KSEROKOPIYA (hajviya)

Hajviya KSEROKOPIYA  (hajviya)
190

Bahor kunlarining birida Tolibboy go‘sht rastasi oldidan shoshib o‘tib ketayotgan edi, bekorchilikdan pashsha qo‘rib o‘tirgan qassoblardan biri:

– Hoy, do‘xtir aka, biror marta biz­dan ham savdo qiling! – deya unga xitob qildi. Ro‘zg‘orda go‘sht tugaganligi yodiga tushgan Tolibboy bir dam to‘xtadi-da, qo‘llari bilan cho‘ntagiga urib, “pul yo‘q” ishorasini qo‘rsatdi. 

– E, qo‘yavering, do‘xtirjon, siz shu yerda, biz shu yerda, keyinchalik hisoblashib ketaveramiz, – dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Bu gapdan sherdil bo‘lgan Tolibboy qassobning sazasi uchun:

– Xo‘p, mayli, bir kilo torting, pulini qaytishda tashlab o‘tarman, – deyish­dan boshqa iloji qolmadi.

– Bir kilo go‘shtni qozonga solsa, cho‘michga ilinmaydi, nokiroyi, do‘xtirjon, ikki kilo oling, yo uch kilo tortaymi?

– Yo‘g‘e, mayli, ikki kilo bo‘la qolsin.

Bir zumda deyarli suyaksiz, quling o‘rgilsin go‘sht Tolibboyning qo‘liga tegdi. Shu payt qassob unga engashganicha:

– Do‘xtirjon, bundan keyin pulni begona qilmang, biz ham go‘shtni begona qilmaymiz, – dedi sirli iljayib. 

Shu-shu, Tolibboy qassobning doi­miy mijoziga aylandi. Xotini ham: “Ana endi go‘sht olishni o‘rgandi­ngiz”, deb har gal maqtab qo‘yadigan bo‘ldi. Ba’zan qassob:

– Do‘xtirjon, uzr, bu gal kelarsiz, “tovar” sal noboproq, sizga to‘g‘ri kelmaydi, – deb savdo qilishdan bosh tortar edi. Hammasi yaxshi edi-yu, qas­sobning hadeb “do‘xtirjon, do‘xtirjon” deb mulozamat qilishi Tolibboyga

erish tuyulardi. Bir kuni oxiri chiday olmadi. Odatdagi “do‘xtirjon”dan so‘ng:

– Kechirasiz, bundan buyon meni do‘xtir demang, iltimos, – deb yubordi Tolibboy. 

– Iye, do‘xtirjon, nega?! – ajablandi qassob. 

– Men do‘xtir emasman, domlaman.

– Qaysi institutda?

– Institutdamas, hov anovi maktabda domlaman, – dedi Tolibboy yo‘l­ning narigi tomonidagi binoni ko‘rsatib.

– Himm, domla emas malimman demaysizmi, oshna, – dedi qassob qog‘ozga o‘ralgan go‘shtni ijirg‘anib uzatarkan. O‘sha kundan boshlab qassob to‘nini teskari kiyib oldi, shekilli, Tolibboyga suyag-u kalla-pocha ara­lash go‘sht beradigan bo‘ldi. Bir kuni u ochiq-oydin: “Go‘sht tugadi”  deb qo‘ya qoldi.

– Aka, go‘sht bor-ku, boridan tor­tib beravering, – dedi Tolibboy osilib turgan bir bo‘lak son go‘shtiga ishora qilib.

– E, taqsir, u yarim kilo ham chiqmaydi, sizga yetmaydi, – dedi qassob unga ko‘zini gezartirib. Shunda Tolibboy “Kamiga tilimni qo‘shib torta

qoling”, deb zaharxanda qilib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Ammo qassob uning kinoyali hazilini fahmlamay jahli chiqdi: 

– Til ham yo‘q, o‘pka-yu jigar ham yo‘q, boring yo‘lingizdan qolmang, – dedi vajohat bilan.

Tolibboy ushbu topishmoqning javobini yoz tugab, maktablar ochili­shidan oldin tuman poliklinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan chog‘ida bilib oldi. “Teri-tanosil kasalliklari hakimi” deb yozilgan eshikni taqilla­tib ochdi-da, go‘yo oynada o‘z aksini ko‘rgandek taxta bo‘lib qotib qoldi. Xona to‘ridagi stol ortida ikkinchi Tolibboy, to‘g‘rirog‘i, Tolibboyning oq xalat kiyib olgan “kserokopiyasi” kekkayib o‘tirardi.

Xudoyberdi  KOMILOV

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Maktab

Ulashish