Dunyodagi noodatiy maktablar

Xalqaro hayot Dunyodagi noodatiy maktablar
136

Avtobus maktablar haqida eshitganmisiz?


Pokistonning Karachi shahrida joylashgan nodavlat tashkilot 1933-yili avtobus sotib olib, birinchi ko‘chma maktabini ishga tushirdi. Ushbu fondning maqsadi Karachi shahrining qashshoq hududlaridagi bolalarga ta’lim berishdan iborat edi.


Avtobus stollar, partalar va katta doska bilan jihozlangan bo‘lib, shaharning turli tumanlaridan bolalarni yig‘ib oladi. Natijada 160 nafar talaba avtobus ichida har biri ikki soatdan to‘rt smenada tahsil olgan.


Har bir o‘quvchiga alohida e’tibor berilgan.

 



Temiryo‘l stansiyasida ta’lim olish mumkinmi?


Hindistondagi nodavlat tashkilot temiryo‘l platformalaridan unumli foydalangan holda maktablar tashkil etdi. Ushbu nodavlat-notijorat tashkilotidan xaroba hududlardagi vokzallar yaqinida yashovchi bolalarga ta’lim berishda foydalanilgan. 


Bu loyihada Hindistonning Orissa shahrida yashovchi Inderjit Khurana ismli o‘qituvchining hissasi katta edi. U o‘ta qashshoqlik tufayli maktabga bora olmagan bolalarga ta’lim berishga qaror qildi. Ushbu maktablar poyezdlarda tilanchilik qilayotgan bolalarni ta’lim olishga qiziqtirishga yordam berdi. 


Bolalar o‘qish va yozishni o‘rganish uchun turli temiryo‘l stansiyalarida yig‘ilishardi. O‘quv jarayonida qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, sayohatlar, rasmli kartochkalar, musiqa va qo‘g‘irchoq teatrlari kabi usullardan foydalanilgan. 


Qizig‘i shundaki, o‘quvchilar istagan payt o‘qishni to‘xtatishi yoki davom ettirishi mumkin edi.

 

Jodugarlar maktabi borligini bilasizmi?


Xo‘sh, sehrgarlikni o‘rganmoqchimisiz? Ushbu maktab butun dunyo bo‘ylab jodugarlikka qiziqqanlarga sehr tilsimlarini o‘rgatadi. Maktab onlayn kurslarni taklif qiladi, shuningdek, talabalar kelib darslarga qatnashishi mumkin bo‘lgan kampus ham mavjud.


Bu hududdagi nasroniylarning qattiq tanqidlari va noroziliklari tufayli maktab o‘z kampusini Chikagoning Rouzvil shahridan Massachusets shtatining Salem shahriga ko‘chirishga majbur bo‘lgan.


Salem shahri 1692-1693-yillarda sehrgarlikda ayblangan taxminan 200 ga yaqin kishi sud qilinib, qatl etilgan shahar sifatida tanilgan. Bu shahar o‘zining jodugarlar jamoasiga ega va “jodugarlar uchun qulay joy” ham hisoblanadi.



Ta’lim olish makon tanlamaydi yoxud qayiqdagi maktab haqida


Bangladeshning shimoli-g‘arbiy qismi, Atrai daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab o‘sgan baland o‘tlar orasida kichik bej rangli qayiq bog‘langan.

Qayiq 29 kishiga mo‘ljallangan. U Shidhulai Swanirvar Sangstha deb nomlangan mahalliy notijorat tashkilot tomonidan boshqariladigan, Bangladeshda yil davomida faoliyat yuritadigan 23 ta suzuvchi maktabdan biridir.


Har kuni ertalab bu qayiq daryo bo‘ylab suzib, bolalarni yig‘ib chiqadi. Butun sinf yig‘ilgach, qayiq qirg‘oqqa yaqinlashadi va tushdan so‘ng darslar boshlanadi.


Ta’limda erkinlik yoki demokratik maktab haqida


1921-yili Buyuk Britaniyada tashkil etilgan Summerhill dunyodagi eng mashhur maktablardan biri boʻlib, koʻplab universtitetlardagi taʼlim amaliyotiga ham namuna boʻla oladi.


Maktabni bugungi kunda gullab-yashnayotgan demokratik jamiyatga qiyoslash mumkin. Bu yerda bolalar oʻzlariga ishonadigan, sabrli va eʼtiborli boʻlib ulgʻayadi. Summerhill maktabi jamoasi yuzga yaqin kishidan iborat boʻlib, ulardan 75 nafari 5 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar, qolganlari esa oʻqituvchilar, ota-onalar va boshqa xodimlardir.


Ushbu maktabda oʻquvchilar sanʼat, duradgorlik va kompyuterlardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega. Sinfdan tashqarida oʻquvchilar dam olishi, muloqot qilishi, oʻyin oʻynashi va ijod bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan ochiq maydonlar mavjud. Sport, oʻyinlar va boshqa koʻngilochar tadbirlar talabalar hamda kattalar tomonidan ularning ehtiyojlariga koʻra tashkillashtiriladi.


“Ma’rifat” amaliyotchilari

Ruxshona SOBIROVA,

Gulasal UMAROVA,

Nozima OLIMOVA 

ingliz tilidan tarjima qildi.

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish