Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladimi?

2025 ̶ 2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatiladi. Hozir o‘qiyotgan yuqori bosqich talabalari o‘qishini sirtqida davom ettiraveradi.
“Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 ̶ 2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilib, kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Shuningdek:
• oliy ta’lim tashkilotlarining muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
• magistratura bosqichida muqobil ta’lim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
• oliy ta’lim tashkilotlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;
• muqobil ta’lim shakllariga talabalarni belgilangan me’yordan ortiqcha qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi hamda litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
Shuningdek, har bir ta’lim tashkiloti tarkibida ichki ta’lim sifati auditini amalga oshirishga mas’ul ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi.
Ta’kidlash joizki, bu qaror dunyo tajribasi va ta’lim sifatini oshirishga bo‘lgan umumiy intilishlarga mos keladi, chunki ko'plab rivojlangan davlatlar an’anaviy sirtqi ta’limdan voz kechib, uni zamonaviy, nazorat qilinadigan masofaviy ta’lim shakllari bilan almashtirmoqda.
Sirtqi ta’limning asosiy kamchiligi uning bilim berish sifatida edi. Talabalar yilda ikki oy davomida oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, chuqur bilim olish, amaliy ko‘nikmalarni egallash va o‘qituvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatidan mahrum edilar. Natijada, sirtqi ta’limni tugatgan bitiruvchilarning diplomlari ko‘pincha ularning haqiqiy bilim va malakalariga mos kelmasdi. Bu holat esa nafaqat shaxsiy rivojlanishga to‘siq bo‘lar, balki mehnat bozorida ham bitiruvchilarning raqobatbardoshligini pasaytirardi.
Hozir uning o‘rniga zamonaviy va samarali muqobil shakllar taklif etilmoqda. Masofaviy ta’lim bugungi kunda dunyo miqyosida eng ilg‘or ta’lim shakllaridan biri hisoblanadi. U talabalarga qayerda bo'lishidan qat’i nazar, istalgan vaqtda va istalgan joyda bilim olish imkonini beradi. Bu ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi, nogironligi bor yoki ishlayotgan shaxslar uchun katta imkoniyat. Kechki ta’lim esa kunduzi ishlaydiganlarga o‘z faoliyatini to‘xtatmagan holda bilim olishga sharoit yaratadi. Ushbu muqobil shakllar sirtqi ta’limga nisbatan ko‘proq interaktivlik, nazorat va amaliyotga yo‘naltirilganlikni ta’minlaydi. Ya’ni, endi o‘qish imkoniyati cheklanmaydi, balki uning sifati oshiriladi.
Munisa ERMATOVA,
O‘zJOKU talabasi
Shu kecha va kunduzda
TexVET karyera loyihasi: yutuqlar va kelajak rejalari
GRANT UCHUN KURASH
Sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladimi?
Islom – salomatlik targ‘ibotchisi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank