ISH BERUVCHILAR QANDAY MUTAXASSIS IZLAYAPTI?

Mutaxassis minbari ISH BERUVCHILAR QANDAY MUTAXASSIS IZLAYAPTI?
30
– Bugun oshpazlik kasbini egallash va amaliyotga kirish jarayoni ancha osonlashdi. Avvaldan shu sohaga qiziqishi yuqori boʻlgan mahoratli oʻquv­chilarimizga ishga kelganidan bir-ikki kun o‘tiboq mustaqil taom tayyorlashga ruxsat berilyapti, – deydi 30 yillik tajribaga ega Hilton bosh oshpazi Shuhrat Muhammedov Kasbiy ta’lim agentligiga bergan intervyusida. – Biz 3-4 bola endi ishga kirganimizda birimiz piyoz, boshqamiz kartoshka archiganmiz. Mustaqil ovqat tayyorlashga ruxsat olishimizga ancha vaqt ketgan. Oshpazlikka e’tibor, talab doim yuqori boʻlgan. Ammo sohada kadrlar yetishmasligi bois, yoshlarni mazkur yoʻnalishda puxta oʻqitish va ularning amaliyot oʻtash jarayonlarini samarali yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Oshpazlik faqat taom tayyorlash mahorati emas, uni sanʼat darajasida oʻrganish, qolaversa, raqobatbardosh kadr boʻlish uchun hech boʻlmaganda bitta yangi til ham oʻrga­nish lozim. Bu yoʻnalishda xalqaro standart va terminlar asosan ingliz tilida. Shu jihatdan texnikumlar yaxshi samara beradi, albatta.


Mazkur yoʻnalishda ishlab, oyiga oʻrtacha 10 mln so‘m daromad qilish mumkin. Yurtimiz texnikumlarining ba’zilarida bu yoʻnalish alohida, oʻrgatilayotgan boʻlsa, endi alohida oshpazlik texnikumi ham tashkil etilayotganini eshitib, judayam xursand boʻldik. Chunki bizga yaxshi kadrlar kerak...


Ha, oddiy ko‘nikmalardan boshlangan mehnat yo‘li yillar o‘tib katta mahoratga, ustoz-shogird an’anasi va kasbga bo‘lgan yuksak mas’uliyatga aylanishi mumkin. Ammo buning uchun faqat kasbga qiziqishning o‘zi yetarli emas. Puxta bilim, amaliy ko‘nikma, tajribali ustoz va mehnat bozori talab­lariga mos tayyorgarlik ham zarur. Aynan shu jihatlar bugun kasbiy ta’lim tizimi oldidagi eng muhim vazifalarni belgilamoqda.


Diplom bor, ammo
ko‘nikma-chi?

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil birinchi choragida O‘zbekistonda o‘tkazilgan keng qamrovli sotsiologik tadqiqotlar natijalariga tayanib bergan ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda kichik va o‘rta biznes sohasida malakali kadrlar tanqisligi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqa­rish, qurilish, logistika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida ishchi kasblar va texnik mutaxassislarga talab juda yuqori. Yangi loyihalarni boshlash ko‘pincha mos mutaxassis topilmagani sababli kechiktiril­moqda. Tadqiqot kasb-hunar ta’limi bitiruvchi­larining tayyorgarlik darajasi ish beruvchilarni to‘liq qoniqtirmayotganini ko‘rsatgan.


Asosiy kamchiliklar amaliy ko‘nikmalar, zamonaviy uskunalar bilan ishlash, yumshoq ko‘nikmalar va ishlab chiqarish madaniyatiga moslashish bilan bog‘liq. Dual ta’lim tizimi esa hozircha yetarli darajada ishlamayapti. Ish beruvchilar ish izlovchilar kutayotgan ish haqi ularning real malakasi va tajri­basiga mos kelmasligini ta’kidlagan. Bu holat ishga qabul qilish jarayonini murakkablashtirib, bo‘sh ish o‘rinlarining uzoq vaqt to‘ldirilmay qolishiga olib kelmoqda. Bularning barchasi kasbiy ta’lim muassasalari zimmasiga yoshlarni mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablariga mos tayyorlash, ta’limni ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish va bitiruvchilar bandligini ta’minlashdek muhim vazifalarni yuklayotir. Mavzuga oid amaliy ishlar xususida Kasbiy ta’lim agentligining Mehnat bozori va integ­ratsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Masharipov bilan suhbatlashdik.


− Bugun mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini mehnat bozori talablariga moslashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Xususan, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, texnikumlarda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar tarkibiga qanday o‘zgartirishlar kiritilmoqda?


– Respublikamizda 595 ta texnikum mavjud bo‘lib, ularda 329 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlariga mos kadrlar tayyorlash hamda ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash maqsadida 595 ta texnikumga tarmoq soha yo‘nalishlaridan kelib chiqib, 4 028 ta korxona va tashkilot biriktirildi. Kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy tadbirkorlik kengashlari tomonidan hududlardagi texnikumlar­ning ixtisoslashuvi qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 49 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlash to‘xtatilib, 97 ta yangi kasb qabul parametrlariga kiritildi. Shuningdek, kasbiy ta’lim tizimida sanoat, qurilish, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, xiz­mat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, turizm, to‘qimachilik, umumiy ovqatlanish, tibbiyot va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarga talab ortayotgani bois ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash
kengaytirilmoqda. Mutaxassisliklar tarkibi iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoji, hududlarning ishlab chiqarish salohiyati va ish beruvchilarning talabidan kelib chiqib shakllantirilmoqda.


− Korxonalar kasbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga qabul qilishda, avvalo, qaysi amaliy ko‘nikmalarga e’tibor qaratmoqda? Bitiruvchilarda aynan qanday ko‘nikmalar yetishmayotgani haqida aniq misollar keltira olasizmi?


– Avvalo, kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalari, kasbga qiziqishi yildan yilga ortib borayotganini ta’kidlash kerak. Shu bilan birga, ish beruvchilar tomonidan bildirilayotgan ayrim e’tirozlar ham mavjud. Bugun ish beruvchilar kasbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarida, avvalo, amaliy ko‘nikmalarni yanada rivojlantirish zarurligi­ni ta’kidlamoqda. Xususan, zamonaviy uskuna va asbob-uskunalar, texnik hujjatlar bilan ishlash, real ishlab chiqarish jarayonini tushunish, yuzaga kelgan muammolarni mustaqil hal qilish hamda mehnat xavfsizligi talablarini amalda qo‘llash borasida ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. Shuningdek, raqamli vositalardan foydalanish, mijozlar bilan samarali muloqot qilish, jamoada ishlash, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va chet tilini muloqot darajasida bilish kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishga ehtiyoj bor. Masalan, texnikum bitiruvchisi muayyan nazariy bilimlarga ega bo‘lsa-da, korxonadagi zamonaviy uskuna bilan mustaqil ishlash, texnik yo‘riqnomani amalda qo‘llash yoki ishlab chiqa­rish jarayonida yuzaga kelgan muammoni tezkor hal qilishda qo‘shimcha yordamga ehtiyoj sezyapti. Ayni paytda bu muammolarni bartaraf etish uchun ta’lim mazmunini ish beruvchilar talabiga moslashtirish, o‘quvchilarning kasbiy va yumshoq ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda amaliy mashg‘ulotlar sama­radorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.


Ta’limdan ishlab chiqarishgacha


− Ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligini kuchaytirish masalasida alohida ishlar amalga oshirilayotgani xususida aytib o‘tdingiz. Bugun mazkur hamkorlik qaysi bosqichda? Dual ta’lim yoki ishlab chiqarish amaliyoti bitiruvchini ishga tayyorlashda kutilgan natijani bera olyaptimi? Shu o‘rinda kadrlarning ishga joylashish masalasi jarayonlari qanday kechayotgani xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.


– Kasbiy ta’lim tizimida shakllanayotgan yangi modelning markazida, albatta, dual ta’lim turibdi. Bu yondashuv ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi an’anaviy uzilishni bartaraf etib, ikkisini yagona tizimga birlashtirayotgan muhim mexanizmga aylanmoqda. Bugun 643 ta texnikum, 18 mingdan ziyod korxona va tashkilot, 70 mingdan ziyod o‘quvchi “ustoz-shogird” tamoyili asosida faol hamkorlik qilayotgani dual ta’limning amaliyotda keng qo‘llanayotganini ko‘rsatadi. Eng e’tiborlisi, ishlab chiqarishning o‘zidan jalb etilgan 18 mingdan ortiq mala­kali mutaxassislarning ustoz sifatida jalb etilgani ta’lim jarayonini real mehnat muhiti bilan bevosita bog‘lamoqda. Bu jarayon kasbiy ta’limning mazmuni va amaliyotga bo‘lgan yondashuvni sezilarli darajada o‘zgartirmoqda. Endi o‘quvchi faqat auditoriyada o‘tirib bilim olibgina qolmay, ishlab chiqarish jara­yonida amaliy ko‘nikmalarini ham shakllantiradi. Natijada bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashish davri qisqarib, u ish joyiga zarur amaliy ko‘nikmalar bilan kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Dual ta’limning yana bir muhim jihati uning iqtisodiyot bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiyalashganidir. Hududlarda investor−tarmoq−texnikum zanjiri yo‘lga qo‘yilgani va 4000 dan ortiq yirik ish beruvchining texnikumlarga biriktirilgani kadrlar tayyorlashni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Endi hududlarda qaysi mutaxassisliklarga ehtiyoj yuqoriligi aniqlanib, kadrlar tayyorlash jarayoni shu ehtiyojdan kelib chiqib rejalashtirilmoqda. Bu esa mehnat bozorida talab qilinmaydigan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni kamaytirish va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga munosib xiz­mat qilmoqda.


Ma’lumot o‘rnida, real misol aytadigan bo‘lsak, Kasbiy ta’lim agentligi hamda “Hilton Tashkent City” mehmonxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memo­randum imzolangan. Mazkur hamkorlik turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun xalqaro standartlarga mos malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Memorandum doirasida o‘quvchilar uchun ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovkalarini tashkil etish, dual ta’lim elementlarini rivojlantirish, mahorat darslari va seminarlar o‘tkazish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.


Shuni alohida ta’kidlash joizki, dual ta’limda tahsil olayotgan yoki o‘qishni tugatganiga uch yil to‘lmagan yosh mutaxassislarni ishga qabul qilayotgan tadbirkorlar uchun ham qo‘shimcha rag‘batlan­tirish choralari belgilangan.


− Bugun mehnat bozori talablari asosida o‘quv­chilarni tayyorlash bilan birga, kelajakdagi ehtiyojlarni ham oldindan hisobga olish muhim. Kelgusida qaysi kasb va mutaxassisliklarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda?


– Kelgusi yillarda, avvalo, raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va robototexnika, energetika, logistika hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali kadrlarga ehtiyoj ortishi kutilmoqda. Xususan, energetika sohasida ham katta imkoniyatlar bor. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr tarmoq­lari, energiya samaradorligi va zamonaviy energetik qurilmalar bilan ishlaydigan texnik mutaxassislarga talab yuqori. Transport va ombor logistikasi, ta’minot zanjirini boshqarish, raqamli logistika tizimlari bo‘yicha ham vaziyat shunday. Xizmat ko‘rsatish sohasini ham alohida ta’kidlash kerak. Turizm, mehmonxona-restoran biznesi, umumiy ovqatla­nish, tikuvchilik, go‘zallik va maishiy xizmatlar kabi yo‘nalishlarda ham malakali kadrlarga doimiy talab mavjud. Zamonaviy kasb tushunchasini faqat axborot texnologiyalari bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Zamonaviy kasb – bu yangi texnologiyalar bilan ishlay oladigan, amaliy ko‘nikmaga ega va mehnat bozorida o‘ziga xos o‘rni bor kasbdir. Shu bois, biz yoshlarga “Faqat shu kasbni tanla” demay, hududdagi korxonalar, ish haqi darajasi, mehnat bozoridagi talab va kelajakdagi rivojlanish tendensiyalarini ko‘rsatgan holda kasb tanlashga yo‘naltirishimiz kerak. Eng muhimi, bugun kasb tanlayotgan yoshlar “Qaysi diplomni olaman?” deb emas, “Qaysi ko‘nikmani egallasam, ertaga mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘laman?” deb o‘ylashi kerak.


Qiziqish mahoratga aylanishi uchun bilim, amaliyot, ustoz va tinimsiz mehnat kerak!


– Albatta, bugun munosib ish uchun diplom­ning o‘zi yetarli emas, uni amaliy ko‘nikma bilan mustahkamlash muhim. Shunday ekan, kasbiy ta’lim tizimida bitiruvchini mehnat bozoriga yanada raqobatbardosh etib tayyorlash uchun yana nimalarga e’tibor qaratish zarur deb hisob­laysiz?


– Fikringizga qo‘shilaman, bugun yoshlarni kasbga o‘qitishning o‘zi yetarli emas. Uni ish joyiga olib borish zanjiri to‘liq ishlashi kerak. Bunda asosiy tamo­-
yil: “Kasb → ko‘nikma → amaliyot → ish joyi”.


Birinchidan, ta’lim muassasasi mehnat bozoriga qarab o‘qitishi kerak. Ya’ni “bizda qaysi mutaxassislik bor?” emas, “Ish beruvchiga qanday mutaxassis kerak?” degan tamoyil birinchi o‘ringa chiqishi zarur. O‘quv dasturlari har yili qayta ko‘rib chiqilib, ish beruvchilar talabi bilan birga yangilanishi, amaliyot esa o‘qishning ajralmas qismi bo‘lishi kerak.


Ikkinchidan, ish beruvchi ta’lim jarayonining faol ishtirokchisiga aylanishi lozim. Korxona faqat bitiruvchi kelganda uni sinovdan o‘tkazmay, uni o‘qish davridanoq tanlashi, amaliyotga qabul qilishi, ustoz biriktirishi va munosib bitiruvchilarni ishga olishi kerak. Bu jarayon, albatta, muassasa uchun ham, o‘quvchi va ish beruvchi tashkilot uchun ham birdek manfaatli.


Uchinchidan, davlat ushbu hamkorlik uchun aniq va adolatli qoidalarni yaratishi zarur. Qaysi hududda qaysi kasbga qancha talab borligi doimiy tahlil qilinishi, ta’lim buyurtmasi mehnat bozori ehtiyojiga moslashtirilishi, ish beruvchini yoshlarni o‘qitish va ishga qabul qilishga rag‘batlantiruvchi mexanizmlar kuchaytirilishi kerak. Eng muhimi, bitiruvchining ishga joylashishi ta’lim muassasasining natijasini baholashning asosiy mezonlaridan biriga aylanishi lozim. Chunki biz uchun “Qancha bitiruvchi diplom oldi?” degan savoldan ko‘ra, “Necha nafar bitiruvchi o‘z kasbi bo‘yicha ishlayapti va qancha daromad topyapti?” degan savol muhimroq. Shunda yoshlarda ham bu bo‘g‘inga nisbatan qiziqish, ishonch yanada ortar edi.


Albatta, har bir yoshning hayotga o‘z qarashi, kelajak haqidagi orzulari bor. Ammo uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, tanlagan kasbida muvaffaqiyat qozonishi ko‘p jihatdan to‘g‘ri yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlashga bog‘liq. Bugun kasbiy ta’lim oldida turgan asosiy vazifa ham shundan iborat. Maqola avvalida fikrlarini keltirib o‘tganimiz Shuhrat Muhammedovning o‘ttiz yillik mehnat yo‘li ham shu fikrga hamohang: kasbga qiziqish yo‘lni boshlab berishi mumkin, ammo uning mahoratga aylanishi uchun bilim, amaliyot, ustoz va tinimsiz mehnat kerak.

Shahnoza YANGIBOYEVA,

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #OTM
  • #Talaba

Ulashish