O‘tganlarga tosh otishga undovchi tanamizdagi viruslar qachonlardir o‘ladimi?
60.webp)
Millatimizga xos bo‘lgan eng yaxshi fazilatlar O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasida ulug‘langan. Odamiylikka xos bo‘lmagan qusurlarimiz esa yana bir Qahramonimiz, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Olomonga” she’rida ochib berilgan. Bu she’r hajman juda kichik, biroq mazmunan shunday teranki, uning har bir qatorini sharhlab bitta kitob yozish mumkin.
Olomonga!
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!
Bizga xos bo‘lgan qusurlardan biri – bu marhumlarga tosh otish va ular bilan olishishdir. Kimlardir qo‘rqoqligi, kimlardir xushomadgo‘yligi, laganbardorligi, yana kimlardir loqaydligi uchun bugun oramizda yo‘q, marhum sobiq rahbarlarimiz va davlat arboblarining ishdagi xato va kamchiliklarini ular tirikligida yuziga ro‘yirost gapira olmadi. Bugun esa bu dunyodan o‘tganlarning orqasidan yomonotliq qilish kasalimiz yana qo‘zidi. Nazarimda, bu kasallikdan hali beri qutula oladiganga o‘xshamaymiz. Chunki bu saratondek o‘ta og‘ir kasallikdir. Uzoqqa bormay, XX asrning 80-yillari va eng yangi tariximizda ro‘y bergan va berayotgan hodisalarga e’tibor qarataylik.
O‘zbekistonni 24 yil boshqargan, o‘zbek xalqining sodiq farzandi Sharof Rashidov 1983-yil 31-oktabr kuni 66 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. To‘g‘ri, shogirdlari uning respublika oldidagi katta xizmatlarini hisobga olib qabristonga emas, hozirgi O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (u davrda V.Lenin nomidagi muzey) to‘g‘risidagi kichik xiyobonga dafn etishdi. Keyin esa, bu shogirdlar (I.Usmonxo‘jayev va h.k.) o‘zlarini har qancha oqlashga urinmasin, aslida o‘zlarini saqlab qolish uchun ustozlari Sharof Rashidov xotirasiga xiyonat qildi. O‘zbekiston Kommunistik partiyasi MKning 1984-yil 23-iyunida bo‘lib o‘tgan XVI Plenumida uning ustiga mag‘zava ag‘darishdi. Sharof Rashidov xotirasining xo‘rlanishi ‒ milliy g‘ururimiz sustligining natijasi. Afsuski, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ham marhumlarga tosh otish, ularni tahqirlash kasalidan qutula olmayotirmiz. Ayting-chi, qaysi dinda marhumlar orqasidan tosh otilsin, deyilgan?.. Hozirgi kunda O‘zbekistonga eng og‘ir yillarda rahbarlik qilgan, davlat mustaqilligini tiklagan, butun hayotini O‘zbekiston ravnaqiga baxshida etgan, mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ham qabrida tinch yotishiga imkon bermayapmiz. Yana marhumga qarshi hujum boshlandi. Bu hujumni Islom Karimovning sobiq Davlat maslahatchisi M.Umrzoqov boshlab bergan edi(“Adabiyot gazetasi” 2019-yil, 9-10-son). Bu o‘rinda uning 1992-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida e’lon qilingan maqolasida qayd etilgan quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tmoqchiman: “Sh.Rashidovning nomini yerga urishga intilganlarning qilg‘iliklariga loqayd qarab o‘tirgan xalq ucharga madori yo‘q chumchuqqa o‘xshab masxara olomonga aylandi. Sh.Rashidov taqdiri – siyosiy o‘yinlarning qurboni sifatida so‘nggisi bo‘lishi kerak. Biz endi yo‘lboshchilarimizni qadrlashga o‘rganib olaylik”. Afsuski, Islom Karimov vafotidan atigi 3 yil o‘tiboq M.Umrzoqov bu so‘zlarini unutdi. Shu o‘rinda M.Umrzoqovning I.Karimovga xushomad qilib aytgan quyidagi maqtovlarini keltirib o‘taman: “Respublika uchun og‘ir bu davrda xalqimiz peshonasiga bitilgan baxt bo‘lib afsonaviy qudrat va jasorat bilan... I.Karimov maydonga chiqdi. Adolatparvar, halol va matonatli rahbar butun bir xalq va mamlakatning baxti ekanligini butun O‘zbekiston yaxshi biladi.
Taqdir meni I.Karimov maktabidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar etgan ekan, bunday taqdirdan ikki sababga ko‘ra roziman: birinchisi, respublikada hayotning burilish nuqtasida mamlakat tepasida shunday qat’iyatli va donishmand rahbar bor bo‘lganligidan va ikkinchisi, ongli hayotimni shunday adolatli siyosatga safarbar etishga muyassar bo‘lganligimdan”. O‘tmishga tosh otgan, kechagi dahosini sotgan odamlar ustidan vaqt qanday hukm chiqarganiga tarix guvoh (I.Usmonxo‘jayev yoki R.Nishonovlar qismatini eslang). Hech shubha yo‘qki, kuni kelib vaqt, tarix I.Karimovga tosh otishni boshlab bergan, o‘zlarini “jabrdiyda” qilib ko‘rsayotganlarning ustidan ham adolatli hukm chiqaradi. Keyingi paytlarda I.Karimovga tosh otuvchilar safiga Q.Rajabov ham qo‘shilibdi. 2024-yili uning 2 jildlik “O‘zbekiston XX asrda” nomli kitobi chop etildi. Kitob bilan 2025-yil mart oyida tanishib chiqdim.
To‘g‘ri, tarixchi bo‘lish oson emas. Chunki tarix fani siyosatga bo‘ysundirilgan va siyosatga xizmat qiladi. Shuning uchun ham tarixchilar tarixni hech qachon to‘g‘ri yozmagan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Tarixni u yoki bu tarixchi nisbatan to‘g‘riroq, xolisroq yozishi mumkin, xolos. Agar tarixchi mafkurachi bo‘lsa, bu uni xolislikdan yanada uzoqlashtiradi. Q.Rajabovning “fundamental” tadqiqoti xolislikdan judayam yiroq. Aslida uning mazkur kitobi fundamental tadqiqot emas. Kitob shunchaki tariximizda ma’lum bo‘lgan va ko‘plab manbalarda qayd etilgan ma’lumotlar yig‘indisi, xolos. Nega? Tadqiqot – bu ilmiy tekshirish ishlari natijasida u yoki bu masalada fanda hali ma’lum bo‘lmagan biror holatni ochish, yaratish deganidir. Xo‘sh, Q.Rajabovning 2 jildlik kitobida tarix faniga shu vaqtgacha noma’lum bo‘lgan qanday yangilik bor? Hech qanday yangilik yo‘q. Q.Rajabovni asosan umumta’lim maktablarining 10-sinflari uchun bir vaqtlar chop etilgan “O‘zbekiston tarixi” darsligi bilan tanishganimdan beri bilaman. Bu darslikda u sovetofobligi bilan taassurot qoldirgan edi, ya’ni uningcha sovet hokimiyati davri faqat qorong‘ilikdan iborat davr bo‘lgan. Qolaversa, “fundamental” asarda ko‘p voqea-hodisalar buzib talqin etilgan. Masalan, Q.Rajabov “Turkistonda 1920–1935-yillardagi milliy ozodlik harakati yengilishining asosiy sababi qizil armiyaning harbiy ustunligi edi”, deb yozgan (537-bet, 1-jild). Agar shu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, nega Afg‘onistonda 10 yil turgan sovet armiyasi, 21 yil turgan AQSH va uning ittifoqchilari armiyasi muvaffaqiyatga erisha olmadi? Yoki afg‘onlar harbiy kuch jihatidan ulardan ustun edimi? Yo‘q, albatta. Asosiy sabab – afg‘onistonliklarning jipsligida edi. Agar Q.Rajabov 3-4-sabablarni 1-sabab qilib ko‘rsatganida edi, ishonilsa bo‘lardi. Eng achinarlisi, Q.Rajabovning Karimovfobiya kasaliga ham chalinganida. Uning fikricha, I.Karimov O‘zbekiston davlat mustaqilligiga qarshi bo‘lgan. SSSRni saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashgan. O‘zining yakka hukmronligini ta’minlash uchun prezidentlik lavozimini joriy etgan. Bu fikrlar ilmiy tadqiqotchi fikrlari emas. Nega? O‘zingiz o‘ylang, ixtiyorida bitta ham askari bo‘lmagan davlat rahbaridan keskin harakatlarni talab qilish ahmoqlik emasmi?.. Shu o‘rinda, men I.Karimovning O‘zbekiston tarixini Q.Rajabovdan yaxshiroq bilganligiga tan berdim. I.Karimovni ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga Qo‘qon(Turkiston) muxtoriyatining taqdiridan saboq chiqargani undaganligi, shubhasiz. Harbiy qo‘shini yo‘q Qo‘qon muxtoriyatining taqdiri nima kechganligi hammamizga ma’lum. Qolaversa, Toshkent SSSRning Turkiston harbiy okrugi markazi edi. Tabiiyki, okrug Moskvaga bo‘ysunardi, I.Karimovga emas. Okrug qo‘shini istalgan paytda harakatga kelishi mumkin edi.
Ikkinchidan, 1991-yil 17-mart kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumida “O‘zbekiston yangilanayotgan Ittifoq(federatsiya) tarkibida mustaqil, teng huquqli jumhuriyat bo‘lib qolishiga rozimisiz?” degan savolga O‘zbekiston aholisining 93,7 foizi “Ha” deb javob bergan edi. Yana bir masala – KPSS MK Siyosiy byurosi a’zoligiga nafaqat I.Karimov, barcha ittifoqdosh Respublikalar kompartiyalarining Birinchi sekretarlari ham kiritilgan (2-jild. 427-bet).
2-jildning 387-betida Q.Rajabov bunday deb yozgan: “I.Karimov KPSS MK Siyosiy byurosi tarkibiga a’zo qilib kiritilgach, kommunist Prezident sifatida kommunistik partiyaning jamiyat siyosiy hayotidagi yakka hukmronligini saqlab qolish, o‘zgacha fikrlovchi xalq deputatlari va demokratik kayfiyatdagi muxolifatchilarga qarshi ta’qib va tazyiqni kuchaytirish, “Birlik” xalq harakati va “Erk” demokratik partiyasi rahbarlari va faollarini qatag‘on qilishga kirishdi”.
“Birlik” xalq harakati va “Erk” partiyasi rahbarlari A.Po‘latov va S.Madaminovlar aslida kimlar edi? Ular o‘zlariga “Yo bugun, yoki hech qachon!” tamoyilini shior qilib olgan shaxslar edi. Ular ming uringanlarida ham I.Karimov shaxsiga soya sola olmasdi. Nega? Chunki I.Karimov Farg‘ona voqealaridan keyinroq mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Ittifoq hukumatidan so‘rab o‘tirmay 100 ming gektardan ortiq yerni (paxta maydoni hisobidan) kam yerli aholiga tarqatib yuborgan, natijada 1 mln.dan ortiq oilaning qo‘shimcha yerli bo‘lishi, 700 ming oilaning esa uy-joy qurish uchun yangi tomorqali bo‘lishini ta’minlab qo‘yib xalqning hurmatini qozongan arbob edi.
Enda birlikchilar va erkchilarning buzg‘unchiligi haqida
Mesxeti turklari bilan 1990-yil 19-fevral kuni Bo‘kada yuz bergan voqealar 20-fevralda tumanning K.Marks nomli xo‘jaligi hududida ham davom etdi. Shu kuni A.Po‘latov K.Marks jamoa xo‘jaligiga borib odamlarni tinchlantirish o‘rniga, ularni 18-fevral kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti va mahalliy sovetlariga o‘tkazilgan saylov natijalarini bekor qilishni talab qilishga da’vat etdi. I.Karimov ham shu kuni shu xo‘jalikka kelib, otga minib, ot ustida aholini osoyishtalikni saqlashga chaqirdi va biror marta kuchishlatar tizim kuchlaridan foydalangani yo‘q. Chunki hokimiyat tepasiga 1989-yil 23-iyunda kelgan I.Karimov 1990-yilning 18-fevraligacha xalq manfaatiga xizmat qiluvchi qator o‘zgarishlarni amalga oshirganligi uchun xalqda unga nisbatan kuchli ishonch bor edi. Bir so‘z bilan aytganda, “Birlik” ham, “Erk” ham respublikadagi og‘ir vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urindi.
“Erk” partiyasi rahbari S.Madaminovning xatti-harakatlari haqida esa quyidagilarni aytishni o‘rinli deb hisoblayman: u partiya rahbariyati bilan kelishmay turib, Oliy Sovet deputatligidan voz kechdi. Bu haqida Q.Rajabovga partiyaning Toshkent viloyati Kengashi rahbari, tarix fanlari nomzodi Sh.Karimovning “Toshkent haqiqati” gazetasida e’lon qilingan “Men nega “Erk” partiyasini tark etdim?” maqolasini topib o‘qishni tavsiya qilaman.
I.Karimov S.Madaminovga Bosh vazir lavozimini taklif etgandi, biroq u parlament raisi lavozimini berishni talab qilgan. Kim bunga rozi bo‘lardi bilmadim-u, lekin I.Karimov hech qachon bunga rozi bo‘lmas edi. Ikkinchidan, S.Madaminov so‘ragan lavozim saylanadigan lavozim edi. Q.Rajabovga bu gap yoqadimi, yo‘qmi bilmadim, biroq Oliy Sovet deputatlari hech qachon uni bu lavozimga saylamas edi.
“Birlik” va “Erk” rahbarlari aslida V.Ulyanov bir vaqtlar aytib o‘tgan so‘llik kasaliga chalingan edi. So‘llarning shiori esa doimo “Yo bugun, yoki hech qachon!” prinsipi bo‘lgan. Rossiyada V.Ulyanov hokimiyatga kelish uchun 30 yil kurash olib bordi. S.Madaminov esa birdaniga Oliy hokimiyatni egallamoqchi bo‘ldi. I.Karimov S.Madaminovning xohishini bajarish uchun ovsar bo‘lishi kerak edi.
Q.Rajabov yozadi: “I.A.Karimovning O‘zbekistondagi jinoyatkorona faoliyati va diktator sifatidagi hukmronligi to‘g‘risida, inshaolloh, keyingi kitoblarda so‘z boradi. Mabodo, men bu ishni bajara olmasam, o‘zbek tarixchilarining yangi avlodi yaqin kelgusida bunday tadqiqotlarni, albatta, amalga oshiradi”(387-bet).
Bu o‘rinda Q.Rajabov yuridik bilimi pastligini namoyon qilgan. Chunki bir shaxsni jinoyatchi deb topish vakolati faqat sudga berilgan. Yana e’tibor bersangiz, Q.Rajabov Ollohni tilga olmoqda. Xo‘sh, ayting-chi, Ollohning qaysi kalomida marhumlarning xotirasini bulg‘ash yozilgan?
Yana bir holatda Q.Rajabov o‘ta tarbiyasiz shaxs ekanligini namoyish etgan. Tarbiyali odam butun bir mustaqil davlatning asoschisini “IAK” deb atamagan bo‘lardi (387-bet). Muallif kitobining shu betida yana yozadi: “Qo‘shib yozish, poraxo‘rlik va korrupsiyaga aloqador jinoyatlar SSSRning deyarli barcha hududlarida yuz bergan bo‘lsa ham, nega “tajriba maydoni” sifatida O‘zbekiston SSR tanlandi?”. Lekin u bu savolga javob bermagan.
Achchiq haqiqat shundan iboratki, Moskva bir turtki berilsa, o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbarlarining bir-birini sotishini yaxshi bilardi. Shuning uchun Moskva tajriba maydoni sifatida O‘zbekiston SSRni tanlagan.
Q.Rajabov O‘zbekistonda 80-yillarda paxta ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilganlarni ham “qatag‘on qilinganlar” edi deb qayd etgan. Avvalo, “qatag‘on” atamasi nimani anglatishiga aniqlik kiritsak. Bu so‘z lotincha “repressiya” so‘zidan olingan bo‘lib, mavjud davlat tuzumiga siyosiy va mafkuraviy jihatdan muxolifatda bo‘lgan kishilar, kuchlarni ta’qib etish, jazolash, quvg‘in qilish va jismonan yo‘q qilish ma’nolarini anglatadi.
“Paxta ishi” bo‘yicha javobgarlikka tortilganlarning qaysi biri mavjud tuzumga siyosiy va mafkuraviy jihatdan muxolifatda bo‘lgan edi? Afsuski, ularning hech biri mavjud tuzumga muxolifatda bo‘lishmagan, hatto bunday bo‘lish ularning xayoliga ham kelmagan.
Tintuv payti uyidan oddiy odamlarning aqliga sig‘maydigan 1,5 mln rublga teng qimmatbaho buyumlar, 1,3 mln rubldan ortiq naqd pul topilgan ‒ Buxoro viloyati OBXSS boshlig‘i A.Muzaffarov, uyidan 500 ming rubl naqd pul, 6 ming dona Rossiyaning tilla tangasi (jami 4 mln rublik) chiqqan viloyat savdosi boshlig‘i Sh.Qudratovga (qo‘lga olingan amaldorlar uyidan jami 15 mln so‘m yoki 23 mln AQSH dollariga teng boylik olingan) o‘xshagan qalloblarni qatag‘on qurbonlari deyish mumkinmi?
“Paxta ishi” bilan bog‘liq jinoyatchilarga nisbatan qatag‘on qilinganlar iborasini qo‘llash XX asrning 30–50-yillarida qatag‘on qilingan bobolarimizning pok nomini bulg‘ash, oyoqosti qilish bilan barobardir.
Tarixchi Q.Rajabov bu haqida o‘ylab ko‘rmadimikan?
“Paxta ishi” bilan hech kim begunoh javobgarlikka tortilgan emas. Ularning hammasi u yoki bu darajada o‘sha davr qonunlariga ko‘ra jinoyat sodir etgan shaxslar edi.
Aynan I.Karimov 1991-yilning dekabrida bu ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni o‘tayotgan barcha mahkumlarni afv etdi. “Paxta ishi” hatto umumta’lim maktablari va ularning o‘qituvchisi-yu o‘quvchilarini ham o‘z domiga tortgan edi. Ma’lumki, u davrlarda umumta’lim maktablarining 9-10-11-sinflari yopilib, o‘quvchilar paxta terimiga jalb etilgan. Kolxoz va sovxozlar paxta rejasini bajarish uchun paxta qabul qilish punktlaridan uning mudirlari bilan kelishib paxta sotib olardi. Mazkur ish kolxoz raisi, sovxoz direktori tomonidan amalga oshirilardi. Bu amaldorlar paxtachilik brigadasi brigadirini chaqirib, unga “Bugun 20 tonna paxtaga pul topib kel” deb topshiriq berganiga o‘zim guvohman. Brigadir pulni olib borib beradi. 20 tonna paxta topshirilganligi haqidagi hujjatni(aslida sotib olingan, amalda paxta yo‘q) qo‘liga olgach, maktab rahbariyatiga kelib shu 20 tonna paxta terilganligi haqida to‘lov vedomosti tuzdirilar edi. Nega brigadir maktabga kelardi? Chunki kolxozchiga 1 kg tergan paxta uchun 10 tiyin, o‘quvchiga esa 15 tiyin haq to‘lanardi. Tuzilgan soxta vedomost bo‘yicha kolxoz g‘aznasidan tegishli miqdorda pul olinardi. Soxta vedomost tuzib bergan o‘qituvchining g‘aznadan olingan pul ichidagi ulushi har bir kg paxta uchun 1 tiyin edi. 20 tonna paxta uchun brigadir o‘qituvchiga 200 so‘m pul berardi. 80-yillarda o‘qituvchining 1 stavka darsi uchun olgan 130 so‘m puli bilan uning 5 kunda olgan 200 so‘m pulini taqqoslasak, bu juda katta pul edi. Endi ayting, paxta sotib olgan rais, soxta vedomost orqali g‘aznadan pul olgan brigadir, 200 so‘m evaziga soxta vedomost tuzgan o‘qituvchi o‘sha davr qonunlariga ko‘ra jinoyatchi edimi, yo‘qmi? Jinoyatchi edi! Lekin tergov organlari brigadir, maktab rahbari va soxta vedomost tuzgan o‘qituvchini javobgarlikka tortgani yo‘q. Boisi, ular shunchaki oddiy ijrochilar edi, xolos. Shu iflos yo‘l bilan brigadir raisning, rais va maktab direktori esa raykom 1-sekretarining, raykom 1-sekretari obkomning 1-sekretari, u esa o‘z navbatida respublika rahbariyati qahridan omon qolishardi. Aslida paxta sotib olib rejani bajargan o‘sha brigadir ham, unga ko‘maklashgan o‘qituvchi ham jinoyatchi edi.
Endi ikki og‘iz so‘z Q.Rajabovning boshqa cho‘pchaknoma fikrlari haqida. Muallifning fikricha, I.Karimov davrida Oliy Kengash deputatlarining ayrimlari deputatlik daxlsizligi tamoyiliga zid ravishda hibsga olingan. Avvalo, shuni qayd etamanki, Q.Rajabov 2 xil tushunchani, ya’ni daxlsizlik huquqi bilan deputatlik maqomidan mahrum etish tushunchalarini aralashtirib yuborgan. Qoida bo‘yicha, deputatlik daxlsizlik huquqi o‘zgarmas narsa emas edi, hozir ham shunday.
Ikkinchidan, deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum etilish deputatning deputatlik maqomi tugadi, degani ham emas. Deputatni tergov qilish, hibsga olish yoki sud javobgarligiga tortish uchun avval u deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum etiladi. Bu protsedura Oliy Kengash Mandat komissiyasining Kengash raisi nomiga taqdimnoma kiritishidan boshlangan. Taqdimnoma Kengash raisi tomonidan tasdiqlangach, deputat daxlsizlik maqomidan mahrum bo‘lgan. Shundan so‘ng deputat tergov qilinishi, hibsga olinishi ham mumkin bo‘lgan.
I.Karimov davridagi qonunchilikka ko‘ra, prokuratura u yoki bu deputatning deputatlik daxlsizligini yechish uchun Oliy Kengash Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga taqdimnoma kirita olgan. Taqdimnoma bo‘yicha mahalliy kengash raisi(hokim) deputatni deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum etish haqida qaror qabul qila olgan va o‘zining qarorini keyinchalik Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritgan. Aminmanki, 90-yillarda kim deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa, shu protseduraga amal qilingan. Faqat u paytda bu protsedura kamdan kam holatlarda prokuror taqdimnomasiga ko‘ra, aksariyat holatlarda esa Mandat komissiyasi raisining Kengash raisi nomiga taqdimnoma kiritishi orqali amalga oshirilgan. Agar Q.Rajabov o‘sha davrdagi Oliy Kengash hujjatlarini yaxshilab o‘rgansa, gapim haqligini ko‘radi.
Deputatlik daxlsizligi yechilgan deputatning jinoyatchi yoki begunoh ekanligini sud hal qilgan. Agar sud oqlov qarori chiqarsa, jinoyatda gumon qilinayotgan deputatning daxlsizlik huquqi va deputatlik maqomi qayta tiklangan.
Kitobning (2-jild) 412-betida xato fikr yozilgan: “Mesxeti turklari… o‘zlarining tarixiy vatanlariga qaytarilishini talab qildilar. Biroq ularning bu talabi sovet rejimi tomonidan bajarilmadi”. Biroq nega bajarilmadi, degan savolga javob berilmagan. Mesxeti turklarini Ittifoq hukumati Mesxetiga Gruziya SSR hukumati qarshi bo‘lganligi uchun qaytara olmadi. Agar bu ish kuch bilan amalga oshrilganida edi, endi gruzin-mesxeti turki qirg‘ini sodir bo‘lardi.
Kitobning 418-betida yana xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Muallif quyidagilarni yozgan: “Bo‘ka tumanidagi “Oktabr 40 yilligi” kolxozida 1990-yil 10-fevral kuni mazkur kolxozda yashovchi, 1957-yili tug‘ilgan N.Ziyoyev tan jarohati tufayli kasalxonaga yotqizilishi 19-fevralda o‘zbek va mesxeti turklari vakillari o‘rtasida kichik to‘qnashuv kelib chiqishiga sabab bo‘ldi”. Kitobga hech qanday tadqiqotsiz yuqoridagi qaydlar kiritilgan. Aslida “Oktabr 40 yilligi” kolxozida sodir bo‘lgan voqeaga turklar sababchi emas edi.
Birinchidan, uningsiz ham Farg‘ona voqealari munosabati bilan Bo‘kada ham vaziyat keskinlashgandi. Ikkinchidan, birgina turtki bu keskinlikni alangaga aylantirib yuborishi muqarrar edi. Shunday bo‘ldi ham. Biroq bu alangaga turklar emas, shaxsan N.Ziyoyev sababchi bo‘ldi. Gap shundaki, N.Ziyoyev orqa teshigiga biror narsani tiqmasa, erkaklik jinsiy a’zosi harakatga kelmaydigan, ya’ni xotini bilan qovusha olmaydigan kasallikka ancha yillar oldin yo‘liqqan. U doimo qovushishdan oldin tuz maydalaydigan kichkina kelining ingichka kelisopi uchini vazelin bilan moylab orqasiga tiqishga majbur bo‘lgan. Janjal chiqishidan oldin ham shunday qilayotganida tasodifan xonaga xotini kirib qolgan, chunki N.Ziyoyev shu kuni eshikni tambalab qo‘yishni unutgan. Ichkariga kirgan xotini erining orqa chiqaruv organida ingichka kelisopini ko‘rgan. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan N.Ziyoyev xotinining oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib turk yigiti orqamga temir tiqib ketdi, deb ayyuhannos solgan. Bu mish-mish qishloqqa tarqalgach, aholi junbushga kelgan edi. Markaziy shifoxonada N.Ziyoyevning orqa teshigidan temirni chiqarib olingach o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi temirda(ingichka kelisopda) N.Ziyoyevning barmoq izilaridan boshqa birorta begona kishining barmoq izi yo‘qligini aniqlagan. Shundan so‘ng N.Ziyoyev tergovda bor haqiqatni aytishga majbur bo‘lgan. Shu tariqa bir dardmandning orqasidan kelib chiqqan janjal oqibatida 19–21-fevral kunlari Bo‘ka tumanida jami 47 ta uyga o‘t qo‘yilgan edi...
Muallif kitobining 461-betidagi quyidagi qaydlarining hammasini ham to‘g‘ri deb bo‘lmaydi: “O‘zbekiston SSRning siyosiy rahbari sifatida faoliyat yuritgan MKning barcha Birinchi kotiblari paxta xomashyosi yetkazish borasida yuksakroq marralarga erishishni Kreml oldidagi o‘z burchlari sifatida namoyon etishda davom etdilar”.
To‘g‘ri, O‘zbekiston SSR bir yilda eng ko‘p paxtani Sh.Rashidov davrida yetishtirdi(6 mln 273 ming tonna). Chunki bu bir tomondan Sh.Rashidov uchun burch bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalqning daromadini oshirish, uchinchi tomondan esa 3-marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lish imkoni ham edi, garchand bu orzu amalga oshmay qolgan bo‘lsa-da. Lekin bunday aybni I.Karimovga nisbatan qo‘yish xato. Chunki I.Karimov paxta yetishtirishni dastlab 700 ming tonnaga kamaytirdi, keyin esa 3,5 mln tonnaga tushirdi. Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun paxtadan qisqartirilgan maydonlarda bug‘doy yetishtirildi, va nihoyat, 2003-yili g‘alla mustaqilligiga erishildi. Shu yili 5,1 mln tonna g‘alla hosili olindi. Bu 1991-yilga nisbatan 5,5 marta ko‘p edi.
Xullas, Q.Rajabovning kitobidan istagancha xato va noxolis fikrlarni topish mumkin. Olimlar qachon xatoga yo‘l qo‘yadi? Qachonki, uni xolislik tamoyili tark etsa. Kitobni o‘qib Q.Rajabov xolislik tamoyilidan allaqachon mosuvo bo‘lganiga ishonch hosil qildim. Uning kelgusida xolislik yo‘liga o‘tishiga menda ishonch yo‘q…
Muallif Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilish bilan bog‘liq masala haqida fikr bildirish chog‘ida 167 raqamiga alohida urg‘u bergan. Oliy Sovetning 167 nafar deputati Deklaratsiyani qabul qilish masalasini sessiya kun tartibiga kiritish uchun imzo to‘plagan.
Avvalo, shuni ta’kidlamoqchimanki, 500 nafar deputat oldida 167 nafar imzo hech narsani o‘zgartira olmasdi(I.Xushevning yozishicha,150 nafarga yaqin).
Kitobning 473-betida keltirilgan iqtibos esa (“I.Karimov 167 raqamini eshitib, bir lahza esankirab qoldi”) cho‘pchakdan boshqa narsa emas. U J.Mamatovning uydirmasi xolos. J.Mamatov ham aslida oyoqqa turib kelayotgan “Erk” partiyasining tarqalib ketishiga sabab bo‘lgan, so‘llik kasaliga yo‘liqqan populist deputatlardan biri edi.
“Erk” partiyasi rahbarlari siyosiy partiyalar tarixini yaxshi bilganlarida edi, vaziyatga qarab ish ko‘rish, kezi kelganda kompromissga borish usullaridan xabardor bo‘lgan bo‘lardi. S.Madaminov deputatlik guvohnomasini otib yubormagan, J.Mamatov esa O‘zteleradio davlat qo‘mitasi raisidek amalidan foydalanib odamlarni konstitutsiyaviy hukumatga qarshi gij-gijlamagan bo‘lardi. Partiya 1989-yil 29-dekabrdagi saylovda salkam 13 foiz ovoz olganidan ortiqcha ruhlanib ketmagan bo‘lardi. “Erk” rahbarlari partiyaning tuman tashkilotlari oldiga har kuni rasmiy hokimiyat binolari oldida piket o‘tkazish talabini qo‘yib partiyaning obro‘sini to‘kmagan bo‘lardi.
Kitobning 478-betidagi ayrim qaydlarni chalasavod kishining fikrlari deyish mumkin, xolos. Chunonchi, unda muallif I.Karimovni Mustaqillik Deklaratsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartirish kiritganlikda ayblagan. Bu o‘rinda shuni ta’kidlaymizki, Oliy Kengash, Oliy Sovet yoki Oliy Majlis qabul qilgan huquqiy hujjatlar barcha davlatlarda davlat boshlig‘i tomonidan imzolanganidan keyingina kuchga kiradi. Binobarin, I.Karimov matnga tuzatish kiritishga haqli edi.
480-betdagi “Aslida demokratik jamiyatlarda parlament qabul qilgan hujjatga bunday o‘zgartirish kiritish tasavvurga sig‘maydi va bu juda katta jinoyatdir”, degan fikrlar cho‘pchaknoma fikrlardir. Nega? Birinchidan, davlat boshlig‘i o‘zgartirish kirita olish huquqiga ega. Endi Q.Rajabovga savol: “Nega deputatlar I.Karimov tomonidan kiritilgan o‘zgartirishlarni rad etmadi?”. Nega Q.Rajabov bu haqida o‘sha payti bong urmadi?
Ikkinchidan, I.Karimov uzoqni ko‘zlab ish tutdi. Chunki O‘zbekiston fuqarolari oldidagi butun mas’uliyat I.Karimov zimmasida edi (“Erk” partiyasi, S.Madaminov, J.Mamatov yoki Q.Rajabov bo‘ynida emas).
Kitobning 485-betidagi quyidagi fikrlar tarixiy bilim beruvchi material emas, aksincha, ular muallifning shaxsiy fikrlaridir: “1991-yil dekabrda parchalanayotgan va yemirilayotgan SSSR hududidagi ikki qudratli turkiy respublikalar rahbarlari N.Nazarboyev va I.Karimov turkiy xalqlar konfederatsiyasi tuzish g‘oyasini, tarix bizga XX asr mobaynida 2-3 marta taqdim etgan juda noyob imkoniyat hamda tarixiy vaziyatning so‘nggisini barbod qilishdi”. Qiziq, shu betning tepasida N.Nazarboyevdan keltirilgan iqtibosda Turkmanistonning O‘rta Osiyo davlatlari konfederatsiyasini tuzishni taklif qilganligi qayd etilgan. Q.Rajabov esa uni Turkiy xalqlar konfederatsiyasi deb o‘zgartirgan (485-bet, 4-xatboshi). Kim haq? S.Niyozovmi yoki Q.Rajabov? Agar Q.Rajabovning yozgani to‘g‘ri bo‘lsa, 1991-yilning 13-dekabrida Ashxobod shahrida o‘tkazilgan O‘rta Osiyo Respublikalari rahbarlari yig‘ilishida ishtirok etgan Tojikiston Prezidenti R.Nabiyev bu masalaga qanday qaragan? Muallif bu masalani negadir chetlab o‘tgan. Haqiqat shundan iboratki, XVI asrdan keyingi o‘tgan tariximizda O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlar hech qachon birlasha olmagan. Birlashish u yoqda tursin, hatto o‘zbeklar ham 3 davlatga, qozoqlar ham 3 davlatga bo‘linib olgan. O‘zbek davlatlari o‘rtasidagi adovat shunchalik kuchli ediki, hatto Rossiya imperiyasining bosqini xavfi ham ularni birlashtira olmagan. Rus hukumati ularning birlasha olmasligini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun Rossiya ularni birin-ketin taslim qildi.
“Urushni Peterburgga ko‘chiraman”, deb dag‘dag‘a qilgan amir Muzaffar Rossiya bilan urush holati vaziyatida ham hirsini tiya olmay, amir qo‘shini qo‘mondonlaridan birining 10 yashar qizini yashirincha haramiga olib keltirib, badnom qilganligi, buning oqibatida qizning yuragi yorilib o‘lganiga tariximiz guvoh...
Ikkinchidan, Oktabr davlat to‘ntarishidan so‘ng Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati tuzilgan bir paytda ham turkiy xalqlar birlasha olmadi-ku. Qozoqlar o‘zlarining Alash O‘rda hukumatini tuzganligi, M.Behbudiy qozoq birodarlarimizga bunday qilmasliklari, aksincha, bir bo‘lish haqida murojaat qilganiga ham tarix guvoh. Shunday ekan, 1991-yilda turkiy xalqlar konfederatsiyasini tuzish imkoniyati barbod qilindi, degan fikr cho‘pchak. Chunki bunday konfederatsiyani tuzish uchun hech qanday tarixiy zaruriyat ham, shart-sharoit ham mavjud emasdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston FA grifi bilan keyingi yillarda 3 marta “O‘zbekiston tarixi” kitobi chop etildi:
1. “O‘zbekiston tarixi” (1917–1991-yillar, 2 jild 2019-yil).
2. “O‘zbekiston tarixi”(11 jild 2022-yil).
3. Q.Rajabovning yuqorida nomi tilga olingan 2 jildli kitobi (2024-yil).
Qizig‘i shundaki, bu nashrlarda bir voqea turli xil talqin etilgan. 2019-yili yozilgan “O‘zbekiston tarixi”ga Q.Rajabov ham mas’ul muharrirlik qilgan. Ayni paytda, qator mavzularini yozgan ham. Lekin Q.Rajabovning 2019-yilda yozganlari 2024-yili yozganlariga mos kelmaydi. 2022-yili chop etilgan 11 jildlik “O‘zbekiston tarixi” kitobining 1-jildi matnlari mutlaqo boshqacha. Xo‘sh, kimga va O‘zbekiston FA Tarix institutining grifi qayd etilgan tarix kitoblarining qaysi biriga ishonish kerak?
Yanada qizig‘i shundaki, 2019-yili chop etilgan 2 jildli “O‘zbekiston tarixi”ning titul varag‘iga mazkur fundamental kitob O‘zbekiston FA Tarix instituti ilmiy kengashining 2017-yil 12-iyuldagi № 9-qarori bayonnomasiga asosan nashr etildi”, deb yozib qo‘yilgan. 2022-yili chop etilgan “O‘zbekiston tarixi”ning tahrir hay’ati tarkibida akademiklar A.Asqarov, A.Ziyo, A.Sagdullayevlarning ham familiyalari qayd etilgan.
Q.Rajabovning 2024-yili chop etilgan 2 jildlik “O‘zbekiston tarixi” kitobiga institut direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori D.Jamolova taqriz bergan. Nahotki, taqrizchi D.Jamolova Q.Rajabovning kitobida 1 ta masala kitobning 2-3 joyida qayta-qayta takrorlanganligi, muallifning kitob hajmini qappaytirish maqsadida hatto 2012-yili chop etilgan materiallarni ham yangi deb qo‘shib yuborganligiga e’tibor bermagan bo‘lsa? (Solishtirish uchun: Q.Rajabov va boshqalar: “O‘zbekiston tarixining muhim sanalari”, 315–324-betlar. “O‘zbekiston XX asrda”. 2-jild, 502–508-betlar).
D.Jamolovaning “Falonchi bunday dedi, pistonchi bunday dedi”, degan gaplar asosida tarix yozilmasligini yaxshi bilishiga zarracha shubham yo‘q. Biroq
Q.Rajabovning “O‘zbekiston XX asrda” kitobining 2-jildida bu qoida qo‘pol ravishda buzilgan. Bir so‘z bilan aytganda, kitob do‘konlaridan “O‘zbekiston tarixi” bo‘yicha biror kitob olmoqchi bo‘lgan odamda “Kitobda yozilganlar qanchalik to‘g‘ri ekan-a?”, degan ishonchsizlik holati yuz bermoqda. Menimcha, tarix instituti olimlari bu faqida o‘ylab ko‘rishlari kerak.
Biz o‘tgan rahbarlarga munosabatni xitoyliklardan o‘rganishimiz lozim. XXR raisi Si Szinpin o‘zining “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” nomli kitobida bunday deb yozgan: “Biz Xitoyga xos xususiyatga ega bo‘lgan sotsializm ishiga tarixiy hissa qo‘shgan rahbariyatning 3 avlodi va Xu Sizintao boshchiligidagi XKP MKni hamisha yodimizda saqlashimiz lozim.
Mao Szedun boshchiligidagi birinchi avlod Xitoyga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan sotsializimni yaratish uchun qimmatbaho tajriba, nazariy tayyorgarlik va moddiy bazani meros qilib qoldirdi. Den Syaopin boshchiligidagi ikkinchi avlod esa Xitoyga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan sotsializm kashfiyotchilari bo‘ldi.
Szyan Szemin boshchiligidagi uchinchi avlod XXI asrda Xitoyga xos xususiyatga ega bo‘lgan sotsializm g‘oyasini ilgari surdi. Xu Szintao bosh kotib bo‘lgan rahbariyat XXI asrda, yangi bosqichda Xitoyga xos xususiyatga ega bo‘lgan sotsializm yo‘lidan og‘ishmasdan bordi va uni rivojlantirdi”.
E’tibor beraylik, XXRning hozirgi rahbari o‘zidan oldin o‘tgan rahbarlarining birortasini yomonotliq qilgani yo‘q. “Fundamental tadqiqot” egasi Q.Rajabovga sobiq rahbarlarimiz, ulug‘larimizni ulug‘lash, qadrlashni o‘rganaylik demoqchiman. Zero, O‘zbekiston xalq shoiri M.Yusuf o‘zining “Xalq bo‘l, elim” she’rida yozganidek:
Bo‘lar elning bolalari bir-birin der,
Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer.
Ha, marhum davlat arboblariga tosh otishni to‘xtataylik. To‘g‘ri, sobiq laganbardorlar o‘z chiqishlarida I.Karimovning nomini hozircha ochiq tilga olganicha yo‘q. Chunki ular I.Karimov nomi xalqimiz ongi, qalbiga ezgu ishlari bilan chuqur singganligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham ular o‘z nutqlari, chiqishlarida “I.Karimov davrida” iborasi o‘rniga “Bundan 7-8 yil avval shunday bo‘lganmidi, yoki qila olarmidik?” kabi iboralarni ishlatmoqda. Eng achinarlisi shundaki, ular o‘tmish tarixga, o‘tgan arboblarga tosh otish barobarida yosh avlodda kechmishimizga nisbatan shubha bilan qarashni shakllantirishini o‘ylab ham ko‘rmayapti. Ular I.Karimov davriga otayotgan tosh yoshlarda o‘tmishimiz bilan faxrlanish, buyuklarimizni ulug‘lash kabi xislatlarni so‘ndirishi tabiiy. Bundan tashqari, ular ham kelgusida hozirgi rahbarlarimiz davrini salbiy ranglarda tasvirlash, talqin etishga o‘rganadi. Bu esa o‘ta og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bekorga mashoyixlarimiz “O‘tmishga hurmat bilan qarab, kelajakka ishonch bilan shaxdam qadam tashla”, demagan.
Usmon JO‘RAYEV,
Bo‘ka tumanidagi
8-maktab o‘qituvchisi,
Turon FA akademigi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
xalq ta’limi xodimi,
“Sog‘lom avlod uchun” va
“El-yurt hurmati” ordenlari sohibi
Shu kecha va kunduzda
STRESS ASRIDA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD: bolalar, axborot va mental bosim
“Prezident sovg‘alari” karvoni
XATARLI GIRDOB
Ilgʻor pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilarga dam olish maskanlariga bepul yoʻllanma beriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank