“CHIG‘ATOY GURUNGI” VA NAVOIY
Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan paytimiz maktabga kelgan sevimli “Gulxan” jurnalini talashib o‘qirdik. Bolalarning oq-qora formatdagi “Gulxan”i ko‘zimizga olovdek ko‘rinardi. Katta avlod vakillari eslasa kerak, 70-yillarning boshlarida, jurnalning oxirgi sahifasida “Chig‘atoy gurungi” degan rukn bo‘lardi. Rukn uchun qichqirayotgan xo‘roz rasmi yorliq edi. Unda kichikroq lavhalar e’lon qilinardi. “Chig‘atoy”ning ma’nosini bilmaganim uchunmi, bu so‘z bir umr yodimda qoldi(afsus, keyinchalik shu rukn olib tashlangandi). “Chig‘atoy gurungi” va tongni uyg‘otish uchun qichqirayotgan xo‘roz...
Insoniyat tarixida odamlarning to‘da bo‘lib uyushishi, biror maslak-g‘oya atrofida uyushmalar tuzishi ancha qadimiy sotsial hodisadir. Ibtidoiy jamoa tuzumi shunday shakllanganligi rad etib bo‘lmas haqiqat. Sharqda biror diniy maslak yoki siyosiy fitna atrofida(vaqtinchalik bo‘lishi ham mumkin) uyushib biror rejalar amalga oshirilgan. Bundan tashqari, masalan, hunarmandlar uyushmalari(har bir turdagi hunar sohiblarining o‘z pirlari va o‘z ko‘rsatmalari yozilgan(“Nurnoma” kabi) kitoblari bo‘lgan. Hunarmandlarning to‘plantisi, albatta, biror suluk asosida kechgan. Ayniqsa, so‘fiylik suluklari(ordenlari) sharqona uyushmalar namunasidir. Umuman, muayyan g‘oya atrofida birlashib siyosiy partiyalar(firqa) tuzish O‘rta Osiyoda, asosan, XX asrning boshlarida ma’lum siyosiy inqilob – Rossiyadagi Fevral inqilobi tufayli paydo bo‘lgan: “Alash o‘rda” (1917), “Sho‘royi islom”, “Ittihod va taraqqiy” kabilar. Adabiy hodisa sifatida uyushma sharqda, asosan, hukmdorlar saroyida mavjud bo‘lgan. Sharq mamlakatlarining barqaror davlat tuzumi sharoitida saroy shoirlari doimiy xizmatda bo‘lib, adabiy suhbatlar qurilgan. Xalq orasidan chiqqan shoirlar, asosan, boshqa biror kasb bilan ham mashg‘ul bo‘lishgan. Chunki shoirlik bilan tirikchilik qilib bo‘lmasdi. Madrasani bitirib adabiyot yo‘lini tanlagan mashhur shoirlar asosan saroyga taklif etilgan. Shunda ham ularning repertuarida hukmdorga bag‘ishlangan qasida bo‘lishi ijobiy sanalar edi. Adabiyot va ilmga rag‘bat qilgan xon va uning a’yonlariga ma’qul kelgan ijodkorlargina saroyda yashab ijod etgan. Yaxlit islom tamadduni adabiyoti tarixida mashhur ulamo-shuaro ijodi boshqa mamlakatdagi xonliklar adabiy muhitidagi shoirlarga savdo karvonlarining tijorat bilan birga madaniy, ilmiy-adabiy aloqalari vositasida tanish bo‘lgan, ya’ni mashhur shoir va allomalar kitoblari bir yurtdan boshqasiga tashib o‘tilgan.
XX asrda adabiyotshunoslik fani bularni shartli ravishda “saroy adabiy muhiti” yoki, masalan, “Buxoro adabiy muhiti”, “Qo‘qon adabiy muhiti” (Akademik Aziz Qayumovning shu nomdagi monografiyasi bor), “Kattaqo‘rg‘on adabiy muhiti” deb atab kelgan. Ammo “muhit” tushunchasi XXI asrdagi bizning tushunchamizdagi uyushma, muassasadan farqli, albatta. “Adabiy muhit” tushunchasi, aynan, O‘rta Osiyo sharoitida “falon shaharlik shoirlar” atamasiga ko‘proq mos keladi. Balki, bu muhit, uyushma ham deyilmagan, nomlanmagandir, aynan shunday ma’lumotlar deyarli yo‘q. Bu atama, asosan, X1X–XX asrda g‘arbda paydo bo‘lib ilmiy muomalaga kiritilgan. Muayyan davrda yoki bir saroyda yashagan shoirlarning bir-biriga shaxsiy munosabatlari, adabiy aloqalari haqida alohida ma’lumotlar bizgacha juda oz yetib kelgan. Manbalarda adabiyotga homiy bo‘lgan mashhur hukmdorlar saroyidagi shoirlar anjumani haqida ma’lumotlar qayd etilgan. Bunday anjumanning yorqin namunasi Husayn Boyqaro majlislari deb nom olgan (Navoiy “Oliy majlis” deb nom bergan) adabiy yig‘inlardir. Yoki Amiriy taxallusi bilan ijod etgan Amir Umarxon saroyidagi mushoiralarni misol qilish mumkin. Bu davrni Fitrat “Xo‘qanddag‘i Umarxon davri adabiyyasi” deb atagan (“Tilimizning adabiyligi” nutq-maqolasi). Afsuski, bunday yig‘inlar doimiy bo‘lmay, faqat barqaror davrlarda gullab-yashnagan.
Bundan tashqari, shaharning ziyoli, hunarmand qatlam aholisi orasida navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, bedilxonlik kabi “badiiy kechalar” (bu kunlik tadbirlar ham keyingi asrlarda, ayniqsa, toshbosma kitoblar paydo bo‘lgach) uyushtirilganini aytib o‘tish mumkin. Abdulhamid Cho‘lponning “Qizil O‘zbekiston” (1924) gazetasida bosilib chiqqan “Chig‘atoy gurungi” tarqatib yuborilgandan so‘ng” maqolasini, “gurung” tugatilgandan keyingi eng dastlabki maqola edi, deyish mumkin. Ungacha “Ishtirokiyun”ning 1919-yil 4-fevral sonida Fitratning “Chig‘atoy gurungi” maqolasi bosilgan. Unda “gurung”ning ochilgani, tashkilotning reja va maqsadlari haqida yozilgan. 80-yillar oxirida va mustaqillikdan keyingina jadidlar faoliyati bilan birga o‘rganila boshlandi va ancha ma’lumotlar ensiklopediyaga kiritildi. “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi”, “Qomus info.uz”-onlaynda yozilishicha, siyosiy partiya tuzishga ruxsat ololmagan Fitrat “siyosatga aralashmaslik sharti” bilan “Chig‘atoy gurungi”ni ochadi. O‘sha paytlari 1920-yillarda yopilgan “Temur”, “Turon”, “Turon to‘dasi”, “Turk kuchi”, “Izchi” kabi sport va teatr to‘dalari tuzilgan, ammo ulardan eng “samarali faoliyat yuritgani Fitrat a’zo bo‘lgan” (Zaki Validiy, Turkiston, 519-b.) “Chig‘atoy gurungi” bo‘lgan ekan.
Avvalo, “Chig‘atoy gurungi”ning qanday sharoitda va qaysi ehtiyoj tufayli yuzaga kelganini ko‘rib o‘tsak. Bungayam Fitrat o‘zi javob bergan. Garchi “Chig‘atoy gurungi” tashkil etilgandan so‘ng ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tib yozilgan bo‘lsa-da, Fitrat o‘zining “Tilimizning adabiyligi” (1921-yil Til va imlo qurultoyida so‘zlangan nutq) ma’ruzasida tashkilotning dunyoga kelish sababini ko‘rsatib o‘tgan. Ma’ruzada aytilishicha, burung‘i ziyolilarimiz: “Tilimiz ilmiy, adabiy bir til emas ekan”, degan kulunch bir qarashga ham keldi. Mana shuning bilan maktablarimiz, yozuvlarimiz usmonlicha ta’siri ostida qoldilar”. Adib fikrini asoslab yozadi: “Bunlarning hammasi til, adabiyotimizni yaxshig‘ina tanimaslikdan kelgan edi. Mana shunlarning hammasiga yog‘iqmoq, isyon etmak, shunlarning hammasi bilan kurashmak uchun yosh va yigit bir kuch 18-yilda maydonga keldi. Bu “Chig‘atoy gurungi” edi” (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar). Va shu yerning o‘zida tashkilotning maqsad-rejalari – “besh asos” haqida xabar beradi:
“ – Tilimizning tugal, yuksak, san’atkor bir adabiyoti bor. Tilimizning adabiyligi arabiyligida emas, o‘zidadir. Shuni tirgizmak kerak.
– Adabiyotimizni yuksaltmak uchun burung‘i san’atkor shoirlarimizning o‘lmag‘an va o‘lmas narsalarindan foydalanmoq ham taraqqiy qilg‘an uluslar tomonidan oraga solingan umumiy asoslarg‘a erishmak kerakdir.
– Tilimizning qoidalarini totorcha yoxud usmonlicha qoida kitoblaridan emas, tilimizning o‘zidan olmoq
kerak. Shuning uchun xalq og‘zida yurgan so‘zlarni, xalq adabiyoti bo‘lgan ertaklar, maqollar, laparlarni yig‘ib tekshirmak lozim.
– Adabiyot yozuvchilik bo‘lg‘ani uchun yozu(v) qoidalarini, imloni ham tuzatmak kerak”.
“Gurung” jamiyati a’zolari tarkibida o‘zga soha vakllari ham bo‘lgan. Shulardan biri Abduvahob Murodiy Bokuda Ziroat maktabida o‘qib kelgan mutaxassis, o‘qituvchi bo‘lgan. Keyinchalik Germaniyada Ziroatchilik akademiyasida o‘qigan va doimiy ravishda Fitrat bilan aloqada bo‘lgan, xatlar yozishgan. Bu haqda manbashunos olim S.Ahmad shunday yozadi: “Murodiy ana shu davrda Fitrat bilan tanishadi va jamiyatga a’zo bo‘ladi. U jamiyatni eslab, “Bu jamiyatning tashkilotchisi uning(ya’ni Fitratning) o‘zi” edi, deydi va jamiyat a’zolari: “Shorasul Zunnun, men, Botu, A’zam Ayyub, Elbek, Qayum Ramazon, Cho‘lpon, Sanjar, Saidali Xo‘ja, xullas, hozirgi adabiyotchi va tilshunoslar, mas’ul xodimlardan Nazir To‘raqulov uni qo‘llab-quvvatlaydi”, deb yozadi. “Gurung” a’zolari bir qancha nashrlarni amalga oshirgani, “Yangi sharq”, “Uchqun” gazetalari, “Tong” jurnalida o‘z qarashlarini yoritgani va hatto 1921-yili o‘zining “Chig‘atoy gurungi” nomli jurnali(birinchi maxsus soni chiqqach, to‘xtatilgan) chop etilgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Adabiy-madaniy uyushma hisoblangan adabiy to‘garak tarix va manbashunoslik sohasida ham bir qancha ishlar boshlagan edi. Dastlab Turkiston o‘lka Musulmonlar byurosi 1919-yilda Abdurauf Fitrat, Nazir To‘raqulov va Laziz Azizzodadan iborat hay’at tuzib tarixiy merosni o‘rganishga e’tibor qaratgan. Bu komissiya a’zolari Buxoro, Samarqand, Farg‘ona hududlarida bo‘lib anchagina qo‘lyozma manbalarni qo‘lga kiritgani ma’lum (O‘zME, 517-b.). O‘sha davrda mavjud bo‘lgan “Chig‘atoy gurungi” Nizomida yozilishicha, u bir nechta sho‘balardan iborat bo‘lgan. Bu sho‘balar “Til va imlo to‘dasi”, “Adabiyot to‘dasi”, “San’at va teatr to‘dasi” va h.k. deb nomlangan. “Til va imlo to‘dasi”ga dastlab Cho‘lpon, so‘ngra Elbek rahbarlik qilgan. Madaniy masalalardan eng muhimi til masalasi edi. Fitratning “Tilimiz”(1919) maqolasida ushbu to‘daning dasturiy yo‘nalishi belgilab berilgan bo‘lib, Ashurali Zohiriy, Elbek, Shorasul Zunnun, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Gʻozi Olim Yunusov kabi olimlarning tilshunoslikka oid ishlari ushbu dasturga binoan bajarilgan. “Gurungchilar” tomonidan 1919-yilda arab alifbosini isloh qilgan holda yangi alifbo yaratilgan. Til va imlo qurultoyi(1921-y. yanvar) bevosita “Chig‘atoy gurungi” tashkilotchiligida o‘tganligi haqida gapirilgan. Fitrat “Nahv” kitobining 1927-yil 4-nashridagi “Tilimizning tarixiy oqimi” va “Sarf”ning so‘zboshisidagi maqolalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda “Gurung”ning yangi imlo sohasidagi ishlari va chig‘atoy atamasining qo‘llanish ko‘lami haqida ancha ma’lumotlar bergan. Ushbu jamiyatning (Cho‘lpon jamiyat deb ataydi) nomidan ham ko‘rinib turibdiki, yangicha o‘zbek madaniyatini tiklash va tasdiqlash uchun o‘rta asrlardagi O‘rta Osiyoning eng rivojlangan Temuriylar davridagi tili, adabiyoti, san’atiga oid madaniy merosi asos qilib olingan. Nega aynan shu davr asos qilinishga loyiq topildi? Bunga javobni sal keyinroq yozilgan bo‘lsa-da, Fitratning ishlarida uchratish mumkin. Bularni keltirib o‘tamiz. 1927-yili Abdurauf Fitratning “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” asari bosilib chiqadi. Bu kitob 1926-yili “O‘zbeklarni o‘rganish qo‘mitasi” tomonidan “Muqaddima” yozilib nashr etilgan. O‘sha paytdagi poytaxt Samarqand shahrida “o‘zbek tiliga, adabiyotiga, tarixiga oid anchagina ma’lumotlar to‘plab yaxshig‘ina ilmiy natijalar chiqarishg‘a muvaffaq bo‘lg‘an” qo‘mitaning borligi inqilobdan so‘ng rasmiy va norasmiy ravishda turli zamonaviy muassasalar tashkil etilgani haqida xabar beradi (Bu qo‘mita Musulmon ishtirokiyun firqasi O‘lka byurosi huzurida tashkil etilgan, uning 1925-yil 11-iyulda Navoiy yubileyini o‘tkazish haqida qarori chiqqan, ammo bu qo‘mita haqida milliy ensiklopediyada ma’lumot uchratmadik). Abdurauf Fitratning “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” asarida muallif musiqa tarixi va Navoiyning musiqashunoslik rivojidagi xizmatini ko‘rsatib, umuman, chig‘atoy ulusining temuriylar davriga qisqacha xarakteristika berib o‘tadi: “Ulug‘bek zamonida mashhur Xoja Ahror Valiyning himoyasi ostida Samarkentda “diniy teskarichilik” (aksu l-harakat) paydo bo‘la boshlaydir. Shuning ta’siri bilan Ulug‘bek o‘lkasida buzg‘unchiliklar yuz ko‘rsatadir-da, Ulug‘bekning o‘lumi bilan natijalanadir. Mana shul fojeali teskarichilikdan so‘ng “go‘zal san’atlar” markazi Samarkentdan Hirotga ko‘chiriladir. Husayn Boyqaro ham Navoiyning himoyalari ostida chig‘atoy adabiyoti, chig‘atoy musiqiysining “oltun davri” Hirotda qurula boshlaydir”. Xuddi shu kabi fikrlar olimning 1927-yili nashr etilgan “Sarf” kitobining 4-nashridagi “Tilimizning tarixiy oqimi” maqolasida ham uchraydi. “Chig‘atoy adabiyotining “Oltun davri” sanalgan Navoiylar paytining so‘nggi kunlarida o‘zbek xoni Shayboniyxon Turkistonga yurish etdi, chig‘atoy xonlarini, shunlar qatorida mashhur Bobur mirzoni yengib, Turkistondan quvdi. Turkistonda o‘zbek idorasi qurdi. O‘zbek xonliqlari zamonida ham O‘rta Osiyo adabiyoti chig‘atoy adabiyoti bo‘lib qoldi... Bu hol zamonamizg‘acha davom etdi”.
Demak, ko‘rinadiki, Fitra O‘rta Osiyo madaniyati, tili va adabiyotining yuksak davri “Navoiylar payti”dagi chig‘atoy davri deb bilgan va shu davrni keyingi taraqqiyot bosqichimizning asosi deb hisoblaydi. Shu o‘rinda “oltin davr” iborasi haqida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Tarixning milliy tiklanish bilan bog‘liq davrlarida muayyan xalq o‘z o‘tmishidagi nisbatan “eng gullagan”, ya’ni “oltin davr”ni belgilab oladi. Aslida, bu ibora g‘arb va rus tadqiqotchilari orqali kirib kelgan. Ularningcha, “oltin davr” o‘tmishga aylangan bo‘lsa-da, kelajakda muhim ramziy siyosiy-ijtimoiy missiyani bajaradi. Tarixga bunday murojaatdan maqsad, aslida “bizning ota-bobolarimiz (ya’ni, biz) buyuk bo‘lganmiz, o‘z davlatchiligimiz, tariximiz bo‘lgan”. Bunday qayta baholashlar mamlakatning milliy tiklanishi, mustaqillikka erishishi bilan bog‘liq davrlarda, tarixning burilish nuqtalarida ro‘y beradi. Masalan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi arablarning milliy davlatchilik barpo qilish yo‘lidagi o‘z mamlakat hududi tarixini tiklash va undan faxrlanishlari, yoki O‘zbekiston mustaqilligi yillaridagi tarixni qayta baholash, ajdodlar bilan iftixor etish va hatto mamlakatning yosh avlod vakllarining o‘tmish bobolarga iddao qilish jarayonlarini olsak. Bunday misol shu kunlardagi voqeliklarga o‘ta mos. Bu ijtimoiy voqelik yevrosentrizmga asoslangan g‘arblik tarix mutaxassislari tomonidan tan olinmasa-da, ezilgan va milliy ozodlikka erishgan sharq xalqlari uchun doimo keng qo‘llanilgan. Milliy tarixning shonli sahifalarini ko‘tarish, avvalo, kolonizator mamlakatdagilarga bu xalq qadimda aslan kim bo‘lganligini ko‘rsatish uchun milliy-madaniy maqsadda va, ikkinchidan, mahalliy xalqni uyg‘otish uchun zarur ijtimoiy chora bo‘lgan. Va bu ijtimoiy-milliy tadbir millatni qayta yuksaltirishga xizmat qilgan. B.Karimovning yozishicha, Vadud Mahmud Navoiy davrini chig‘atoy adabiyotining “birinchi oltin davri”, Umarxon Amiriy zamonasini esa, “ikkinchi oltin davri” deb ataydi. Umuman, bu borada Fitratning fikrlari o‘sha davr ijodkor ziyolilari tomonidan ma’qul ko‘rilgan. Har gal eskicha yashashni istamay qolgan xalqning yosh vakillari tarixni va zamonni qayta baholashga tutinadi. Ammo men o‘z davrining yosh, yangi jadidlaridan biri bo‘lmish Fitrat yozmasidan misol keltirsam. Abdurauf Fitrat o‘zining “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” asarida shunday deydi: “Biroq Navoiyning yuqoridag‘i qiymatli ma’lumotini(aruz haqidagi – G.R.) o‘qug‘andin keyin “koshki shu arab aruzini yozg‘aningiz joyida turk vazni, turk musiqiysi to‘g‘risida kitoblar yozsa edingiz” demakdan o‘zimizni saqlay olmaymiz”(Abdurauf Fitrat “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi”, Toshkent, 1927, 39-b.).
“Chig‘atoy gurungi” tashkiloti qisqa vaqt ichida ko‘p vazifalarni bajardi. Fitrat, Cho‘lpon, Botu, Elbek qalamiga mansub “Yosh shoirlarning she’rlari” (Turkiston davlat nashriyoti, 1922) chop etildi. O‘sha paytda yaratilgan Fitrat tomonidan “Temur sag‘anasi”, “Abo Muslim”, “O‘g‘uzxon”, “Qon” kabi asarlari yaratildi. 1919-yili “Chig‘atoy gurungi” adabiy tashkiloti tomonidan “Bitim(imlo) yo‘llari” degan risola nashr etilgan. Tabiiyki, uning yuzaga kelishida Fitrat asosiy rol o‘ynagan. Fitratning panturkizm masalasidagi o‘z so‘zlariga murojaat qilsak. “So‘ngralari hayot meni panturkizmda qotib qolishda yo‘l qo‘ymadi. Men o‘zbek millatchisiga aylandim. 17-18-yillarda O‘rta Osiyoda panturkizm harakati kengaymoqda edi, ayniqsa, Toshkentda panturkizm fikri bilan sug‘orilgan turli to‘dalar tashkil bo‘ldi, turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida “ish” ko‘rildi. Maktablarda usmonli adabiyoti ona tili darslari o‘rnida qabul qilindi. Mana shu harakatlarga qarshi o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida “Chig‘atoy gurungi” tashkil qilindi. “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek millatchiligi, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida panturkistik to‘dalarga va shunga berilgan o‘ng jadidlarga qarshi kurashdi. Siz “Chig‘atoy gurungi” panturkist edi”, deb qichqirasiz. Ayniqsa, shu kunlarda “Chig‘atoy gurungi”ni panturkist deyish moda holiga kirib boradir. Holbuki, “Chig‘atoy gurungi” panturkizm, panislomizm haraakatlarig‘a qarshi kurashmoqda edi. Sizga ikkita fakt ko‘rsatay: butun maktablarimizda “Umumiy turk tili, umumiy turk adabiyoti” shiorlari hukm surganda, “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek tili, o‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun Xadrada pulsiz dars berishni e’lon qildi. Muallimlikka men, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon ta’yin etildik. Darsga bir ko‘b muallimlar da’vo etmakchi bo‘lib keldi. U vaqtlarda Toshkent maorif shoʻbasida panturkistlarning to‘dachilik yordamchilari hukm surardi. Mana shular bir darsdan keyin bizni quvdilar, talabalarni tarqatdi. Bir kecha “Chig‘atoy gurungi”ning majlisi bo‘lgan edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilgan asarlarni o‘qib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turg‘an bir o‘rtag‘ vintovka ko‘tarib kelib majlisimizga birdan kirdi. “Chig‘atoy gurungi”ning maqsadini so‘radi. “Siz dinga qarshi fikr tarqatar ekansiz, Muhammad payg‘ambarning me’rojini inkor qilar ekansiz” deb taftishga kirishdi va bizni “mundoqa yo‘lsiz harakatlar”dan man qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning ig‘vosi bilan bo‘lar edi”. Darhaqiqat, Fitrat geosiyosatni, Birinchi jahon urushidan keyingi dunyodagi yetakchi g‘arb, jumladan rus mamlakatlarining sharqqa nisbatan tutayotgan siyosatini yaxshi anglab o‘z vaqtida, o‘zi yozgandek, panislomizm, panturkizm harakatidan tiyilgan, aynan mintaqa – Turkiston bilan bog‘liq madaniyat tarixi – “chig‘atoychilik”ni, aynan Navoiy davri va tilini o‘rganishga ahamiyat bera boshlagan edi. O‘sha paytda umuman an’anaviy madaniy merosga munosabat masalasi yuzaga chiqdi. Navoiy ijodiga qarshi, yuqorida qayd etilgandek, J.Boybo‘latov, Ziyo Saidlar tomonidan chiqishlar e’lon qilingan. Qizg‘in tortishuvlar ketgan. Bularning har biriga alohida yondashuv olib borish g‘oyat dolzarbdir. Fitratning o‘zi “Chig‘atoy gurungi” o‘z vazifasi, 20-yillarga kelib “ilmiy yumushlari bajarilgan edi”, ya’ni hukumatimiz biz istagan tashabbusni qo‘lga olgandi, deb yozadi o‘sha mashhur maqolasida. Ya’ni “Chig‘atoy gurungi” 20-yillargacha davom etdi. Bu vaqtg‘acha uning o‘z oldiga qo‘yg‘an yumushlari bajarilg‘an edi. Yangi imlo sho‘ro maorif komissarligi tomonidan maktablarda kirgizilgan sho‘ro hukumati tomonidan “Har millatning maktab tili o‘z ona tilida bo‘lsin” deb e’lon etilgan asos bilan o‘zbek tili ta’min etilgan edi”. Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, Fitrat o‘zi ta’kidlaganiga e’tibor bersak, “Chig‘atoy gurungi” ilgari surgan g‘oyalar keyinchalik hukumat tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan. O‘zbek olimlaridan akademik N.Karimov, filologiya fanlari doktori, professor H.Boltaboyev, filologiya fanlari doktori, professor
B.Do‘stqorayevlar bu tashkilot haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tgan. Chet el olimlarining bu jamiyatga katta e’tibor bergani, jumladan tarixshunos olim Adib Xolidning “gurung” haqida ancha qiziqarli ilmiy fikrlarini keltirib o‘tsak. 1929-yili VKP(b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosi organi bo‘lgan “Za partiyu” gazetasi sahifalarida J.Boybo‘latovning “chig‘atoychilik”ni qattiq tanqid ostiga olgan maqolasi e’lon qilinadi. Ko‘chirma: “Chig‘atoy adabiyoti... mazmun va shakliga ko‘ra, zamonaviy o‘zbekka mutlaqo yot. ...O‘zbek tilining ta’mali deb ko‘rilayotgan chig‘atoy lahjasi o‘zbeklarning hozirgi adabiy tilidan mutlaqo uzoqdir”. Hatto maqola muallifi uchun “chig‘atoychilik”, panislomizm, panturkizm mahalliy millatchilikning bir shaklidek ko‘rinadi. Hatto muallif Navoiy she’riyatini mistik deya qoralab o‘tadi. “Bu adabiyot sohasida baynalmilal proletar mafkurasi bilan aloqalarni uzish yo‘li, adabiy shovinistlarni voyaga yetkazish va oqibat “oltin asrlar” mafkurasi bo‘lgan mistitsizmga qaytish yo‘lidir”.
Jumladan, A.Xolid “Chig‘atoy gurungi”ning panturkizmga aloqasi yo‘qligi va, aynan aksincha, o‘zbek madaniy tarixi va tili asoslarini barpo etish maqsadida yaratilganligi haqida aytib o‘tadi. Olim o‘sha davrda chig‘atoychilik vujudga kelishining nazariy asoslarini tadqiq etadi: “Ushbu hodisani (turkchilikni – G.R.) musulmon elitasining(sara namoyandalarining) jamiyat haqidagi tasavvurlarini parokanda etgan turkchilik g‘oyasining yuksalishi, deb atash mumkin edi... Nafsilambri, turkiylik tushunchasining talqini yagona emas, Usmonlilar saltanati ahli, totorlar va O‘rta Osiyo aholisi ayni tushunchaga turlicha qadriyatlarni joylagan edi. Xususan, O‘rta Osiyoda turkiylikning g‘oyaviy hosilasi aynan chig‘atoychilik bo‘ldi va ushbu mintaqaning o‘ziga xos turkiy merosi aynan mana shu shamoyilda yuzaga chiqdi... Bu davrning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat (1886–1938) edi”. Rossiyada proletar diktaturasi o‘rnatilgach, arxitektura, dizayn, umuman san’at (keyinchalik adabiyot) sohasiga Yevropa tasviriy san’atidagi kubizm, purizm, futurizm kabi oqimlarning ham ta’siri orqali yuz bergan konstrukturizm yo‘nalishi paydo bo‘la boshlaydi. Bu oqim aynan sovet tuzumi bilan bog‘liq bo‘lib, “san’at san’at uchun” degan formulirovka, umuman eski merosdan voz kechilib, yangilikni yaratish yo‘lida san’atni ishlab chiqarish uchun, sanoat esa xalq uchun bo‘lishi to‘g‘risidagi g‘oyalarni o‘rtaga chiqargan edi. Bu oqim 20–30-yilllarning yarmigacha davom etgan. Bular ta’sirida bo‘lgan J.Boybo‘latov, Ziyo Saidlarning ko‘r-ko‘rona yondashuvlariga Fitrat, Vadud Mahmud kabi millatparvar ziyolilar o‘z davrida javob bergan edi. Sovet ittifoqida 35-yillardan yana “klassikaga qaytish” boshlangach, klassik san’at, adabiyotga munosabat birmuncha o‘nglandi. J.Boybo‘latov maqolasi tufayli adabiyotda “chig‘atoychilik” tamom yot g‘oya sifatida qayta tilga olinmadi, shunday bo‘lsa-da, “jadid oydinlarining millatning milliyligini saqlab qoladigan asosiy omillardan biri milliy meros ekanligi” (N.Karimov) va bu merosning katta qismi Navoiy ijodiyoti ekanligi hayotda o‘z tasdig‘ini topishi ziyolilarimizning yutug‘i bo‘lib qoldi. Musulmonlar komfirqasi Turkiston O‘lka byurosi tomonidan 1919-yili nashr etilgan Navoiyning podshohlar to‘g‘risidagi “Insoniyat haqida Navoiy fikrlari” risolasi nashr etilgan paytdan boshlab turli bahs-munozaralar kechsa-da, 20-yillarning ikkinchi yarmiga kelib Navoiy ijodiyoti o‘zbek millatining ulkan merosi sifatida qaraladigan bo‘ldi, uning besh yuz yillik yubileyi nishonlanishi haqida qarorlar chiqdi. Navoiy ijodiyoti ittifoq miqyosida va hatto chet ellarda buyuk qiziqish bilan o‘rganildi. Va bunda, tabiiyki, jadid oydinlarining ulug‘ matonati, millat madaniyatini ulug‘lashda, davlatning qarorlari chiqishiga tashabbus ko‘rsatishda aynan “Chig‘atoy gurungi”ning ulkan xizmati bor.
1918-yili tashkil etilib, 1921-yil boshlaridan Turkiston ASSR Maorif xalq nozirligi tomonidan “Gurung” tugatilib faoliyati to‘xtatilgach, uning merosi nima bo‘lgani va umuman, bu jamiyatning aniq faoliyat chegaralari doirasi, unga tegishli materiallar hujjatlar asosida hamon o‘rganilishi dolzarbdir. Bugun baralla aytish mumkinki, bu jamiyat o‘z vaqtida millat oydinlarini uyushtiruvchi, ularning maqsadlarini aniq bir reja asosida muvofiqlashtiruvchi va millat ma’rifati yo‘lida xizmat qilguvchi a’zolarni ilhomlantiruvchi sifatida ulug‘ tarixiy ahamiyatga ega vazifalarni ado etdi.
Gulshan RAHIM,
filologiya fanlari nomzodi
Shu kecha va kunduzda
Namanganda xalqaro biologiya olimpiadasi: yoshlar uchun katta sinov va imkoniyat
Xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar tan olinishi bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
G‘ALATI G‘ALABA
Matbuot anjumani
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank