DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)
Yangi o‘quv
yilining birinchi kuni bir tanishim menga davlat maktablaridan birida
ota-onalar bilan tuzilayotgan pullik ta’lim xizmatiga oid shartnoma nusxasini
yubordi. Avvaliga uni oddiy hujjat sifatida ko‘rib chiqdim. Ammo shartnoma
mazmuni bilan tanishar ekanman, undagi ayrim bandlar menda qator savollarni
paydo qildi.
Ayniqsa, davlat maktabida o‘quvchining darsdan keyin maktabda qolishi, uy vazifasini o‘qituvchi nazoratida bajarishi, matematika va rus tili kabi asosiy fanlar bo‘yicha qo‘shimcha yordam olishi pullik xizmat sifatida belgilangani o‘ylantirdi. Shunda bir savol ortidan ikkinchisi kela boshladi: bu haqiqatan ham qo‘shimcha ta’limmi? Maktabning asosiy vazifasi qayerda tugaydi? Pul to‘lay olmagan bola qanday imkoniyatdan mahrum bo‘ladi? Davlat maktabida ta’lim imkoniyatlari ota-onaning moliyaviy holatiga qarab farqlanib qolmaydimi?
Shu savollar meni Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning amaliyotdagi ijrosiga jiddiyroq nazar tashlashga undadi. Bu mulohazalar biror maktab yoki o‘qituvchini ayblash uchun emas. Masala ancha keng: davlat maktabida pedagogik faoliyatning bir qismini pullik xizmatga aylantirishga yo‘l ochgan mexanizmning o‘zi qanchalik to‘g‘ri?
1. Bir maktab – ikki xil imkoniyat?
Bir maktab. Bir xil sinf. Bir xil darslik. Bir xil o‘qituvchi. Lekin dars tugagach, bolalarning yo‘li ikkiga ajraladi. Bir bola ota-onasi pul to‘lagani uchun maktabda qoladi, o‘qituvchi bilan ishlaydi, uy vazifasini bajaradi, tushunmaganini qayta so‘raydi, qo‘shimcha mashq qiladi. Ikkinchisi esa oilasining imkoniyati yetmagani uchun bu sharoitdan foydalana olmaydi. Shunda tabiiy savol tug‘iladi: davlat maktabi ichida ta’lim imkoniyatlarini ota-onaning to‘lov qobiliyatiga qarab taqsimlaydigan mexanizmning o‘zi qanchalik adolatli? Axir maktab oddiy xizmat ko‘rsatish korxonasi emas. U jamiyatdagi iqtisodiy farqlarni bolalar taqdiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirmasligi kerak bo‘lgan eng muhim ijtimoiy institutlardan biri.
2. Muammo faqat maktablarda emas, mexanizmning o‘zida.
343-qaror maktablarga o‘quv dasturida nazarda tutilmagan, davlat ta’lim standartlaridan tashqari ayrim mashg‘ulotlarni pullik tashkil etish imkonini beradi. Bu yondashuv, bir qarashda, maktabga qo‘shimcha resurs, o‘quvchiga esa qo‘shimcha imkoniyat bergandek ko‘rinadi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor.
Maktabdagi ta’lim-tarbiya faoliyatini faqat “standartga kirgan” va “standartdan tashqari” degan ikki qismga bo‘lib bo‘ladimi? Maktabning vazifasi faqat darslikdagi mavzuni o‘tib, belgilangan minimal natijaga erishishdan iboratmi?
O‘quvchining qiziqishini rivojlantirish, iqtidorini ochish, fanga qiziqtirish, to‘garaklar tashkil etish, ijod, sport, kitobxonlik, loyiha, olimpiadaga tayyorlash – bularning barchasi maktab hayotining tabiiy qismi emasmi? Demak, bahs alohida maktabning shartnomasidan ancha katta. Savol qarorning o‘zidagi yondashuvga borib taqaladi.
3. “Qo‘shimcha ta’lim” qanday qilib “pullik sinf”ga aylanib qolmoqda?
Qarorda o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan, davlat ta’lim standartlaridan tashqari mashg‘ulotlarni qo‘shimcha pullik ta’lim xizmati sifatida tashkil etish nazarda tutilgan. Ya’ni mantiqqa ko‘ra, o‘quvchi o‘zining odatiy sinfida asosiy ta’limni oladi, xohishiga ko‘ra esa undan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotda qatnashadi. Ammo amaliyotda ayrim maktablarda bu mexanizm boshqacha tus olayotgani ko‘rinadi: pullik mashg‘ulotga qatnashuvchi bolalar amalda alohida “pullik sinf” sifatida qayta shakllantirilmoqda.
Mana shu o‘zgarish juda muhim. Chunki “qo‘shimcha ta’lim” bilan “alohida sinf” bir xil pedagogik hodisa emas. Qo‘shimcha mashg‘ulot muayyan vaqtda, muayyan yo‘nalish bo‘yicha beriladigan xizmat bo‘lishi mumkin. Ammo bolalarni to‘lov qobiliyati asosida alohida sinfga ajratish maktab ichida yangi maqom va yangi iyerarxiya paydo qiladi. Bir sinf “pullik”, ikkinchisi “oddiy” degan tasavvur shakllanishi bilan farq endi faqat mashg‘ulot vaqtida emas, butun maktab muhitida sezila boshlaydi.
Bunday sharoitda “pullik sinf”ga alohida e’tibor berilishi, unga kuchliroq pedagoglar jalb qilinishi, ko‘proq nazorat, qulayroq sharoit yoki boshqa afzalliklar yaratilishi xavfi paydo bo‘ladi. Hatto bu rasman belgilanmagan bo‘lsa ham, pul to‘layotgan guruhga “natija ko‘rsatishi kerak bo‘lgan sinf” sifatida munosabat shakllanishi mumkin. Natijada qo‘shimcha ta’lim xizmati asta-sekin maktab ichidagi alohida ta’lim maqomiga aylanadi.
Eng jiddiy xavf ham shu: qarorda nazarda tutilgan pullik qo‘shimcha ta’lim mexanizmi amaliyotda bolalarni moliyaviy imkoniyat asosida qayta guruhlash vositasiga aylanib qolmasligi kerak. Aks holda biz faqat qo‘shimcha xizmat emas, davlat maktabi ichida sun’iy tabaqalanishni shakllantiruvchi tizimga duch kelamiz. Qarorning ijrosida aynan shu chegara qat’iy nazorat qilinishi lozim: pullik mashg‘ulot bo‘lishi mumkinligi bolalarni “pullik sinf” va “oddiy sinf”ga ajratish huquqini anglatmaydi.
4. Maktab faqat standartni bajaradigan joymi?
Bizningcha, davlat maktabi o‘z vazifasini “minimumni bepul beramiz, qolgani pullik” degan tamoyil asosida qurmasligi kerak. Agar maktab amaldagi vazifalarini to‘laqonli bajarsa, sinf va sinfdan tashqari faoliyatni mazmunli tashkil etsa, to‘garaklar ishlasa, iqtidorli o‘quvchilar bilan alohida shug‘ullanilsa, qiynalayotgan bolalarga pedagogik yordam berilsa, fan va ijodiy yo‘nalishlarda rivojlantiruvchi muhit yaratilsa, unda alohida “qo‘shimcha ta’lim”ga ehtiyoj qay darajada qoladi?
Aslida masalaning ildizi ham shu yerda. Maktab o‘zining ta’limiy va tarbiyaviy imkoniyatlarini to‘liq ishga solsa, bolaga zarur bo‘lgan ko‘plab “qo‘shimcha” imkoniyatlar maktabning o‘zida mavjud bo‘lishi kerak.
Shunda yana bir prinsipial savol tug‘iladi: biz maktabning mavjud imkoniyatlarini bolalar manfaati uchun to‘liq ishlatish o‘rniga, nima uchun ularning bir qismini “qo‘shimcha xizmat” nomi bilan pullik shaklga o‘tkazyapmiz? Davlat maktabi o‘z vazifasini “bepul minimum” va “pullik rivojlanish”ga ajrata boshlasa, bu maktabning o‘z faoliyatini qisman tijoratlashtirishiga o‘xshab qolmaydimi? Tijoratning tabiatida esa kengayishga, rivojlanishga, manfaatlar ustunligiga intilish mavjud va bu davlat maktablarining standartga asoslangan faoliyatiga sekin-astalik bilan o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
5. Pullik sinflarning ko‘payishi asosiy ta’lim sifati haqida nimani anglatadi?
Pullik sinflarga talabning ortishiga faqat “ota-onalar qo‘shimcha imkoniyat xohlayapti” degan nuqtayi nazardan qarash yetarli emas. Bu holatni maktabdagi asosiy ta’lim jarayonining o‘ziga berilgan muayyan ijtimoiy signal sifatida ham qabul qilish kerak. Agar ota-ona farzandi oddiy dars bilan cheklansa yetarli natijaga erisha olmasligidan xavotirlanayotgan bo‘lsa, bu xavotirning o‘zi o‘ylanishga arziydi.
Ayniqsa, pullik sinfning jozibasi yangi fan yoki yangi kompetensiya emas, balki uy vazifasini bajarish, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, bolani nazorat qilish va o‘qituvchidan yana bir bor tushuntirish olish bilan bog‘liq bo‘lsa, bu juda muhim signal. Demak, ota-ona qo‘shimcha ta’limni emas, asosiy ta’lim jarayonida yetishmayotgan vaqt, e’tibor yoki individual yondashuvni sotib olayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda masalani faqat pullik xizmatlar soni bilan o‘lchash emas, balki uning sabablarini o‘rganish kerak: sinflarda o‘quvchilar soni ko‘pmi, o‘qituvchi har bir bola bilan ishlashga ulgurayaptimi, dars yuklamasi to‘g‘ri tashkil etilganmi, uy vazifasi hajmi me’yordami, o‘zlashtirishda qiynalayotgan bolalar uchun bepul qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlayaptimi? Agar bu savollarga javob qoniqarsiz bo‘lsa, pullik sinflarning ko‘payishi muammoning yechimi emas, balki uning tashqi belgisi bo‘lib qoladi.
Shuning uchun pullik sinflarning ommalashuvini muvaffaqiyat ko‘rsatkichi sifatida emas, balki asosiy ta’lim sifati haqida savol berishga majbur qiladigan indikator sifatida ham ko‘rish kerak. Chunki davlat maktabida “qo‘shimcha xizmat”ga ehtiyoj qanchalik ko‘paysa, biz shunchalik jiddiy savol berishimiz lozim: ota-ona haqiqatan yangi imkoniyat uchun pul to‘layaptimi yoki asosiy ta’limda yetishmayotgan narsani qoplayaptimi?
6. Darsda tushunmagan bola pul to‘lashi kerakmi?
Bir bola mavzuni birinchi tushuntirishda anglaydi. Boshqasiga ikki marta, uchinchi bolaga esa boshqacha usulda qayta tushuntirish kerak bo‘ladi. Bu ta’lim jarayonining tabiiy holati. Chunki bolalarning tafakkuri, psixologik xususiyati, qabul qilish tezligi va bilim darajasi bir xil emas. Agar qiynalayotgan o‘quvchi bilan qo‘shimcha ishlash, uy vazifasini nazorat qilish, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash, xatolarini tahlil qilish kabi ishlar pullik xizmatga aylansa, maktabning vazifasi juda tor va hatto noto‘g‘ri tushunilgan bo‘ladi. Maktabning ishi 40–45 daqiqalik darsni o‘tib qo‘yish bilan tugamaydi.
O‘qituvchining vazifasi ham faqat jurnalga mavzu yozib, “o‘tdim” deb belgi qo‘yishdan iborat emas. Ta’limning maqsadi imkon qadar har bir bolani natijaga olib borish. Shuning uchun bir fikrni ochiq aytish kerak: maktab bolani avval o‘qitib, keyin o‘zi yetarlicha o‘rgata olmagan qismini pul olib yana o‘rgatadigan tizimga aylanmasligi kerak.
7. “Pullik sinf” va “oddiy sinf”: ko‘rinmas devor.
Pullik ta’limning og‘ir oqibati faqat oila budjeti bilan bog‘liq emas. U bolalar o‘rtasida norasmiy maqom farqini ham paydo qilishi mumkin: “pullikdagilar” va “oddiylar”; “qoladiganlar” va “ketadiganlar”; “qo‘shimcha o‘qiydiganlar” va “o‘qimaydiganlar”… Bu atamalar hech qanday nizom yoki shartnomada yozilmaydi, albatta. Lekin bolalar ularni juda tez his qiladi va maktab hayotida bu “tushuncha”lar qo‘llana boshlaydi. Shu tariqa ota-onaning moddiy imkoniyati bolaning maktabdagi ta’lim imkoniyatiga, keyin esa psixologik maqomiga aylanishi mumkin.
Bir bola o‘zini “imkoniyati ko‘proqlar” qatorida, ikkinchisi esa “bunday imkoniyatga ega bo‘lmaganlar” orasida his qila boshlaydi. Maktab esa bolalar o‘rtasida yangi devor qurish uchun emas, aksincha, jamiyatdagi mavjud devorlarni yumshatish uchun kerak.
8. Iqtisodiy tengsizlik ta’lim tengsizligiga aylanmasin!
Jamiyatda barcha oilalarning imkoniyati bir xil emas. Kimdir farzandi uchun har oy bir million so‘m yoki undan ortiq mablag‘ to‘lay oladi, kimdir esa yo‘q. Lekin bu farq bolalarning aqli, qobiliyati yoki intilishidagi farq emas. Tasavvur qilaylik: bir sinfda yonma-yon o‘tirgan ikki boladan biri har kuni darsdan keyin yana uch-to‘rt soat maktabda qoladi. O‘qituvchi bilan ishlaydi, uy vazifasini bajaradi, tushunmaganini qayta so‘raydi, xatolarini to‘g‘rilaydi. Ikkinchi bola esa faqat oilasining to‘lov imkoniyati cheklangani uchun bu pedagogik muhit va e’tibordan foydalana olmaydi. Bir kun emas, bir hafta emas, butun o‘quv yili shunday o‘tsa, ularning natijasi bir xil bo‘lmasligi tabiiy.
Endi bir yildan keyin shu ikki bolani solishtirib, birini “kuchli”, ikkinchisini “kuchsiz” deymizmi? Ammo ularga bir xil imkoniyat berildimi? Bir bola yuzlab soat qo‘shimcha pedagogik e’tibor olgan, ikkinchisi olmagan bo‘lsa, natijadagi farqning qanchasi qobiliyat, qanchasi imkoniyat farqidir? Eng xavflisi ham shu: oiladagi iqtisodiy tengsizlik maktab eshigidan kirib, avval pedagogik imkoniyatlar tengsizligiga, keyin ta’lim natijalaridagi farqqa, oxir-oqibat esa hayot imkoniyatlaridagi tafovutga aylanishi mumkin.
Davlat maktabi jamiyatdagi iqtisodiy tengsizlikni yo‘qota olmasligi mumkin. Lekin uni ta’lim orqali yanada chuqurlashtirmasligi shart.
9. O‘qituvchi ham manfaatlar to‘qnashuviga tushmaydimi?
Qaror pullik mashg‘ulotlarga jalb qilingan pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish imkonini ham beradi. Bir qarashda bu o‘qituvchi mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirishning oddiy mexanizmi. Ammo masalaning nozik tomoni bor. Pedagog ertalab shu bolaga davlat hisobidan asosiy darsni o‘tadi, tushdan keyin esa xuddi shu o‘quvchi bilan pullik mashg‘ulotda ishlaydi. Shunda tabiiy savol paydo bo‘ladi: o‘qituvchining eng kuchli metodikasi, eng puxta tushuntirishi, eng katta pedagogik e’tibori qayerda namoyon bo‘lishi kerak: asosiy darsdami yoki pullik mashg‘ulotdami? Agar pullik mashg‘ulot pedagog uchun moddiy jihatdan manfaatliroq bo‘lsa, tizimning o‘zi uni ikki manfaat o‘rtasiga tashlab qo‘ymaydimi?
Bu yerda gap o‘qituvchini ayblash haqida emas. Muammo pedagogning vijdonida ham emas: uni ikki xil manfaat o‘rtasiga qo‘yayotgan mexanizmda. Halol va vijdonli o‘qituvchi ham bunday tizimda noqulay axloqiy vaziyatga tushishi mumkin. Shuning uchun tizim pedagogning shaxsiy halolligiga tayanib emas, manfaatlar to‘qnashuvining o‘ziga yo‘l qo‘ymaydigan qoidalar asosida qurilishi kerak.
Eng xavflisi – asosiy dars “bazaviy”, pullik mashg‘ulot esa “haqiqiy samarali dars” sifatida qabul qilina boshlashidir.
10. Pullik sinflar maktab rahbariyati uchun moliyaviy rag‘batga aylanmaydimi?
Masalaning yana bir muhim tomoni pullik ta’lim xizmatlari maktabning o‘zi uchun ham moliyaviy manfaat manbayiga aylanishi mumkinligidadir. Agar pullik guruhlar soni ko‘paygan sari maktabga tushadigan mablag‘ ham ortib borsa, rahbariyatda bunday xizmatlarni kengaytirishga tabiiy iqtisodiy qiziqish paydo bo‘ladi. Buning o‘zi hali salbiy holat emas, ammo aynan shu nuqtada pedagogik maqsad bilan moliyaviy manfaat o‘rtasida nozik chegara yuzaga keladi. Maktab rahbariyati uchun asosiy savol “Qancha ko‘p pullik sinf ochdik?” emas, “Qancha bolaga sifatli ta’lim berdik?” bo‘lishi kerak.
Agar muassasaning qo‘shimcha daromadi pullik guruhlar soniga bog‘lansa, vaqt o‘tishi bilan qarorlar bolaning pedagogik ehtiyoji asosida emas, moliyaviy samara nuqtayi nazaridan qabul qilinib qolishi xavfi paydo bo‘ladi. Masalan, haqiqatan ehtiyoj bor-yo‘qligiga qaramasdan yangi guruh ochish, xizmat turlarini ko‘paytirish, ota-onalarni unga qiziqtirish maktab uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lib qolishi mumkin.
Shunda yana bir prinsipial savol tug‘iladi: davlat maktabining muvaffaqiyati nimada o‘lchanishi kerak: qo‘shimcha daromad miqdoridami yoki har bir bolaga yaratilgan ta’lim imkoniyatida? Agar maktabning moliyaviy manfaati pullik xizmatlarni kengaytirishga, ijtimoiy vazifasi esa bolalar uchun teng imkoniyatni saqlashga undasa, bu ikki maqsad o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ladi.
Eng muhimi, bunday mexanizm maktab rahbariyatini yomon niyatli deb ko‘rsatish uchun emas, tizimning o‘zi qanday rag‘bat yaratayotganini ko‘rish uchun tahlil qilinishi kerak. Muammo shaxslarda emas, shunday vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy modelda qoladi. Davlat maktabida rahbariyatni ko‘proq pullik xizmat ochishga emas, ko‘proq bolani sifatli va bepul ta’lim bilan qamrab olishga rag‘batlantiradigan tizim ustuvor bo‘lishi kerak.
11. “Ixtiyoriy” degan so‘z hamma muammoni hal qilmaydi.
Qaror pullik xizmatlarni ixtiyoriylik asosida tashkil etishni nazarda tutadi. Lekin hayotda majburlash faqat “sen qatnashasan” degan buyruq bilan amalga oshirilmaydi. Agar sinfning ko‘pchiligi pullik mashg‘ulotda qolsa, o‘sha yerda ko‘proq tushuntirish, ko‘proq mashq va ko‘proq e’tibor berilsa, ota-onada “bolam ortda qolib ketmasin” degan xavotir paydo bo‘lishi tabiiy. Shunda pullik xizmat huquqiy jihatdan ixtiyoriy bo‘lib qolsa-da, amalda psixologik va ijtimoiy zaruratga aylanishi mumkin.
Yana bir xavfni ham inkor etib bo‘lmaydi. Tizim maktab yoki pedagogni pullik guruhga ko‘proq bola jalb qilishdan manfaatdor qilib qo‘ysa, qo‘shimcha mashg‘ulotning samarasini sun’iy ravishda yuqori ko‘rsatish, unga qatnashmayotgan bolaga kamroq e’tibor berish kabi nomaqbul holatlar uchun zamin paydo bo‘lishi mumkin. Haqiqiy ixtiyoriylikning mezoni juda oddiy: pullik mashg‘ulotga qatnashmagan bola asosiy ta’lim sifati, o‘qituvchi e’tibori va zarur pedagogik yordamdan hech narsa yo‘qotmasligi kerak.
12. Davlat maktabida ta’lim tovar emas.
Xususiy maktabning tabiati boshqa. Ota-ona ma’lum xizmat uchun pul to‘lashini oldindan biladi va tanlov qiladi. Davlat maktabi esa boshqa ijtimoiy prinsipga qurilgan. U bolaning oilaviy daromadidan qat’i nazar, ta’lim olish imkoniyatini ta’minlashi kerak. Shuning uchun davlat maktabi ichiga “ko‘proq to‘lasang – ko‘proq ta’lim imkoniyati olasan” degan bozor mantig‘i kirib kelsa, uning ijtimoiy mohiyati bilan ziddiyat paydo bo‘ladi. Maktabda ovqatlanish, transport yoki boshqa maishiy xizmat uchun haq to‘lash bilan pedagogik e’tibor uchun haq to‘lash bir xil narsa emas. Biri maishiy xizmat. Ikkinchisi esa ta’limning o‘zagiga daxl qiladi. Davlat maktabida ta’lim tovar emas, ijtimoiy kafolatdir.
13. 343-qarorni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadimi?
Shu nuqtaga kelganda “qaror yaxshi, faqat ayrim joylarda noto‘g‘ri qo‘llanyapti” degan xulosa yetarli emasdek ko‘rinadi. Chunki amaldagi mexanizmning o‘zi maktabdagi ayrim pedagogik faoliyatlarni pullik xizmat sifatida tashkil etishga huquqiy imkoniyat yaratadi. Demak, bugun paydo bo‘layotgan “pullik sinflar”ni faqat ayrim maktablarning tashabbusi deb qarash to‘liq manzarani bermaydi.
2019-yilda bu mexanizm maktablarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish, pedagoglarni rag‘batlantirish yoki ota-onalar talabini qondirish vositasi sifatida qaralgan bo‘lishi mumkin. Ammo har qanday qaror vaqt o‘tishi bilan uning real ijtimoiy oqibatlari asosida ham baholanishi kerak. Bugun savolni boshqacha qo‘yish vaqti kelmadimi: davlat maktabining pedagogik resursi qay darajada tijoriy xizmat predmeti bo‘lishi mumkin? Davlat maktabining vazifasi daromad topishmi yoki har bir bolaga maksimal ta’lim imkoniyatini berish? Agar bu ikki maqsad bir-biri bilan to‘qnashsa, ustuvorlik shubhasiz bolaning ta’lim manfaatiga berilishi kerak.
14. Nima qilish kerak?
Birinchidan, 343-qarorni zamonaviy ijtimoiy-pedagogik nuqtayi nazardan qayta ekspertizadan o‘tkazish zarur. Uning faqat moliyaviy samarasi emas, bolalar o‘rtasidagi tenglik, maktab muhiti, asosiy dars sifati va pedagogning kasbiy pozitsiyasiga ta’siri ham baholanishi kerak.
Ikkinchidan, davlat maktabidagi pedagogik faoliyatni pullik va bepul qismlarga ajratish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Fanni o‘zlashtirishga yordam berish, to‘garak, iqtidorli bola bilan ishlash, o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchini qo‘llab-quvvatlash kabi faoliyatlar imkon qadar maktabning bepul ta’lim-tarbiya muhitida qolishi kerak.
Uchinchidan, shaharlarda uzaytirilgan kun guruhlariga real ehtiyoj borligini tan olish zarur. Ishlaydigan ota-ona uchun bolaning darsdan keyin xavfsiz joyda bo‘lishi muhim. Ammo bunday xizmatning bolani nazorat qilish, ovqatlantirish va xavfsizligini ta’minlash qismi bilan pedagogik yordamni bir-biriga aralashtirmaslik kerak.
To‘rtinchidan, bepul to‘garaklar, fan klublari, konsultatsiyalar, olimpiadaga tayyorgarlik va qiynalayotgan o‘quvchilar uchun qo‘llab-quvvatlash soatlarini davlat tomonidan alohida moliyalashtirish mexanizmlarini kuchaytirish zarur.
Beshinchidan, maktab qancha ko‘p pullik guruh ochsa, shuncha ko‘p mablag‘ oladigan model emas, qancha ko‘p bolaga sifatli ta’lim va rivojlanish imkoniyatini bepul yaratsa, shuncha ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadigan model shakllanishi kerak.
Demak, davlat maktabiga eng avvalo qo‘shimcha daromad manbayi emas, qo‘shimcha davlat qo‘llab-quvvatlovi kerak.
15. Yakun.
Davlat maktabi “bazaviy” va “premium” ta’limga bo‘linmasin. Aslida bu bahsning markazida pul emas. Masala davlat maktabining qanday institut bo‘lib qolishida. Maktabda “bepul paket” va “pullik paket” paydo bo‘lmasligi kerak. “Hamma uchun oddiy e’tibor” va “pul to‘laganlar uchun ko‘proq e’tibor” degan chegara shakllanmasligi kerak. Chunki bola qaysi oilada tug‘ilishini tanlamaydi. Uning ota-onasi ko‘proq yoki kamroq daromad topishi bolaning qancha ta’lim imkoniyatiga munosib ekanini belgilamasligi kerak. Shuning uchun 343-qarorga endi faqat “Qanday ijro etilyapti?” degan nuqtayi nazardan emas, “Davlat maktabida pullik pedagogik xizmatning o‘zi biz qurmoqchi bo‘lgan adolatli ta’lim tizimiga qanchalik mos?” degan nuqtayi nazardan ham qarash vaqti keldi.
Davlat maktabi eshigidan kirgan har bir bola uchun eng yaxshi ta’lim imkoniyati “pullik qo‘shimcha” emas, uning huquqi bo‘lishi kerak. Davlat maktabi pul ishlash uchun emas, bolani o‘qitish uchun qurilgan.
Umid XO‘JAMQULOV,
pedagogika fanlari doktori, professor
Shu kecha va kunduzda
DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)
ISH BERUVCHILAR QANDAY MUTAXASSIS IZLAYAPTI?
Yangi iqtisodiy model: yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitali
XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank