Tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi

Jarayon Tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi
113

Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar bilan muloqotda yoshlar siyosatiga oid bir qator muhim va dolzarb masalalar ko‘rib chiqilmoqda.


 Aholining 60 foizini yoshlar tashkil qilmoqda


Ta’kidlanishicha, mamlakatda aholining 60 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Yoshlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.


Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlarimizdan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi.


O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi.


Talaba qizlar soni 11 karra ko‘paygan


Ilgari oliy ta’limda biro ‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.


Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.


O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.


Yoshlar agentligiga bir qator vazifalar yuklandi


Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi.


Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.


Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 3 ta hujjat imzolandi


Prezident bugun yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini e’lon qildi.


Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.


Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.


Bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda. Shu bois, ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.


Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.


Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.


O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha mtiyozli mikroqarz ajratiladi

Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi. Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.


Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7-yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.



Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi


Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3-yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.


“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish