Turkona harbiy istilohlar so‘zligi

Xazina Turkona harbiy istilohlar so‘zligi
882

Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyati, azaliy qadriyatlari, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratadi. Shu ma’noda, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana, azaliy qadriyatlarimizga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu jihat, o‘z navbatida, xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini kundalik hayotda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi. 


2021-yil 12-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tgan Xavf­sizlik kengashi yig‘ilishida harbiy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar qalbida asrlar davomida shakllangan milliy ruh, Ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlar, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning harbiy mahoratidan keng foydalanish muhimligi e’tirof etildi. Shundan kelib chiqqan holda, mudofaa va huquqni muhofaza qiluv­chi organlar faoliyatiga davlat tilini keng tatbiq etish hamda harbiy terminologiyani boyitish masalalari bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘ri­sida”gi Farmonda ta’kidlanganidek: “Eng avvalo, ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda. Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zi­ning haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish oldimizda muhim vazifa bo‘lib turganini qayd etish lozim”. Qolaversa, e’tirof etish joizki, bugun nashr qilinayotgan kitob­lar, asarlarda ulkan miqdorda ijtimoiy-siyosiy, madaniy-iqtisodiy, va ayniqsa, harbiy terminlar uchraydiki, ularning ma’no-mazmuni bugungi kun o‘quvchisi uchun har doim ham tushunarli bo‘lavermaydi. Ushbu vazifalar­ning amaliy ifodasi o‘laroq, yaqinda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyevning “Tarixiy harbiy terminlar lug‘ati” nomli asari nashr etildi. Muallif tomonidan qariyb 50 yil davomida qo‘lyozma va nashrlar asosida to‘plangan harbiy terminlar joy olgan mazkur lug‘atda O‘rxun-Enasoy bitiklari, eski turkiy til obidalari va eski o‘zbek adabiy tili manbalarida qo‘llanishda bo‘lgan, hozirgi kunga kelib tarixiy yoki arxaik so‘zlar sirasiga kirib qolgan 2592 ta harbiy terminning ma’no nozikliklari yodgorliklardan keltirilgan ash­yoviy misollar yordamida ochib berilgan.


Lug‘at maqolalari qat’iy alifbo tartibida joylashtirilgan, har bir termin yirik qora harflar bilan berilgan bo‘lib, istilohlar izohini tasdiqlovchi misollarning qaysi asar, qo‘lyozma yoki nashrlarga oidligi aniq ko‘rsatilgan. Masalan, AJZCHI – yo‘lboshlovchi, yo‘l ko‘rsatuvchi, qulavuz: Ajzchimiz bu sayrlarda Yusuf ko‘kaltosh edi. BN (“Boburnoma”), 254; ALPAG‘UT – botir, jasur, qahramon; pahlavon; sara askarlar; harbiy zodagonlar: Alpag‘utin azirdi. MK (Mahmud Koshg‘ariy), I,161; BUZG‘UVCHI – mag‘lub qiluvchi, yakson etuvchi, yo‘q qiluvchi:

Ishqdur olg‘uvchi kishvarlarni, Ishqdur buzg‘uvchi lashkarlarni. SHN (“Shayboniynoma”), 77-11; BUQI – pistirma, pistirmada yotganlar: Nogoh ikki tarafdin mo‘g‘ulning buqisi musulmonlarg‘a ot soldilar. SHT (Shajarayi turkiy), 62-b; BAYDAQ – bayroq, alam: ...alam va baydaqlarni ko‘tarib, Rustamoso hamlalar bila ot solib, xandaqg‘a kirdilar. RD (Riyoz ud-davla, Ogahiy), 57.


O‘rxun-Enasoy runik bitiklari, xitoy va arab muarrixlari qalamiga mansub tarixiy asarlar shundan dalolat beradiki, qadimgi turkiy qabila va urug‘lar ko‘pdan ko‘p harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan. Harbiy ish ko‘pgina xalqlarda bo‘lgani kabi ko‘k turklar uchun ham umumxalq xarakteriga ega edi. Ular juda yoshlikdan harbiy ish bilan shug‘ullana boshlagan. Harbiy mashg‘ulotlar har bir fuqaro uchun maj­buriy hisoblangan. Natijada harbiy qurilish, harbiy ish va harbiy san’at bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi istilohlar tizimi qadimgi turkiy tilda vujudga kelgan va faol qo‘llangan. Shu bois, lug‘atda ko‘k turk bitiklarida ifodalangan harbiy terminlar izohiga alohida e’tibor qaratilgan: AYG‘UCHI – harbiy maslahatchi, harbiy kengashchi; YABFU//YABFU//YAFG‘U – turk xoqonligida qo‘shinning so‘l qanot qo‘mondoni; YADAG‘ – piyodalar, piyoda askarlar; SU BASHI//SU BASHCHISI – sarkarda, lashkarboshi; ELTABAR – Ikkinchi Turk xoqonligida tobe yurtlar rahbari; sarkarda, lashkarboshi; KO‘RUG – ayg‘oqchi, josus; SUNGUSH//SUNUS – jang; urush kabi.


Lashkarni boshqarish, tartibga solish, yov kuchlarini mahv etish o‘ta sharafli, ayni chog‘da, o‘ta mas’uliyatli va og‘ir vazifa bo‘lib, unga yetuk, ziyrak kishilar loyiq deb qaralgan. Lashkarboshining qo‘rqmas va jasoratli bo‘lishi zarur sanalgan. Chunki ochiqqo‘l, saxiy askarboshi atrofida bahodir va jasurlar yig‘iladi, ular el-yurt yo‘lida jonlarini fido qiladi. Dovyurak va aqlli, jasur sarkarda or-nomusi uchun dushman bilan to‘qnashadi, sanchishadi, o‘ch olishdan qayt­maydi, halokatga uchrasa ham urushib, kurashib jon beradi. Qo‘rqoq lashkarboshi qo‘shinni buzadi, natijada lashkar parokandalikka yuz tutadi, undan sabr-matonat yuz o‘giradi. Shu ma’noda lug‘atda ALP (botir, bahodir, jasur), BEGLAR BEGI (bosh qo‘mondon), CHIYRA (g‘olib, muzaffar; botir, pahlavon), ERAN (qahramon, jasur; askar, jangchi; qo‘shin), ICHKI (saroy beklari, hukmdorning yaqin beklari: xos amaldor), QURBOSHI (tungi otliq soqchilar boshlig‘i), OTQUCHI// OTQUVCHI, OTIM//ATIM, OTASHBOZ (mergan, mohir jangchi) atamalari sharhiga ahamiyat berilgani diqqatga sazovordir. Sir emaski, jangning qanday yakunla­nishi aynan qahramon, mard askarlarning sa’y-harakatiga bog‘liq. Yurish chog‘ida tarkib tajribali jangchilardan tanlanishi, ayg‘oqchilar keltirgan ma’lumot asosida g‘animga zarba berish, lashkargoh tanlashga alohida e’tibor qaratilishi, hushyorlikni qo‘ldan bermaslik, g‘aflatda qolmaslik, yov­ga nisbatan hiyla qo‘llash, g‘anim bilan yarashishning imkoniyati paydo bo‘lgan kezda undan foydalanish, bitimga kelishish singari masalalar muhim sanaladi. Lug‘atda аjdodlarimizning bu boradagi harbiy mahorati TUSHUN (qo‘shin to‘xtaydigan manzil, qo‘shin dam oladigan joy), YAZAK (razvedkachi guruh), AL (hiyla), YO‘RTAVUL//YO‘RTAG‘UL (o‘lja oluvchi, chopqin qiluv­chi otliq guruh), YARASH (bitim, sulh), YARIQ (zirh, sovut), BOSQIN (hujum; g‘a­laba), BULG‘AVUL (ayg‘oqchi, razvedkachi bo‘linma) terminlari tahlili orqali ko‘rsatib berilgan.


Ko‘k turk xoqonligi qo‘shinidagi harbiy mansab, lavozim va unvonlarni anglatishga xizmat qilgan istilohlarning aksariyati Qoraxoniylar davrida qo‘llanishda davom etgan. X asr oxiri – XII asrda Markaziy Osiyoning katta hududida turkiy davlatchilik an’analari zaminida shakllangan Qora­xoniylar saltanati qurolli kuchlari qurilishi masalalari Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Mahmud Koshg‘ariyning arab tilida tuzilgan “Devonu lug‘otit-turk” asarida ifodasini topgan. Qoraxoniylar davlati bir qator uluslardan tashkil topgan bo‘lib, qo‘shin otlig‘ va yadag‘ (piyoda askar)lardan tashqari, o‘qchi – yoy otuvchi, ya’ni kamonkashlardan shakllantirilgan. Asosiy kuchlardan ancha oldinda ayg‘oqchilik va razvedka ishlari bilan band bo‘lgan otliqlar guruhi – tutg‘oq yurgan. Markaziy qism, ya’ni o‘rtu piyoda o‘q-yoychilar (o‘qchi, o‘q yoychi) hamda og‘ir qurollar bilan jihozlangan soqchi guruhlar – yo‘rtug‘ yordamida kuchaytirilgan.


Chingizxon boshliq mo‘g‘ul istilochilarining kuchli zarbalari ostida Xorazm va Movarounnahrdan siqib chiqarilgan Sulton Jaloliddin XIII asrning 20-yillarida Shimoliy Hindiston, Afg‘oniston, Eron, Kav­kazorti, Iroq yerlarida qisqa muddatga bo‘lsa-da, ajdodi Anushtegin (hukmronlik davri 1077–1079) asos solgan Xorazmshohlar saltanatini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan edi. Jaloliddin tuzgan qo‘shinda rang-barang harbiy mansab va unvonlar tizimi mavjud bo‘lgan. Binobarin, lug‘at yordamida Xorazmshoh qo‘shiniga rahbarlik qilgan quyidagi mansabdorlar xususida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Masalan, oliy harbiy-ma’muriy lavozim biyga, biy­dan keyingi ikkinchi oliy harbiy-ma’muriy mansab inoqqa, bosh qo‘mondonlik vazifasi sipohsolorga, qo‘shinlar holatini nazorat qilish nozirga, yirik askariy qo‘shilmalar­ning sarkardaligi xon va amirlarga, shahar hokimligi, uning harbiy ishlari shihnaga, qal’a, qo‘rg‘on, hisor mudofaasi kutvolga, bo‘lukka sarkardalik qilish sarhangga, lashkar son-sanog‘ini olish muhosibga, bayroq ko‘tarish, alamdorlik vazifasi alamkashga topshirilgan.

“Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, harbiy san’at sir-asrorini bilgan, dushman safini parokanda qilish yo‘l-yo‘riqlarini yaxshi egallagan, mushkul paytlarda dadil hara­kat qiladigan, hech qanday to‘siqdan tap tortmaydigan, qo‘shinda yuz berishi ehtimoldan xoli bo‘lmagan tartibsizlikni vaqtida bartaraf eta oladigan yovqur va mohir jangchilargina lashkarboshilikka qo‘yilgan. 


Temuriylar saltanatida mahalliy sulola vakillari yoxud nomdor sarkardalarga davlat oldidagi xizmatlari evaziga dorug‘a lavozimi berilgan va ular nafaqat qal’a, qo‘rg‘on yoki shaharning harbiy komendanti, shu­ningdek, muayyan hududning rahbari sifatida faoliyat yuritib, harbiy, fuqarolik va moliya masalalarida mas’ul hisoblangan.  Amir Temur, Temuriylar va o‘zbek xonlari qo‘shinida o‘n ming askardan tashkil topgan korpus, diviziya qo‘mondoni ma’nosini ifodalashda tumanbegi bilan yonma-yon tuman amiri, tuman aqosi istilohlari ham qo‘llanishda bo‘lgan. “O‘n ming kishidan iborat harbiy qism (diviziya) qo‘mondonligi” ma’nosini ifodalash tuman amirligi va tuman begligi terminlariga yuklatilgan. Sohibqiron armiyasida 50 nafardan 100 (ba’zan 500) nafargacha jangchilardan tashkil etilgan harbiy bo‘linmalar ham mavjud bo‘lib, ularga qo‘shunbeglari, tez hara­kat qiladigan otliq guruhlarga ilg‘orbegi rahbarlik qilgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, qo‘shin bo‘luk  – polk va tuman – diviziya, dapqur – bo‘linma, otryad, ming – ming askar­dan iborat harbiy qism, o‘n – o‘n kishidan iborat harbiy bo‘linmaga ajralgan.


Bobur va Boburiylar davrida harbiy faoliyat, jang usullarining xos shakllari amal qilgan. Bu o‘z navbatida, muayyan harbiy istilohlar tizimini shakllantirgan: cherig, lashkar (qo‘shin), xossa tobin (hukmdorning xos gvardiyasi), bo‘y (hukmdorning qarindoshlaridan tuzilgan xos gvardiyasi, soqchi guruh), to‘lg‘ama (qo‘shinning aylanma harakati, dushmanning qanotiga qilinadigan otliqlar hujumi; ortdan hujum qiluvchi otliq askarlar), tura (odam bo‘yiga barobar keladigan qalqon), otg‘uvchi (o‘qchi), sipoh (askar), navkar (askar), yayog‘ (piyoda), tufak//tufang (miltiq), miltiq, tufangandoz (miltiqchi), miltiqchi va hokazo. O‘rta Osiyo xonliklarida qurolli kuchlarni boshqarishning o‘ziga xos tizimi shakllangan. Jumladan, Buxoro amirligida harbiy mansablar pillapoya (iyerarxiya)sida otaliq – bosh qo‘mondondan keyin qo‘shbegi, undan so‘ng harbiy maslahatchi – inoq joylashgan. Mansablar pillapoyasining beshinchi poyasi­dan qarovulbegi (ayg‘oqchi guruh boshlig‘i), oltinchisidan miroxur (otboqarlar boshlig‘i), yettinchisidan esa to‘qsoba (o‘z tug‘iga ega bo‘lgan harbiy qism sarkardasi, polkovnik) o‘rin egallagan. Amirlikda, shuningdek, to‘pchiboshi (to‘pchilar sardori, to‘pchilar boshlig‘i), yasavulboshi (yasovullar boshlig‘i), jibachi (sovut yasovchi) kabi istilohlar bilan atalgan harbiy amaldorlar faoliyat yuritgan. Lug‘atda mazkur harbiy istilohlar tavsifiga ham katta o‘rin ajratilgan.   


Lug‘atda terminlarning tarixiy etimologiyasi, ya’ni qaysi tilga oidligi (ALAM ar. bayroq, alam; SADAJOT f. yuzliklar, yuz kishidan iborat harbiy bo‘linmalar; BALOR hind. xanjar, shamshir, qilich; BAXSHI xit. kotib, mirza; askarlar sonini aniqlovchi; SUDAR//SAVDAR mo‘g‘. xizmatkor, navkar, xos xizmatkor), ayrim atamalarning ko‘plik (birlik) shakllari (ASKAR (ko‘pl. ASOKIR) ar. qo‘shin, lashkar; ASIR (ko‘pl.USARO), QILO’ (birl. QAL’A) ar. qal’alar, qo‘rg‘onlar; A’DO (birl. ADUV) ham qayd etilgan.  Agar istiloh bir necha ma’no kasb etgan bo‘lsa, ular ham lug‘atda tavsiflangan holda ma’nolar 1. 2 kabi raqamlar bilan ko‘rsatilib, bir-biridan vergul bilan ajratilgan: CHARGA – 1. o‘rab olib, tutish doirasi (ovda); ov, shikor; 2. askariy guruh, to‘da; qator; CHAVUSH – 1. yasovul, eshik og‘asi; 2. jangda jangovar saflarni tartibga soluvchi, dam olish vaqtida askarlarni zulm qilishdan saqlovchi harbiy, ofitser; BOSHOQ//BASHOQ – 1. o‘q uchi, paykon; 2. nayzaning uchi; QO‘SH – 1. lashkargoh, o‘rdugoh; 2. qism, guruh (otryad) va h.k.


Lug‘at maqolalarini berishda terminlar asos qilib olingan, biroq tarixiy voqelikni kengroq anglatishni ko‘zda tutib, ba’zi birikmalar ham keltirib o‘tilgan o‘rinlar uch­raydi. M.: QO‘L – tomon, taraf; qism;cherigi – qo‘shin markazida joylashgan qism; hiravuli – markaziy qismning ilg‘ori (avangardi); BERK – mustahkam, mahkam, pishiq mudofaaga ega; qo‘rg‘on mustahkam qo‘rg‘on, mudofaa istehkomlariga ega bo‘lgan qo‘rg‘on; JANKI||JANQI – mo‘g‘. kengash, maslahat, mashvarat; qil= kengash qilmoq, mashvarat qilmoq; KUR – botir, jasur, qo‘rqmas, mard; alp –  jasur, botir; yuraklig – jasur, qo‘rqmas singari. Bundan tashqari, lug‘atda bugun harbiy faoliyatda qo‘llanishda bo‘lgan xorijiy o‘zlashma terminlarning o‘rniga o‘zbekcha muqobillari ham tavsiya qilingan. Masalan: ayg‘oq – razvedka, bo‘lik – polk, ellikboshi – vzvod komandiri, mingboshi – brigada komandiri, o‘nbegi – bo‘lim komandiri, o‘ran – parol, qopqoq – lyuk, qumbura – bomba, soqchi – patrul kabi. Anglashiladiki, lug‘atda o‘zbek harbiy terminologiyasining shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, xususan, Ko‘k turk xoqonligi, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriy­lar, Shayboniylar, O‘rta Osiyo xonliklari davri o‘zbek tili harbiy terminologiyasi­ning rivojlanishiga turtki bo‘lgan ijtimoiy shart-sharoit va omillar, harbiy terminlar tizimining taraqqiy etishida o‘zbek tili qatori boshqa tillarning o‘rni, bir so‘z bilan aytganda, ajdodlarimizning harbiy mahorati ochib berilgan.


Professor Hamidulla Dadaboyevning “Tarixiy harbiy terminlar lug‘ati”da kel­tirilgan tavsif va izohlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek harbiy terminlar tizimining shakllanishi ko‘hna tarix, manbalarga borib taqaladi. Bunda, birinchidan, o‘zbek tilida qadimdan mavjud bo‘lgan atamalarning keyingi davrlarda qo‘llanilishda davom etgani, ikkinchidan, yangi terminlarning yuzaga kelish jarayonlarini hisobga olish maqsadga muvofiq. Binobarin, ushbu lug‘at Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish tizimida, shuningdek, harbiy idora hamda muassasalardagi me’yoriy hujjatlar, ichki qoida, nizomlar, ko‘rgazmali qurollar, targ‘ibot materiallarini davlat tili talablariga moslashtirish, xalqimizning harbiy merosi, tarixiy-harbiy terminlarni o‘rganish, harbiy sohadagi atamalarning o‘zbek tilidagi muqobillarini topish, yangi lug‘atlar va qomuslar yaratish, harbiy tuzilmalar faoliyatida davlat tili so‘z boyligidan to‘liq hamda to‘g‘ri foydalanish, uning harbiy til sifatidagi nufuzini oshirish singari masalalarda o‘ziga xos manba vazifasini o‘taydi. 


Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

filologiya fanlari doktori, professor,

Sulton NORMAMATOV,

filologiya fanlari doktori, professor

Maqola muallifi

Baxtiyor ABDUSHUKUROV

Baxtiyor ABDUSHUKUROV

Professor

Teglar

  • #Sport

Ulashish