Yoshlar alkogolni kam iste’mol qilmoqda, ammo…

Daxldorlik Yoshlar alkogolni kam iste’mol qilmoqda, ammo…
42



Zamon shiddat bilan rivojlanishi nafaqat o‘smirlarning texnika va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga sabab bo‘lmoqda, balki qiziqishlarining turlari ham ortib bormoqda. Bular ichida foydali mashg‘ulotlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, zararli va yoshlar ongini buzuvchi odatlar ham yetarlicha. Ijtimoiy tarmoqlar esa o‘zansiz dengizga o‘xshaydi, siz istagan va istamagan narsalarning bari shu yerda.

O‘smir va yoshlar o‘rtasida zararli moddalar iste’moli ham turli zamonaviy ko‘rinishda kirib kelmoqda. Mustaqillik­ning dastlabki yillarida bunday moddalarning turlari kamroq va tanlov imkoniyati deyarli yo‘q edi. O‘sha paytlari yoshlar o‘rtasida poyabzal krem va yelim hidlari orqali arzon sarxushlik “trend”ga aylangan. Hozirgi kunda bularning nomi, turlari, ko‘rinishi juda ko‘p. Elekt­ron sigaretalar, psixotrop, sintetik dori vositalari nomini sanasak sanog‘iga yetishimiz qiyin.


Bizda ahvol qanday, farzandlarimiz xavfsizmi?

Maktablar atrofida ham mana shunga o‘xshash sintetik dori vositalarini turli xil shirinlik va boshqa ko‘rinishlarda sotish va tarqatish holatlari tez-tez uchramoqda. Masalan DXX Toshkent viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda shu yilning 7-yanvar kuni o‘tkazilgan tadbir natijasida Andijon viloyatida yashovchi 4 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh tomonidan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ijaraga olingan xonadondan tarqatish maqsadida tayyorlangan 688 gr va telefonlaridan 284 ta yashirin manzilga ko‘milgan 284 gr gashish narkotik vositasi topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Eng achinarlisi, reyd davomida qayd etilgan manzillarning aksariyati poytaxt maktablari yaqinida joylashgan bo‘lib, narkotik moddalar “Choco-Pie”, “Pankie” va shunga o‘xshash shirinliklar ichiga yashirilgan va maktab o‘quvchilari ushbu narkotiklarni tasodifan topib olishi uchun ochiq hududlarda qoldirilgan. Aniqlangan holat bo‘yicha yuqorida keltirilgan shaxslarga nisbatan O‘zbekis­ton Respublikasi JKning 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, reyd natijasida ikki nafar fuqaro maktab o‘quvchilariga narkotik sotayotgani aniqlanib, ushbu vositalar musodara qilingan. Shuningdek, ikki nafar 9-sinf o‘quvchi qizlarida ham narkotik modda borligi aniqlangan.

Umumiy holat qanday?

O‘tgan yili poytaxtda 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qo‘ygan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan. Eng achinar­lisi, “soya”da bo‘lgan giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p. Ularning aksariyati yoshlar. Ular narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20–25 million so‘m sarflayapti. Giyohvand mablag‘ topish ilinjida jinoyatga qo‘l urishi tabiiy. O‘tgan yili respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta’sirida jinoyat qilgan, uning uchtadan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi belgilandi. Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida alohida shtat tashkil qilindi. Shuningdek, hokim, OTM rektori, texnikum va maktab direktori o‘rinbosarlaridan biri ham bu yo‘nalishga mas’ul etib belgilanadi.

Giyohvandlarni davolashga eng kamida to‘rt oy vaqt talab etiladi. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari va talabalar narkotik testdan o‘tkaziladi

Tekshiruvlar mahalliy ishlab chiqarilgan testlar yordamida amalga oshi­riladi. 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyoh­vandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi Prezident farmoniga ko‘ra, mahalliy test “poloska”lar yaratilgan. Tahlil so‘lak orqali aniqlanadi va natija 3 daqiqada chiqadi. Hozir 16 ta narkotik turlariga nisbatan shunday testlar ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, hatto soch tolasidan narkotik qabul qilinganini aniqlash mumkin bo‘lgan apparat hozir Sog‘liqni saqlash vazirligida registratsiyadan o‘tmoqda va aprobatsiyadan so‘ng iyun oyidan ommaviy ishlab chiqarish boshlanishi ma’lum qilindi. Testlar sentabr oyidan boshlab maktab hamda universitetlarda keng qo‘llanila boshlaydi.

Rostan yoshlar narkoman va piyonistami?

Zumerlar milleniallarga nisbatan kamroq alkogol iste’mol qiladi. Agar 2001-yili 18–34 yoshdagilarning 72 foizi muntazam alkogol iste’mol qilgan bo‘lsa, 2023-yili bu ko‘rsatkich 62 foizni tashkil etgan. Bunga asosiy sabab – sog‘lom turmush tarzining ommalashuvi va trendga aylanayotgani.

1980-yildan oldin tug‘ilganlar bir shisha vino uchun kattaroq pul sarflashga tayyor. Yoshlar kam alkogolli yoki umuman alkogolsiz ichimliklarni tanla­yapti. Shu tufayli dunyoda kokteyl, yengil vino, pivo va sidrlar savdosi o‘smoqda.

Z avlod ichimlik qayerda va qanday ishlab chiqarilgani, qanday mahsulotlardan foydalanilganini ham chuqur tekshirishadi. Kamroq, qimmat, sifatli alkogollarni ichish yoki umuman ichmaslikni tanlashmoqda.

So‘nggi global tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 20 yil ichida yoshlar orasida ichish sezilarli kamaygan.

Masalan, 18–34 yoshda ichuvchilar ulushi taqriban 72 % dan 50 % ga tushgan. Trendlarning sog‘lom turmush tarziga ta’siri

Bugungi yoshlar fitnes, dieta, ruhiy salomatlikka ko‘proq e’tibor bermoqda. Oldin alkogol ichish ijtimoiylashish sifatida qaralgan bo‘lsa, hozirga kelib uning o‘rnini onlayn muloqot egallamoqda. Yoshlar jamoaviy kechalardan ko‘ra yugurish, yoga, sport mashg‘ulotlari, toqqa tirmashib chiqish kabi haqiqiy hayotga bog‘lovchi mashg‘ulotlar va jamoaviy yumushlarni ustun ko‘rishmoqda.
JSST va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshli o‘smirlarning taxminan 60 foizi hayotida kamida bir marta ichgan, 38 foizi oxirgi oyda ichgan, 22 foizi kamida 2 marta mast bo‘lgan.

Shunda ham bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda alkogol iste’moli pasayayotganini ko‘rsatadi.

O‘rnini nima bosyapti?

Elektron sigaretalar(vape) iste’moli oshmoqda. 2025-yili dunyoda taxminan 129 million foydalanuvchi aniqlangan. Masalan, Yevropada ichish kamaydi, elektron sigaretalarga talab oshdi. JSST yoshlar marketing orqali elektron sigaretalarga jalb qilinayotganidan ogohlantirgan. Bu esa nikotinga bo‘lgan qaramlik oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Psixotrop dorilarga nisbatan talab ham qisman oshgan. Ba’zi davlatlarda antidepressant va “anxiety meds”(xavotirni kamaytiruvchi dorilar) iste’moli oshgan, lekin bu ko‘proq tibbiy trend, ko‘ngil ko‘taruvchi vosita emas.

Narkotiklar bilan bog‘liq 2025-yildagi tadqiqotlarga ko‘ra, yoshlar orasida narkotik iste’moli pastligicha qolmoqda, ammo ayrim og‘ir moddalar(geroin, kokain)ga talab biroz oshgan, “Hamma narkotikka o‘tyapti” degan stereotip noto‘g‘ri. Asosiy o‘rinbosar mahsulotlar alkogolsiz ichimliklar, ya’ni alkogolsiz pivo, vino, kokteyllar, vitaminli energetik ichimliklar, turli xildagi smuzi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ichimliklar.

Qo‘shni davlatlarda ahvol qanday?

O‘smirlar(taxminan 13–18 yosh) orasida alkogol, sigareta va narkotik moddalar iste’moli bo‘yicha qo‘shni davlatlar statistikasini bilish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti(WHO) va UNICEF tashkilotlari hisobotlariga tayanamiz.

Tamaki mahsulotlarini chekish:
Qozog‘iston: o‘smirlarning tax-
­minan 8–12 foizi muntazam yoki vaqti-vaqti bilan chekishini aytgan.
Qirg‘iziston: 6–10 % atrofida.
Tojikiston: 3–7 % (nisbatan past).
Rossiya: 15–20 % gacha(yuqoriroq ko‘rsatkich). O‘g‘il bola o‘smirlar orasidagi ko‘rsatkich qizlarga qaraganda ancha yuqori.

Alkogol iste’mol qilish:
Rossiya: o‘smirlarning 20–30 foizi kamida bir marta alkogol iste’mol qilgan.
Qozog‘iston: 15–25 %.
Qirg‘iziston: 10–20 %.
Tojikiston: 5–10%.
Ushbu ma’lumotlar asosan “sinab ko‘rish”ga oid ko‘rsatkich, ammo ayrim hududlarda muntazam iste’mol qilish ham uchraydi.

Rossiya: o‘smirlarning 5–10 foizi hayotida bir marta bo‘lsa-da, narkotik modda sinab ko‘rganini aytgan.
● Qozog‘iston va Qirg‘iziston: 3–7 % atrofida.
● Tojikiston: 1–3 %.
O‘smirlar o‘rtasida eng ko‘p iste’mol qilinadiganlari – kanabis(giyohvand o‘simliklar) va ba’zi sintetik moddalar.
Davlat
Alkogol (%)
Narkotik (%)
O‘zbekiston
6–10
1-2
Qozog‘iston
20–27
4–6
Qirg‘iziston
15–22
3–5
Tojikiston
5–9
1–3
Ozarboyjon
10–15
2–4

Ushbu raqamlar hayot tarzi, fuqarolarning qadriyatlariga qarab turli davlatlarda turli ko‘rinishda bo‘ladi.

Bunday moddalar inson ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Bolalar psixologi Komila Sulto­novadan aynan o‘smir bolalar va yoshlar bilan bog‘liq bunday holatlarning ularning psixologiyasiga ta’siri haqida so‘radik.

Qabulimga kelgan aksariyat bolalarning asosiy muammosi oilada e’tibor yetishmasligi bilan bog‘liq, – deydi Komila Sultonova. – Narkotik, sintetik, umuman, organizmni bo‘shashtiruvchi vositalar tabiiy holatda miya faoliyatiga, umuman insonning hayoti, psixikasi va butun organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab inson real hayotdan qochishni boshlaydi. Haqiqiy hayotdagi muammolardan qo‘rqadi. Har safar qiyinchilikka uchraganda faqatgina dori ichib “stanga qotish” deb ataladigan holatga kirishga harakat qiladi. Bular­ning hammasi bir xil emas. Masalan, aktivlashtiradigan, tetiklashtiradigan, bir necha kun uxlamasdan yurishga kuch beradigan sintetik moddalar ham bor.

Ushbu moddalarning yoshlar hayo­tiga kirib kelishida ijtimoiy-siyosiy omillar ham mavjud. Qaysidir kattalar uni targ‘ib qiladi va yoshlar hisobidan pul ishlaydi. Buning uchun maxsus targ‘ibotchilar bor. Uzoq yillardan beri dunyo bo‘ylab narkotrafikka qarshi siyosiy kurashlar olib boriladi.

Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, sog‘lom oilada voyaga yetayotgan, yetarlicha diqqat-e’tibor ko‘rgan bolalarda bunday ehtiyoj kam kuzatiladi. Chunki bunday bolalar ota-onasi bildirayotgan ichonch tuyg‘usi tufayli ham o‘z fikrini bemalol bayon qila oladi. Odatda to‘liqsiz oilada voyaga yetayotgan, qiynalgan oila farzandlari erta yoshdan pul topish maqsadida ko‘chaga chiqib ketadi. Bu ularni to‘g‘ri va noto‘g‘ri yo‘llarga boshlashi mumkin. Bu degani faqat shunday oilalardagina bunday holat uchraydi degani emas, o‘ziga to‘q, ota-onasi ziyoli oila farzandlarida ham uchrab turadi. Bunday vaziyatlarda ota-ona zudlik bilan narkologga murojaat qilishi va psixolog bilan ham birgalikda ishlashi lozim. Shifokor insonning tanasi uchun javob bersa, psixolog ushbu hodisa qaytarilmasligi uchun ruhiyati bilan ishlaydi.

Ushbu vositalar organizmga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Sintetik vositalar, alkogol, narkotik moddalar va elektron sigaretalar o‘smir organizmiga juda kuchli zararli ta’sir ko‘rsatadi. Chunki o‘smirlik davrida organizm, ayniqsa miya va asab tizimi hali to‘liq shakllanib ulgurmagan bo‘ladi.

Sintetik moddalar, eng avvalo, miya faoliyatiga zarar beradi. Ularda fikrlash, xotira, diqqat jamlolmaslik, hissiyotlarini boshqarish qobiliyati pasayadi. Ba’zi hollarda tajovuzkorlik, qo‘rquv, depressiya, vahima yoki ruhiy qaramlik paydo bo‘lishi mumkin. Kuchli sintetik moddalar yurak faoliyatini buzib, hushdan ketish yoki o‘lim holatlariga ham olib keladi. Alkogol esa jigar, yurak va asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi. O‘smir organizmida alkogolga chidamlilik past bo‘lgani uchun zaharlanish tezroq yuz beradi. Bundan tashqari, alkogol o‘qishga qiziqishni kamaytiradi, xulq-atvorni o‘zgartirib, agressiyani kuchaytiradi.

Narkotik moddalar organizmda tez va kuchli qaramlik hosil qiladi. Inson asta-sekin oddiy hayotdan uzoqlashib, faqat ushbu moddaga ehtiyoj sezadigan bo‘lib qoladi. Ular nafas olish tizimi, yurak qontomir faoliyati va psixikaga juda katta zarar yetkazadi.

Elektron sigaretalar ko‘pchilik o‘yla­gandek zararsiz emas. Ularning tarkibidagi nikotin miya rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Nafas yo‘llari zararlanib, o‘pka faoliyati yomonlashadi va nikotinga qaramlik paydo bo‘ladi. Ayrim noqonuniy veyplar tarkibida sintetik yoki narkotik moddalar ham uchrashi mumkin, bu esa xavfni yanada oshiradi.

Eng xavfli tomoni – bu vositalar o‘smir­ning nafaqat sog‘lig‘iga, balki ruhiy holati, o‘qishi, oilaviy munosabatlari va kelajagiga ham jiddiy zarar yetkazadi.

Shodiyona XUSHMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Shodiyona XUSHMURODOVA

Shodiyona XUSHMURODOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish