OAV va radikalizm: jurnalistlarga axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashish yo‘llari o‘rgatildi

Jarayon OAV va radikalizm: jurnalistlarga axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashish yo‘llari o‘rgatildi
195

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jurnalistlar uchun “Radikallashuv omilida axborot manipulyatsiyasi va unga qarshi kurashish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. 



Jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillariga diniy mavzularni yozish, OAV orqali yoritish va tarqatishda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan jihatlar, shuningdek, diniy radikalizm tahdidlari, ekstremistik g‘oyalarning xavfi va ularni tarqatishda axborot vositalari orqali amalga oshirilayotgan manipulyatsiyalar, radikallashuv omilining geosiyosiy jihatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. 




Ta’kidlash joizki, seminar ma’ruzalari dolzarb mavzu va masalalarni qamrab olgan bo‘lib, jurnalistlar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Jumladan, trening davomida quyidagi mavzularni o‘z ichiga olgan ma’ruzalar mohiyati ochib berildi:

✅“Diniy mazmundagi materiallarni ekspertizadan o‘tkazish tartibining huquqiy asoslari”;
✅“Radikallashtirish loyihalari hamda ulardan ko‘zlangan maqsadlar: sabab va yechimlar”;
✅“O‘zbekistonda davlat va din munosabatlarining o‘ziga xos jihatlari”;
✅“Aholi, xususan yoshlarni radikal g‘oyalar va ekstremistik qarashlardan himoyalashda OAV o‘rni va roli”;
✅“Radikallashuv omilining geosiyosiy jihatlari”;
✅“Soxta salafiylik va “Hizbut-tahrir” g‘oyalarining ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka tahdidi”;
✅“O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati”;
✅“Raddiyalar: noto‘g‘ri talqin va asl mohiyat”.

Shu bilan birga, jarayonda har bir mavzu yuzasidan savollar uchun alohida vaqt ajratilgan bo‘lib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi hamda qo‘shimcha takliflar bildirildi. Yurtimizda jurnalistika sohasida ta’lim beriladigan OTMlar soni ortgani, biroq ularning hech birida diniy mavzularni yoritish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, tavsiyalar beriladigan alohida fan o‘tilmasligi, kelgusida ushbu masalani ko‘rib chiqish haqidagi taklif shular jumlasidandir. Taklifga javoban, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov akademiyaning ilmiy salohiyati bunga (ya’ni alohida fan, metodik qo‘llanma, pedagoglar jamoasi yoki oylik, kunlik onlayn, offlayn kurslarga) to‘laligicha javob bera olishini aytib, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi v.b Xolmurod Salimov bilan bu masalani belgilab qo‘yishdi.

Seminar yakunida qatnashuvchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.




Ma’lumot o‘rnida! Ushbu seminar O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida tashkillashtirildi.

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Nazorat
  • #Raqobat
  • #Og‘riq

Ulashish