Buxoro va Namanganda yangi universitet tashkil etiladi

Oliy ta’lim Buxoro va Namanganda yangi universitet tashkil etiladi
88

2024-yil 24-yanvarda “Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida yangi universitet tashkil etildi. 


Universitet hududdagi yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura, axborot texnologiyalari kabi sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan.


Shuningdek, Buxoro davlat texnika universitetida neft va gaz muhandisligi sohasi bo‘yicha Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Bu maktab neft va gaz sohasida ilg‘or innovatsiyalarni joriy qilish va yuqori darajadagi kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, universitetda agrotexnologiyalar, logistika va dasturlash sohalari bo‘yicha ham ta’lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.



2025-2026-o‘quv yilidan universitetda xalqaro tajribalar asosida fanlarni o‘zlashtirish va professor-o‘qituvchilarning samaradorligini baholash tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy tashkilotlarda stajirovka va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Yirik ishlab chiqarish korxonalari universitetga sanoat hamkori sifatida biriktirilib, talabalarni amaliy bilim bilan ta’minlash maqsadida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ham ko‘zda tutilmoqda.


Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan Buxoro davlat texnika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilyapti. Bu universitetning ta’lim sifatini yanada oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi.



“Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-23-son, 24.01.2025 y.) qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etiladi.


✔️ Muhandislik, qurilish, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.


Universitetda yuridik shaxs maqomisiz Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.


2025-2026-o‘quv yilidan ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralari ko‘riladi.



2026-2027-o‘quv yiligacha Universitetning kamida ikkita bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va uchta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishi ta’minlanadi.


2025-yildan yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.


Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Namangan to‘qimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi va 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Gazeta
  • #Qaror
  • #Farmon
  • #Ta'lim
  • #Buxoro

Ulashish