ANDIJONGA GROSSMEYSTER KERAK EMASMI?

Murojaat ANDIJONGA GROSSMEYSTER KERAK EMASMI?
168



O‘zbekistonda sportning turli yo‘nalishlarida porlayotgan yosh iste’dodlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ulardan biri izboskanlik Abdumajid Botiraliyevdir.

Sport tanaffuslarni yoqtirmaydi, u sportchidan doimiy faollik, o‘z ustida tinimsiz ishlash va musobaqalarda muntazam ishtirok etishni talab qiladi. Har bir medal, har bir yutuq ortida esa ota-onalarning farzandiga o‘z vaqtida bergan e’tibori, murabbiylar mashaqqati, va albatta, mutasaddilarning mablag‘ masalasida qo‘llab-quvvatlovi turadi. Sportchi qanchalik kuchli bo‘lmasin, uning muvaffaqiyatlarida bu omillarning hech birini inkor etib bo‘lmaydi. Shaxmat bo‘yicha yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilayotgan Abdumajid Botiraliyevning onasi Mahmudaxon Ismoilovaning quyidagi murojaati bunga yaqqol misoldir:


− Boladagi iste’dod, qobiliyatning yuzaga chiqishi avvalo ota-ona, ustozlar tomonidan erta va to‘g‘ri aniqlanishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘z vaqtida munosib qo‘llab-quvvatlash uning kelgusidagi muvaffaqiyatlari, orzusi tomon dadil harakatini ta’minlaydi. O‘g‘lim uchun men ham hamma onalar kabi qo‘limdan kelganini ayamayman. Biroq bu borada juda ko‘p to‘siqlarga duch kelyapmiz…


Abdumajid 2022-yil 26-iyunda Maldivning Ukul­xas orolida bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatidan 3 karra chempion bo‘lib qaytdi. (Shu yili) 4-iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Abdumajidni tabriklab, 5000 dollar berdi. Bu pulni o‘g‘limning turnirlarga borishiga sarfladim. Abu-Dabida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ozarboyjonda 16 yoshgacha o‘smirlar olimpiadasida qatnashdi, Ispani­yadagi turnirda 1-o‘rinni egallab, reyting ballarini ancha ko‘tarib oldi (1657(+400)). Natijada jahonda o‘z yosh toifasida 15 talikka kirdi. Bu juda katta natija! Ushbu xushxabarni viloyat hokimiga yetkazish maqsadida bordik, lekin uchrasha olmadik...


2024-yil 25-noyabr kuni Shuhratbek Abdurahmo­nov bilan uchrashib, 2025-yilgi rejalar va muam­molar bo‘yicha suhbatlashdik. Yillik kalendar reja tuzishimizni,  Abdumajidga ishonch bildirib qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bu vazifani viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayevga topshirdi. 2024-yil 3-dekabr kuni Elyorbek bilan viloyat hokimi fuqarolar qabul­xonasida ko‘rishib suhbatlashdik. U Abdumajidning qiziqishlarini o‘rganib chiqqani va viloyat hokimi topshiriq bergani, buyog‘iga o‘g‘limning o‘quv yig‘inlari va xalqaro musobaqalarga borishiga bosh-qosh bo‘lishi, yanvar oyidan murabbiylar bilan ishlashni boshlashimizni aytdi. 


2025-yil 4-yanvardan GM Abdumalik Abdusalimov va IM Muhammadali Abdurahmonov bilan darslarni boshladik. Bu haqda Elyorbek Xolmirzayevni xabardor qildim. 21-yanvar kuni fevral oyida Abdumajid Vengriyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqaga borishini rejalashtirdik, lekin Shengen viza olishga ulgurmadik. Chernogoriyada bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatiga yubo­rish maslahatini qildik. 31-yanvar kuni viloyat hokimi fuqarolar qabulxonasida Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi ijrochi direktori Mavjudaxon Karimova, Yoshlar ishlari agent­ligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangirqulov, Elyorbek Xolmirzayevlar ishtirokida 1 yillik emas, choraklik (3 oy) qayta smeta tuzildi. 5-fevral kuni Chernogoriyadan invoys kelgani, to‘lov qilishimiz kerak­ligini ma’lum qildim. 7-fevral kuni Elyorbek Xolmirzayev Akmaljon Tangirqulov bilan Yoshlar ishlari agentligi hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Akmaljon bilan buxgalteriyaga bordik, Baxtiyor ismli buxgalter xalq deputatlari viloyat kengashi ko‘rib chiqishi kerakligi, Elyorbek Xolmirzayev esa buni bir hafta kutishimizni aytdi. 23-fevralda Abdumajidning Chernogoriyaga uchish biletini qarzga olganimni qayta eslatdim.


21-fevralda Elyorbek Xolmirzayev “Biron kimdan qarz olib turing, tushganda beraverasiz” dedi. 22-fev­ral kuni soat 9:00 da hokimiyatga borishim, Izboskan tumanidan 2000 dollar pul qarzga olib berishi va pul tushgandan keyin qaytarishimni aytdi. 22-fev­ralda viloyat hokimligiga bordim, ular telefon raqam berishdi. Qo‘ng‘iroq qilib Izboskan tuman hokimligiga bordim, shu tumandagi 8-maktabga borishimni aytishdi. O‘sha yerda soat 13:23 dan 16:00 gacha kutdim, hech qanday ijobiy javob ololmadim.

23-fevral kuni Abdumajid Chernogoriyaga ucholmay, musobaqadan qolib ketdi, biletga kuydik. 25-fev­ralda Shuhratbek Abdurahmonovga o‘g‘lim Jahon chempionatiga borolmay qolgani haqida ma’lum qildim.  U Elyorbek Xolmirzayevga qo‘ng‘iroq qildi. Kotibiyat mudiri bu musobaqagacha ulgurmagani, boshqa musobaqagalarga ulgurishini aytib va’da berdi va moliya boshqarmasi boshlig‘i kelishini kutishimizni aytdi. 20–30 minut o‘tgach u bilan gaplashgani, aprel, may, iyun uchun ham smeta tuzib berishimizni so‘radi. Lekin yanvar, fevral, mart oylariga smeta qilingani hali ijobiy hal bo‘lmagani, buni keyingi 3 oylik deb viloyat hokimiga kiritishini aytdi. Mana, yil boshidan beri faqat smeta so‘raydi, ammo 6 oydirki, puldan darak yo‘q…


O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining Elyorbek Xolmirzayevga yuklatilgan vazifa ijrosi yuzasidan Shuhrat Abdurahmonovga rasmiy murojaati ham javobsiz qolgan. Azaldan Andijon – iste’dodlarga boy maskan. San’at, adabiyot, ilm-fan, sport sohasida ko‘plab andijonliklar mamlakatimizda, xalqaro miqyosda dovruq qozongan. Lekin shaxmatda emas…


Shaxmatchilarimiz so‘nggi yillarda erishgan muvaffaqiyatlari bilan O‘zbekiston yetakchi shaxmat mamlakatiga aylanishiga, FIDE tasnifidagi musobaqalarda shaxmatchilarimizga alohida e’tibor bilan qarashlariga, hatto cho‘chishlariga sababchi bo‘lishmoqda. Grossmeyster (GM), xalqaro master (IM)larimiz safi yildan yilga kengayib bormoqda. Lekin shu kunga dovur Andijondan bironta ham xalqaro grossmeyster yetishib chiqmadi, xalqaro master ham. 

Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?.

Husan KARVONLI



Abdumajid BOTIRALIYEV
2012-yili Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilgan. Izboskan tumanidagi 5-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. FIDE sport ustaligiga nomzod (2024). 
Reytingi ‒ 2018(standart), 2031(rapid), 1923(blits). 
2018-yildan shaxmat bilan shug‘ullana boshlagan. 
Birinchi murabbiyi ‒ Nargiza Akbarova. Murabbiylari − Bobur Sattorov, Akmal Fayzullayev, Abdumalik Abdusalimov. 
Muvaffaqiyatlari: 
O‘z yosh toifasida 5 karra O‘zbekiston chempioni. 
Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida 3-o‘rin (7 yoshgacha, 2019). 
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Toshkent kuzi” turnirida (B guruhi) 1-o‘rin (2021). 
Batumida o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati ishtirokchisi(10 yoshgacha, 2022). 
Maldivda bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatida 10 yoshgacha bolalar o‘rtasida 3 ta oltin medal sohibi (2022).
Abu-Dabi International Chess festivalida (Juniors guruhi) 4-o‘rin (2022).
Abu-Dabi International Chess festival (B guruhida) 1-o‘rin (10 yoshgacha, 2022).
Toshkent shahrida o‘tkazilgan Zakovat Gambit turnirida (E guruhi) 2-o‘rin (2022). 
Naxichevan(Ozarboyjon)da bo‘lib o‘tgan 16 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchisi (2022).
Ispaniya X CHESSABLE SUNWAY xalqaro turnirida (B guruhi) 1-o‘rin (2022). 
Sharm al-Shayx (Misr)da bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati ishtirokchisi (12 yoshgacha, 2023). 
Albaniyada o‘tkazilgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati ishtirokchisi (12 yoshgacha, 2024).
Gruziyada o‘tkazilgan XXVI Poti International Chess festivalida blits yo‘nalishida 1-o‘rin (2024).
Andijonda bo‘lib o‘tgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida 2-o‘rin (13 yoshgacha, 2025).

Maqola muallifi

Bosh muharrir

Bosh muharrir

Jurnalist

Teglar

  • #Sport
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish