“ILK MAQOLAM CHIQQAN KUN”…

Muallim – millat yulduzi “ILK MAQOLAM CHIQQAN KUN”…
60



O‘qituvchining ovozi, dardi va yutug‘i jamiyatga yetib borishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Ayniqsa, yillar davomida pedagoglar minbariga aylangan “Ma’rifat” gazetasi ko‘plab o‘qituvchilar uchun ilhom, e’tirof va katta imkoniyatlar maydoniga aylanib ulgurgan. Yaqinda telegram tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhimizga “Ma’rifat”da nashr qilingan ilk maqolangizni eslay olasizmi?” deya savol qoldirgandik. O‘qituvchi ijodkorlar tomonidan yo‘llangan bir-biridan iliq fikrlarning keti uzilmadi. Chunki bu guruhga millat ertasi, rivojiga hissa qo‘shadigan, farzandlarimiz bilimlariga mas’ul ziyolilar jam bo‘lgan.

Tursunoy HASANOVA, Gʻij­d­uvon tumanidagi 43-maktab o‘qituvchisi:
– “Ma’rifat” gazetasida ilk maqola­ngiz chiqqan kunni eslay olasizmi?” Bu birgina savol ajib hayajon, qalb titrogʻi, qaytarib boʻlmas yoshlik sururi, hatto hech bir soʻz bilan ifodalab bo‘lmaydigan darajadagi sogʻinch, bolalik xotiralarimni uygʻotdi. Naq 30 yil oldingi voqealar… 1995-1996-yillar 9-10-sinfdagi orzulari osmon qadar yuksak, jurnalistlarga havas koʻzi bilan boqqan oddiygina qishloq qizi edim. Uyimizda kichkina radio boʻlardi, televizor koʻrishga biz bolalarga ruxsat yoʻq, bizga berilgan vazifa faqat kitob oʻqish edi.

Ilk hayajon. Tonggi soat 7:00. “Kelajak tongi” radioeshittirishi... “Bulbullar chah-chahi olamni tutdi”... Bu men yozgan va umid bilan yo‘llagan sheʼrim edi… Ehhe, ustozlar, qarindoshlar, dugonalar, hamma-hamma tabriklagani, keyinchalik “Ozodlik oʻlkasi”, “Vatanni sevmoq iymondandir” respublika insholar tanlovlarida gʻolib boʻlib, Toshkenti azimdan sovgʻalar bilan qaytganim kechagidek yodimda.

Ayniqsa, respublikada alohida nufuzga ega sevimli gazetamiz “Maʼrifat”da maqolam chop etilgan kunni unutib bo‘lmaydi. 2018-yil edi. Maktabimiz kutubxonasi haqida maqola yozgandim, undan soʻng bir necha sheʼr va maqolalarim chop etildi. “Maʼrifat”dagi samimiylik, hech bir ijodiy ish yoki havaskor qalamkashning ham fikri chetda qoldirilmasligi, olgʻa intilish uchun beriladigan kuch meni hayratda qoldirgan...

Gulxumor XUDOYBERDIYEVA, Beshariq tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi:
– Har kuni “Ma’rifat” gazetasi rasmiy kanalini kuzatib boraman. Bir kuni o‘z-o‘zidan maqolamni ularga jo‘natish fikri tug‘ildi. Maqolam tez orada nashr etildi. Bu pedagogik ustama hujjatlarimda ham inobatga olindi.

O‘tgan yili gazetaning “Mening tajri­bam” maqolalar tanlovi e’lon qilindi. Tanlovda qatnashish uchun “Karvon yo‘li” nomli metodik tavsiyamni yubordim. U ham tez orada chop etildi.

2024-2025-o‘quv yili chinakam ma’noda men uchun juda omadli keldi. “Vazir ustamasi” uchun tayyorlagan hujjatlarim ichida “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan maqolam borligi uchun birinchi saralash bosqichidan o‘tdim. Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” tanlovining 3-bosqichida “Ma’rifat” gazetasida chiqqan maqolam uchun qo‘yilgan 10 ball menga 1-o‘rinni hadya etdi va 50 000 000 pul mukofotini yutib oldim. “Ma’rifat” gazetasi men kabi ijodkor pedagoglar uchun omad eshiklarini ochib berayapti. Gazeta chin ma’noda menga qo‘l uzatdi va bu qo‘llar oilamga nur olib kirdi.

Sanobarxon OMONOVA, Marhamat tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
– “Ma’rifat” gazetasida ilk maqolam chiqqan kuni yosh boladek sevingandim. Bu tuygʻuni ilk marotaba maktabda o‘qib yurgan kezlarim “Tong yulduzi” gazetasiga she’r va hikoyam chop etilib, tanlov­da 3-oʻrinni olgan va buni radioda oʻqib
eshittirishganida his qilganman.

Zafar MO‘MINOV, Qo‘sh­rabot tumanidagi 84-maktab o‘qituvchisi:
– Ismim muallif sifatida ilk marta gazetada koʻrinish bergan kunni eslamay boʻladimi?! Eng baxtli kunni-ya? 2023-yil 19-aprel. Ilk marotaba “Maʼrifat” gazetasida 3 dona sheʼrim chop etilgandi. Oʻsha paytlari bizda internet yoʻq, gazeta vaqtida yetib kelmasdi(hozir ham).

She’rlarim chop etilganini tuman markazida ishlaydigan bir hamkasbimdan bildim. Keyin ustoz Husan Karvonli ham telegramdan xabar bergandi.

Quvonganimni koʻrsangiz. Ota-onam eshitib duo qilishdi. Mahalla, maktab, sinfdosh va qarindoshlar... Tabriklamagan odam qolmadi. Bunga ham uch yil boʻlibdi. Hozirgacha ancha maqola, hikoyalarim shu sevimli gazetada chiqdi. Har gal ijod namunam chiqqan kuni bayram boʻlib ketadi. Ayniqsa oʻtgan yili ikki bora gazetaning “Fasl tanlovi”da gʻoliblikni qoʻlga kiritishim, faxriy yorliq va pul mukofoti bilan siylanishim quvonchli boʻldi.

Erkinjon YARASHEV, Za­raf­shon shahridagi 13-IDUM o‘qituv­chisi:
– Aniq esimda. 1999-yil. 4-kursda o‘qirdim. Adashmasam, aprel oyi. Maqo­lam Nobel mukofoti haqida edi. Tahririyat sarlavhani o‘quvchini o‘ziga tortadigan qilib “Muhabbatning matematiklarga jazosi” deb o‘zgartiribdi. Shundan bildimki, sarlavha maqola mazmunining yarmi bo‘lishi kerak ekan. Mana shu ilk maqo­lamni haligacha saqlab qo‘yganman. Garchi, keyinchalik 20 ga yaqin katta-kichik qoralamalarim chiqqan bo‘lsa-da, gazetaning shu soni men uchun hamon qadrini yo‘qotmaydi.

Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
– 1997-yilning bahori. Adashmasam 11-sinfda oʻqirdim. “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir” mavzusidagi respublika insholar tanlovida gʻolib boʻlgan ishim gazetada chiqqandi. Men uchun bu juda katta yutuq boʻlgan. Hammasidan quvonchlisi, o‘sha yili NamDUning 1-kursidagi dastlabki saboqlarimning birida ustoz Komiljon Abdullayev gazetani auditoriyaga olib kirib, oʻqib berganda menda filologiya sohasiga yanayam kuchli mehr uygʻongan. Boringga shukur, “Maʼrifat”im!

Nargiza BEKNAZAROVA, Olot tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi:
– Ilk maqolam 2020-yil 26-iyunda chiqqan. O‘zimni juda katta odamdek his qilganman. O‘sha yili Nargiza Beknazarova degan muallimani butun tuman va viloyat tanigan edi-da!

Dastlab 2018-yil 31-oktabrda “Ma’rifat mushtariylari” guruhiga qo‘shilgan bo‘lsam, 7 yildirki bilimim, dunyoqarashim, insonlarga bo‘lgan munosabatim, o‘quvchilar bilan ishlash uslubim butunlay o‘zgardi. Ijodiy o‘sa boshladim. Guruh a’zosi bo‘lganimga 1 yil bo‘lmasidan yozgan fikrlarim gazeta muqovasida chiqa boshladi. O‘qituvchilarning kattami-kichik dardi gazetaning nigohidan chetda qolib ketmasdi.

“Ma’rifat” bag‘ridan mengayam joy ajratgani, Olot tumanining chekka maktabidan gapirsam butun O‘zbekiston eshi­tishi men uchun haqiqiy baxt.

Sayyora YORQULOVA, Olmaliq shahridagi 14-maktab o‘qituvchisi:
– Ilk maqolam 2023-yili chiqdi. “Ma’rifat”da o‘zimning maqolamni ko‘rib juda xursand bo‘lganman. 2023-yili kimdir meni “Ma’rifat mushtariylari” guruhiga qo‘shib qo‘ygandi. Mana hozirgacha hech bir ishim chetda qolmadi. Shu kungacha 15 ta maqolam chop etildi.

Sayyora AKBAROVA, Yoz­yovon tumanidagi 14-maktabning kadrlar menejeri:
– “Ma’rifat” bolaligimdan oilamizning eng sevimli nashri edi. Dadam Erkinjon Akbarov fizika, onam Habibaxon Akbarova esa ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgani sabab uyimizga pochtachi amaki bir dasta gazeta va jurnal olib kelar, ular orasida, albatta “Ma’rifat” (“O‘qituvchilar gazetasi”) ham bo‘lardi.

Adashmasam, 1987-yili gazetada rahmatli dadamning maqolasi chop etilgandi. O‘sha paytlari men 7-sinfda o‘qir, maqola, she’r va hikoyalarim tuman gazetasida paydar-pay e’lon qilinib turardi. Shunga qaramay, dadamga bo‘lgan havasim kuchli edi… Yillar o‘tdi. Bugun ijodiy ishlarim viloyat va respublika nashrlarida, ko‘plab rasmiy axborot kanallarida yoritib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda bir qator hikoya va maqolalarim “Ma’rifat” gazetasida e’lon qilindi. Bu quvonchli yangilikni oila a’zolarim bilan bo‘lishdim. Shunda akam: “Barakalla, otamning sevimli gazetasida hikoyangiz chiqishi uning ruhini shod etadi”, deganida g‘ururlandim. Maqtovni go‘yo dadamning o‘z og‘zidan eshitgandek bo‘ldim.

Ha, “Ma’rifat” men uchun juda qadrli. Chunki bu gazetani dadam, onam, o‘qituv­chi opalarim va akalarim mutolaa qilishadi.

Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
– “Maʼrifat” gazetasi xodimlari men uchun oila aʼzomdek bo‘lib qolgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Taʼlim-tarbiyaga oid bildirgan zarra fikrlarimni ham e’tiborsiz qoldirishmaydi. Fikrim, maqolam chiqsa, “tilla topgandek” xursand yuraman! Buning gashti umuman boshqacha-da!!!

“Maʼrifat” meni ko‘p “qutqargan”. 2006-yil rahbarlar attestatsiyasidan ham “Vatan – buyum emas” maqolam tufayli o‘tganman! “Yilning eng yaxshi fan o‘qituv­chisi” tanlovi respublika bosqichida gazetada yoritilgan maqolamga hakamlar 25 ball berishdi. Va shu ball viloyatda g‘olib bo‘lib, respublika bosqichiga o‘tishimga sabab bo‘lgan.

Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
– “Ma’rifat”da ilk maqolam chiqqanida sevinganimdan yigʻlab yuborganman. Aynan shu gazetada maqolam chiqishini orzu qilardim. “Ma’rifat” bugungi kunda men uchun qadrli va kerakli manbaga aylangan. Chunki undan oʻrganganlarim bisyor. U tufayli respublikadagi eng taj­ribali va ilgʻor ustozlar bilan tanishdim. Maktab, tuman, viloyatda “Ma’rifat” orqali obroʻ topdim.
Dadam oʻqituvchi boʻlgan. Darsxonasida taxlam-taxlam “Oʻqituvchilar gazetasi” turardi. Garchi u paytda maktabga chiqmagan boʻlsam-da, gazetalarni sanab, rasmlarini tomosha qilardim. Buncha gazeta dadamga nima uchun kerakligini soʻrardim. Dadam esa oʻqituvchi gazeta, kitob oʻqishi kerakligini tushuntirardilar.

Yillar oʻtdi. Hozir mening darsxonamda “Ma’rifat” turadi.

Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
– Meni 2019-yili sentabr oyida “Ma’rifat” mushtariylari” guruhiga kimdir qo‘shib qo‘ygandi. Guruhda o‘qituvchi­lardan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovidagi shartlar haqidagi fikrlarni bildirish so‘ralgan. O‘sha tanlovdagi oxirgi shart “Onlayn ovoz” to‘plash edi.

“Onlayn ovoz to‘plashda qarindosh-urug‘, tanish-bilish, viloyatdagi o‘qituvchi-yu o‘quvchilar majburan jalb etiladi. Bu korrupsiyaning yangi ko‘rinishi-ku” deb fikr bildirganman.

Toki fikrlarimni gazeta sahifasida o‘qimagunimcha uni chop etishganiga ishon­maganman. Eng katta orzumga erishganimdan yosh boladek rosa quvongandim.

Keyin “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?” rukni ostida ko‘p bora fikrlarim chiqdi. Gazeta o‘zimniki bo‘lib qoldi. 2022-yili “Ma’rifat” yulduzlari” safidan o‘rin oldim. Doimo mushtariylar safidaman. “Ma’rifat” va barcha tahririyat xodimlariga tashakkur!

Shoira BOZOROVA, faxriy o‘qituvchi:
– “Ma’rifat” gazetasiga ilk maqolam 2015-yil 28-yanvarda chop etilgandi. Juda xursand bo‘lgandim. O‘sha kuni quvonganimdan uchib yurgandek edim. Bu maqoladan keyin ham bir necha maqolam chop etilgan.

“Ma’rifat” – ziyolilar gazetasi. Ta’lim sohasida ishlaydigan har bir ziyoli unga obuna bo‘lsa, yil davomida ta’lim va tarbiya sohasidagi yangilik, muammo va ularning yechimlari, ilg‘or va tajribali ustozlarning metodik tavsiyalari bilan tani­shib boradi.
Afsuski, ayni paytda gazetaga obuna masalasi oqsamoqda, tiraj kam. Har bir ta’lim maskani va o‘qituvchilar majburiy emas, ongli ravishda tushunib, ixtiyoriy tarzda “Ma’rifat”ning kerakli nashr ekanligini his qilib, obuna bo‘lishlarini istardim.

“Ma’rifat” muxbiri
Fayoza AVLAYEVA tayyorladi.

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish