MAMLAKAT TARAQQIYOTINING YETTI USTUNI

Mulohaza MAMLAKAT TARAQQIYOTINING YETTI USTUNI
49

Mamlakat taraqqiyoti sifatli inson kapitali ta’limi orqali shakllanadi, ta’lim esa, ilm-fan yordamida rivojlanadi, ilm-fan innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotni harakatga keltiradi, xarakatga kelgan iqtisodiy taraqqiyotga qonun ustuvorligi va mustahkam institutlar bo‘lishi muhimdir, shu bilan birgalikda milliy o‘zlik va ma’naviyat ijtimoiy birlikni kuchaytiradi, pirovardida texnologiyaga yo‘naltirilgan tafakkur har bir sohani yangi bosqichga olib chiqadi.

Milliy taraqqiyotni faqat bitta iqtisodiy ko‘rsatkich asosida baholash to‘liq tasavvur bermaydi. Haqiqiy taraqqiyot hayot sifati, ta’lim darajasi, jamoatchilik ishonchi, qonun ustuvorligi, iqtisodiy imkoniyatlar, madaniy muhit va kelajak avlodlar uchun yaratilgan sharoitlarda namoyon bo‘ladi.

Milliy taraqqiyot – bu, avvalo, tafakkur rivojida namoyon bo‘ladi, jamiyat bilimni qadrlasa, intellektual salohiyat o‘sishiga, mehnat qadr-qimmatga ega bo‘lsa, iqtisodiy faollik kuchayishiga olib keladi, agarda adolat qaror topsa, ishonchni mustahkamlaydi, inson qadr-qimmati ulug‘lansa, u holda taraqqiyot mazmuni boyiydi. Milliy taraqqiyotni shunchaki davlatdan kutiladigan natija sifatida emas, balki har bir insonning shaxsiy mas’uliyati bilan bog‘liq umummilliy vazifa sifatida tushunish lozim. Taraqqiyot — bu shunchaki maqsad emas, avvalo, tafakkurdan iborat bo‘ladi, ya’ni, tarix shuni ko‘rsatadiki, ulkan yutuqlar tasodifan qo‘lga kiritilmaydi, ular aniq tasavvur, uzoqni ko‘ra bilish, bilim va mehnatga asoslangan jamiyat, adolatli qoidalar hamda kelajak avlodlar oldidagi chuqur mas’uliyat hissiga tayanadi, bugun dunyo jadal o‘zgarmoqda, texnologik inqilob, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, global raqobat va yangi kasblarning paydo bo‘lishi mamlakatlar oldiga mutlaqo yangi muammolarni qo‘ymoqda, rivojlanish uchun endilikda faqat tabiiy resurslar yoki ishchi kuchi yetarli emas, mamlakatning asosiy ustunligi uning inson kapitali, ilmiy salohiyati, texnologik imkoniyatlari va jamiyatdagi o‘zaro ishonch muhiti bilan belgilanadi.

Oliy ta’limda esa yanada katta marra qo‘yilmoqda, buning isboti sifatida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “THE World University Rankings–2027” xalqaro reytingida dunyoning TOP–700 talik oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan joy oldi. Buyuk Britaniyaning nufuzli Times Higher Education (THE) reyting agentligi tomonidan e’lon qilingan “World University Rankings–2027” global baholash natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dunyodagi yetakchi universitetlar orasida 651–700-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi. Times Higher Education World University Rankings baholash tizimi xalqaro akademik hamjamiyatda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sifatini xolis va shaffof belgilab beruvchi nufuzli mezonlardan biri hisoblanadi. Universiteting faoliyati 5 ta asosiy institutsional yo‘nalish - ta’lim sifati, tadqiqot muhiti, tadqiqotlar sifati, sanoat va tarmoqlar integratsiyasi hamda xalqaro hamkorlik va ko'rsatkichlar bo‘yicha har tomonlama tahlil qilindi. E’lon qilingan xalqaro ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidan ushbu global reytingga jami 8 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, TDIU mamlakatimiz bo‘yicha TOP-700 talik qatoridan joy olgan ikkita yetakchi universitetning biri sifatida e’tirof etildi.

Inson — taraqqiyotning bosh mezoni sifatida namoyon bo‘lishi taraqqiyotning birinchi shartlaridan hisoblanadi, har qanday islohot va taraqqiyotning markazida inson turishi kerak. Mamlakatning haqiqiy boyligi uning yer osti va yer usti resurslari bilangina emas, balki bilimli, sog‘lom, kasbiy jihatdan salohiyatli va ijtimoiy faol fuqarolari bilan belgilanadi. Inson kapitaliga sarmoya kiritish uzoq muddatda eng yuqori samara beradigan investitsiyalardan biridir. Bir nafar yoshning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb egallashi, xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirishi nafaqat uning shaxsiy hayotini, balki butun jamiyatning intellektual salohiyatini boyitadi. Shuning uchun insonning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib ta’lim, kasbiy rivojlanish, mehnat qilish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish milliy taraqqiyotning strategik vazifasi bo‘lib qoladi. Eng muhimi, insonni faqat mehnat resursi sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining faol sub’ekti sifatida ko‘rish zarur. Hozirda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktablarda xalqaro baholash dasturlarini joriy etish hamda texnik kollejlarda zamonaviy kasblar bo‘yicha tayyorgarlikni kuchaytirish — bularning barchasi ta’lim tizimini mehnat bozori va iqtisodiyot ehtiyojlariga yanada moslashtirishga xizmat qiladi. Qisqa muddatli istiqbolda olti yoshli bolalarni tayyorlov guruhlariga 100 foiz qamrab olish hamda xususiy bog‘chalarni tashkil etish bo‘yicha rag‘batlantirish choralarini saqlab qolish rejalashtirilganligini aloxida ta’kidlash joiz. Texnik kollejlarda xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish — yana bir muhim vazifalardan biri hisoblanadi, maqsad — ushbu taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar sonini bir millionga yetkazish va yoshlarni yuqori daromadli kasblarga tayyorlashga qaratilgan. Mazkur yondashuvning mohiyati oddiy: yosh avlod nafaqat diplomga, balki bugungi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan aniq kasbiy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishi kerak.

Sog‘lom inson — farovon jamiyat asosi, taraqqiyotning ikkinchi muhim sharti — inson salomatligi, aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda, bu borada tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda kasalliklarning oldini olish, profilaktika va erta diagnostikaga ustuvor ahamiyat berish muhim hisoblanadi. Kelgusi besh yilda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini YaIMga nisbatan 5 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Davlat tibbiy sug‘urtasining mamlakatning barcha xonadonlariga kirib borishi esa tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida belgilanmoqda. Shu bilan birga, ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish uchun dunyoning nufuzli kamida beshta klinikasini jalb qilish rejasi ham ilgari surilganligi mazkur sohada naqadar ulkan ishlar amalga oshirilayotganligini ko‘rish mumkin.

Yangi iqtisodiyot: kapitaldan ko‘ra bilim muhim bo‘lgan davr: uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu borada kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Bu raqamlar ortida iqtisodiyot tarkibini o‘zgartirish vazifasi turibdi. Ya’ni oddiy xomashyo yoki arzon mehnatga asoslangan modeldan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, texnologiya va innovatsiyalarga tayanadigan iqtisodiyotga o‘tish. Bu jarayonda startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizim yaratish vazifasi ham iqtisodiyotdagi tadbirkorlik zanjirini kuchaytirishga qaratilgan. Ko‘zlangan natija — kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga YaIMni 10 ming dollardan oshirishdan iborat ekanligi muhim ahamiyatga molikdir.

Innovatsion iqtisodiyot — farovonlik manbayi: milliy yuksalishni kuchli iqtisodiy poydevorsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, biroq zamonaviy iqtisodiy o‘sish faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan o‘lchanmaydi. Eng muhim masala — yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirish, mehnat unumdorligini oshirish va innovatsiyalarni iqtisodiyotga keng joriy etishdir. Bunda xususiy sektor, kichik biznes va tadbirkorlikning o‘rni beqiyos. Tadbirkorlik muhiti qanchalik erkin va raqobatli bo‘lsa, yangi g‘oyalar va yangi ish o‘rinlari uchun imkoniyatlar shunchalik kengayadi. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, zamonaviy moliyaviy instrumentlar va elektron xizmatlar iqtisodiyotning yangi imkoniyatlarini ochmoqda. Shu ma’noda, milliy iqtisodiyotning kelajagi tabiiy resurslarni qancha iste’mol qilishimizga emas, ulardan qanchalik samarali foydalanib, bilim va texnologiya asosida qancha yangi qiymat yarata olishimizga bog‘liq.

Milliy o‘zlik va ma’naviyat — taraqqiyotning ruhiy tayanchi: texnologiya qanchalik rivojlanmasin, jamiyatning ma’naviy poydevori mustahkam bo‘lmasa, taraqqiyot barqaror natija bermasligi mumkin, milliy o‘zlik insonga uning kim ekanini, qaysi tarixiy va madaniy muhitga mansubligini anglash imkonini beradi. Tarixiy xotira, ona tili, adabiyot, san’at, urf-odat va milliy qadriyatlar avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik vazifasini bajaradi, biroq milliy qadriyatlarni asrash zamonaviy dunyodan uzilib qolish degani emas. Aksincha, milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirish, o‘z madaniy ildizlarini saqlagan holda ilmiy va texnologik taraqqiyotga ochiq bo‘lish muhim, o‘z tarixini bilgan, milliy qadriyatlarini hurmat qilgan va bir vaqtning o‘zida dunyodagi ilg‘or tajribani o‘rganayotgan avlod mamlakatning eng katta ma’naviy kapitaliga aylanadi.

Qonun ustuvorligi — taraqqiyotning huquqiy poydevori: huquqiy madaniyatni maktab davridan shakllantirish, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi tizimlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilanmoqda, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish, yashirin iqtisodiyot va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish ham ushbu dasturning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi esa huquqiy davlat qurish jarayonida inson xavfsizligi va qadrini ta’minlashning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.

Mahalla — o‘zgarishlarning eng yaqin manzili: O‘zbekiston jamiyatida mahalla azaldan insonlar hayotiga eng yaqin ijtimoiy institutlardan biri bo‘lib kelgan. Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish orqali hududlarni rivojlantirishda aholi ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yish nazarda tutilmoqda. Tuman byudjeti, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalarini mahalla buyurtmasi asosida shakllantirish — qaror qabul qilish jarayonini aholi ehtiyojlariga yaqinlashtirishga qaratilgan yondashuvdir. Zero, mamlakat taraqqiyotining yakuniy natijasi raqamlardagina emas, balki har bir mahalladagi yo‘l, maktab, ish o‘rni, infratuzilma va oila farovonligida namoyon bo‘ladi.

Tinchlik va ochiq muloqot — taraqqiyotning tashqi tayanchi: O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyori sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan. Mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya a’zolarining ahil va inoq yashab kelayotgani ta’kidlash mumkin. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari bilan uzviy bog‘langan. Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlarini kengaytirish, shuningdek, MDH, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biridir, zero Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarining ochilayotgani O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi aloqalar doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Erkin ERGASHEV,

TDIU professori


Maqola muallifi

Katta o'qituvchi

Katta o'qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Zamon va makon
  • #Salomatlik

Ulashish