21-Xalqaro Jautikov olimpiadasida g‘alaba – 19 ta medal!

Xushxabar 21-Xalqaro Jautikov olimpiadasida g‘alaba – 19 ta medal!
1.03k

Dunyo bo‘ylab yurtimiz sharafini munosib himoya qilib qahramonga aylangan o‘quvchilarimiz talaygina. Bugungi kunda nafaqat sport, balki ilmiy salohiyat bilan ham o‘quvchilarimiz yuksak imkoniyatlarini namoyish qilib, mamlakat bayrog‘ini olamga tanitishga hissa qo‘shishmoqda. Ular bor bilim, salohiyati bilan olimpiada, musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashishmoqda. Shunday nufuzli olimpiadalardan biri 21-Xalqaro Jautikov Olimpiadasi 13–17-yanvar kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 20 mamlakatidan 700 ga yaqin iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida shakllantirilgan 28 nafardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, katta muvaffaqiyatga erishdi.



Xalqaro Jautikov olimpiadasi International Zhautykov Olym­piad(IZhO) – bu har yili matematika, fizika va informatika fanlaridan o‘tkaziladigan nufuzli musobaqa. 2024-yilgi olimpiada Olmaota shahrida tashkil etilgan, unda 15 mamlakatdan 85 ta jamoa va 600 dan ortiq ishtirokchi qat­nashgan. O‘zbekiston terma jamoasi Xalqaro maydonlardagi informatika olimpiadasi bo‘yicha ilk oltin medalni aynan 2024-yil 20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida qo‘lga kiritdi. 


Jautikov olimpiadasi ilk bor 2005-yildan boshlandi. Bilimlar sinovi dastlab faqat Qozog‘istondagi maktab o‘quvchilari uchun tashkil etilgan. 2007-yilga kelib ushbu olimpiada xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Va unda mintaqa mamlakatlari – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa mamlakatlar ishtirok eta boshladi. Bugungi kunda 20 dan ortiq davlatlardan o‘quv­chilar olimpiadada qatnashadi. Hozirda Jautikov olimpiadasi matematika, fizika, informatika fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabr­dagi qaro­riga muvofiq ushbu olimpiada maqomi respublika olimpiadasiga tenglashtirilgan mintaqaviy xalqaro olim­piadalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, g‘olib o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Olimpiada “Darin” respublika ilmiy-amaliy markazi tomonidan moliyalashtiriladi. Olimpiada shartlari bo‘yicha ishtirokchilar jamoa bo‘lib qatnashadi. Jamoada jami 7 nafar, ya’ni uch nafar matematika, 2 nafar fizika va 2 nafar informatika fanlaridan ishtirokchilar qatnashadi. 


Natijalarga qarasak, O‘zbekiston terma jamoasi 19-Xalqaro Jautikov olim­piadasida 5 ta kumush, 8 ta bronza, 20-Xal­qaro Jautikov olimpiadasida 2 ta oltin, 3 ta kumush, 9 ta bronza – jami 14 ta medal, 21-Xalqaro Jautikov olim­piadasida  2 ta oltin, 5 ta kumush, 12 ta bronza – jami 19 ta medalga ega bo‘lishdi! 



Kuni kecha bo‘lib o‘tgan ushbu olimpiadada matematika fanidan “Artel Technical School” nodavlat ta’lim muassasasi­ning 11-sinf o‘quvchisi Asadbek Boboqulov hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Elbek Zohidjonov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Matematika fanidan  ishtirokchimiz  al-Xorazmiy nomidagi IDUMning 11-sinf o‘quvchisi Ozodbek Axtamov kumush medal sovrindori bo‘ldi. Informatika fanidan ishtirok etgan Nukus shahridagi Prezident maktabi 10-sinf o‘quvchisi Timur Qadirbergenov,  al-Xorazmiy nomidagi IDUMning 8-sinf o‘quvchisi Jahonali Haydaraliyev va 11-sinf o‘quv­chisi Asilbek Sunnatov, Namangan shahridagi Prezident maktabi 10-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Rahmatullayev kumush medalga ega bo‘ldi. Fizika fanidan ishtirok etgan Hazorasp tumanidagi ixtisos­lashtirilgan maktabning  11-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Rajabov va Dang‘ara tumanidagi 1-IDUMI 11-sinf o‘quvchisi Nozimjon Shavkatjonov bronza medal sohibi bo‘lishdi.


Matematika fani bo‘yicha O‘zbekis­ton terma jamoasi rahbari O‘tkir Boltayev bu yilgi olimpiada taassurotlari bilan bo‘lishdi:


– “Natijalarimizni o‘tgan yilgi olimpiada bilan solishtirsak, medallar soni ancha oshganini ko‘ramiz. O‘tgan yili 56 nafar o‘quvchidan 14 nafari medalga ega bo‘lgandi. Bu yil esa 28 nafar ishtirokchi bilan borib, 19 ta medal bilan qaytdik. Matematiklarda ilk bor 7-sinf o‘quvchisi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Informatika fanidan 8-sinf o‘quvchisi kumush medal sohibi bo‘ldi. 7-8-sinf o‘quvchilarimiz bu yilgi olimpiadada haqiqiy medalist bo‘lishdi. Bu – O‘zbekiston terma jamoasida jamoa a’zolari yosharayotganidan dalolat beradi. Albatta, bu juda quvonarli holat.  



Tayyorlanish jarayonlari haqida gapirsam, biz birgalikda bor bilimimizni ishga solib mehnat qildik. Dekabr oyi­da o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini ham o‘tkazdik. Bunda qirg‘izistonlik muta­xassislar ham ishtirok etishdi. Bundan tashqari, tayyorlanish jarayonlarini sifatli tashkil etish maqsadida matematika fanidan Eron, Belorus, Rossiya, Xitoy, Polsha davlatlaridan 5 ta o‘qituvchi jalb etildi. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezi­den­tining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi. Shuning uchun bu yil bizda ham mas’uliyat o‘ziga yarasha kuchli, ham bosim bor edi. Davlatimiz tomonidan fan olimpiadalari tizimini takomillashtirishga katta  e’tibor ko‘rsatilmoqda. Oltin, kumush, bronza medallari g‘oliblari hamda ular­ning o‘qituvchilari davlatimiz tomonidan moddiy rag‘batlantirilyapti. Bu ham bir tomondan bolasining o‘qishiga pul sarf­layotgan ota-onaga yordam. Biz faqat natijalarni yaxshilashimiz lozim.


Kelgusida yangi tashkil etilgan Fan olim­piadalari markazida barcha viloyatlardan o‘quvchilarni chorlab, unga chet ellik terma jamoa a’zolari va mutaxassis­larini ham jalb etib, ko‘proq o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini tashkil etmoqchimiz. Albatta, natijalarimizni bundan-da yaxshilash asosiy rejalarimizdan biri. 


Matematika fani bo‘yicha xalqaro matematika olimpiadasi IMO – (International Mathematical Olympiad)da oltin medalga ega bo‘lish, biz matematiklar­ning azaliy orzusi. Bu olimpiadada hali bironta oltin medal yo‘q. O‘zim ham kumush medal sohibi bo‘lganman. Shuning uchun o‘quvchilarimizni xalqaro nufuzli olimpiadalarda oltin medal oladigan darajada tayyorlash – bizning asosiy vazifamiz. O‘quvchilarimiz hech bir davlat yoshlaridan mehnatda, aql-salohiyatda, qobiliyatda kam emas. Ular mehnatkash, tirishqoq, o‘qimishli. Biz ularni doim qo‘llab-quvvatlaymiz va olimpiadalarda munosib o‘rinlarga ega bo‘lamiz! 


Dilafro‘z ABDURAJABOVA, 

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish