MENI KIM ESHITADI?
Daxldorlik
60
Raqamli davrda bolalik
UNICEFning 2025-yilgi “Child Well-Being in an Unpredictable World” (Beqaror dunyoda bolalar farovonligi) hisobotida ta’kidlanishicha, zamonaviy bolalik global tahdidlar fonida shakllanmoqda va bu bolalarning ruhiy holati, sog‘ligi hamda ta’limiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ya’ni bolalik endi oila va maktab muhitida emas, global jarayonlar ta’sirida shakllanayotgan murakkab ijtimoiy hodisaga aylandi. Nima deb o‘ylaysiz, raqamli davrda farzandingizga yetarlicha g‘amxo‘rlik qila olyapsizmi?
Ba’zan ularning ko‘zlaridan anglagan haqiqatlarimdan yuragim larzaga keladi…
Shahnoza SA’DINOVA, 4 farzandning onasi:
− Baxtli oila edik. Turmush o‘rtog‘imning xiyonati sabab ajrashganmiz…
To‘rt nafar (16, 11, 9, 4 yoshli) qizim bor. Ularga ham ona, ham dugonaman, biroq moddiy ta’minot to‘liq o‘z zimmamdaligi sabab farzandlarimga ko‘p vaqt ajrata olmayapman. Ba’zan ularning ko‘zlaridan anglagan haqiqatlarimdan yuragim larzaga keladi: vaqtim sabab ko‘pam suhbatlashib, fikrlarini tinglolmasligim, doim ham uy vazifalarini birga bajarib, ruhini ko‘tara olmasligim, aksariyat hollarda ota-onasisiz o‘tadigan bayramlari, yolg‘iz chizib, qanday rangga bo‘yashni bilmagan suratlari…
Bola o‘z-o‘zidan katta bo‘lib qolmaydi. Unga vaqtida mehr berish – har kuni suhbatlashish, kayfiyati, sog‘ligidan boxabar bo‘lib, ta’lim-tarbiyasi uchun qayg‘urish lozim. Ayniqsa, bugun bolalar tabiyasi masalasi ancha murakkablashdi. Bu avlodni kuchli va mehribon ota-ona, o‘z ustida doimiy izlanadigan pedagoglargina yaxshi tarbiyalay olayapti deb o‘ylayman. Afsuski, farzand tarbiyasi masalasi oxirgi o‘ringa tushib qoldi…
Oftobxon Alixonova, 2 farzandning onasi, 4 nabiraning buvisi:
− Avvalgi ota-onalar qo‘liga hech bo‘lmaganda gazeta olib o‘qir edi. Hozirgi ota-onalar yangi avlod darsliklari murakkabligidan farzandi bilan birga dars tayyorlay olmayapti. Juda ko‘pchiligi ro‘zg‘or tashvishi, moddiy ta’minot bilan band, chet elga ishlash uchun ketganlari ham ko‘p. Afsuski, farzand tarbiyasi masalasi oxirgi o‘ringa tushib qoldi…
Hilola Mamajonova, 3 farzandning onasi:
− Dadam maktab kutubxonasidan olib kelgan kitoblarni talashib o‘qirdik. Bobomning uyi tokchasi sarg‘ayib ketgan gazetalarga to‘la edi. Bahorda dovuchchani hovuchlab terib, tuzga botirib, tomda, shabbodaga yuzimni tutib kitob o‘qirdim. Shunday berkinib o‘qimasam, ishga tutishardi. Maktab darslarini ham qiziqib o‘qirdik. Ota-onamiz o‘qishimizni nazorat qilmasa ham vazifalarni mustaqil bajarardik.
Endi-chi? Ota-onalarning ko‘pchiligi tirikchilik ilinjida. Otalar chet elda, onalarning aksari dunyo matohlari bilan ovora. Bolasining o‘quv qurollari to‘liq emas, lekin qimmatbaho buyumlarga pul topishadi…
Habiba Aliyeva, 2 farzandning onasi:
− Bugungi avlod rostdan boshqacha. Ular juda tez fikrlaydi, biroq diqqati tez chalg‘iydi. Oldinlari bolalar deyarli oila va mahalla ta’sirida ulg‘ayishgan, bugun esa internet, ijtimoiy tarmoqlar asosiy ta’sir manbayiga aylandi. Va o‘ylashimcha, bugun qattiqqo‘l ota-ona emas, ongli va mehrli yo‘lboshchi bo‘la olsak, tarbiya o‘z samarasini beradi. Zero, bola eshitganini emas, ko‘rganini qiladi.
Darhaqiqat, internet va ijtimoiy tarmoqlar bolalarning dunyoqarashi, qadriyatlari, xulq-atvoriga kuchli ta’sir ko‘rsatayotir. Telefon bilan ulg‘ayayotgan avlod tarbiyasida yangicha yondashuv zarurligi tobora sezilmoqda. Shu bois, masalaga mutaxassis nigohi bilan qarash, ota-onalarni qiynayotgan savollarga ilmiy va amaliy javob topish maqsadida Profi universiteti o‘qituvchisi, psixolog Mushtariy Abdullayeva bilan suhbatlashdik.
− Ota-onalarning farzand tarbiyasida qiynalayotgani tez-tez qulog‘imizga chalinadigan bo‘lib qoldi. Bugun ota-onalik avvalgi davrlardagidan nimasi bilan keskin farq qilmoqda?
− Farzand tarbiyasi murakkab jarayon ekanligini inobatga olsak, har davrning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor ekanining guvohi bo‘lamiz. Tan olish kerak, hozirgi davr ota-onalari avvalgilariga qaraganda ko‘proq xavotirlanishi bejiz emas. Ayni damda bolalarga jismoniy xavflardan ko‘ra, ma’naviy xavflar ko‘paydi. Ota-onalar ham asosan shu jihatdan farzandlarini asrashga urinishlari kerak. Boisi, ijtimoiy tarmoqlardagi zo‘ravonlik, behayolik, iste’molchilik kayfiyati ufurgan “kontentlar”, yolg‘on “ideal hayot” targ‘iboti axborot oqimi ichida ulg‘ayayotgan bolaning ruhiy dunyosini izdan chiqarishi mumkin. Bunday vaziyatda bola o‘zini boshqalar bilan solishtirib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi kamayadi, ba’zan esa tajovuzkor yoki befarq shaxsga aylanish xavfi kuchayadi. Shu sababli, ota-onalar farzandi bilan do‘stona muloqotni kuchaytirishi lozim. Avvalgi davrlardagidek qattiqqo‘llik bolani oiladan uzoqlashtirishi mumkin.
Bola bilan do‘stona muloqot, ayniqsa, o‘smirlik davri uchun muhim hisoblanadi. Ba’zi bolalarda kech, ba’zilarida erta va noma’lum muddat davom etadigan bu jarayon har bir davrda ota-onadan kuchliroq e’tibor talab qilgan.
− Anʼanaviy tarbiya bilan zamonaviy psixologik yondashuvni qanday uyg‘unlashtirish mumkin? Ya’ni qadriyatlariga sodiq va zamonaviy fikrlovchi avlodni qanday tarbiyalaymiz?
− Keling, avval an’anaviy tarbiya va amaldagi tarbiyani ajratib olsak. An’anaviy tarbiya usullaridan ota-bobolarimizdan o‘rnak olishimiz shart deb o‘ylayman, xususan, bolalarga ota-onaga hurmatni singdirish, chegaralarni belgilab berish, mehnatga o‘rgatish va hokazo. Ammo amaldagi ayrim tarbiya jarayonlarida, bolani juda qattiq nazorat qilish (gipoopeka) yoki haddan tashqari avaylash(giperopeka) kabi holatlar tez-tez uchrab turadiki, zamonaviy psixologik yondashuvlar bunday tarbiya usullaridan allaqachon voz kechgan. Birinchi holatda bolada qaramlik hissi yuqori bo‘lib ulg‘ayishi mumkin bo‘lsa, ikkinchi holatda bola irodasiz va mas’uliyatsiz bo‘lishi ehtimoli katta.
Bugun zamonaviy ta’lim-tarbiya usulida bolani jazolash o‘rniga uning muqobil variantlari taklif qilinmoqda. Buning uchun ham ota-onalar bola bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish ko‘nikmalarini egallashi lozim deb hisoblayman. Vaholanki, tarbiyaning muhim bosqichi farzand va ota-ona o‘rtasidagi samarali muloqot hisoblanadi.
− Bugun ba’zi ota-onalar farzandini telefondan butkul uzoqlashtirayotgani haqida gapirsa, ba’zilari “davr talabi” deya eng so‘nggi rusumli gajetlar bilan ta’minlayotganini aytadi. Qaysi yo‘l bola uchun manfaatli?
− Mutaxassislarning fikricha, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga telefon va televizor butunlay taqiqlanadi. 3 yoshdan katta bolalarga ekran vaqtini yoshiga nisbatlab belgilash lozim. Lekin bugun hatto yoshiga yetmagan bolalarni ham telefon bilan ovutish holatlariga guvoh bo‘lyapmiz. Albatta uning zararlari haqida ma’lumotlar juda ko‘p. Eng katta zararlari esa bolalarning ruhiyati buzilishi, xavotir, tushkunlik, qo‘rquv, agressiya kabi psixologik muammolar yuqtirayotganidir. Yuqorida ham ta’kidlaganimizdek, bugun ota-onaning ustuvor vazifalaridan biri farzandining ruhiyatini sog‘lom qilib o‘stirish.
Biroq gajetlarni butunlay taqiqlash tarafdori emasmiz. Farzandlariga gajetlardan to‘g‘ri va unumli foydalanishni o‘rgatgan ota-onalar ularning bilim o‘zlashtirish tezligi ortayotganini mamnuniyat bilan aytishmoqda. Ya’ni me’yor lozim, va albatta, buni nazorat qilish vazifasi ham avvalo ota-onalar zimmasida.
− Global kontent (multfilmlar, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar) bolalarning qadriyatlariga qanday ta’sir qilmoqda? Sizningcha, global dunyoda milliy tarbiya modeli saqlanib qolishi mumkinmi?
− Milliy tarbiya modeli albatta saqlanib qolishi mumkin. Ammo buning uchun farzandlarimizga yetarlicha vaqt ajratishimiz lozim. Globallashuv jarayonini to‘xtatishning iloji yo‘q. Ammo uning zararli ta’sirlari oldini olish yoki kamaytirishning iloji bor. Buning uchun bolalarni yangi axborot yoki jarayonlarni filtr qila oladigan darajada ehtiyotkor va tahliliy yondasha oladigan qilib tarbiyalash muhim. Boisi, bugun bolalar dunyoni asosan telefon orqali tanimoqda. Multfilmlar, blogerlar, trend va ijtimoiy tarmoqdagi “ideal hayot” tasviri ularning ongida qadriyatlarni tez va sezilmas tarzda o‘zgartirib yubormoqda. Bola esa buni tanqidiy fikrlab, tahlil qilmaydi; u shunchaki ko‘radi, qabul qiladi va takrorlaydi… Bolalarda mediasavodxonlikni oshirish mana shu jihatdan o‘ta muhim hisoblanadi. Umuman olganda, bugun bolaning ruhiyati, qiziqishlari bilan doimiy hisoblashish zarur.
UNICEFning “Bolalar farovonligi” 2025-yil reytingi hisobotiga ko‘ra, bolalar hayoti va farovonligi (ruhiy, jismoniy va ijtimoiy ko‘nikmalar) bo‘yicha quyidagi davlatlar eng yuqori baholangan:
Niderlandiya – 1-o‘rin;
Daniya – 2-o‘rin;
Fransiya – 3-o‘rin;
Portugaliya – 4 o‘rin;
Irlandiya – 5 o‘rin;
Shveytsariya – 6 o‘sin;
Ispaniya – 7 o‘rin;
Xorvatiya – 8 o‘rin;
Italiya – 9 o‘rin;
Shvetsiya – 10 o‘rin.
Shu o‘rinda savol yuzaga keladi: imkoniyatlar ko‘paygani sayin hayot yengillashishi kerak edi, ammo nega boshqa rivojlangan davlatlarda ham texnologiya, ta’lim va turli resurslar yetarli bo‘lsa-da, bolalar ruhiy bosim, ichki yolg‘izlik va ijtimoiy beqarorlik hissidan to‘liq xalos bo‘la olmayapti? Xo‘sh, siz-chi, farzandingizga imkoniyatlarni ko‘paytirib berish bilan birga, unga ruhiy tayanch, e’tibor va chinakam muloqotni ham bera olayapsizmi?
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
MENI KIM ESHITADI?
Daxldorlik
“ILK MAQOLAM CHIQQAN KUN”…
Muallim – millat yulduzi
Muharrir kerakmi? Kerak!
Topildiq
UYCHI TUMANIDA MAKTAB KUTUBXONACHILARI UCHUN O‘QUV-AMALIY SEMINAR O‘TKAZILDI
Kitobxonlik
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank