“Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi

Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida “Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi
58

Bugun poytaxtimizdagi Yangi Oʻzbekiston universitetida “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi doirasida “Yilning eng quvonchli yangiligi” nomli tantanali tadbir oʻtkazildi. 



Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Yangi O‘zbekiston universiteti va yangi o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlayotgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati hamkorligida tashkil etilgan tadbir Prezidentning joriy yil 15-maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-86-son Farmonida belgilangan muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi. Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari,ommaviy axborot axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 



Tadbirda ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus 3 muhim yoʻnalishni qamrab oladi va ular mamlakatimiz kelajagini shakllantirishda asosiy oʻrin tutadi:

•  Birinchi yoʻnalish – “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi. Ushbu dastur mamlakat boʻylab saralab olingan 1500 nafar eng qobiliyatli 9-sinf bitiruvchilarini jahondagi yetakchi universitetlarga tayyorlashga moʻljallangan. 

Milliy dastur ishtirokchilariga Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning malakali maslahatchilari biriktiriladi. Bu maslahatchilar oʻquvchilarga oliy taʼlimga kirish uchun zarur bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish, portfolioni kuchaytirishda yordam beradi. 



•  Ikkinchi yoʻnalish – Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining tashkil etilishi. Bu maktab har yili Oʻzbekistonning eng iqtidorli 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar oʻquvchini qabul qiladi. Maktab xalqaro standartlarga mos taʼlim berib, dunyoning ilgʻor pedagogik tajribalaridan foydalanadi. Taʼlim dasturi International Baccalaureate diplomi bilan yakunlanadi, bu esa bitiruvchilarga dunyoning yetakchi universitetlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkoniyatini beradi.


Ma’lumot o‘rnida, maktabga qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi: 1-bosqichda har bir hududda matematika va ingliz tili fanlaridan 40 tadan test savoli asosida 100 ballik tizimda saralash imtihoni boʻlib oʻtadi va eng yuqori ball toʻplagan 300 nafar oʻquvchi Toshkent shahridagi 2-bosqichga oʻtadi. Ikkinchi bosqichda ham matematika  va ingliz tilidan yozma imtihon oʻtkazilib, yakuniy natijalarga koʻra 60 nafar eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchi maktabga qabul qilinadi. Qabul 25 iyunga qadar davom etadi.


•  Uchinchi yoʻnalish – Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati. Bu Hamjamiyat mamlakatning eng isteʼdodli yoshlarini Prezident maktabi, Al-Beruniy xalqaro maktabi, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini birlashtiradi. Yoshlar davlat organlari va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqot qilish, mamlakat rivojiga doir muhim qarorlarda fikr bildirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, Hamjamiyat tomonidan yoshlar uchun xalqaro miqyosdagi forumlar, konferensiyalar va treninglarga qatnashish imkoniyati yaratiladi va ular yetakchi ish beruvchilar bilan bevosita bogʻlanadi.



Shuningdek, mamlakat rivojiga sezilarli hissa qoʻshayotgan fidoyi mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Yangi Oʻzbekiston poydevorlari” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bu jamiyatda fidoyilik va kasbiy yuksaklikni qadrlash madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish