G‘ALATI G‘ALABA

Xalqaro hayot G‘ALATI G‘ALABA
52

QORNING OLTI QIRRASI

Amerika, Isroil va Eron urushi nafaqat dunyo xalqlarini, hatto, turli jamoalar va oilalarni ham ikkiga bo‘lib yubordi. Aka Eron tarafdori bo‘lsa, uka Amerikani yoki ota birini yoqlasa, o‘g‘il ikkinchisining yonini olib turganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu mutlaqo tabiiy hol, chunki Rossiya va Ukraina orasida davom etayotgan qonli urushda ham, garchand adolat, haqiqat kim tomonida ekanligi aniq va ravshan ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, bosqinchilar tarafini olgan, hatto, harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan odamlar bor. Maʼlumotlarga qaraganda, hozir mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Rossiya tomonida turib jang qilayotgan ekan. To‘g‘ri, ular balki iqtisodiy muammolarini hal qilish uchun shu yo‘lga kirgandirlar?! Ammo nima bo‘lganda ham, davlatimiz qonunlarini buzib, pul  uchun xorij armiyasiga yollanish, buning ustiga bosqinchilar bilan bir safda turish o‘zbeklar va har bir o‘zbekistonlik uchun isnoddir. Albatta, oddiy kishilarning u yoki bu tomonni yoq­lab gapirishi odatiy holat, biroq ayrim nufuzli ommaviy axborot vositalarining, jurnalistlar, publitsistlar, sharhlovchilar va blogerlarni turli tomonda turishlari bo‘lmag‘ur ishdir. Masalan, AQSHdagi “Fox news” nashri ushbu urushda Ameri­kaning olamshumul g‘alabasi haqida ko‘pirib toshib xabar tarqatayotgan bo‘lsa, “The New York times” gazetasi bu urush Trampning og‘ir mag‘lubiyati ekanligini yozmoqda. Shu maʼnoda, hech bo‘lmasa jurnalistlar va publitsistlar har qanaqa holatda ham voqealarga xolis baho berishlari zarur. Bu borada tarafkashlik qilish, yolg‘on xabarlar tarqatib, odamlar fikrini chalg‘itish yumshoq qilib aytganda, kerak emas. 


Hech eʼtibor berganmisiz, yog‘ib yoqangizga qo‘nayotgan qor parchalarining barchasi bir xil shaklda – olti qirrali yulduzchalarga o‘xshaydi. Ulardagi naqsh va jimjimalar turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, ammo barchasi bir xil – olti qirrali. Buning sirini olimlar zarrabin – mikroskop ixtiro qilinganidan keyingina kashf etishdi. Maʼlum bo‘lishicha, suv molekulalari aynan qor zarrasidek olti qirrali ekan. Fizikadagi ushbu qonuniyatning xalqaro siyosatga qanaqa aloqasi bor, deyishingiz mumkin. Ajablanarlisi shundaki, jamiyatdagi ayrim voqealar ham tabiat hodisalariga o‘xshab ketadi. Tarixiy voqealar o‘sha dastlabki kichik matritsa shakli negizida rivojlana boradi va oxir-oqibat molekula qor parchasiga, qorparcha katta qorga, qor esa ulkan uyumga, uyum dahshatli ko‘chkiga ayla­nib, odamlar boshiga ko‘p noxushliklar paydo qilganidek holat yuzaga keladi. Tarixdan olib ko‘radigan bo‘lsak, Oktabr inqilobidan so‘ng sobiq sho‘ro davlati ideologiyasi xususiy mulkchilikni qonundan tashqari deya eʼlon qildi va kommunistik mafkurani butun dunyoga yoyishni asosiy maqsad qilib oldi. “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!” degan chaqiriq har kuni, har soatda yangrab turdi. Inqilobiy mafkura qo‘riqchilari bu borada mislsiz tadbirlarni amalga oshirib, xalqni pati yulingan tovuqqa o‘xshatib qo‘yishdi. Bu ishlarning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini sezgan Vladimir Lenin zudlik bilan “Yangi iqtisodiy siyosat”i(NEP)ni joriy etib, yosh sho‘ro davlati iqtisodi­yotini halokat jarligidan uzoqlashtirgandi. Ammo uning o‘rniga kelgan Iosif Stalin iqtisodiyotni yana qayta kommunistik o‘zanga soldi va to umrining oxirigacha xususiy mulkchilikka va tashqi dushmanlarga qarshi qatʼiy kurash olib bordi. Undan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Nikita Xrushchev ichki va tashqi siyosatda birmuncha o‘zgarishlar qilgan bo‘lsa-da, Brejnevning yangi siyosati uning islohotlari samarasini yo‘qqa chiqardi. O‘tgan asrning 80-yillariga kelib, mamlakat yana og‘ir iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Bu borada islohotchi rahbar Mixail Gorbachyovning zudlik bilan amalga oshirgan tadbirlari ham mamlakatni tanazzuldan qutqara olmadi va buyuk bir saltanat halokatga yuz tutdi. Buning asosiy sababi: o‘sha sho‘ro imperiyasining dastlabki kunlaridan joriy etilgan siyosiy dasturi oxir-oqibat uni halokat sari boshlab bordi. Eron bilan bog‘liq voqealarda ham xuddi shunga o‘xshash manzarani ko‘ramiz.


DEMOTEOKRATIYA UCHUN KURASH

1979-yili Eronda islom inqilobi sodir etilganiga qadar bu mamlakat dunyodagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatgandi. Hatto, bugungi qattol dushmani – Isroil ham Eronning yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib, uni zamomaviy texnika va texnologiyalar bilan taʼminlashda katta hissa qo‘shib kelayotgandi. Hatto, hozirda atom qurolini yaratishga urinayotgan eronlik olimlarning ustozlari bir vaqtlar yadro fizikasini AQSH va Isroildagi laboratоriyalardan o‘rganib kelishgandi. Eron kapitalistik dunyoning Yaqin Sharq­dagi yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib, u yerda Amerikaning yirik harbiy bazalari, korxonalari joylashtirilgandi. Shoh hukumati mamlakatga g‘arb madaniyatining kirib kelishiga keng yo‘l ochib qo‘ygandi. Uning yuritayotgan bu siyosatidan mamlakat ichidagi radikal diniy guruhlar, atrofdagi islomiy davlatlar, shimolda esa o‘sha paytda qudrati kuchaygan sobiq SSSR turli sabablarga ko‘ra qattiq norozi edilar. Ular barcha vositalarni ishga solib, Eronda shoh siyosatini izdan chiqarishga harakat qilardilar va 1979-yili g‘arbparast monarxiya xalq g‘alayonlari oqibatida ag‘darib tashlandi. Shohning o‘zi xalq g‘azabidan qo‘rqib, chet elga qochib ketdi. Shia ruhoniylari bo‘sh qolgan hokimi­yatni darhol o‘z qo‘llariga oldilar. Ular bu voqealarni “Islom inqilobi” deya atab, rahbarlik uchun o‘zlarining diniy liderlari – oyatillo Humayniyni Parijdan Eronga keltirib rahbar etib tayinladilar. Ruhoniylar hokimiyatga chiqib o‘rnashib olgach, davlat to‘ntarishini amalga oshi­rishda ularga ko‘maklashgan respublikachilar, demokratlar, kommunistlar, xullas, o‘zlaridan o‘zgacha fikrlaydigan barcha kishilarni quvg‘in ostiga olib birma-bir yo‘q qila boshladilar. Bir so‘z bilan aytganda, doimo bo‘lganidek, inqilob o‘z farzandlarini yeya boshladi. Tarix takrorlanmaydi, qofiyalanadi degan qanotli ibora bu gal ham to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi. O‘tgan asrning 30-yillarida bolsheviklar o‘z safdoshlarini qanday qatag‘on qilgan bo‘lsalar, Eron ruhoniylari ham muxolif kuchlarni islom inqilobi qo‘riqchilari yordamida ovozlarini o‘chirishga erishdilar. Mamlakatda hurfikrlilik, g‘ayridiniy madaniyat, sanʼat, musiqa va hatto qo‘shiq aytish ham taqiqlab qo‘yildi. Gugush va Muinga o‘xshash atoqli sanʼatkorlar quvg‘in etildi. Mamlakatda erkaklarga alkogol, ayollarga esa boshini ochib yirish qatʼiy taqiqlandi. Natijada o‘zgacha fikrlaydigan millionlab eronliklar vatanni tark etishga majbur bo‘ldilar. Bu ishlarning nazoratini sobiq SSSR KGBsidan andoza olib tuzilgan IIQK (Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi) shafqatsizlik bilan olib bordi. Bunday bedodliklarga mamlakatdagi muxolif kuchlar qarshi chiqolmadilar, nega desangiz, endi g‘isht qolipdan ko‘chib kech bo‘lgan edi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, hozirgi urush arafasida ham sodir etilgan xalq g‘ala­yonlarining ming-minglab ishtirokchilari shafqatsiz yo‘q qilindi yoki hibsga olindi. Ularning bor-yo‘q gunohi: hukumatning olib borayotgan iqtisodiy siyosatiga qarshi norozilik edi. Haqiqatan ham, ruhoniy­lar rejimi mamlakat boyliklari­ning asosiy qismini xalq farovonligi uchun emas, balki zo‘r berib qurollanishga sarflayotgan edi. Natijada Eron qisqa bir muddat ichida xalqaro cheklovlarga qaramasdan, mintaqadagi eng kuchli harbiy davlatga aylandi. Atom-raketa qurol­larini yaratish uchun jiddiy kirishildi. Tabiat va jamiyat qonunlari shundayki, har qanday harakat aksilharakatni paydo qiladi. Diniy rahnamolar boshqaruvidagi nobop siyosat oxir-oqibat o‘zining muqar­rar inqirozini tezlashtirdi. Eski yil oxirlarida boshlanib ketgan xalq g‘alayonlari Eronning tashqi siyosatidan shundoq ham norozi bo‘lib yurgan katta kuchlarni ilhomlantirib jiddiy qurolli mojaroni keltirib chiqardi. Baʼzilar buni Uchinchi jahon urushi deya fikr bildirishmoqda. Ammo bunda koalitsiyalar mavjud emasligi va yirik davlatlarning qo‘shilmaganligi ushbu ziddiyatni mintaqaviy mojaro deb atashga to‘liq asos bo‘la oladi. Endi uning sabablari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, yana tarixga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.


G‘OLIBLAR  VA  MAG‘LUBLAR

Yuqorida yozganimizdek, shoh davrida Tehron AQSH va Isroil bilan o‘ta yaqin aloqa bog‘lagan edi. Eronda ming-ming­lab yahudiylar, amerikaliklar mamlakat xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat ko‘rsatardilar. Mullalar hokimiyatni o‘z qo‘llariga olgach, dastlabki qilgan ishlari: mamlakatdagi barcha xorij sarmoyasi bilan ishlaydigan korxonalarni milliylashtirdilar. Bu tadbir sobiq SSSR boshliq sobiq sotsialistik mamlakatlar­ning olqishiga sazovor bo‘ldi. Ammo bundan faqat birgina AQSH kompaniyalari va shirkatlari o‘sha davr narxlari bilan hisoblaganda 200 milliard dollarlik zarar ko‘rdi. G‘arb mamlakatlari tomonidan berilgan sanoat uskunalari hamda harbiy texnikalar ham to‘liq yangi hukumat foydasiga o‘zlashtirildi. Tabiiyki, bularning barchasi sarmoyadorlar tomonidan achchiq og‘riq bilan qabul qilindi. Buning ustiga xalqning milliy-diniy hissiyot­larini junbushga keltirgan ruhoniylar ochiq aksilg‘arbiy kayfiyatlarni targ‘ib qildilar. “Amerikaga o‘lim!”, “Yo‘qolsin Isroil!” singari jangovar shiorlar baralla yangray boshladi. AQSH “katta shayton”, Isroil esa “kichik shayton” deya eʼlon qilindi. O‘tgan asrning 80-yillar oxirida oliy ruhoniy oyatillo Humayniy Mixail Gorbachyovga maktub yo‘llab, birgalashib AQSH boshliq imperialistik dunyoga qarshi ittifoq tuzishni taklif qildi. Eronda dindorlar hokimiyati va avtoritar tizim yildan yilga mustahkamlanib, kuchayib bordi va alaloqibat, jamiyatni boshqaruv­chi yagona yakkahokim kuchga aylandi. Garchand, mamlakatda rasman prezident, parlament va saylovlar instituti faoliyat ko‘rsatsa-da, ular ishini yo‘naltirib, oxirgi qarorni chiqaruvchi diniy rahbarning maqomi barchasidan ustuvor qilib qo‘yilgan va hokimiyatlar mustaqilligi haqida gap bo‘lishi ham mumkin emasdi. Bu holat uzoq yillar davomida mamlakat jipsligini taʼminlab turgan asosiy omil bo‘lsa ham, Eronni asta-sekin demokratik dunyodan ihotalab qo‘ygan o‘ziga xos qafasga aylanib qolgandi. Xorijiy mamlakatlarni do‘st va dushmanga ajratish va shu yo‘sinda muomala qilish muvaffaqiyatsiz usul bo‘lib, oxir-oqibat davlatni xalqaro maydonda yakkalanishiga va sanksiyalar bosimi ostida qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Agar eʼtibor qaratgan bo‘lsangiz, AQSH xuruji paytida biror-bir mamlakat – na Xitoy, na Rossiya, na Hindiston, na Pokiston va na boshqa biror yirik davlat Eronga yordamga shoshildi. Ular faqat urishayotgan tomonlarni murosa qilishga va harbiy harakatlarni to‘xtatishga daʼvat etib turishdi, xolos. Ana endi shunday holat yuzaga keldiki, har ikki tomon ham o‘zini g‘olib deb hisoblamoqda. Shu bois, bir-biriga yon bergisi kelmayapti. Eronning boshqaruv va harbiy tizimlari katta talofatga uchragan bo‘lsa-da, inqilob qo‘riqchilari raqiblarga zarracha bo‘sh kelmoqchi emas. Ular bugunning o‘zidayoq son-sanoqsiz piyoda qo‘shinlarini jangga tashlab, mutloq g‘olib bo‘lishlariga qattiq ishonmoqdalar. Bu yo‘lda qancha insonlarning qirilib ketishi xayollariga ham kelmayapti. Ammo ikkinchi tomon ham o‘z talablaridan voz kechmayapti. AQSH Eronni yadro quroli yaratishdan tiyilib, boyitib qo‘yilgan uran zaxiralarini topshirishini talab qilmoqda. Biroq eronlik mag‘rur rahbarlar bu taklifni keskin rad etishmoqda. Endi bu talotumlarning boshida turgan Tramp haqida aytadigan bo‘lsak, u o‘zini o‘ta yaxshi ko‘radigan pixini yorgan odam. Uning na milliy, na diniy va na dunyoviy qadriyatlar bilan mutlaqo ishi yo‘q. Agar foydasi tegsa, ashaddiy diktatorlar, dindorlar bilan ham kelishib keta oladigan dog‘uli biznesmen. Uning hozirgi asosiy maqsadi – Amerikani yanada boyitib, dunyodagi liderlik maqomini yanada mustahkamlash va shu orqali tarix sahifalariga o‘z nomini zarhal harflar bilan yozdirish. Shu bilan birga unda yildan yilga kuchayib borayotgan Xitoyning piligini biroz pasaytirib qo‘yish niyati ham yo‘q emas. Xitoyni ener­giya resurslari bilan taʼminlab turuv­chi asosiy manba esa Erondir. Ushbu maq­sadlar yo‘lida u hatto, shayton bilan ham kelishuvga tayyor. Ammo yo‘liga g‘ov bo‘ladigan har qanday to‘siqni ayamay yo‘q qilib tashlashdan sira tap tortmaydi. 


Xudoyberdi  KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi


Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish