Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak marralar sari: UDEA talabalari e’tirof markazida

Jarayon Yangi O‘zbekiston yoshlari yuksak marralar sari: UDEA talabalari e’tirof markazida
47

Bugun yurtimizda har bir iqtidorli yosh uchun bilim olish, o‘z salohiyatini namoyon etish va katta maqsadlar sari dadil qadam tashlash imkoniyati mavjud. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan ana shunday keng sharoitlar yoshlarning ilm-fan, innovatsiya va ta’lim sohalarida yuksak natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.


Bu borada “Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti” (UDEA) talabalari erishayotgan yutuqlar alohida e’tiborga loyiq. Universitetda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilg‘or infratuzilma, boy axborot-resurs bazasi hamda malakali professor-o‘qituvchilar jamoasi talabalarning chuqur bilim egallashi va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, universitetning 4-kurs talabasi Lobar Raximova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi. Yana bir iqtidorli talaba Feruzabonu Ozodova esa Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

E’tirof etish joiz, bunday yutuqlar ortida, avvalo, tinimsiz mehnat, qat’iyat va bilimga bo‘lgan cheksiz intilish mujassam. Talabalar ushbu muvaffaqiyatni nafaqat shaxsiy g‘alaba, balki katta ishonch va mas’uliyat sifatida qabul qilmoqda.

“Bunday nufuzli stipendiyaga sazovor bo‘lish men uchun katta sharaf. Bu yutuq meni yanada ko‘proq izlanishga, ilmiy faoliyatimni rivojlantirishga va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undaydi,” – deydi Lobar Raximova.

E’tiborlisi, mazkur stipendiyalar yoshlar uchun nafaqat moddiy rag‘bat, balki yangi imkoniyatlar eshigini ham ochadi. Jumladan, stipendiya sohiblari magistratura bosqichida davlat granti asosida o‘qish huquqiga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning kelajakdagi ilmiy va kasbiy faoliyatida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bir oliy ta’lim muassasasidan birdaniga ikki nafar talabaning mamlakatimizdagi eng nufuzli stipendiyalarga sazovor bo‘lishi – bu tizimli yondashuv, sifatli ta’lim va samarali mehnatning yorqin ifodasidir.

Diyorbek SULTONALIYEV,
UDEA Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi
мatbuot kotibi

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish