Millatimiz nomini to‘g‘ri yoza olamizmi?

So‘z ko‘rki Millatimiz nomini to‘g‘ri yoza olamizmi?
468

O‘zbek tili turkiy tillar orasida lug‘aviy boyligi, uslubiy imkoniyatlari va grammatik qurilishi bilan yaqqol ajralib turadi. Ona tilimizning fonetik tizimi ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Biroq ba’zan ilmiy davralar, ba’zan dars mashg‘ulotlarida ayrim so‘zlarning talaffuzi va imlosi bo‘yicha tortishuvlar bo‘lib turadi. Chunki o‘zbek adabiy tilining arab, lotin va kirill alifbolaridagi yetishmovchiliklar mana shunday munozaralarga sabab bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, i (и) va o‘ (ў), u (у) harflari orasidagi munosabat ko‘p munozaralarga yo‘l ochadi. Chunki talabalarning aksariyatida tovush va harf munosabati to‘g‘risida tasavvur mavjud emas. Mazkur masalaning mohiyatini tushuntirib bersangiz, ular o‘rta maktablarda ushbu holatlar haqida hech qanday ma’lumot berilmasligini ro‘kach qilishadi. Qisqasi, men bir tilshunos sifatida ayni shu masalada asosli bir kitob yoki qo‘llanma yozilishini juda kutib yurardim. Va nihoyat yaqinda mana shunday bir kitob bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Bu kitob Jo‘ra Xudoyberdiyevning “O‘zbek adabiy tilidan singarmonizmning chiqarilishi” nomli monografiyasi bo‘ldi (Toshkent: Bookmany print, 2024. 324 b).

Ushbu monografiya tuzilishi jihatidan boshqa monografiyalardan ajralib turadi. Binobarin, ushbu kitob maxsus boblar, fasllar, paragraflarga ajratilmagan. Monografiya kirish qismida ko‘tariladigan asosiy masala: unli tovushlar uyg‘unligi – singarmonizm hodisasi, uning til rivojlanishidagi o‘rni, biroq o‘zbek adabiy tiliga olinmaslik sabablari haqida fikr yuritilgan. Muallif o‘ziga xos yo‘l tanlagan: singarmonizmga doir har bir maqola, bildirilgan fikr-mulohazalar, o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar, yig‘ilish va qarorlar muayyan ketma-ketlikda – xronologik tartibda ko‘rib chiqilgan. Masalan, mazkur masala chor Rossiyasi davridan boshlab muhokama etilgani, chor ma’murlarining nima sababdan ayni shu masalaga e’tibor qaratgani, ularning asosiy maqsadi – turkiy xalqlarni bir-biridan uzoqlashtirish ekanligi ishonchli manbalar orqali dalillar asosida ko‘rsatib berilgan.


Nazarimizda, monografiya muallifi singarmonizm qonuni, mazkur hodisaning ilmiy-amaliy jihatlari, xususan, adabiy til, alifbo va imlo qoidalari yaratishdagi o‘rnini yaqqol ko‘rsatib bergan. Buning uchun har bir davr, mazkur masala yuzasidan bildirilgan fikrlar, o‘tkazilgan anjumanlardagi munozaralar, qabul qilingan qarorlarga o‘z munosabatini bildirib o‘tadi. Imkon qadar singarmonizmning millat taraqqiyotidagi o‘rniga alohida to‘xtaladi. Masalan, Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi (Boku, 1926) materiallarini chuqur o‘rganib, har bir ishtirokchining singarmonizm haqidagi fikrlarini keltirib, ularni o‘zaro qiyoslaydi, ilmiy baho beradi, mazkur masalaga hukmron doiralarning qarashlarini ko‘rsatib o‘tadi.


Jo‘ra Xudoyberdiyev mazkur masala yuzasidan ko‘p yillardan buyon tadqiqot olib borayotgani sababli turkiy tillardagi tadqiqotlardan, rus tilshunosligidagi bu borada olib borilgan izlanishlardan unumli foydalana olgan, boshqa kitoblarda uchramagan faktlarga e’tibor qaratgan. Masalan, rus alifbosini lotinlashtirish masalasining kun tartibiga qo‘yilishi masalasi hozirga qadar o‘zbek tilshunosligida o‘rganilmagan edi. Monografiya muallifi ushbu masalani shunchaki qayd etmaydi, balki uning siyosiy-mafkuraviy, ilmiy-amaliy jihatlariga e’tibor qaratadi, bu xalqlarni chalg‘itishdan boshqa narsa emasligini ko‘rsatib beradi. Aslida, ko‘rib chiqilayotgan masala – singarmonizm hodisasining to‘g‘ri yechimi tilshunoslik uchun amaliy ahamiyat kasb etadi. Negaki, ayni shu hodisaga asoslangan holda alifbo tuziladi, to‘g‘ri tuzilgan alifbo esa millat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu bois ham millat fidoyilari doimo ona tili­mizdagi unli tovushlar uyg‘unligiga e’tibor bilan qarashgan. Bu borada Fitrat, Ashurali Zohiriy, Otajon Hoshim kabi tilshunoslar­ning qarashlari hamda ular taklif etgan 9 unlining dastlabki o‘zbek lotin alifbosida qabul qilingani, ayniqsa Оо va Ѳѳ, Ii va Ъъ harflarining ona tilimiz tovushlarini ifodalashdagi imkoniyatlari misollar bilan asoslangan.


Tadqiqotchi o‘z asarida singarmonizm masalasi bo‘yicha fikr bildirgan barcha olimlarning fikr-mulohazalarini chuqur o‘rganib chiqqan. Jumladan, X.Doniyorov, A.Rustamov, Q.Mahmudov, E.Umarov, M.Safarov, B.Yusupov, S.Otamirzayeva kabi olimlar­ning har bir fikrini tahlil qilgan, nima sababdan 6 yoki 9 unli tovush qabul qilinishi oqibati haqida o‘z fikrini bayon qiladi. Masalan, Otajon Hoshimning mana bu fikri ham ancha munozaralarga sabab bo‘lgan: “Lotinchaga o‘tish, yangi alifbe tuzish vaqtida oldimizda turg‘on asos masala – o‘zbek yangi alifbesini qaysi bir shevaga asos qilish edi. O‘zbek shevalari ko‘b bo‘lg‘onidan ulardan birini tollab olish kerak edi. Qaysi birini? Albatta, singarmonizm saqlag‘on shevalarni. Singarmonizm butun turk tili uchun xosdir” (61-b).  Tadqiqotchi singarmonizm hodisasini o‘rganar ekan, bu boradagi fikrlarni obyektiv tahlil qilishga harakat qiladi, o‘z hissiyotiga emas, ko‘proq ilmiy dalillarga suyanadi. Masalan, Y.Polivanov, K.Yudaxin kabi rus tilshunoslarining sharafli mehnatini kamsitmagan holda, ularning o‘zbek alifbosi bo‘yicha bildirgan fikrlari asossiz, o‘zbek tili materiallariga asoslanmaganini ko‘rsatib beradi. Misol uchun, mazkur tilshunoslarning o‘zbek tilida eroniylashgan shevalar borligi, ularda faqatgina 6 unli tovush mavjudligi haqidagi fikrlariga qo‘shilmaydi. “O‘zbek tilining “eronlashishi” bilan bog‘liq fikr, asosan rus turkologiyasida uchrashi, bunga katta e’tibor berilib, turkiy xalqlarning min­taqadagi maveyini tizimli ravishda pasaytirib ko‘rsatish uchun tarixiy haqiqatlarni buzib talqin qilinganligini kuzatish mumkin. Sovet olimlari tadqiqotlaridagi fikrlar, tari­xiy adabiyotlar, ishonchli manbalar bilan asoslanmagani ham mutaxassislarga yaxshi ma’lum” (76-b).


Mazkur monografiyadan tilshunoslikka doir juda ko‘plab ma’lumotlar olish mumkin. Eng muhimi, bunday ma’lumotlar bevosita amaliy ahamiyat kasb etadi. Chunki hozirga qadar qo‘llanishda bo‘lgan ayrim so‘zlar ayni mana shunday ilmiy manbalarni bilmaslik oqibatida kelib chiqqan. Masalan, poytaxtimizdagi otaxon teatrlardan biri Muqumiy nomidagi musiqali teatrdir. Ushbu teatr peshtoqiga quyidagi so‘zlar bitilgan: “Muqimiy teatri”. Xo‘sh, ushbu yozuv­ni to‘g‘ri deb bo‘ladimi? Nazarimizda, bu o‘rinda “Muqumiy teatri” shaklida singarmonizm hodisasiga muvofiq yozilishi kerak. Ayni paytda ta’kidlash joizki, aksariyat xalq ommasi ayni shu tarzda talaffuz qiladi. 


Bunday holatlar kundalik yozuv amaliyotida ko‘p uchraydi. Masalan, o‘zbek kirill alifbosidagi Ўў harfini, lotincha alifbodagi O‘o‘ harfini aslida ikkita tovush o‘rnida qo‘llaymiz. Lekin singarmonizm qonuniyatini inkor qilganimiz holda ularni bir tovushning til oldi, til orqa variantlari deb tushuntiramiz. Jo‘ra Xudoyberdiyevning monografiyasida ayni shu holatlar juda ishonarli tushuntirilgan. Ularning aslida mustaqil tovushlar ekani, so‘z ma’nolarini yaqqol ajratib turishi misollar bilan isbotlab berilgan. Lekin yozuv amaliyotida bunga rioya qilmaymiz, natijada hatto millatimiz nomi – o‘zbek so‘zini ham to‘g‘ri yoza olmaymiz. Buni quyidagi oddiy misollar yordamida aniq farqlab olish mumkin: o‘zbek so‘zi hozirga qadar o‘rmon, qo‘y, to‘y, to‘n so‘zlaridagi kabi o‘ harfi bilan yozib kelinadi. Vaholanki, bundagi xatolikni oddiy ting­lash orqali ham payqash mumkin. U holda o‘zbek so‘zi u harfi bilan yozilishi kerakmi, degan savol tug‘iladi. Buni ham quyidagi misollar bilan taqqoslab ko‘rish mumkin: un, tun, bugun, butun, tugun, surgun. Bu tarzdagi talaffuz ham o‘zbeklar nutqiga xos emas. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek so‘zi ѳzbek shaklida yozilishi lozim bo‘ladi. 1929–1940-yillarda amalda bo‘lgan alifboda O‘zbekiston nomi Ѳzbekis­ton shaklida to‘g‘ri yozilar edi. O‘rdak, o‘jar, bo‘r, to‘r (uyning to‘ri), ko‘l so‘zlari ham, aslida, ѳzbek so‘zida ishlatilgan harf bilan berilishi lozim. Mana shundagina ona tilimizdagi yana bir boylik ‒ o‘zbekning alohida bir tovushi yaqqol namoyon bo‘ladi.


Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, Jo‘ra Xudoyberdiyevning “O‘zbek adabiy tilidan singarmonizmning chiqarilishi” nomli monografiyasi nafaqat nazariy jihatdan, balki bevosita bugungi til amaliyoti uchun ham asosli manba bo‘la oladi. Ayniqsa, ishning ilova qismida keltirilgan materiallar – til-imlo anjumanlaridagi ma’ruzalar, ilmiy maqolalar, mavzuga doir turli nashrlarda e’lon qilingan bahs-munozaralarning ham xronologik tartibda berilgani mazkur ishning amaliy qimmatini yanada oshirgan. Nazarimizda, ushbu monografiyada ko‘tarilgan masalalar, ularning yechimi bo‘yicha tavsiya qilingan fikrlar o‘zbek ziyolilarini befarq qoldirmaydi, ular bu haqda o‘z munosabatlarini bildiradi, degan umiddamiz.

Ravshan JOMONOV,

O‘zbekiston davlat xoreografiya 

akademiyasi professori,

filologiya fanlari nomzodi

Maqola muallifi

Sherzod FOZILOV

Sherzod FOZILOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Ustoz

Ulashish