O‘zbek kompyuter lingvistikasi yalovbardori

O‘zbek kompyuter lingvistikasi drayveri
Jahon kompyuter lingvistikasi XX asrning 60-yillarida yuzaga kelgan boʻlsa, oʻzbek tilshunosligida ushbu soha 90-yillarda boʻy koʻrsatdi. Chastotali lug‘atlarning yaratilishi, hisoblash mashinalarida statistik tahlillar qilinganligi o‘zbek kompyuter lingvistikasining nishonalari hisoblanadi. Ammo, haqiqiy ma’noda, 2001-yillarda fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdimajid Poʻlatov sa’y-harakati bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Kompyuter lingvistikasi” kafedrasi va laboratoriyasi ochildi. Matematik mantiq, dasturlash asoslari va tilshunoslik sohalarining integratsiyasi asosida yuzaga kelgan mazkur soha o‘zbek ilm-fanida ham bo‘y ko‘rsatdi. Abdimajid Po‘latov kompyuter lingvistikasining amaliy va kelajakdagi olamshumul ahamiyatini chuqur angladi, shu bois o‘z ma’ruzalarida mazkur sohaning mohiyatini targ‘ib qilib, yoshlarni unumli tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishga jalb qildi. Laboratoriyada aynan shunday yoshlarning amaliy ish bilan shug‘ullanishlari uchun texnik imkoniyatlarni ham yaratib berdi. Ustozning kompyuter lingvistikasi bo‘yicha dastlabki shogirdlaridan Nilufar Jo‘rayeva, Azamat Rahimov, Saidolim Jo‘rayev, G‘ayrat Mavlonqulov, Aziz Po‘latov tomonidan Windows operatsion tizimini o‘zbekchalashtirish, avtomatik tarjimon dasturlarini yaratish, gap modellarini ishlab chiqish, matematik mantiq amallarini lingvistik masalalarda qo‘llash bilan bog‘liq ishlar bajarilgan. Ustozning 2006-yildagi hisobi bo‘yicha dunyoning turli joylarida to‘rt yuzga yaqin shogirdlari faoliyat yuritayotgan edi.
Ustoz bilan uchrashuv
2005-yili taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirib, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganligim hayotning menga beqiyos in’omi bo‘ldi. Boisi, mana shu maskanda men o‘zligimni anglaganman. Zabardast olimlardan ilm sirlarini o‘rganganman. Ularning ishonchi va mehriga sazovor bo‘lganman. Universitetdagi har bir lahza uchun taqdirimdan mamnunman. Boshqa talabalar kabi meni ham kompyuter lingvistikasiga yetaklagan inson Abdimajid Po‘latov ustozim bo‘ladi. Ustozni ilk marta birinchi kursda o‘tilgan “Kompyuter lingvistikasi” fanining 1-ma’ruzasida uchratdik va deyarli barcha talabalar dastlabki ma’ruzadan ruhlanib yurdik, aynan men ongimdagi o‘z chegaram sarhadini kengaytira boshladim, imkoniyatlarimni amalda qo‘llashga xohish paydo bo‘ldi. Ustozning aynan til masalalariga matematik nuqtayi nazardan yondashish, tilimizdagi muammolar yechimini hisoblash texnikasi orqali berish, o‘zbek tilini dunyoviy tilga aylantirish choralarini topish borasidagi ma’ruzalari meni shu sohaga yetaklagan va ustozga ergashishga undagan. Domlaning o‘zgacha uslubi shundaki, u har bir talabada kompyuter lingvistikasining muayyan masalasiga mehr uyg‘ota olgan, o‘ziga ergashgan talabani aniq bir yo‘nalish ustida izlanishiga turtki bergan va buni uddalashiga ishonch uyg‘ota olgan. Xususan, Azamat Rahimov tarjimon dasturlarini yaratish, Nilufar Jo‘rayeva gap modellarini ishlab chiqish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Birinchi kursligimizda ustozning “Kompyuter lingvistikasi” fanidagi ma’ruzalarida o‘zbek tilini dunyo tiliga aylantirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq faktlar bilan tushuntirib berishlari, o‘zbek tilidagi ko‘makchi fe’llarning avtomatik tarjimasi g‘aliz chiqishi haqidagi hazilomuz misollari (masalan, yomg‘ir yog‘ib yotibdi, masalani yechib tashladi kabi), o‘zbek tilini raqamli texnika tiliga o‘tkazish tamoyillarini mantiqiy amallar bilan tushuntirib berishlari (aynan matematik mantiq ilmining tilshunoslik uchun ahamiyatini ustozning darslarida anglaganman va shundan mantiq ilmiga qiziqishim uyg‘ongan) meni ham kompyuter lingvistikasiga chorlagan. Kursimizda ustozga ergashgan talabalar besh nafar edik. Domla bilan birinchi kursligimdayoq ishlay boshladim, u har bir ma’ruzasida o‘zbek tilini dunyo tili darajasiga ko‘tarish masalasida bosh qotirar va buning uchun qilinishi lozim ishlar xususida batafsil tushuntirib berardi. Shunday vazifalardan biri o‘zbek tilini formallashtirish ustida ishlash bo‘lib, ustoz meni shu ishni bajarishga undagan. Vazifaga kirishishim uchun Esperanto xalqaro sun’iy tilini o‘rganishimni, uning formal jihatlarini o‘zbek tiliga tatbiq etishim joizligini tushuntirgan. Aniq ko‘rsatmalari bo‘yicha ishga kirishdim.
Ustozning motivatsiyasi
Hamon yodimda, ishga chuqurroq yondashishim, ustozdan yana ko‘plab maslahat olishim uchun yozgi ta’tilni ustozning uylariga har kuni qatnab o‘tkazganman. Aniq ishonch bilan aytamanki, yoshlar ustozdan ilm sinoatlarini o‘rganishdan ko‘ra motivatsiya olish uchun borishardi. Bunday maroqdan bahramand bo‘lish uchun men u bilan har kuni uchrashganman. Ustozning “Sen eng aqllisan, sening aqlliliging chiroyingda husn bo‘lib turibdi”, “Sen eng shirin qizsan”, “Sen dunyodagi eng zo‘r insonsan, buni faqat o‘zing bilmaysan”, “Qobiliyating seni dunyolarga mashhur qiladi” kabi motivatsion (hatto mualliflik) gaplari nafaqat menga, balki ustozga ergashgan har bir yoshga aytilishini bilganman (lekin har bir yosh bu gaplar faqat o‘ziga aytilyapti deb xursand bo‘lardi). Bilsamda, bunday ifodalar o‘z kuchini yo‘qotmagan. Chunki daldali gaplarning o‘z o‘rnida va kerakli vaqtda aytilishi ustozga xos novatorlik edi. Bunday yondashuv katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshga ham yo‘lini topishi, ham ortga chekinmasdan ildamlashi uchun eng maqbul fozillik hisoblanadi. Ha, ustoz Abdimajid Po‘latov talabalarni dunyoviy ilm ila o‘ziga ergashtira olgan va bugungi kunda katta yutuqlarga erishishlarida yalovbardor bo‘lgan inson edi.
“Esperanto tilini bilasizmi?” kitobimning yuzaga kelishi
Ustozning ishonchini oqlash uchun qilgan sa’y-harakatlarim natijasida esperanto tilini to‘liq tadqiq qildim. Shu bois bitiruv-malakaviy ishimda o‘zbek tilini formallashtirishda esperanto tili imkoniyatlari tadqiqi bilan shug‘ullanganman. Natijada “Esperanto tilini bilasizmi?” ilmiy-ommabop nashr yuzaga keldi. Shunda ustoz “hali seni esperantistlar yo‘qlab kelishadi” deganida ahamiyat bermagandim, ammo 2019-yili Butunjahon Esperanto Assotsiatsiyasi boshqaruvi a’zosi men ishlab turgan universitet rahbariyatiga murojaat qilib topganligini eshitib, ustozning shu gaplarini esladim, ko‘zlarimga quvonch yoshi keldi (ruhlari shod bo‘lsin). Hatto kitobim chop etilgan yili “Turkiston” gazetasi muharriri “90-yillardagi talabalarning parolli tili edi bu esperanto tili. Siz endi uning lug‘atini ham nashr ettiring” degandi.
NLPga dastlabki qadam
Ustoz o‘zbek tilini formallashtirish bilan o‘zbek tilini qayta ishlash ishiga poydevor qo‘yib bergan ekan. Hozir jadal rivojlanayotgan tabiiy tilni qayta ishlash (Natural Language Processing – NLP) masalasi o‘zbek tilshunosligi va axborot texnologiyalari sohalarida A. Po‘latov rahbarligida boshlangan. Xullas, tilni formallashtirish bo‘yicha ilk tadqiqotim ustozning da’vati bilan shunday muvaffaqiyatli bo‘lgan. G‘ayratimizni ko‘rib, universitet bizni qo‘yib yubormadi. Magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirdim. Ustozning tavsiyalari bilan o‘zbek kompyuter lingvistikasida hali o‘rganilmagan masala – o‘zbek tilidagi matnlarni avtomatik tahrir va tahlil qilish dasturi modullarini yaratishga bel bog‘ladim. NLPning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanmish matnlarni qayta ishlash masalasiga domlamning yetovi bilan kirishdim. Ustoz ta’kidlaganlaridek, o‘zbek tilini dunyo tillari darajasiga ko‘tarish xohishi yangi yo‘nalishga sho‘ng‘ishimga turtki berdi. Ustozning lingvistik dasturlar uchun leksik baza yaratish xohishi natijasida bugungi kunda yangi formatdagi bir qancha lug‘atlarni nashr ettirdik. 2009-yillarda hali kompyuter lingvistikasi hozirgidek ommalashmagan paytda ustozning birgina “Kompyuter lingvistikasidan yursang yaqin o‘n yillarda seni izlab qolishadi, sen hali juda kerakli mutaxassis bo‘lasan” degan ta’kidlari meni magistraturada o‘qish, keyinchalik ilmiy ishimni davom ettirishga undagan. Haqiqatan ustoz aytganlaridek bo‘ldi: nokamtarlik bo‘lsa-da, ustozning kelajak sohasini chuqur tushungan inson bo‘lganlariga dalil keltirish maqsadida aytaman, men Navoiy shahrida faoliyat olib borayotganimda 2016-yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (ToshDO‘TAU) ochilganida, keyinchalik O‘zbekiston Milliy universitetiga bir necha bor “Kompyuter lingvistikasi” fanlarini o‘qitish uchun chaqirildim. Ammo oilaviy sabablar bilan 2019-yildagina ToshDO‘TAUga taklif qilishganida kelganman. Hozir ustozning o‘sha gaplarini o‘z shogirdlarimga ham yetkazib kelmoqdaman.
Oilaga munosabat
Abdimajid Po‘latov nafaqat ilm sinoatlarini o‘rgatar, zahmatli izlanishning rohatli bo‘lishiga ishontirar, chuqur tadqiqotlarni amalga oshirishimizga o‘zimizda ishonch uyg‘otib, uni kuchaytirar, balki oilaviy hayotga ham tayyorlar edi. Uchinchi kursligimda yonlariga ko‘p borganman, har gal munosib juft topishga undardilar. Tabiiyki, bir muslima sifatida bunday gaplardan uyalardim, ammo ustoz oila eng mustahkam qo‘rg‘on ekanligi va munosib juft tanlanishi ham baxtli hayot garovi, ham ilmiy tadqiqotlarni olib borish imkoniyatlari yaratilishining asosi ekanligini misollar bilan tushuntirardi. “Sen do‘kondagi buyum emassanki, xarid qilishlarini kutib o‘tirsang. Sen insonsan, chiroyli va aqlli qizsan, intellekti yuqori inson bilan oila qurishing kerak, sen shunga munosibsan” der edi. Ustoz aytganlari ro‘yobga chiqib taqdir meni salohiyatli inson bilan yuzlashtirdi. Ustozga unashtirilganimiz to‘g‘risida xabar berganimda, birinchi bergan savoli “Nima ish qilar ekan? Mutaxassisligi nima?” edi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im dasturchi ekanligini aytganimda, xursand bo‘lib “Ana endi o‘zbek kompyuter lingvistikasi rivojlanar ekan” degan edi... Ustoz oila xususida ko‘p so‘zlardi. Shunday kunlarning birida u kishiga turmush o‘rtoqning injiqliklariga qanday chidash mumkin, deya savol berganimda, “shu injiqliklarini seva
bilishing kerak” deb javob bergandi. Bu ustozga xos javob edi (hamon quloqlarimda jaranglab turadi, zarur hollarda tezda eslayman).
Ustoz Abdimajid Po‘latov o‘z oilasini judayam qadrlar, hatto hovlisidagi katta itni ham yaxshi ko‘rardi. Ilmga, oilasiga, tabiat ne’matlari-yu hayvonot olamiga mehr uyg‘otgan keng fe’lli inson edi ustoz. Ko‘p suhbatlarimizda farzandlarining istiqboli va faoliyatidan g‘ururlanib so‘zlardi. Farzandlariga yoshligidan investitsiya kiritganlariga xursand bo‘lardi. Talabalik vaqtimda yozgi ta’tilni ustozning uylarida o‘tkazayotganimda Shahina Po‘latova AQSHdan keldi. Ustozimning sevinchlari hadsiz edi, “San ham qizimsan, Shahina esa katta qizim, opangni Samarqandga bir aylantirib kela olasanmi?” deb qoldi, men-da xursand bo‘ldim. Chunki ustoz ta’riflagan fozila qizlari bilan sayohat qilish menga ko‘p maroq berishi aniq edi. Shunday ham bo‘ldi, birgalikda sayohat qilib, bir olam taassurotlar bilan qaytdik. Shahina Po‘latova menga hayotda hamisha tabassum qilib yurish etikasining ahamiyatini anglatgan.
“Dunyoviy o‘zbek tili”
Abdimajid Po‘latov fizika-matematika fanlarining bilimdonigina emas, o‘zbek tilining fidoyisi ham edi. Ustozning chuqur va teran mushohadasi 2003-yili “Dunyoviy o‘zbek tili” (o‘zbek tilida fe’l shakllari va ularning rus, ingliz tillaridagi ko‘rinishlari) nomli kitoblarining (T. Mo‘minova va I.Po‘latova hammuallifligida) nashr etilishiga olib keldi. Bu o‘zbek tilshunosligida katta yutuq bo‘ldi. Birgina ishlamoq fe’lining 103 mingta shakli hisoblab chiqilgan ushbu kitob tarjimon dasturlari va matnlarni qayta ishlash dasturlari lingvistik ta’minoti uchun muhim manba bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Ustoz o‘zbek, rus va ingliz tillari grammatikasini fe’l shakllari misolida umumiy maxrajga keltirishni katta maqsad qilgan. Navbatdagi ishlarini ot turkumi bilan davom ettirayotgan edi. Mazkur kitob o‘zbekcha shakllangan fikrni rus va ingliz tillarida to‘g‘ri bayon qilishni o‘rgatishga mo‘ljallangan. So‘zim so‘ngida ustozning dunyoni idrok etishidagi falsafiy qarashlari majmuyi hisoblanmish “Hayot formulalari” kitobidagi fikrni keltirishni joiz deb bildim: “Sen nafaqat Vataning, balki butun insoniyat farzandi hamdirsan. Buni unutma”. Ustoz har bir inson o‘z yurtining vatanparvari bo‘lishi bilan birga, dunyo farzandi bo‘lib o‘zini namoyon etishi kerak, degan g‘oyani o‘z shogirdlariga uqtirib kelgan fidoyi inson edi.
Manzura ABJALOVA,
filologiya fanlari doktori (DSc),
Shu kecha va kunduzda
TexVET karyera loyihasi: yutuqlar va kelajak rejalari
GRANT UCHUN KURASH
Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladimi?
Islom – salomatlik targ‘ibotchisi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank