QO‘SHIMCHA TA’LIMMI YOKI PEDAGOGIK YORDAM: CHEGARANI QAYERDAN BELGILAYMIZ?

Dolzarb mavzu QO‘SHIMCHA TA’LIMMI YOKI PEDAGOGIK YORDAM: CHEGARANI QAYERDAN BELGILAYMIZ?
26

“Ma’rifat” gazetasining 2026-yil 16-sentabr sonida pedagogika fanlari doktori, professor Umid Xo‘jamqulovning “Davlat maktablaridagi pullik sinflar: qo‘shimcha imkoniyatmi yoki ta’limdagi tabaqalanish?” nomli maqolasi e’lon qilindi. Unda davlat maktablarida tashkil etilayotgan pullik ta’lim xizmatlari bir qarashda qo‘shimcha imkoniyat sifatida ko‘rinsa-da, amaliyotda bolalarning ta’lim olish imkoniyatlarini ota-onaning moliyaviy holatiga bog‘lab qo‘yish xavfi mavjudligi jiddiy pedagogik muammo sifatida ko‘tarilgan. Muallif “Maktabning asosiy vazifasi qayerda tugaydi?”, “Pul to‘lay olmagan bola qanday imkoniyatdan mahrum bo‘ladi?” kabi savollar orqali masalani oddiy to‘lov yoki xizmat doirasidan chiqarib, ta’limdagi teng imkoniyat, maktabning pedagogik mas’uliyati va davlat maktabining ijtimoiy vazifasi darajasiga olib chiqadi.


Maqolada ko‘tarilgan masala bugungi maktab ta’limi uchun dolzarb. Chunki unda gap faqat ota-onaning qancha pul to‘lashi yoki maktabning qancha qo‘shimcha mablag‘ topishi haqida ketmayapti. Masalaning markazida bola­ning ta’lim olish huquqi va davlat maktabi unga qanday pedagogik imkoniyatlarni kafolatlashi kerakligi turibdi. Shu jihatdan U.Xo‘jamqulov boshlagan munozarani yana bir savol bilan davom ettirish zarur deb hisoblaymiz: davlat maktabida qaysi faoliyat haqiqatan “qo‘shimcha ta’lim”, qaysi faoliyat esa bolaning asosiy ta’limni o‘zlashtirishi uchun zarur “qo‘shimcha pedagogik yordam” hisoblanadi? Nazarimizda, bu ikki tushunchani aniq farqlamasdan turib pullik ta’lim xizmatlarining pedagogik chegarasini belgilash qiyin. Amaldagi tartib davlat umumta’lim muassasasida davlat ta’lim standartlari doirasida bepul umumiy o‘rta ta’lim beri­lishi, undan tashqari esa qo‘shimcha, jumladan pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi mumkinligini nazarda tutadi. Demak, huquqiy jihatdan asosiy bepul ta’lim bilan undan tashqaridagi qo‘shimcha xizmat o‘rtasida chegara mavjud. Ammo pedagogik amaliyotda bu chegarani faqat “dars vaqtida bepul, darsdan keyin qo‘shimcha” tarzida belgilash yetarli emas. O‘quvchiga darsdan keyin asosiy mavzuni qayta tushuntirish ham, robototexnika bo‘yicha yangi bilim berish ham tashkiliy jihatdan darsdan keyingi mashg‘ulot bo‘lishi mumkin, ammo ularning pedagogik funksiyasi mutlaqo boshqa-boshqa. Professor U.Xo‘jamqulov maqolasida ham, agar pullik mashg‘ulotning jozibasi yangi bilim olishdan ko‘ra uy vazifasini baja­rish, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, bolani nazorat qilish va o‘qituvchidan yana bir bor tushuntirish olishda bo‘lsa, ota-ona aslida yangi ta’lim imkoniyatini emas, asosiy ta’lim jarayonida yetishmayotgan vaqt, e’tibor yoki individual yondashuvni sotib olayotgan bo‘lishi mumkinligi masalasi qo‘yiladi.

“Qo‘shimcha ta’lim” va “qo‘shimcha pedagogik yordam” bir xil tushuncha emas. Bizningcha, davlat maktablari faoliyatida bu ikki tushunchani, eng avvalo, ularning pedagogik funksiyasiga ko‘ra farqlash zarur. Qo‘shimcha ta’lim – o‘quv­chiga asosiy ta’lim dasturida kafolatlangan natijalardan tashqarida yangi bilim, ko‘nikma yoki faoliyat yo‘nalishini egallash imkonini beradigan ta’limdir. Dasturdan tashqari xorijiy til kursi, robototexnika, dizayn, dasturlash yoki muayyan yo‘nalishdagi chuqurlashtirilgan maxsus kurslar bunga misol bo‘lishi mumkin. Muhimi, o‘quvchi bunday xiz­matdan foydalanmasa ham, asosiy ta’lim dasturini to‘laqonli o‘zlashtirish imko­niyatidan mahrum bo‘lmasligi kerak. Qo‘shimcha pedagogik yordam esa boshqa vazifani bajaradi. U bolaga yangi, dasturdan tashqari bilim berish uchun emas, aynan asosiy ta’lim dasturida ko‘zda tutilgan natijaga erishishiga ko‘mak­lashish uchun zarur. Darsda tushunilmagan mavzuni qayta tushuntirish, bilimdagi bo‘shliqni to‘ldirish, xatolar ustida ishlash, bazaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun individual yordam ko‘rsatish ana shunday faoliyatdir. Birinchi holatda ota-ona farzandi uchun mavjud asosiy ta’limdan tashqaridagi yangi imkoniyatni tanlaydi. Ikkinchi holatda esa bola davlat maktabida berilayotgan asosiy ta’limni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha pedagogik ko‘makka ehtiyoj sezadi.


Shu sababli pullik xizmatni baholashda uning nomiga emas, funksiyasiga qarash kerak, deb hisoblaymiz. “Qo‘shimcha mashg‘ulot”, “uzaytirilgan guruh”, “pullik sinf” yoki boshqa qanday nom bilan atalishidan qat’i nazar, asosiy savol bitta bo‘lishi lozim: bu xizmat bolaga asosiy ta’lim dasturidan tashqarida yangi imkoniyat beryaptimi yoki asosiy ta’limni o‘zlashtirishdagi qiyinchilikni qoplayaptimi? Buni aniqlash uchun biz almashtirib bo‘lmaslik mezonini qo‘llashni tavsiya qilgan bo‘lardik. Ya’ni pullik xizmat bepul asosiy ta’limning o‘rnini bosmasligi va undagi yetishmovchilikni qoplashning yagona vositasiga aylanmasligi kerak. Buning uchun oddiy savol qo‘yish kifoya: “Agar bola mazkur pullik xizmatga qatnashmasa, davlat ta’lim dasturida ko‘zda tutilgan natijaga erishish imkoniyati sezilarli darajada kamaya­dimi?” Agar kamayadigan bo‘lsa, mazkur xizmatning haqiqatan “qo‘shimcha” ekanligi haqida yana bir bor o‘ylashga to‘g‘ri keladi.


Bolalar bir xil sur’atda o‘zlashtirmaydi. Bir o‘quvchi mavzuni birinchi tushuntirishdayoq anglaydi, boshqasiga qayta tushuntirish, boshqa misol keltirish yoki individual ishlash zarur bo‘ladi. Umid Xo‘jamqulov ta’kidlaganidek, “Maktabning ishi 40–45 daqiqalik darsni o‘tib qo‘yish bilan tugamaydi”. O‘quvchining o‘zlashtirish sur’ati sekinroq bo‘lgani uning bepul pedagogik yordam olish
imkoniyati ham 45-daqiqada tugashini anglatmasligi kerak. Aks holda pedagogik muammo asta-sekin oilaning moliyaviy muammosiga ko‘chadi: darsda o‘zlashtira olmagan bolaning ota-onasi uning bilimdagi bo‘shlig‘ini to‘ldirish uchun pul to‘lashga majbur bo‘ladi.


Pullik xizmatning ixtiyoriyligini faqat unga qatnashish erkinligi bilan o‘lchash yetarli emas. Agar sinfdagi o‘quvchilarning katta qismi pullik mashg‘ulotda qolib, u yerda ko‘proq tushuntirish, mashq va individual peda­gogik e’tibor olsa, boshqa ota-onada ham “farzandim ortda qolib ketmasin” degan xavotir paydo bo‘lishi mumkin. U.Xo‘jamqulov maqolasida ham haqiqiy ixtiyoriylik pullik xizmatga qatnashmagan bola asosiy ta’lim sifati, o‘qituvchi e’tibori va zarur pedagogik yordamdan hech narsa yo‘qotmasligini talab qilishi ta’kidlanadi. Shundan kelib chiqib, ixtiyoriylikni qatnashish erkinligi bilangina emas, bizningcha, qatnashmaslikning pedagogik oqibatsizligi bilan ham o‘lchash to‘g‘ri bo‘ladi.


Bunga bir necha aniq mezon taklif etamiz. Pullik mashg‘ulotga qatnashmagan bolaning davlat ta’lim dasturida belgilangan natijalarga erishish imkoniyati kamaymasligi – ta’lim natijasi mezoni; o‘qituvchining asosiy darsdagi tushuntirishi, individual yondashuvi va yordami bolaning pullik guruhga qatnashishiga bog‘liq bo‘lmasligi – pedagogik e’tibor mezoni; o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchiga bazaviy natijaga yetish uchun zarur ko‘mak faqat pullik guruh orqali taqdim etilmasligi – pedagogik yordam mezoni bo‘lishi mumkin. Shuningdek, maktabning kuchli pedagoglari, kutubxona, laboratoriya va boshqa ta’lim resurslaridan foydalanishda, olimpiada, tanlov, loyiha va boshqa rivojlantiruvchi faoliyatlarda pullik mashg‘ulotga qatnashish norasmiy ustunlikka aylanmasligi lozim. Nihoyat, “pulliklar” va “oddiylar” kabi norasmiy maqomlarning shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik ijtimoiy-psixologik teng­lik mezoni sifatida qaralishi mumkin. Umid Xo‘jamqulov maqolasidagi “ko‘rinmas devor” haqidagi mulohaza aynan shu xavfga e’tibor qaratadi. Demak, pullik xizmatning haqiqatan “qo‘shimcha” ekanini, eng avvalo, unga qatnashmagan bolaning holati ko‘rsatishi kerak.


Muammoning yechimi faqat pullik xizmatni cheklashda emas, uning peda­gogik muqobilini yaratishda hamdir. Agar ota-onalar farzandining mavzuni qayta o‘rganishi, bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishi yoki o‘qituvchidan individual yordam olishi uchun pul to‘lashga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, demak, real pedagogik talab mavjud. Bunday talabni inkor etish emas, unga davlat maktabi­ning o‘zida qanday javob berish mumkinligini izlash zarur. Shu maqsadda biz Kafolatlangan pedagogik yordam mode­lini muhokamaga olib chiqishni taklif qilamiz. Ushbu model uch pog‘onadan iborat bo‘lishi mumkin. Birinchi pog‘ona – bazaviy dars: asosiy dastur bo‘yicha tushuntirish, mashq, qayta aloqa va imkon qadar differensial yondashuv, avvalo, darsning o‘zida ta’minlanadi. Ikkinchi pog‘ona – kafolatlangan bepul pedagogik yordam: haftalik jadvalda asosiy fanlar bo‘yicha “pedagogik yordam soatlari” tashkil etilib, ularda darsda tushunilmagan mavzu qayta tushuntiriladi, xatolar ustida ishlanadi, bilimdagi bo‘shliqlar to‘ldiriladi. Bunday mashg‘ulot yangi mavzuni o‘rgatuvchi kurs yoki repetitorlik emas, bolaning asosiy ta’lim dasturini o‘zlashtirishiga ko‘maklashuvchi mexanizm bo‘ladi. Uchinchi pog‘ona – rivojlantiruvchi muhit: fan klublari, kitobxonlik, ijodiy va sport to‘garaklari, loyiha ishlari, olimpiadaga tayyorgarlik kabi imkoniyatlar bolaning qiziqishi va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Umid Xo‘jamqulovning o‘zi ham bepul to‘garaklar, konsultatsiyalar, olimpiadaga tayyorgarlik va o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish masalasini ilgari suradi. Modelning asosiy tamoyili “pul to‘laganga ko‘proq yordam” emas, “ehtiyoji ko‘proq bolaga ko‘proq peda­gogik yordam” bo‘lishi kerak. Ta’limdagi tenglik barcha o‘quv­chiga aynan bir xil vaqt ajratish degani emas. Kimdir mavzuni mustaqil o‘zlash­tiradi, boshqasiga qo‘shimcha tushuntirish
kerak. Pedagogik adolat ta’lim resursini bolaning oilaviy daromadiga emas, uning real ta’limiy ehtiyojiga qarab taqsimlashni ham anglatadi. Bunda o‘quvchi­ning qiyinchiligini erta aniqlash muhim: chorak yakunidagi past bahoni kutmasdan, kichik diagnostik topshiriqlar, peda­gog kuzatuvi va bolaning o‘z murojaati orqali bilimdagi bo‘shliq vaqtida aniq­lanishi, so‘ng pedagogik yordam ko‘rsatilishi mumkin. Modelning amaliy zanjiri shunday ko‘rinish oladi: darsda o‘zlashtirish – qiyinchilikni erta aniqlash – bepul pedagogik yordam – natijani qayta tekshirish – zarurat bo‘lsa individual qo‘llab-quv­vatlash.


Bepul pedagogik yordam o‘qituvchi uchun bepul mehnat degani emas. Kafolatlangan pedagogik yordam tizimini yaratishda muallimning moddiy manfaatdorligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. O‘zlashtirishda qiynalayotgan bola bilan qo‘shimcha ishlash, uning bilimdagi bo‘shliqlarini aniqlash, mavzuni qayta tushuntirish va natijasini kuzatish o‘qituvchidan vaqt va qo‘shimcha mehnat talab qiladi. Shuning uchun o‘quvchi bunday yordam uchun pul to‘lamasligi bilan birga, o‘qituvchining bu mehnati ham munosib rag‘batlantirilishi kerak.


Bu masalada yana bir mexanizmni muhokamaga taklif qilish mumkin. O‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirishda malaka va kasbiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, uning dars berayotgan o‘quvchilarida yuz bergan real ta’limiy o‘sishni ham rag‘batlantiruvchi ustamaning salmoqli mezonlaridan biriga aylantirish mumkin. Bunda sinfning oddiy o‘zlashtirish foizini to‘g‘ridan to‘g‘ri mezon qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki bir o‘qituvchi boshlang‘ich tayyorgarligi yuqori sinfga, boshqasi esa bilimida katta bo‘shliqlar mavjud bolalarga dars berishi mumkin. Shuning uchun muallimni o‘quvchining tayyor natijasi uchun emas, uning ta’limiy o‘sishiga qo‘shgan hissasi uchun rag‘batlantirish adolatliroq. Masalan, o‘quv yili boshida fan bo‘yicha bazaviy diagnostika o‘tkazilib, keyingi(oxirgi) chorakda o‘quv­chilarning qaysi bilim darajasidan qaysi darajaga yetgani kuzatilishi mumkin. Bunda faqat yuqori baholar soni emas, o‘zlashtirishda qiynalayotgan bolalarning qanchasi bazaviy natijaga yetgani, bilimdagi bo‘shliqlar qanchalik qisqargani va sinfning umumiy ta’limiy o‘sishi hisobga olinadi. Shunda o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchi muallim uchun natijani pasaytiruvchi bola emas, aksincha, pedagogik o‘sishga erishishi zarur bo‘lgan o‘quvchiga aylanadi. O‘qituvchida unga mavzuni qayta tushuntirish, indivi­dual topshiriq berish, pedagogik yordam soatiga jalb etish va natijasini kuzatishga nafaqat kasbiy, balki moddiy rag‘bat ham paydo bo‘ladi. Eng muhimi, bunda iqtisodiy manfaatning yo‘nalishi o‘zgaradi. Agar o‘qituvchining qo‘shimcha moddiy rag‘bati ota-onaning farzandini pullik mashg‘ulotga olib qolishiga emas, o‘quvchilarining real ta’limiy o‘sishiga bog‘lansa, muallimga “ko‘proq pullik o‘quvchi” emas, “ko‘proq pedagogik natija” manfaatli bo‘la boshlaydi. Albatta, bunday mexanizmni oddiy chorak yoki yillik baholarga bog‘lash mumkin emas. Aks holda baholarni sun’iy oshirishga rag‘bat paydo bo‘lishi mumkin. Natija boshlang‘ich va yakuniy diagnostika, standartlashtirilgan topshiriqlar, o‘quvchining individual o‘sish dinamikasi va imkon qadar xolis baholash vositalari orqali aniqlanishi lozim. Shu bilan birga, bunday natijaviy ko‘rsatkich o‘qituvchi­ning bazaviy ish haqini almashtirmasdan, rag‘batlantiruvchi ustamaning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shunda kafolatlangan pedagogik yordamning ikki muhim tomoni o‘zaro uyg‘unlashadi: o‘quvchi uchun yordam bepul, o‘qituvchi uchun esa bu bepul
mehnat emas. O‘qituvchi qo‘shimcha pedagogik mehnati va uning natijasi uchun tizimning o‘zidan rag‘bat oladi. Natijada bepul pedagogik yordam alohida muallimning fidoyiligiga yoki ota-ona­ning hamyoniga emas, maktab tizimining o‘zida yaratilgan professional va iqtisodiy mexanizmga tayanadi.


Umid Xo‘jamqulovning maqolasi davlat maktablaridagi pullik ta’lim xiz­matlariga doir muhim munozarani boshlab berdi. Nazarimizda, endi bu munozarani “pullik sinflar kerakmi yoki kerak emasmi?” degan savol doirasidagina olib borish yetarli emas. Masalani kengroq qo‘yish lozim: davlat maktabi har bir bolaga qanday pedagogik yordamni bepul kafolatlashi, qo‘shimcha ta’lim­ning chegarasi qayerdan boshlanishi va o‘qituvchining moddiy manfaati bolaning ta’limiy manfaati bilan qanday uyg‘unlashtirilishi mumkin?


Buning uchun bir-biri bilan uzviy bog‘liq bir necha tamoyilni taklif qilish mumkin: xizmatning nomiga emas, uning pedagogik funksiyasiga qarash; qo‘shimcha ta’lim bilan asosiy ta’limni o‘zlash­tirishga qaratilgan pedagogik yordamni farqlash; pullik xizmatning ixtiyoriyligini qatnashish erkinligi bilangina emas, qatnashmaslikning pedagogik oqibatsizligi bilan ham baholash; pedagogik yordamni ota-onaning to‘lov imkoniyatiga emas, bolaning ta’limiy ehtiyojiga qarab taqsimlash; nihoyat, muallimning moddiy rag‘batini pullik o‘quvchilar soniga emas, uning mehnati natijasida yuz bergan real ta’limiy o‘sishga yo‘naltirish. Shunda “qo‘shimcha ta’lim” haqiqatan yangi imkoniyat beradigan xizmat sifatida o‘z o‘rnida qoladi, asosiy ta’limni o‘zlash­tirish uchun zarur pedagogik yordam esa oilaning moliyaviy imkoniyatiga bog‘lanmaydi. Bolaning o‘zlashtirishdagi qiyin­chiligi uning oilasi uchun moliyaviy muammoga, o‘qituvchi uchun esa qo‘shimcha pullik mijoz izlash zaruratiga aylanmasligi kerak. Aksincha, bu qiyinchilikni bartaraf etish maktabning pedagogik vazifasi, erishilgan ta’limiy o‘sish esa muallim mehnatining e’tirof etiladigan va rag‘batlantiriladigan natijasi bo‘lishi lozim.

Valijon QODIROV,

Andijon davlat pedagogika
instituti professori,

pedagogika fanlari doktori

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish