FVV AKADEMIYASIDA “YURT QAYG‘USIDA 365 KUN” KITOBINING TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

Daxldorlik FVV AKADEMIYASIDA “YURT QAYG‘USIDA 365 KUN” KITOBINING TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI
29



O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi davlat va siyosiy faoliyati hamda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yoritishga bag‘ishlangan “Yurt qayg‘usida 365 kun” nomli kitob taqdimoti yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobining muharriri, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.



Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Furqatjon Nazarov kirish so‘zi bilan ochdi. Podpolkovnik Furqatjon Nazarov o‘z nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratganini alohida ta’kidladi. U “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobi davlat rahbarining xalq manfaatlarini ta’minlash, mamlakat taraqqiyoti va inson qadrini ulug‘lash yo‘lida olib borgan faoliyatini tarixiy dalillar, ishonchli hujjatlar va tahliliy materiallar asosida yorituvchi muhim nashr ekanini qayd etdi.



Shuningdek, u mazkur kitob nafaqat FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlari, balki Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi barcha harbiy xizmatchilar hamda xodimlar uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy va tarixiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishini, unda ilgari surilgan g‘oya va xulosalar Vatanga sadoqat, xizmat burchiga mas’uliyat hamda xalq manfaatlariga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.



Taqdimot davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov so‘zga chiqib, kitob zamonaviy O‘zbekiston tarixini o‘rganishda muhim ilmiy-publitsistik manba ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, nashrda Prezidentimizning xalq bilan ochiq muloqotga asoslangan boshqaruv tamoyili, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda bunyodkorlik ishlari haqqoniy va tizimli ravishda yoritilgan.



“Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobining muharriri, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov kitobni yaratish g‘oyasi keng kitobxonlar jamoatchiligi, ziyolilar va o‘quvchilarning taklif hamda murojaatlari asosida shakllanganini ta’kidladi. U muharrir sifatida nashrni tayyorlash jarayonida tarixiy xolislik, hujjatlar ishonchliligi va faktlarning aniqligiga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etib, kitob Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining o‘ziga xos tarixiy solnomasi sifatida bugungi va kelajak avlod uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida sohaga oid huquqiy, siyosiy hamda badiiy kitoblar yarmarkasi tashkil etilgani barcha qatnashchilarda katta taassurotlar qoldirdi. Tadbir yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan faxriy mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirilib, ularga “Akademiya esdalik” nishoni tantanali ravishda topshirildi.



O‘z navbatida, mehmonlar ham tadbirning yuksak saviyada tashkil etilgani, Akademiyada ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, faxriy mehmonlar Akademiyaning “Akademiya faxriylari kitobi”ga samimiy tilaklari, ezgu istaklari va qimmatli fikr-mulohazalarini yozib qoldirdilar.

Mazkur taqdimot yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, tarixiy xotirani asrash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat, fidoyilik va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida yuksak saviyada tashkil etildi.


Farhodjon XOJAYEV,
Axborot va jamoatchilik bilan
aloqalar bo‘limi boshlig‘i, mayor

Maqola muallifi

Farhodjon XOJAYEV

Farhodjon XOJAYEV

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish