YANGI O‘ZBEKISTONDA DINIY TA’LIM: IMKONIYAT, VAZIFA VA MAS’ULIYAT
Abu Rayhon Beruniy turli sivilizatsiyalar xotirasini qiyosiy o‘rgangan “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida o‘tmish tajribasini tanqidiy tahlil qilish va uni kelajak avlodlarga yetkazish vazifasi muhimligini qayd etar ekan, tarixni anglash — kelajakni ongli ravishda qurishning muhim intellektual asosi ekanini ta’kidlaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan diniy sohada keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar, xususan, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash hamda rivojlantirish, ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va masjidlarni obodonlashtirish borasida bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bugun yurtimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yi arafasida diniy ta’lim sohasidagi islohotlar va yangilanishlarni tahlil qilgan holda, istiqboldagi rejalarni belgilash, oldimizda turgan muhim vazifalarni aniqlab olish ham muhimdir.
Avvalo, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan 3 ta oliy, 1 ta o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini e’tirof etish kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni diniy-ma’rifiy sohada mazmun va sifat jihatidan yangi darajadagi islohotlarga zamin bo‘ldi. 1971-yildan 2017-yilga qadar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti sohada yagona oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblangan bo‘lsa, so‘nggi 9 yil ichida Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy islom instituti hamda shu nomdagi madrasa o‘z faoliyatini boshladi. Ayni kunlarda 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasini Al-Azhar darajasiga olib chiqish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Toshkent islom institutida magistratura ta’limi 6 ta mutaxassislik bo‘yicha yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ilk bitiruvchilar yetishib chiqdi va ularning barchasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida to‘liq ish bilan ta’minlandi. 2022-yildan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari qatori Toshkent islom instituti ham kredit-modul tizimiga o‘tdi hamda HEMIS — oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimiga ulanib, ta’lim jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi. Joriy yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom berish yo‘lga qo‘yildi. Institutning ilmiy salohiyatini oshirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirildi. So‘nggi yillarda 26 nafar mudarris falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga, 2 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi va ilmiy salohiyat 23 foizga oshdi. Yaqin oylar ichida yana 10 nafar tadqiqotchining falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoyasiga chiqishi kutilmoqda.
Asrlar davomida yurtimiz madrasalarida shakllangan diniy ta’lim tizimi hamda yetakchi xorijiy islom universitetlari tajribasini e’tiborga olgan holda, o‘quv reja va fan dasturlari yanada takomillashtirildi, mutaxassislik fanlari bo‘yicha yangi avlod darsliklari tayyorlandi hamda ta’limning uzluksizligi ta’minlandi. Mutaxassislik fanlarini yurtimizda shakllangan an’anaviy hanafiy mazhabi va moturidiy ta’limotiga muvofiq buyuk allomalarimizning mo‘tabar asarlari, ularga yozilgan sharh va hoshiyalar asosida o‘qitish bo‘yicha “Xatmul kutub” an’anasi hamda ustoz-shogird o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlovchi “Ijоza” berish tizimi tiklandi. 36 ta mo‘tabar asar “Xatmi kutub” tartibida to‘liq o‘qilib, talabalarga ijozalar topshirilmoqda. Iordaniyadagi Xalqaro islom fanlari universiteti, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Muhammad ibn Zoyid va Vasl universitetlari bilan memorandumlar imzolanib, diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Misrdagi Al-Azhar, Makkadagi Ummul Quro universitetlarida islom ilmlarini o‘qitishning zamonaviy metodikalari yaqindan o‘rganildi. Al-Azhar universitetidan malakali ustozlarning talabalarga saboq berishi, Toshkent islom instituti o‘qituvchilarining Saudiya Arabistoni, Misr va Turkiyadagi universitet hamda ilmiy markazlarda malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim muassasalari tashkil etildi, yangi o‘quv binolari barpo etildi, o‘quv dasturlari takomillashtirilmoqda, magistratura va malaka oshirish tizimlari rivojlanmoqda, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari kengaymoqda, diniy xodimlar va mudarrislarni ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kuchaytirilmoqda. Bularning barchasi biz uchun katta imkoniyat. Lekin bir haqiqatni unutmasligimiz kerak: IMKONIYAT — NATIJA EMAS. Yangi bino — sifatli ta’limning o‘zi emas. Yangi dastur — malakali mutaxassisning o‘zi emas. Magistratura — avtomatik ravishda olim degani emas. Zamonaviy texnologiya — avtomatik ravishda zamonaviy pedagog degani emas. Bularni natijaga aylantiradigan asosiy kuch — USTOZ. Ustozlik — ma’lumot uzatish emas. Ustozlik — shaxs tarbiyalash san’atidir. Shuning uchun zamonaviy diniy pedagog, avvalo, manbani bilishi, manba bilan ishlay olishi, manbani tahlil qila olishi, bilimini talabaga tushuntira olishi, talabani mustaqil fikrlashga o‘rgata olishi va uning axloqiy kamolotiga ta’sir ko‘rsata olishi kerak.
Shu maqolani o'qiyotgan har bir pedagog, ustozga alohida murojaat qilmoqchiman: sizning qo‘lingizda oddiy dars emas — bir insonning kelajagi turibdi. Bugun siz talabaga bir bilim o‘rgatasiz. Ertaga u hadisni minglab insonlarga tushuntirishi mumkin. Bugun siz unga bir fikrni o‘rgatasiz. Ertaga u shu fikr bilan jamiyatga ta’sir qilishi mumkin. Shu ma’noda har bir pedagog, har bir mudarris va har bir olim bugun o‘zining “Men qanday dars beryapman?” degan savoli bilan birga, “Men qanday insonni tarbiyalayapman?” degan savolni ham o‘ziga berishi lozim. Zero, diniy ta’limning haqiqiy natijasi dars soati, fanlar soni yoki berilgan diplomlar bilan emas, balki jamiyatga qanday inson va qanday mutaxassis berganimiz bilan belgilanadi. Buyuk muhaddis va olim Abdulloh ibn Muborakdan: “Bizga ko‘p ilmga qaraganda, oz bo‘lsa-da, odob ko‘proq zarur”, degan mashhur so‘z naql qilinadi. Bu fikr bugungi diniy ta’lim uchun nihoyatda dolzarb. Chunki bilimli, ammo muomala madaniyati past mutaxassis jamiyatga kutilgan darajada foyda keltira olmaydi. Shuning uchun biz ILM + ODOB + MAS’ULIYAT uchligini diniy ta’limning asosiy tarbiyaviy formulasiga aylantirishimiz kerak.
2026-yil 1-noyabrda Toshkent islom instituti tashkil etilganiga 55 yil to‘ladi. Bu 55 yil — oddiy kalendar raqami emas. Bu — besh yarim o‘n yillik ilmiy, ma’rifiy va ma’naviy maktab tarixidir. 1971-yilda Toshkent islom instituti ochilishida muftiy Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari diniy va zamonaviy ilmlarni puxta egallagan, din uchun zarur bilimdon mutaxassislar tayyorlashni asosiy vazifa sifatida belgilaganlar. Bu fikrning bugungi kun uchun ham naqadar dolzarb ekanini qarang: diniy va zamonaviy ilm. 1971-yilda bu ikki tushunchani birga qo‘yish zarur edi. 2026-yilda ham xuddi shu vazifa oldimizda turibdi. Faqat bugun “zamonaviy ilm” tushunchasi ancha kengaygan. Endi unga pedagogika, psixologiya, sotsiologiya, axborot texnologiyalari, raqamli savodxonlik, sun’iy intellekt, xorijiy tillar va zamonaviy ilmiy tadqiqot usullari ham kiradi. Demak, Toshkent islom institutining 55 yillik tarixi bizga yangi vazifa emas, balki o‘zining asosiy tarixiy missiyasini yangi sharoitda davom ettirish vazifasini yuklamoqda. Bugun biz bu vazifani yanada yuqori bosqichga olib chiqishimiz kerak. Men institutning kelgusi taraqqiyotini quyidagi formula asosida ko‘raman: AN’ANA + ILM + PEDAGOGIKA + TEXNOLOGIYA + MA’RIFAT = ZAMONAVIY DINIY TA’LIM. Biz ajdodlardan uzilmaymiz. Ammo faqat o‘tmish bilan ham yashamaymiz. Biz bugun ajdodlar merosiga tayanamiz va kelajak uchun mutaxassis tayyorlaymiz.
Bugun biz o‘zimizga juda muhim savolni berishimiz kerak: diniy ta’lim muassasalari soni va imkoniyatlari kengaydi. Endi ta’lim sifati qay darajada? Bu savolga samimiy va xolis javob berishimiz kerak. Biz erishgan natijalardan mamnun bo‘lishimiz mumkin. Lekin ular bilan cheklanib qolishga haqqimiz yo‘q. Chunki zamon o‘zgarmoqda. Bugun talaba faqat darslik bilan cheklanmaydi. Uning qo‘lida smartfon bor. U bir vaqtning o‘zida o‘nlab ustozlarni, ba’zan noma’lum manbalarni internet orqali “tinglashi” mumkin. U bir diniy masala bo‘yicha o‘nlab qarashlarni bir necha daqiqada ko‘rishi mumkin. Demak, zamonaviy diniy ta’lim muassasasi endi faqat “Biz talabaga ma’lumot beramiz” degan yondashuv bilan ishlay olmaydi. Biz “Talaba axborotni qanday tanlaydi?”, “Manbaning ishonchliligini qanday aniqlaydi?”, “Qanday qilib mustaqil fikrlaydi?”, “Qanday qilib turli qarashlar orasida ilmiy va me’yoriy mezon asosida xulosa qiladi?” degan savollarga ham javob berishimiz kerak.
Biz ba’zan ta’lim natijasini dars soati, o‘quv rejasi, imtihon, diplom yoki reyting bilan o‘lchaymiz. Bular kerak. Lekin yetarli emas. Diniy ta’limning eng muhim natijasi — inson. Shuning uchun biz bitiruvchining modeli haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz kerak. Menimcha, 2030-yilga borib biz tayyorlaydigan diniy mutaxassis quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim: birinchidan, diniy manbalarni chuqur biladi; ikkinchidan, arab tilini yetarli darajada egallaydi; uchinchidan, kamida bitta xorijiy tilda akademik manbalar bilan ishlay oladi; to‘rtinchidan, mustaqil fikrlaydi; beshinchidan, ilmiy tadqiqot olib bora oladi; oltinchidan, raqamli muhitda ishlay oladi; yettinchidan, diniy bag‘rikenglik va muloqot madaniyatiga ega; sakkizinchidan, jamiyat muammolarini anglaydi; to‘qqizinchidan, diniy bilimni inson manfaati va jamiyat taraqqiyotiga yo‘naltira oladi; o‘ninchidan, o‘z kasbini oddiy ish emas, mas’uliyatli xizmat deb biladi.
2030-yilgacha vazifalarni shartli ravishda “10 ta sifat o‘zgarishi” deb atashni taklif qilaman. Birinchisi — ta’lim mazmunida sifat. Har bir fan “Nima o‘qitiladi?” emas, “Talaba nimani biladi va nima qila oladi?” degan mezon asosida qurilishi kerak. Ikkinchisi — pedagogda sifat. Har bir pedagog muntazam o‘z ustida ishlashi kerak. Uchinchisi — talabada sifat. Talaba tayyor ma’lumotni yodlaydigan emas, mustaqil fikrlaydigan bo‘lishi kerak. To‘rtinchisi — ilmiy tadqiqotda sifat. Talaba va o‘qituvchi ilmiy maqola yozish, manba o‘rganish va tadqiqot olib borishni o‘rganishi zarur. Beshinchisi — tilda sifat. Arab tilini qo‘lyozma manbalar bilan ishlash darajasiga olib chiqish, xorijiy tillar — ingliz, fors va rus tillarini ilmiy muloqot vositasiga aylantirish lozim. Oltinchisi — raqamli ta’limda sifat. Diniy ta’limning elektron resurslarini ko‘paytirish zarur. Yettinchisi — tarbiyada sifat. Diniy bilimni axloq, odob, mas’uliyat va jamiyatga xizmat bilan uyg‘unlashtirish kerak. Sakkizinchisi — xalqaro hamkorlikda sifat. Xorijga borish yoki mehmon qabul qilish emas, balki qo‘shma ilmiy natija yaratish muhim. To‘qqizinchisi — jamiyat bilan aloqada sifat. Institut jamiyat ehtiyojlarini o‘rganadigan va unga javob beradigan bo‘lishi kerak. O‘ninchisi — bitiruvchi natijasida sifat. Biz bitiruvchini diplom olgan kuni emas, jamiyatda o‘z o‘rnini topganida muvaffaqiyatli deb baholashimiz kerak.
Bugun diniy ta’limni ilmiy-tadqiqotdan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz talabani birinchi kursdanoq manba bilan ishlashga, arabiy matnni tahlil qilishga, qo‘lyozmalarni o‘rganishga, bibliografiya tuzishga, ilmiy maqola yozishga, manbalarni taqqoslashga va ilmiy munozaraga tayyorlashimiz kerak. Shunda talaba → tadqiqotchi → mutaxassis → olim → ustoz zanjiri shakllanadi. Bu — diniy ta’limning uzluksizligi. 2026-yilda Toshkent islom institutining ilk magistrantlari himoya jarayonida 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr etgani — ana shu yo‘nalishdagi dastlabki amaliy natijalardan biridir.
Bugungi talabaning yana bir xususiyati bor. U axborot davrida yashayapti. Uning qo‘lida smartfon. U internetdan bir necha daqiqada o‘nlab diniy materiallarni topishi mumkin. Shuning uchun biz talabaga faqat “Nima to‘g‘ri?”ni emas, balki “Nega bu to‘g‘ri?”, “Buning manbasi nima?”, “Bu ma’lumot kim tomonidan berilgan?”, “Uning ilmiy darajasi qanday?” degan savollarni berishni ham o‘rgatishimiz kerak. Bu — manba madaniyati. Diniy ta’limning kelajagi ana shu madaniyatga ham bog‘liq. Sun’iy intellekt diniy ta’limga ham kirib kelmoqda. Biz bundan qo‘rqish emas, undan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirishimiz kerak. U til o‘rganish, tarjima, bibliografik qidiruv, ta’lim materiallari tayyorlash, talabaning mustaqil ta’limi uchun katta imkoniyatlar berishi mumkin. Lekin bir qoida aniq: sun’iy intellekt — diniy manba emas. Diniy masalada manba tekshiriladi, matn solishtiriladi, rivoyatning darajasi aniqlanadi, ilmiy xulosa esa mutaxassis tomonidan baholanadi. Shuning uchun kelajak diniy mutaxassisi texnologiyani biladigan, ammo texnologiyaga ko‘r-ko‘rona ergashmaydigan mutaxassis bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston diniy-ma’rifiy maktabining yana bir muhim xususiyati — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat an’anasidir. Imom Buxoriyning hadis ilmida aniqlik va mas’uliyat maktabi, Imom Moturidiyning aql va naql uyg‘unligi, Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqhiy tizimlashtirish mahorati, Abu Muin Nasafiyning aqidaviy tafakkuri bizga bir muhim saboq beradi: diniy ilm — chuqur dalilga tayanadigan, tafakkurni rad etmaydigan va insonni ma’rifatga yetaklaydigan ilmdir. Shu bois diniy ta’lim muassasasi bitiruvchisi o‘z dinini chuqur bilishi bilan birga, boshqa mazhab va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘la olishi kerak. Bu — zamonaviylik emas, avvalo, bizning milliy diniy-ilmiy an’anamizdir.
Bugun O‘zbekistonda diniy ta’lim uchun tarixiy imkoniyatlar yaratilgan. Biz bu imkoniyatlarni qadrlashimiz kerak. Lekin ulardan foydalanishning eng to‘g‘ri yo‘li — ularni sifatli natijaga aylantirish. Bizning buyuk ajdodlarimiz, ishonchli manbalarimiz, ming yillik diniy ta’lim tajribamiz bor. Bizning zimmamizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk allomalarimizning ulkan ilmiy merosi bor. Endi bizdan kelajak avlod oldidagi ulkan mas’uliyat talab etilmoqda. Payg‘ambarimiz: “Albatta, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”, deganlar (Abu Dovud, Termiziy rivoyatlari). Demak, ustozlik — oddiy kasb emas. Bu — merosni qabul qilish va uni keyingi avlodga munosib yetkazish mas’uliyatidir.
Biz, diniy ta’lim sohasi pedagoglari, ilmda — chuqurlikni, ta’limda — sifatni, tarbiyada — ibratni, faoliyatda — mas’uliyatni, jamiyatga xizmatda — fidoyilikni o‘zimizning asosiy mezonimiz deb bilamiz. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim sohasida yaratilgan bugungi imkoniyatlar bizga katta ishonch bildirilayotganidan dalolat beradi. Biz bu ishonchni har bir darsda — sifat bilan, har bir talabaga — e’tibor bilan, har bir ilmiy tadqiqotda — halollik bilan, har bir tarbiya jarayonida — shaxsiy namuna bilan, jamiyat bilan munosabatda esa — ma’rifat va bag‘rikenglik bilan namoyon etishni o‘zimizning kasbiy burchimiz deb bilamiz. Biz ilmni — ma’rifatga, ma’rifatni — tarbiyaga, tarbiyani — jamiyat taraqqiyotiga aylantirishga intilamiz. Bizning vazifamiz — merosni saqlash, ilmni chuqurlashtirish, pedagogikani yangilash, texnologiyani o‘zlashtirish, talabani tarbiyalash va jamiyatga xizmat qilish.
Shu ma’noda: Davlat bizga imkoniyat yaratadi. Ustoz unga mazmun beradi. Talaba uni natijaga aylantiradi. Jamiyat esa uning samarasini ko‘radi. Bizning vazifamiz — ana shu zanjirni uzmaslik. Bugun har bir ustoz va pedagog “Qanday qilib ko‘proq ta’lim berish mumkin?” degan savolga emas, balki “Qanday qilib yanada sifatli inson va jamiyatga foydali diniy mutaxassis tayyorlaymiz?” degan savolga javob izlashi muhim, deb o‘ylayman. Zero, diniy ta’lim uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan Yangi O‘zbekiston davri — diniy ta’lim pedagoglarining yangi mas’uliyat bosqichidir.
Uyg‘un G‘AFUROV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori
Shu kecha va kunduzda
YANGI O‘ZBEKISTONDA DINIY-MA’RIFIY ISLOHOTLAR
YANGI O‘ZBEKISTONDA DINIY TA’LIM: IMKONIYAT, VAZIFA VA MAS’ULIYAT
Yoshlar tarbiyasida oila, maktab va jamoatchilik hamkorligi
Nega yangi avlod xitoy tilini o‘rganishi shart?
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank