Tomorqadan bozorga: yangi platforma dehqon daromadini oshirishga qaratilgan

Jarayon Tomorqadan bozorga: yangi platforma dehqon daromadini oshirishga qaratilgan
41



Bugungi kunda tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklar uchun eng muhim masalalardan biri – mahsulotni nafaqat sifatli yetishtirish, balki uni to‘g‘ri, samarali va eng muhimi, munosib narxda sota bilishdir. Chunki mehnatning haqiqiy qadri mahsulotning bozorga qanday chiqishi va u yerda qanday baholanishiga bog‘liq. So‘nggi yillarda aynan shu yo‘nalishda yaratilayotgan imkoniyatlar dehqonning iqtisodiy faolligini oshirish, uning daromadini ko‘paytirish va mehnatiga munosib baho berilishiga xizmat qilmoqda.


 “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan “Mening tomorqam” platformasi ham shu maqsadga qaratilgan. Bugun Hyatt Regency Tashkent konferensiya zalida ushbu platformaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda davlat va moliya tizimining turli bo‘g‘inlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, tijorat banklari, qator vazirlik va idoralar, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti vakillari ishtirok etdi.




Taqdimot davomida ta’kidlanganidek, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, bank sektorini raqamlashtirish va moliyaviy xizmatlarni kengaytirish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar qishloq xo‘jaligi sohasiga ham faol tatbiq etilmoqda. Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.


Mazkur platforma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi tegishli farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun yagona raqamli xizmat maydonini yaratadi. Platforma orqali foydalanuvchilar nafaqat maslahat va ma’lumot olish, balki moliyaviy xizmatlardan foydalanish, mahsulotlarini sotish va bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


“Mening tomorqam” platformasining asosiy ustunliklaridan biri – uning kompleks yondashuv asosida ishlab chiqilganidir. Xususan, platformada:

•  marketpleys orqali mahsulotlarni sotish va xarid qilish, 

•  eskrou va billing tizimi yordamida xavfsiz to‘lovlarni amalga oshirish, 

•  logistika xizmati orqali mahsulotlarni “eshikdan eshikkacha” yetkazib berish, 

•  kredit va boshqa xizmatlar uchun onlayn ariza topshirish, 

•  e’lonlar joylashtirish, 

•  ta’lim modullari orqali bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatlari yaratilgan. 




Bu imkoniyatlar dehqon uchun bozorga chiqish zanjirini soddalashtirib, vositachilarga qaramlikni kamaytiradi hamda mahsulotni bevosita iste’molchiga yetkazish orqali daromadni oshirishga xizmat qiladi.


Shuningdek, platforma doirasida tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimlashtirilib, yer maydonlari, ekin turlari, hosildorlik, eksport hajmlari kabi muhim ko‘rsatkichlar yagona bazada yuritiladi. Bu esa sohada tahlil va rejalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.


E’tiborlisi, platforma mobil ilovasida urug‘, o‘g‘it, suv va yer maydoniga oid hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi maxsus kalkulyator ham joriy etilgan. Bu esa dehqonning qaror qabul qilish jarayonini ilmiy asoslashga yordam beradi.


Bundan tashqari, foydalanuvchilar uchun moliyaviy xizmatlar ham sezilarli darajada qulaylashtirilgan: ular mobil ilova orqali to‘lovlarni amalga oshirish, virtual karta ochish, bank kartasiga buyurtma berish hamda mablag‘larni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Alohida ta’kidlash joizki, platforma Kiberxavfsizlik markazi tomonidan uch bosqichli ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olgan. Bu esa tizimning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlaydi.


Umuman olganda, “Mening tomorqam” platformasi qishloq xo‘jaligida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, dehqon va fermerlarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning mehnatini yuqori qo‘shimcha qiymat bilan baholashga xizmat qiladigan muhim vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda.


Shu tariqa, dehqonning faqat ishlab chiqaruvchi emas, balki to‘laqonli bozor ishtirokchisiga aylanishi uchun zarur sharoitlar bosqichma-bosqich yaratilmoqda. Bu esa nafaqat individual daromadlarni oshiradi, balki mamlakat agrar sektorining barqaror rivojlanishiga ham xizmat qiladi.


Davlatimiz rahbarining qarori asosida “Uzagrostar xolding” fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga tuproq tahlilidan tortib, mahsulotlarni qayta ishlash va yuqori qiymatli bozor topishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda yaqindan ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Xususan, qarorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish vazifasi yuklangan. Mazkur topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi qoshida “Agrostar konsalting” tashkil etildi. 




Tadbir doirasida “Uzagrostar xolding” muassisligidagi “Agrostar konsalting” va 21 ta ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan tadbirkorlar bilan hamkorlikda tayyorlangan milliy brend ostidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish