“Men”lar jangi

Esse “Men”lar jangi
44


20 yoshdagi men, 35 yoshdagi men,

 40 yoshimdagi men va hozirgi 

men birga bo‘laylik dedik…

Jan Yujel

Yarim kecha eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Endi ko‘zim ilingan ekan o‘ziyam. Bunday paytda Tramp bilan Putin kelib “Turing, janob, BMTga bosh kotib qilib sizni saylamoqchimiz”, deyishsa ham “Gazetada kotib bo‘lganim yetar. Uyqumni buzma!”, deya ularni so‘kib haydayman-u, u yonboshga o‘girilib uxlashda davom etaman. Nima qilay? Qonda bor-da. Biz o‘zi uyquni yaxshi ko‘radigan millatmiz. Uyg‘onishni yoqtirmaymiz.


Eshik orqasidagi kim bo‘lsa ham mendan o‘tgan qaysar ekan. Qo‘ng‘iroqni zo‘r berib bosaverdi. Oxiri chidolmadim, issiq o‘rnimdan turdim-u tebrana-tebrana eshikka yo‘naldim. Avliyosi kelgan bo‘lsa ham, bo‘ralatib so‘kaman, degan o‘yda g‘azab bilan eshikni ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ostonada yetti yoshlar atrofida bir bolakay turibdi. Ko‘zimni uqalab yana qaradim! Ha, bolakay!

Biror kor-hol bo‘lmasa, yarim kechasi yosh bola birovning eshigini nega taqillatadi? Ichimdagi g‘azab o‘rnini xavotir egalladi. Ustiga ustak ko‘zimga issiq ko‘rindi bolakayning yuzi.

– Kimning bolasisan? Nima qilib yuribsan yarim kechasi?

Bolakay savolimga javob bermay, yuzimga hayrat bilan tikilishda davom etdi. Bo‘y-basti hamma yetti yoshdagi bolalar qatori. Lekin kallasi sal kattaroq, ko‘zlari bir vaqtning o‘zida ma’yus, ham porloq.

– Hey, gapirishni bilasanmi? Nima xohlaysan mendan?!

Bola yana jim. Oxiri achchig‘im kelib, yelkasidan ushlab silkiy boshladim:

– Gapirasanmi yo‘qmi?!

Bolakay ko‘zimga jilmayib qaradi-yu, salom yo‘q, alik yo‘q, osmondan tushganday:

– Tanimadinga meni, – dedi.


Birdan miyamga qon hujum qildi. Yarim kechasi uyqumni buzgani yetmagandek, mushtdaygina bo‘lib sensirashiga o‘laymi? Hozirgi bolalar buzilib ketdi-da. Na hurmatni, na izzatni biladi. Kim tarbiya qilyapti bularni o‘zi?

– Achchig‘imni chiqarma, bola, darding nima, ayt! Yarim kechasi meni ahmoq qilyapsanmi?

– Yaxshilab qara, men – senman…

– Nima?!

– Garangmisan, men – senman deyapman!


Gandiraklab qoldim. Qanaqasiga! Kimdir hazil qilyapti, shekilli. Yarim kechasi hazilning mavridimi? Hozir moda bo‘lgan-ku! Prankmi-mrankmi qilish. Videoga olishadi-yu, keyin ustingdan kulib yurishadi. U ham yetmagandek ijtimoiy tarmoqqa joylashsa, yurasan butun dunyoga masxara bo‘lib.

Bolakaydan qayta-qayta ismini so‘radim. Nima desam ham “men – senman” deb turaverdi. Ko‘rinishidan hech hazil qilayotganga o‘xshamaydi. Diqqat bilan razm solib qarasam, bolakay birinchi qo‘ng‘iroq paytida tushgan rasmimga juda o‘xshaydi… Ha-a, quyib qo‘yganday.


– Ichkariga kir, qo‘shnilar uyg‘onmasin, uyda gaplashamiz.

Bolakay orqamdan ichkari kirdi. Boshim g‘uvullaydi. Hushim o‘zimda emas. Nima bo‘lyapti o‘zi menga? Balki tush ko‘ryotgandirman. O‘zimni chimchilab ko‘rdim. Yo‘q, tush emas.

Yerga ko‘rpacha solib, bolakayni o‘tqazdim. O‘zim ham uning bir chekkasiga ilashdim. U hamon yarim hayrat, yarim jiddiyatda porlagan ko‘zlari bilan qarab turardi. Xona chirog‘ining yorug‘ida takror unga diqqat bilan qaradim. Ko‘zlari, quloqlari, do‘ng peshonasi, qo‘lida buzoq sudraganda qolgan chandiq (hali yaxshi bitmagan)... Men! Rostdan ham men!


– Bu-buu qa-aanday bo‘lishi mumkin? – dedim kalovlanib. – Hazillashma!

– Mumkin ekan-ku, ko‘rmayapsanmi? – dedi bola jilmayib.

Men jinni bo‘lyapman. O‘zi sog‘ emasdim. Endi rostan jinni bo‘lib qoldim. Men Men bilan gaplashyapman. Menga Men qarab turibdi. Men… Men… Men!..

– Ey uka, yo‘q, bolakay…


Unga nima deb xitob qilishni ham bilmayman. Rostan ham kim biladi? Bunday holat har kuni uchrayvermaydi-ku. Balki millionlab yillik insoniyat tarixida o‘zining bolaligi bilan yuzma-yuz kelgan birgina mendirman. Gapni nimadan boshlash kerak? Men Men bilan nima haqida gaplashaman? “O‘qishlar qalay?” deyinmi? Yoki “Qishloqda nima yangiliklar?”. Momom bilan bobomni so‘rasammikan? Yetti yoshimda hali tirik edi. Ko‘plar tirik edi…


Kichikina Men bilan uzoq vaqt bir-birimizga tikilib o‘tirdik. Na u gap boshladi, na men. Uning ezgulik to‘la, beg‘ubor ko‘zlariga, o‘zimni nechog‘lik zo‘rlamay, tik qaray olmadim. Qanday orzularim bor edi-ya? U vaqtlar dunyoning rangi batamom boshqacha edi. U rostan ham menmi? Men rostan ham umanmi? Kichkina Men hozir nima haqida o‘ylayapti ekan? Meni bu ahvolda ko‘rib hafsalasi pir bo‘lgani aniq. Lekin bildirgisi kelmayapti…


– Meni qanday topib kelding? Yarim kechasi bir o‘zing qo‘rqmadingmi? – dedim o‘ylab-o‘ylab, oxiri topgan gapimdan quvonib.

– Nimadan qo‘rqaman? Dashtda qo‘y boqqan qishloqning bolasi qorong‘idan qo‘rqadimi? Ustiga ustak bir o‘zim kelganim ham yo‘q. 16 yoshimiz bilan birga keldim. O‘zi pastda. Sigaret chekishni o‘rganibdi, tentak. Do‘konga kirib ketdi. Ayamga aytaman, desam ham qaytmadi. Urushib qoldik. “Sen ketaver, orqangdan kelaman” degandi. Kelib qolsa kerak hozir.


Tamom bo‘ldim. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Hali bittasini hazm qilmay turib ikkinchisi! Quloqlarim shang‘illab qoldi. Hali o‘zimga kelmasimdan eshik qo‘ng‘irog‘i yana jiringladi. Gandiraklab turganimni ko‘rgan kichkina Men chopib turib eshikni ochdi. Men! Yana bitta Men!


Oriqqina, sochlari 2014-yildagi Ronaldoning stiliga o‘xshatib taralgan yigitcha kirib keldi.


– Ha-aa, tanishib oldinglarmi? – dedi yoqimsiz, do‘rilloq ovozda. – O‘zgarib ketibsan.

– Meni boshda tanimadi, – deya gapga aralashdi dovdirab turganimni ko‘rgan kichkina men.

Nima deyishimni bilmayman. Men uchovimiz… uchta Men bir xonada o‘tiribmiz!

– Nimaga ranging oqarib ketdi, o‘zingga kelsang-chi? Sendan so‘raydigan narsalarim juda ko‘p. Katta shoir bo‘lib ketdikmi? Dilbarga uylandikmi? Inglizchani nima qildik?...


Do‘rilloq Men kelar-kelmas, savollarga ko‘mib tashladi. Afsuski, uning savollariga menda arzirli, uni qanoatlantiradigan biror javob yo‘q… Hozirgi ahvolimni bilsa, bilmayman, Meni nima qilardi? Yotqizib tepkilashdan ham toymaydi. Shuning uchun ham ko‘ngli sinmasin deb:


– Hammasi zo‘r! Hozir aytsam qizig‘i qolmaydi. Yashab o‘zing ko‘raverasan, – dedim-qo‘ydim.

O‘zi bu do‘rilloq menga uncha yoqmadi. Burni osmonda! U bilan gapimiz hech qovushadiganga o‘xshamaydi. Shuning uchun ham ko‘proq kichkina Men bilan gurunglashishga harakat qildim. U ikkimizdan ham xafa bo‘lsa-da, bolalarcha soddalik va samimiyat bilan savollarimizga javob berdi… Bolaligimni sog‘ingan ekanman… ekanmiz… Ikkimizning ham kichkina Menga havasimiz keldi. U bo‘lib qolishni xohladik...


Yana eshik jiringladi. Bu safar u qadar hayron bo‘lmadim. Yana Menlardan biri bo‘lsa kerak. Aytganimdek, talaba Men kirib keldi. Qo‘lida allaqanday kitoblar. Yuzining qizarganiga qaraganda qittay-qittay olgan ko‘rinadi. Nima qilsin, davrasi ko‘p-da. Ustiga ustak ichmagan odam shoir bo‘lolmaydi, deb o‘ylaydi...


Yuz grammning kuchidanmi talaba Men to‘xtamay gapira boshladi (o‘zi juda mahmadona edim-da o‘shanda). Muhammad Yusuf, Abdulla Oripov, Pushkin, Lorka, Dostoyevskiy… bilsa-bilmasa valdirayverdi. Bir qarasang siyosatdan oladi, bir qarasang falsafa, Xudo, hayotning ma’nosi… bo‘sh gaplar. Do‘rilloq ikovimizning miyamizni achitib yubordi. Kichkina Men esa nima deyotganini tushunmaganidan indamay eshitib turaverdi.


– Bo‘ldi qilee, – dedi oxiri do‘rilloq men chiday olmay, – men shunday ezma bo‘lib qoldimmi-a? 

– Dunyoning kuni bir senga qolgan, – deya gap suqdim men ham achchiqlanib.


Talaba Men “kelib-kelib sizlarga gapiramanmi, tushunmaysizlar” deganday qo‘l siltadi-yu, xo‘mrayib oldi...


Tonggacha eshik jiringlashdan, Menlar kelishdan charchamadi. Bir qarasam – uyim Menga to‘libdi. 30 yoshdagi Men, 35 yoshdagi Men, 40 yoshdagi Men, 50 yoshdagi Men (Undan kattalari kelmadi negadir. Birdan yomon xayolga bormaylik. Balki juda ko‘tarilib ketganidan mening kulbayi vayronamga qadam bosishni o‘zlariga ep ko‘rmagandirlar. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin. Birdan boy bo‘lib ketish ham yaxshi emas-da.



Rivojlangan o‘lkalarda insonlarning ko‘pi, yoshligida ishlab pul jamg‘ararkan-u, nafaqaga chiqqach o‘sha pulga dunyo kezar ekan. Samarqand, Buxoroga borganingizda katta sumkani yelkasiga osib, pildirabgina yurgan qariyalarni siz ham ko‘rgandirsiz. Ehtimol, keksa Menlar ham kampiri bilan qo‘ltiqlashib dunyo kezib yurgandir qaylardadir. Yoki biror bahavo joyda uy solib, nabiralar davrasida keksalik gashtini surayotgandir. 


Ehtimollar son-sanoqsiz. Nima deymiz, keksalik-da. Inqilab-sinqillab kasalxonaga qatnab yursa ham mayli. Muhimi, miyasi aynib, oldi-qochdi maqolalar yozib, gazeta-jurnal muharrirlarining boshini qotirib yurmagan bo‘lsa bo‘lgani.


Yoshiga qarab katta Menlar to‘rga o‘tirdi. Kichiklari ham o‘rniga ko‘ra joylashdi. Men mezbon bo‘lganim uchun poygakda kichkinaning yoniga joylashdim. Yangi kelganlar bilan tanishib olgach, sekin oshning harakatini boshladik. Birimiz piyoz to‘g‘radi, birimiz sabzi archdi. Do‘rilloqqa idish-tovoqlarni yuvdirdik. Talaba soqiylik qilib turdi. Oshni esa o‘zim pishirdim…


Hammamiz och ekanmiz shekilli, hash-pash deguncha oshni yeb bitirdik. Keyin gurung boshlandi. Suhbatlarimiz bir-biriga qovushmaganidan bo‘lsa kerak, ovqatdan keyin hamma o‘ziga yaqin Menlar bilan davra qurdi. Men 30 yoshdagi Men bilan yaxshiroq til topishdim. Ishdan, ijara haqi, oila hayoti va yana undan-bundan gaplashib o‘tirdik. U ancha o‘zgarib ketgan bo‘lsa ham har holda umumiy mavzular topildi. Do‘rilloq bilan talaba poygakda she’r va qizlardan gaplashdi. Kichkina Men uncha gurungga qo‘shilmadi. Faqat eshitdi. Katta menlar ham to‘rda o‘z davrasini qurishdi.


Boshda hammasi nisbatan yaxshi ketayotgan edi. 50 yoshdagi Menning nasihat qilgisi kelib qolmaganda balki boshqacha yakun topishi ham mumkin edi. Unday qilish kerak, munday qilish kerak. Falon yoshida buni xato qilibdi, fismadon yoshida buni. 50 yoshli Men ezmalanib uzoq gapirdi. Nasihat qilaverib ezib yubordi odamni.  Men va o‘rtayoshdagilar jimgina eshitdik, lekin do‘rilloq va talaba chidab tura olishmadi.


– Bo‘ldi qilsang-chi, ezib yubording-ku! – deya shartta 50 yoshdagi Menning gapini bo‘ldi shirakayf talaba. – Senga o‘xshaganlardan nafratlanaman! 

– Mujmal qariya, – deb tong‘illadi do‘rilloq.

– Senlar hech biring odam bo‘lmaysan! – deb o‘shqirdi 50 yoshli Men.

– Sen nimaga o‘zingdan ketasan, – deb 40 yoshdagi Men talabaning yoqasiga yopishdi. Ularni ayiraman deb o‘zim ham bir musht yedim. Bir onda hamma menlar bir-biriga dushman bo‘lib qoldi. Do‘rilloq piyola bilan 50 yoshdagi Menning kallasini yordi. 30 yosh ikov do‘rilloq bilan talabaga yopishdik. Hamma qo‘lga ilingan narsa bilan bir-birini kaltaklay boshladi. Qo‘rqib ketgan kichkina Men baqirib yig‘ladi. 


Oxiri chidab turolmadim.

– Yo‘qol hammang! – deya katta-kichik Menlarning hammasini uyimdan haydab chiqardim. Xonaga qarasam, hamma taraf qon, sinmagan hech narsa qolmabdi. Ular ketgach o‘zimni o‘zim rosa koyidim: 

“E-ee ahmoq, nima qilarding tanimagan odamlaringni uyingga kirgizib!”.

O‘rtancha MEN


Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Esse

Ulashish