamli xizmatlar eksporti yangi texnologiyalar hamda malakali mutaxassislarga talabni oshiradi.

Yangi iqtisodiyotda davlatning vazifasi ham o‘zgaradi: u bozorning asosiy ishtirokchisi bo‘lishdan ko‘ra, adolatli raqobatni ta’minlovchi, xususiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi va zarur infratuzilma yaratuvchi kuchga aylanishi kerak. Buning uchun xususiy mulk huquqini himoya qilish, monopoliyalarni cheklash, investorlar uchun shaffof muhit yaratish, yo‘l, energiya, suv, logistika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish muhim. Davlat organlari faoliyati ham qabul qilingan qarorlar soni bilan emas, balki investisiya, eksport, yangi biznes, sifatli ish o‘rinlari va aholi daromadlaridagi aniq natijalar bilan baholanishi lozim.

Iqtisodiy o‘sishning haqiqiy natijasi YAIM yoki investisiya hajmida emas, inson hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. 2025-yilda aholining umumiy daromadlari nominal hisobda 20,9 foizga, real hisobda 9,2 foizga o‘sdi. Biroq farovonlik faqat daromad bilan cheklanmaydi: sifatli ta’lim va tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti, uy-joy, zamonaviy infratuzilma, ijtimoiy himoya va yangi kasblarni egallash imkoniyatlari ham muhim.

Xulosa qilib aytganda, uchinchi milliy dastur O‘zbekiston iqtisodiyotini oddiy o‘sish modelidan yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitaliga tayangan taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. Buning uchun investisiyalar texnologiya va innovatsiya bilan uyg‘unlashishi, biznes o‘sishi, eksport tarkibi takomillashishi, malakali kadrlar tayyorlanishi va yuqori daromadli ish o‘rinlari ko‘payishi zarur. XXI asrda mamlakatning eng katta boyligi tabiiy resurslargina emas, balki insonning bilimi, g‘oyasi va qobiliyatini iqtisodiy qiymatga aylantira oladigan texnologik muhitdir. Iqtisodiy o‘sishning eng muhim natijasi esa inson farovonligining yuksalishidir.

S.B. Gʻoyipnazarov,

TDIU Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi mudiri,

i.f.d., professor

Maqola muallifi

Katta o'qituvchi

Katta o'qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Zamon va makon
  • #Munosabat

Ulashish