XX ASRNING BUYUK PEDAGOGI

Yaxshilar yodi XX ASRNING BUYUK PEDAGOGI
44



XX asrda ta’lim va tarbiya sohasiga beqiyos hissa qo‘shgan shaxslar ko‘p, biroq ularning ayrimlari hali ham keng jamoatchilikka yetarlicha tanish emas. Ana shunday betakror siymolardan biri – Maria Montessoridir. Uning hayot yo‘li jasorat, ilmga sadoqat va insonparvarlik g‘oyalariga to‘la. Maria Montessori o‘z mamlakatida tibbiyot fakultetini tamomlagan ilk ayollardan biri bo‘ldi, faoliyatini nogiron bolalar bilan ishlashdan boshladi. XX asrning eng mashhur pedagoglaridan biri sifatida tarixga kirdi.


Qiyinchiliklarga qarshi kurash


1870-yilda Italiyada tug‘ilgan Maria Montessori yoshligidanoq bilimga chanqoq edi. Otasining e’tiroziga qaramay, faqat erkaklar qabul qilinadigan texnik maktabga o‘qishga kirib, muhandislik va matematika fanlarini o‘rgandi hamda uni 1890-yilda muvaffaqiyatli bitirdi. Keyinchalik u jamiyatdagi gender stereotiplariga qarshi chiqib, tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi.

Ayol bo‘lgani sababli Montessori darslarga faqat erkak talabalar joylashgandan keyin kiritilar, anatomiya mashg‘ulotlarida esa boshqa talabalar ketgach qatnashishga majbur bo‘lardi. Shunga qaramay, u 1896-yilda tibbiyot sohasini imtiyozli diplom bilan tamomladi.


“Bolalar uyi”da boshlangan islohot


Kasbiy faoliyatini nogiron bolalar bilan ishlashdan boshlagan Montessori ularning va oilalarining huquqlarini himoya qildi, maxsus pedagoglarni tayyorlash tizimini shakllantirishda ishtirok etdi. Keyinchalik Rim shahrida kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydi. “Casa dei Bambini” – “Bolalar uyi” deb nomlangan ushbu muassasada u o‘zining mashhur pedagogik tamoyillarini ishlab chiqdi va amalda sinovdan o‘tkazdi.

Montessorining kuzatuvlariga ko‘ra, bolalar doimiy ko‘rsatma va buyruqlarga muhtoj emas edi. Ular tabiatdan bilim olishga ichki ehtiyoj bilan tug‘iladi. Erkin muhitda bolalar o‘qish-yozish, muloqot qilish, san’at bilan shug‘ullanish kabi ko‘nikmalarni mustaqil ravishda egallay oladi.


Dunyo bo‘ylab yoyilgan metod




1909-yildan boshlab Maria Montessori o‘qituvchilar uchun maxsus kurslar tashkil eta boshladi. Bu ish shu darajada kengaydiki, u tibbiyot amaliyotidan butunlay voz kechdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Montessori maktablari G‘arbiy Yevropa, Hindiston, Uzoq Sharq va Amerika qit’asida paydo bo‘ldi. U o‘z ta’lim tizimini tushuntiruvchi ko‘plab kitob va qo‘llanmalarni nashr qildi.


1915-yilda Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan Montessori dunyo bo‘ylab sayohat qilib, ta’lim g‘oyalarini targ‘ib qildi. Dastlab Italiya fashistik hokimiyati bilan yaqin bo‘lgan bo‘lsa-da, 1930-yilga kelib maktablarini hukmron mafkurani targ‘ib qilishga majburlashga qarshi chiqqani sababli qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘ldi. U ta’limning asosiy vazifasi tinchlik va insonparvarlikni rivojlantirish deb hisoblar edi.


Maria Montessori 1952-yilda Niderlandiyada 81 yoshida vafot etdi. Bugungi kunda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatida Montessori ta’lim tizimi asosida faoliyat yurituvchi maktablar mavjud. AQShning o‘zida ularning soni taxminan 5 mingga yaqin. Ushbu maktablarda ta’lim olganlar orasida mashhur oshpaz Julia Child, Google asoschilari Larry Page va Sergey Brin, Amazon asoschisi Jeff Bezos, basketbolchi Stephen Curry hamda aktrisa Helen Hunt kabi taniqli shaxslar bor.


Montessori hayoti muhim saboqlarni beradi: jins yoki boshqa asossiz stereotiplar yo‘lingizni to‘smasin; faoliyatingizni yuksak maqsadga bag‘ishlang; eng yaxshi ustoz va hamkorlarni izlang; eng muhimi, shaxsiy shuhrat uchun emas, balki insonniyat kamolatiga hissa qo‘shish uchun yashang.


Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Italiya

Ulashish

Mavzuga doir