“Ma’rifat”
gazetasining 2026-yil 16-sentabr sonida pedagogika fanlari doktori, professor
Umid Xo‘jamqulovning “Davlat maktablaridagi pullik sinflar: qo‘shimcha
imkoniyatmi yoki ta’limdagi tabaqalanish?” nomli maqolasi e’lon qilindi. Unda
davlat maktablarida tashkil etilayotgan pullik ta’lim xizmatlari bir qarashda
qo‘shimcha imkoniyat sifatida ko‘rinsa-da, amaliyotda bolalarning ta’lim olish
imkoniyatlarini ota-onaning moliyaviy holatiga bog‘lab qo‘yish xavfi mavjudligi
jiddiy pedagogik muammo sifatida ko‘tarilgan. Muallif “Maktabning asosiy
vazifasi qayerda tugaydi?”, “Pul to‘lay olmagan bola qanday imkoniyatdan mahrum
bo‘ladi?” kabi savollar orqali masalani oddiy to‘lov yoki xizmat doirasidan
chiqarib, ta’limdagi teng imkoniyat, maktabning pedagogik mas’uliyati va davlat
maktabining ijtimoiy vazifasi darajasiga olib chiqadi.
Maqolada
ko‘tarilgan masala bugungi maktab ta’limi uchun dolzarb. Chunki unda gap faqat
ota-onaning qancha pul to‘lashi yoki maktabning qancha qo‘shimcha mablag‘
topishi haqida ketmayapti. Masalaning markazida bolaning ta’lim olish huquqi
va davlat maktabi unga qanday pedagogik imkoniyatlarni kafolatlashi kerakligi
turibdi. Shu jihatdan U.Xo‘jamqulov boshlagan munozarani yana bir savol bilan
davom ettirish zarur deb hisoblaymiz: davlat maktabida qaysi faoliyat haqiqatan
“qo‘shimcha ta’lim”, qaysi faoliyat esa bolaning asosiy ta’limni o‘zlashtirishi
uchun zarur “qo‘shimcha pedagogik yordam” hisoblanadi? Nazarimizda, bu ikki
tushunchani aniq farqlamasdan turib pullik ta’lim xizmatlarining pedagogik
chegarasini belgilash qiyin. Amaldagi tartib davlat umumta’lim muassasasida
davlat ta’lim standartlari doirasida bepul umumiy o‘rta ta’lim berilishi,
undan tashqari esa qo‘shimcha, jumladan pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatilishi
mumkinligini nazarda tutadi. Demak, huquqiy jihatdan asosiy bepul ta’lim bilan
undan tashqaridagi qo‘shimcha xizmat o‘rtasida chegara mavjud. Ammo pedagogik
amaliyotda bu chegarani faqat “dars vaqtida bepul, darsdan keyin qo‘shimcha”
tarzida belgilash yetarli emas. O‘quvchiga darsdan keyin asosiy mavzuni qayta
tushuntirish ham, robototexnika bo‘yicha yangi bilim berish ham tashkiliy
jihatdan darsdan keyingi mashg‘ulot bo‘lishi mumkin, ammo ularning pedagogik
funksiyasi mutlaqo boshqa-boshqa. Professor U.Xo‘jamqulov maqolasida ham, agar
pullik mashg‘ulotning jozibasi yangi bilim olishdan ko‘ra uy vazifasini
bajarish, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, bolani nazorat qilish va
o‘qituvchidan yana bir bor tushuntirish olishda bo‘lsa, ota-ona aslida yangi
ta’lim imkoniyatini emas, asosiy ta’lim jarayonida yetishmayotgan vaqt, e’tibor
yoki individual yondashuvni sotib olayotgan bo‘lishi mumkinligi masalasi
qo‘yiladi.
“Qo‘shimcha
ta’lim” va “qo‘shimcha pedagogik yordam” bir xil tushuncha emas. Bizningcha, davlat
maktablari faoliyatida bu ikki tushunchani, eng avvalo, ularning pedagogik
funksiyasiga ko‘ra farqlash zarur. Qo‘shimcha ta’lim – o‘quvchiga asosiy ta’lim dasturida kafolatlangan natijalardan tashqarida yangi
bilim, ko‘nikma yoki faoliyat yo‘nalishini egallash imkonini beradigan
ta’limdir. Dasturdan tashqari xorijiy til kursi, robototexnika, dizayn,
dasturlash yoki muayyan yo‘nalishdagi chuqurlashtirilgan maxsus kurslar bunga
misol bo‘lishi mumkin. Muhimi, o‘quvchi bunday xizmatdan foydalanmasa ham,
asosiy ta’lim dasturini to‘laqonli o‘zlashtirish imkoniyatidan mahrum
bo‘lmasligi kerak. Qo‘shimcha pedagogik yordam esa boshqa vazifani
bajaradi. U bolaga yangi, dasturdan tashqari bilim berish uchun emas, aynan
asosiy ta’lim dasturida ko‘zda tutilgan natijaga erishishiga ko‘maklashish
uchun zarur. Darsda tushunilmagan mavzuni qayta tushuntirish, bilimdagi
bo‘shliqni to‘ldirish, xatolar ustida ishlash, bazaviy bilim va ko‘nikmalarni
shakllantirish uchun individual yordam ko‘rsatish ana shunday faoliyatdir.
Birinchi holatda ota-ona farzandi uchun mavjud asosiy ta’limdan tashqaridagi
yangi imkoniyatni tanlaydi. Ikkinchi holatda esa bola davlat maktabida
berilayotgan asosiy ta’limni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha pedagogik ko‘makka
ehtiyoj sezadi.
Shu
sababli pullik xizmatni baholashda uning nomiga emas, funksiyasiga qarash
kerak, deb hisoblaymiz. “Qo‘shimcha mashg‘ulot”, “uzaytirilgan guruh”, “pullik
sinf” yoki boshqa qanday nom bilan atalishidan qat’i nazar, asosiy savol bitta
bo‘lishi lozim: bu xizmat bolaga asosiy ta’lim dasturidan tashqarida yangi
imkoniyat beryaptimi yoki asosiy ta’limni o‘zlashtirishdagi qiyinchilikni
qoplayaptimi? Buni aniqlash uchun biz almashtirib
bo‘lmaslik mezonini qo‘llashni tavsiya qilgan bo‘lardik. Ya’ni pullik xizmat
bepul asosiy ta’limning o‘rnini bosmasligi va undagi yetishmovchilikni
qoplashning yagona vositasiga aylanmasligi kerak. Buning uchun oddiy savol
qo‘yish kifoya: “Agar bola mazkur pullik xizmatga qatnashmasa, davlat ta’lim
dasturida ko‘zda tutilgan natijaga erishish imkoniyati sezilarli darajada
kamayadimi?” Agar kamayadigan bo‘lsa, mazkur xizmatning haqiqatan “qo‘shimcha”
ekanligi haqida yana bir bor o‘ylashga to‘g‘ri keladi.
Bolalar
bir xil sur’atda o‘zlashtirmaydi. Bir o‘quvchi mavzuni birinchi
tushuntirishdayoq anglaydi, boshqasiga qayta tushuntirish, boshqa misol
keltirish yoki individual ishlash zarur bo‘ladi. Umid Xo‘jamqulov
ta’kidlaganidek, “Maktabning ishi 40–45 daqiqalik darsni o‘tib qo‘yish bilan
tugamaydi”. O‘quvchining o‘zlashtirish sur’ati sekinroq bo‘lgani uning bepul
pedagogik yordam olish
imkoniyati ham 45-daqiqada tugashini anglatmasligi kerak. Aks holda pedagogik
muammo asta-sekin oilaning moliyaviy muammosiga ko‘chadi: darsda o‘zlashtira
olmagan bolaning ota-onasi uning bilimdagi bo‘shlig‘ini to‘ldirish uchun pul
to‘lashga majbur bo‘ladi.
Pullik
xizmatning ixtiyoriyligini faqat unga qatnashish erkinligi bilan o‘lchash
yetarli emas. Agar sinfdagi o‘quvchilarning katta qismi pullik mashg‘ulotda qolib, u
yerda ko‘proq tushuntirish, mashq va individual pedagogik e’tibor olsa, boshqa
ota-onada ham “farzandim ortda qolib ketmasin” degan xavotir paydo bo‘lishi
mumkin. U.Xo‘jamqulov maqolasida ham haqiqiy ixtiyoriylik pullik xizmatga
qatnashmagan bola asosiy ta’lim sifati, o‘qituvchi e’tibori va zarur pedagogik
yordamdan hech narsa yo‘qotmasligini talab qilishi ta’kidlanadi. Shundan kelib
chiqib, ixtiyoriylikni qatnashish erkinligi bilangina emas, bizningcha, qatnashmaslikning pedagogik
oqibatsizligi bilan ham o‘lchash to‘g‘ri bo‘ladi.
Bunga
bir necha aniq
mezon
taklif etamiz. Pullik mashg‘ulotga qatnashmagan bolaning davlat ta’lim
dasturida belgilangan natijalarga erishish imkoniyati kamaymasligi – ta’lim
natijasi mezoni; o‘qituvchining asosiy darsdagi tushuntirishi, individual
yondashuvi va yordami bolaning pullik guruhga qatnashishiga bog‘liq bo‘lmasligi
– pedagogik e’tibor mezoni; o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchiga bazaviy
natijaga yetish uchun zarur ko‘mak faqat pullik guruh orqali taqdim etilmasligi
– pedagogik yordam mezoni bo‘lishi mumkin. Shuningdek, maktabning kuchli
pedagoglari, kutubxona, laboratoriya va boshqa ta’lim resurslaridan
foydalanishda, olimpiada, tanlov, loyiha va boshqa rivojlantiruvchi
faoliyatlarda pullik mashg‘ulotga qatnashish norasmiy ustunlikka aylanmasligi
lozim. Nihoyat, “pulliklar” va “oddiylar” kabi norasmiy maqomlarning
shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik ijtimoiy-psixologik tenglik mezoni sifatida
qaralishi mumkin. Umid Xo‘jamqulov maqolasidagi “ko‘rinmas devor” haqidagi mulohaza
aynan shu xavfga e’tibor qaratadi. Demak, pullik xizmatning haqiqatan “qo‘shimcha” ekanini, eng avvalo, unga qatnashmagan
bolaning holati ko‘rsatishi kerak.
Muammoning
yechimi faqat pullik xizmatni cheklashda emas, uning pedagogik muqobilini
yaratishda hamdir. Agar ota-onalar farzandining mavzuni qayta o‘rganishi,
bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishi yoki o‘qituvchidan individual yordam
olishi uchun pul to‘lashga ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa, demak, real pedagogik
talab mavjud. Bunday talabni inkor etish emas, unga davlat maktabining o‘zida
qanday javob berish mumkinligini izlash zarur. Shu maqsadda biz Kafolatlangan
pedagogik yordam modelini muhokamaga olib chiqishni taklif qilamiz. Ushbu model uch
pog‘onadan iborat bo‘lishi mumkin. Birinchi pog‘ona – bazaviy dars: asosiy dastur bo‘yicha tushuntirish, mashq, qayta aloqa va imkon
qadar differensial yondashuv, avvalo, darsning o‘zida ta’minlanadi. Ikkinchi pog‘ona – kafolatlangan
bepul pedagogik yordam: haftalik jadvalda asosiy fanlar bo‘yicha “pedagogik yordam
soatlari” tashkil etilib, ularda darsda tushunilmagan mavzu qayta
tushuntiriladi, xatolar ustida ishlanadi, bilimdagi bo‘shliqlar to‘ldiriladi.
Bunday mashg‘ulot yangi mavzuni o‘rgatuvchi kurs yoki repetitorlik emas,
bolaning asosiy ta’lim dasturini o‘zlashtirishiga ko‘maklashuvchi mexanizm
bo‘ladi. Uchinchi
pog‘ona – rivojlantiruvchi muhit: fan klublari, kitobxonlik, ijodiy va sport to‘garaklari,
loyiha ishlari, olimpiadaga tayyorgarlik kabi imkoniyatlar bolaning qiziqishi
va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Umid Xo‘jamqulovning o‘zi ham
bepul to‘garaklar, konsultatsiyalar, olimpiadaga tayyorgarlik va
o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini
kuchaytirish masalasini ilgari suradi. Modelning asosiy tamoyili “pul to‘laganga ko‘proq yordam” emas, “ehtiyoji ko‘proq bolaga ko‘proq
pedagogik yordam” bo‘lishi kerak. Ta’limdagi tenglik barcha o‘quvchiga aynan
bir xil vaqt ajratish degani emas. Kimdir mavzuni mustaqil o‘zlashtiradi,
boshqasiga qo‘shimcha tushuntirish
kerak. Pedagogik adolat ta’lim resursini bolaning oilaviy daromadiga emas,
uning real ta’limiy ehtiyojiga qarab taqsimlashni ham anglatadi. Bunda o‘quvchining
qiyinchiligini erta aniqlash muhim: chorak yakunidagi past bahoni kutmasdan, kichik diagnostik topshiriqlar,
pedagog kuzatuvi va bolaning o‘z murojaati orqali bilimdagi bo‘shliq vaqtida
aniqlanishi, so‘ng pedagogik yordam ko‘rsatilishi mumkin. Modelning amaliy
zanjiri shunday ko‘rinish oladi: darsda o‘zlashtirish – qiyinchilikni erta aniqlash – bepul pedagogik yordam – natijani qayta
tekshirish – zarurat bo‘lsa individual qo‘llab-quvvatlash.
Bepul
pedagogik yordam o‘qituvchi uchun bepul mehnat degani emas. Kafolatlangan pedagogik
yordam tizimini yaratishda muallimning moddiy manfaatdorligini e’tibordan
chetda qoldirib bo‘lmaydi. O‘zlashtirishda qiynalayotgan bola bilan qo‘shimcha
ishlash, uning bilimdagi bo‘shliqlarini aniqlash, mavzuni qayta tushuntirish va
natijasini kuzatish o‘qituvchidan vaqt va qo‘shimcha mehnat talab qiladi.
Shuning uchun o‘quvchi bunday yordam uchun pul to‘lamasligi bilan birga,
o‘qituvchining bu mehnati ham munosib rag‘batlantirilishi kerak.
Bu
masalada yana bir mexanizmni muhokamaga taklif qilish mumkin. O‘qituvchilarni
moddiy rag‘batlantirishda malaka va kasbiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, uning dars berayotgan
o‘quvchilarida yuz bergan real ta’limiy o‘sishni ham rag‘batlantiruvchi
ustamaning salmoqli mezonlaridan biriga aylantirish mumkin. Bunda sinfning
oddiy o‘zlashtirish foizini to‘g‘ridan to‘g‘ri mezon qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Chunki bir o‘qituvchi boshlang‘ich tayyorgarligi yuqori sinfga, boshqasi esa
bilimida katta bo‘shliqlar mavjud bolalarga dars berishi mumkin. Shuning uchun
muallimni o‘quvchining tayyor natijasi uchun emas, uning ta’limiy o‘sishiga qo‘shgan
hissasi uchun rag‘batlantirish adolatliroq. Masalan, o‘quv yili boshida fan bo‘yicha
bazaviy diagnostika o‘tkazilib, keyingi(oxirgi) chorakda o‘quvchilarning qaysi
bilim darajasidan qaysi darajaga yetgani kuzatilishi mumkin. Bunda faqat yuqori
baholar soni emas, o‘zlashtirishda qiynalayotgan bolalarning qanchasi bazaviy
natijaga yetgani, bilimdagi bo‘shliqlar qanchalik qisqargani va sinfning umumiy
ta’limiy o‘sishi hisobga olinadi. Shunda o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchi
muallim uchun natijani
pasaytiruvchi bola emas, aksincha, pedagogik
o‘sishga erishishi zarur bo‘lgan o‘quvchiga aylanadi. O‘qituvchida unga mavzuni
qayta tushuntirish, individual topshiriq berish, pedagogik yordam soatiga jalb
etish va natijasini kuzatishga nafaqat kasbiy, balki moddiy rag‘bat ham paydo
bo‘ladi. Eng muhimi, bunda iqtisodiy manfaatning yo‘nalishi o‘zgaradi. Agar
o‘qituvchining qo‘shimcha moddiy rag‘bati ota-onaning farzandini pullik
mashg‘ulotga olib qolishiga emas, o‘quvchilarining real ta’limiy o‘sishiga bog‘lansa,
muallimga
“ko‘proq pullik o‘quvchi” emas, “ko‘proq pedagogik natija” manfaatli bo‘la
boshlaydi. Albatta, bunday mexanizmni oddiy chorak yoki yillik baholarga bog‘lash
mumkin emas. Aks holda baholarni sun’iy oshirishga rag‘bat paydo bo‘lishi mumkin. Natija boshlang‘ich va yakuniy
diagnostika, standartlashtirilgan topshiriqlar, o‘quvchining individual o‘sish
dinamikasi va imkon qadar xolis baholash vositalari orqali aniqlanishi lozim.
Shu bilan birga, bunday natijaviy ko‘rsatkich o‘qituvchining bazaviy ish
haqini almashtirmasdan, rag‘batlantiruvchi ustamaning tarkibiy qismlaridan biri
bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shunda kafolatlangan pedagogik yordamning ikki muhim
tomoni o‘zaro uyg‘unlashadi: o‘quvchi
uchun yordam bepul, o‘qituvchi uchun esa bu bepul
mehnat emas. O‘qituvchi qo‘shimcha pedagogik mehnati va uning natijasi uchun tizimning
o‘zidan rag‘bat oladi. Natijada bepul pedagogik yordam alohida muallimning
fidoyiligiga yoki ota-onaning hamyoniga emas, maktab tizimining o‘zida
yaratilgan professional va iqtisodiy mexanizmga tayanadi.
Umid
Xo‘jamqulovning maqolasi davlat maktablaridagi pullik ta’lim xizmatlariga doir
muhim munozarani boshlab berdi. Nazarimizda, endi bu munozarani “pullik sinflar
kerakmi yoki kerak emasmi?” degan savol doirasidagina olib borish yetarli emas.
Masalani kengroq qo‘yish lozim: davlat maktabi har bir bolaga qanday pedagogik yordamni
bepul kafolatlashi, qo‘shimcha ta’limning chegarasi qayerdan boshlanishi va
o‘qituvchining moddiy manfaati bolaning ta’limiy manfaati bilan qanday uyg‘unlashtirilishi mumkin?
Buning uchun bir-biri bilan uzviy bog‘liq bir necha
tamoyilni taklif qilish mumkin: xizmatning nomiga emas, uning pedagogik
funksiyasiga qarash; qo‘shimcha ta’lim bilan asosiy ta’limni o‘zlashtirishga
qaratilgan pedagogik yordamni farqlash; pullik xizmatning ixtiyoriyligini
qatnashish erkinligi bilangina emas, qatnashmaslikning pedagogik oqibatsizligi
bilan ham baholash; pedagogik yordamni ota-onaning to‘lov imkoniyatiga emas,
bolaning ta’limiy ehtiyojiga qarab taqsimlash; nihoyat, muallimning moddiy
rag‘batini pullik o‘quvchilar soniga emas, uning mehnati natijasida yuz bergan
real ta’limiy o‘sishga yo‘naltirish. Shunda “qo‘shimcha ta’lim” haqiqatan yangi
imkoniyat beradigan xizmat sifatida o‘z o‘rnida qoladi, asosiy ta’limni
o‘zlashtirish uchun zarur pedagogik yordam esa oilaning moliyaviy imkoniyatiga
bog‘lanmaydi. Bolaning o‘zlashtirishdagi qiyinchiligi uning oilasi uchun moliyaviy muammoga, o‘qituvchi uchun esa
qo‘shimcha pullik mijoz izlash zaruratiga aylanmasligi kerak. Aksincha, bu
qiyinchilikni bartaraf etish maktabning pedagogik vazifasi, erishilgan ta’limiy
o‘sish esa muallim mehnatining e’tirof etiladigan va rag‘batlantiriladigan
natijasi bo‘lishi lozim.
Valijon QODIROV,
Andijon davlat pedagogika
instituti professori,
pedagogika
fanlari doktori