Tarixiy xaritalar yo‘qligi dars sifatini tushirmoqda
7.webp)
Xorazm vohasi Amudaryo deltasining o‘ng va chap qirg‘og‘idagi tekislikda joylashgan. Bu hududda tarixning turli davrlarida turli nomlarda davlatlar vujudga kelgan bo‘lsa-da, asosan, Xorazm tarixida ikkita siyosiy nom: qadimgi davrdan XIII asr o‘rtalariga qadar Xorazmshohlar davlati va XVI asr boshlaridan to XX asr boshlarigacha Xorazmni idora etgan Xiva xonligi deb ataluvchi siyosiy birliklar muhim o‘rin egallaydi.
Xorazm tarixi Amudaryo bilan chambarchas bog‘langan. Qadimgi Xorazm shaharsozlik madaniyati daryoning o‘ng irmog‘ida rivojlangan bo‘lsa, o‘rta asrlarda bu chap qirg‘oqqa ko‘chganini ko‘rishimiz mumkin. Amudaryoning o‘z yo‘nalishini tez-tez o‘zgartirib turishi shaharlarning kelgusi taqdirini belgilab bergan. Shu sabab o‘rta asrlarda o‘ng qirg‘oqdagi ko‘plab shaharlar qum ostida qolib unutilgan bo‘lsa, XVII asrda Gurganj bosh shahar maqomini qo‘ldan boy berdi. Bu esa xonlikning tabiiy, siyosiy, aholi, xo‘jalik tarixiy geografiyasiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Ta’lim berish jarayonida asosiy e’tibor o‘quvchilarning tarixiy xotirasini, eslab qolish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilishi zarur. Ayniqsa, 6-sinfdan 11-sinfgacha Xorazm vohasi tarixi bilan bog‘liq mavzularda o‘quvchilar eng ko‘p qiynaladigan, tez esidan chiqarib qo‘yadigan ma’lumotlarni qiziqarli, tushunarli qilib o‘quvchilar xotirasiga muhrlab qo‘yish o‘qituvchidan katta mahorat talab qiladi.
Ushbu maqolada “O‘zbekiston tarixi” fani doirasida qadimdan Xorazm vohasi deb, darsliklarimizda XVI asrdan Xiva xonligi deb ataluvchi tarixiy viloyatni tarixiy-geografik, kartografik ma’lumotlar yordamida o‘rganish bo‘yicha tavsiyalarim bilan o‘rtoqlashaman.
6-sinf darsligida Xorazm hududi haqida ikkita mavzu doirasida (19-20-§, 38-39-§) ma’lumotlar berilgan. O‘quvchiga tushuntirishda asosiy urg‘uni Amudaryoga qaratish zarur deb hisoblayman. Gidrosentrizm g‘oyasi – suv markazlarida paydo bo‘lgan ilk sivilizatsiyalar Misr−Nil, Mesopatamiya−Dajla va Frot, Hindistonda Hind va Gang, Xitoyda Xuanxe va Yanszi daryolari ortidan yaratilgan buyuk madaniyatlar kabi Xorazmga odamlar kelib o‘rnashishi, yuksak taraqqiyotga erishishi Amudaryo nomi bilan bog‘liq. Chunki Amudaryo haqida umumiy bilimga ega bo‘lgan bola 8–10-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida Xiva xonligi tarixi, qoraqalpoqlar mavzularida ham qiynalmaydi. “Gandimiyon shartnomasi” imzolanganida daryoning o‘ng sohili ruslar, ya’ni Turkiston general-gubernatorligi tasarrufiga o‘tgani, Amudaryo bo‘limi markazi – Petro-Aleksandrovsk (To‘rtko‘l), qoraqalpoqlar soliqlari, umumiy soni; chap sohil yerlari esa Xiva tasarrufida qolganligi, bu xonlik hududining 3 baravar qisqarishiga sabab bo‘lganligini yaxshi anglab yetadi.
Amudaryo qadimdan Oks, Araks, Jayhun deya turlicha nomlanib kelgan, bugungacha asosiy suv manbayimiz bo‘lgan daryo sanaladi. Tarixchi, arxeolog Y.G‘ulomov yozishicha, Amudaryo Hindikushning shimoliy yonbag‘irlaridan, deyarli 4000 metr balandlikda joylashgan muzliklardan boshlanib, uning quyi oqimi Tuyamo‘yindan boshlanadi. Amudaryoning quyi oqimi Pitnak yaqinidagi Tuyamoʻyin qisigʻidan to Orol dengiziga qadar boradi. Qadimgi Xorazm shaharsozlik madaniyati daryoning o‘ng irmog‘ida rivojlangan bo‘lsa, o‘rta asrlarda bu chap qirg‘oqqa ko‘chganini ko‘rishimiz mumkin. Amudaryoning o‘z yo‘nalishini tez-tez o‘zgartirib turishi shaharlarning kelgusi taqdirini belgilab bergan.
10-sinf “O‘zbekiston tarixi”da XX asrning 60-yillaridan O‘zbekistonda paxta monokulturasi sabab o‘zlashtirilgan cho‘llar, qo‘riq yerlar, yangi shaharlarning paydo bo‘lishi haqida ma’lumotlar beriladi. Amudaryoning o‘rta oqimi suvlaridan xalq xo‘jaligida ayovsiz foydalanish juda katta ekologik muammo – Orol fojeasini keltirib chiqardi. Orolqum – dunyodagi eng yosh cho‘lga aylandi.
Amudaryo haqida tarixiy-geografik, kartografik ma’lumotlarga ega o‘quvchi 11-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida beriladigan Amudaryo yuqori oqimida Tojikiston qurayotgan Rog‘un GESi, bugungi kunda Afg‘onistonda Tolibonlar tomonidan qazilayotgan Qo‘shtepa kanali, umuman transchegaraviy muammolarimizni yaxshi anglab yetadi.
O‘quvchilarga yoshligidan xaritani yaxshi o‘rgatib borish zarur. Xaritani bilgan o‘quvchi mavzularni oson tushunadi, tarixni mantiqan yaxshi anglaydi. Geografik tomonlarni o‘rgatishda o‘quvchi xaritani eslab qolish, yoki doska tomonlari bilan shimol, sharq, janub, g‘arb qaysi tarafligini bilsa, mavzularda tomonlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni yodlashda qiynalmaydi. Yuqori sinflarda ham hali xaritani yaxshi bilmaydigan o‘quvchilar borligini ko‘rib, 6-sinf o‘quvchilariga dars mobaynida ko‘proq xarita bilan bog‘liq savollar, o‘yinlar tashkil qilishga harakat qildik. “Amudaryo qayerda joylashgan?”, “Oqim yo‘nalishini ko‘rsating”, “Quyi Amudaryo qayerda joylashgan?”, “Amudaryoning o‘ng va chap sohillari qayerda?” kabi savollarga javob berib, keyingi darsda takrorlaganimizda ayrim o‘quvchilar buni chalkashtirib yuborishdi. Shunda Konfutsiyning “Eshitdim−unutdim. Ko‘rdim–eslab qoldim. Bajardim−tushundim” degan mashhur iborasi esimga tushdi. O‘quvchilardan ikki qo‘lini yonboshga cho‘zishlarini so‘radim. Amudaryo bo‘lib janubdan shimolga qarab yuring, qaysi tomoningiz o‘ng, qaysi tarafingiz chap deganimda ular chug‘urlashib to‘g‘ri javob berishdi. Endi ular xaritada bugungi Xorazm chap sohil, Oqchaxonqal’a, Tuproqqal’a, Jonbosqal’a, Qo‘yqirilganqal’a kabi shahar va qal’alar o‘ng sohilda ekanligini yaxshi bilib olishdi. Ular katta sinfga o‘tganlarida ham Amudaryo bo‘limi o‘ng sohilda ekanini yaxshi tushunishadi deb umid qilamiz.
Karta – bu tarixiy hujjat bo‘lib, voqealar davomiyligi haqida hikoya qiluvchi, vayron bo‘lgan va yana tiklangan shaharlar, daryo o‘zanlarining o‘zgarishi, unutilgan qadimgi sug‘orish inshootlari, xalqlar tarixini hududlar bilan bog‘lab o‘rganadi. Rim imperiyasida kartografik tasvirlarni tabula (doska) deb atashgan. Kartografik tasvirlarga nisbatan “karta” so‘zining qo‘llanishi Uyg‘onish davrida boshlanib, bu lotincha “charta” (varaq, qog‘oz) so‘zidan olingan. Bu so‘z ilk bor Portugaliyada XIV asr kartalarida uchraydi. Karta so‘zi yozuv uchun mo‘ljallangan papirus varag‘i degan ma’noni bildiradi. Kartografiya taraqqiyoti asrlar davomida shakllangan oddiy chizmalardan toki aniq ishlangan kartalar yaratilishigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Katta bir kartaning mazmunini 100 sahifalik jiddiy ilmiy matnga tenglashtirish mumkin.
Bugun o‘quvchi-yoshlarimizning asosiy maqsadi OTMlarga yuqori ball to‘plab o‘qishga kirish ekan, xaritani yaxshi bilishlari shart. Bundan tashqari, fan olimpiadalari, milliy sertifikat imtihonlarida yaxshi natijani qo‘lga kiritish uchun o‘z ustida ko‘proq ishlamasa bo‘lmaydi. Chunki test bazamizga yangi usuldagi har xil murakkab (Eyler-Venn diagrammali, jadvalli, rasm-xaritali) testlar kirib keldi.
Ana shunday yangi usuldagi testlarni yechishga o‘rgatish uchun o‘quvchi bilan darsdan keyin ko‘proq shug‘ullanib, tarixiy dunyoqarashini, mantiqiy fikrlashini rivojlantirishimiz kerak.
Buning uchun o‘quvchi xaritani yaxshi bilishi zarur. Biz tarixchi ustozlarning eng katta muammosi – tarixiy xaritalarning yo‘qligi sanaladi. Darslarda umumgeografik, siyosiy xaritalardan foydalanamiz. Maxsus mavzuga doir tarixiy xaritalar chop etilsa, o‘qituvchilarning ish samaradorligi yanada ortgan bo‘lar edi. Yangi darsliklarda ham xaritalarni ko‘paytirish zarur. Bugun virtual olam bu borada ancha ilgarilab ketdi. O‘quvchilarning bunga kuchli qiziqishi borligini hisobga olib, quyidagi xaritali o‘yinlardan foydalanib ko‘rdim va ular dars samaradorligini oshirishga hissa qo‘shgani bois boshqa hamkasblarimga ham ulardan foydalanib ko‘rishni tavsiya etaman.
Telefonda foydalanish uchun havola:
https://play.google.com/store/apps/details?id=com.asmolgam.maps
Kompyuterda foydalanish uchun:
https://www.geoguessr.com/vgp/3188
https://www.playgeography.com/
https://www.sporcle.com/games/g/world
Rayhon XOLMETOVA,
Yangibozor tumanidagi
20-maktabning oliy toifali
tarix fani o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
“Boburnoma”da shaxmat
Toifa olish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlanishiga 7 kun qoldi!
Tarixiy xaritalar yo‘qligi dars sifatini tushirmoqda
Tavsiyanomali abituriyentlar uchun o‘tish ballari pasayishi kutilmoqda
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank