HAR AVGUSTDA SHU BO‘LAR TAKROR...

Dolzarb mavzu HAR AVGUSTDA SHU BO‘LAR TAKROR...
32


Kalendarda hamma oylarning o‘z o‘rni bor. Lekin avgustning fayzi boshqacha. Jazirama yozning janozasi o‘qiladi, kuzning kindigi kesiladi, havoning sal bo‘lsa-da salqinlagani seziladi. Uzumlar uziladi, polizlarda pishiqchilik, qora xalqning kissasiga pul kiradi, qo‘y-mollar semiradi, itlar har kuni suyak kemiradi. Chunki har ikki xonadonning birida to‘y, so‘yiladi qo‘y. Universitet imtihonlarining javobi e’lon qilinadi. Kim bilimli, kim bilimsiz bilinadi. Grantga kirganlar yayraydi. Kont­raktchilar ho‘kizini bozorga haydaydi. O‘qishga kirolmagan bechoralar ko‘zyosh to‘kadi, otasi har kuni uch mahal so‘kadi… Avgust manzarasini to‘liq chizay desa musavvirga rang, hofizga jarang yetmaydi. Bizga o‘xshab so‘z bilan tasvirlamoqchi bo‘lganlar ham, qog‘ozga termulib, nima qilishini bilmay garang bo‘ladi.


Bu oyda barchaning nazaridan chetda bir hodisa sodir bo‘ladiki, mevalar­ning pishgani, cho‘ntaklarning shishgani, to‘ylar, so‘yilgan qo‘ylar, o‘qishga kirgan o‘g‘il-qiz­lar, bozorga yetaklangan ho‘kizlar hech narsa emas. Aynan o‘sha hodisa sabab kalen­darga qaramasangiz ham avgust oyida yashayotganingizni bemalol bilib ololasiz. Bu qanday hodisa deysizmi? Yurtimiz maktablarida dars taqsimoti boshlanadi.


Aynan shu oyda jamiyatimizda o‘rnak tashkil qiladigan, og‘ir-bosiq, odobli, aqlli, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan o‘qituvchilar butunlay o‘zgarib qoladi. Bu oyda ertalabdan maktabga otlangan o‘qituvchilarga e’tibor qilsangiz, yaqqol sezasiz. Oldidan chiqib qolsangiz, salomingizga alik ham olmaydi, ko‘zlari asabiylikdan pirpirab, har qadamini jerkib-jerkib bosadi. Xuddi ichiga qamalib qolgan alamini yer sharini tepkilab chiqarishni istayotgandek. Erkak o‘qituvchilar bo‘lar-bo‘lmasga xotinini so‘kaveradi, ayol o‘qituvchilar erini qarg‘aydi. Maktab foyesida qiy-chuv, baqir-chaqir. Tarix o‘qituvchilari tarixni kovlab janjal chiqaradi, fizika o‘qituvchilari bir-birini do‘ppos­lab, yerning tortishish qonunini amaliyotda sinab ko‘rishadi. Boshlang‘ich sinf muallimlari bir-birining boshini yoradi, matematika­chilar bir-birining hisob-kitobini chiqarib tashlaydi. Eng odobli va bosiq ona tilchilari onadan so‘kadi bir-birisini. Bo‘ladi janjal, bo‘ladi katta urush.


Pul nimalar qilmaydi, hammasining qozoni shu maktabning orqasidan qaynaydi-da. Dars soati kam bo‘lsa, oylik ham kam chiqadi. Bu oyda og‘ir-bosiqlik qilib, o‘zini urmagan o‘qituvchi qolgan 11 oy davomida qo‘lini burniga tiqib qoladi. Shuning uchun ham avgust oyida o‘qituvchilar ilm-u irfonni, aql-u odobni bir chekkaga yig‘ishtirib, ibtidoiy instinktlari bilan harakatga o‘tishadi. Bu oyda ularning tomirida minglab yillar avval Afrika savannalarida o‘lja orqasidan quvgan ajdodlarining qoni jo‘sh uradi.


Qiyin, qiyin kimga qiyin? Direktor bilan zavuchga qiyin. 11 oy davomida yegan-ichgani burnidan buloq bo‘lib keladi, tug‘ilgani­ga ming pushaymon bo‘ladi. Ekzistensialist faylasuflar kabi hayotning ma’nosini izlab qoladi o‘z-o‘zidan: “Nega yashayapman? Men Sizifman, hayot xarsangtosh, dumalatgan bilan biror foyda yo‘q”…


Direktor bilan zavuch xonalari eshigini ichkaridan qulflab, kalit tirqishi orqali muloqot qiladi qolgan o‘qituvchilar bilan. Nima qilsin, jon shirin, bo‘lmasa, bu taloto‘p ichida o‘lib-netib ketishi hech gap emas.


Ur-sur, baqir-chaqirdan bir foyda chiqmasa, g‘arbiy front ochiladi. Har o‘qituv­chi oladi qo‘liga qog‘oz-qalam, boshlaydi “yozg‘uvchilik”ni. Direktorning ustidan yozilsa, zavuchning tagiga suv quyiladi. Bunga ham ko‘ngli to‘lmagach, boshlaydi bir-birlarining ustidan yozishni, zavxozdan tortib qorovulgacha, direktorga uzoqroq qarindosh bo‘lgan farrosh xotin ham o‘z nasibasini oladi. Arizalar yog‘iladi markazga, sudga, boshqarmaga, hokimiyatga, ulardan bir naf chiqmasa, viloyatdagi kattakonlarga, ular ham bo‘lmasa, Toshkentga kattakonlarning kattakoniga(yo‘l-yo‘lakay arizaga manfiy javob bergan tuman va viloyatdagi rahbarlar ustidan ham yoziladi). Xullas, BMTgacha yetib boradi arizalar. Direktor va zavuch bechora ishdan ketadi. Ketmasa ham markazga qatnayverib botinkasi yirtiladi, kelgan tekshiruvchilarga aroq tashib tinkasi quriydi.


Har avgustda shu bo‘lar takror, har avgust ham shunday o‘tadi. U bo‘ladi, bu bo‘ladi, hamma o‘qituvchining bir-biridan ko‘ngli qoladi, lekin sentabr boshlangach hammasi o‘z nasibasi bo‘lgan dars soatiga ko‘nib, avvalgi odobli, aqlli, og‘ir-bosiq, jamiyatga o‘rnak bo‘ladigan odamlarga aylanib, o‘quvchilarini qarshi olishadi. Qolgan butun g‘azablarini keyingi avgustga asrab qo‘yishadi.


Hurmatli mushtariylar, shu kunlarda maktabdagi mojarolar avj pallasida. Maktab, o‘qituvchilar millat kelajagini tarbiya­lovchi, jamiyatning lokomotivi hisoblanadi. Qaysi kasb va tabaqadan bo‘lishimizdan qat’i nazar, biz ham bu masalaga bee’tibor bo‘lmasligimiz kerak. Dars taqsimoti oyi­ni nisbatan betalofatroq, kam qurbon bilan o‘tkazishga barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Shu maqsadda ba’zi takliflarimni ilgari surmoqchiman:

1. Mahalla raislari, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari birgalikda o‘qituvchilarning oilalarida tushuntirish ishlari olib borsin. O‘qituvchining oila a’zolari avgust oyida iloji boricha muallim bilan yaxshi muomala qilsin. Jahli chiqqan payti ko‘ziga ko‘rinmasin.
2. Xoh qo‘shnisi, xoh qarindoshidir, barchaning maktabda ishlaydigan tanishi bo‘lsa kerak. Shu kunlarda muallim tanishi borlar ularni ziyorat etib, ko‘nglini ko‘taradigan, ijobiy so‘zlar aytsin, latifalar so‘zlab bersin, o‘qituvchilarning sentabrgacha jamiyatga adaptatsiya bo‘lishiga ko‘maklashsin.
3. Mahallalarda “Betaraflar” nomli ko‘ngillilar otryadlari tuzilib, maktablarga biriktirilsin. Bu otryadlar navbatchilik asosi­da o‘qituvchilarni ajratishga bor kuch-g‘ayratlarini sarf etsin.
4. Avgust oyigacha “Biz dars talashishlariga qarshimiz” shiori ostida miting va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazaylik.
5. “Odam bo‘ling” nomli xayriya jamg‘armasi tashkil etaylik. Hamma ko‘ng­lidan chiqarib 4-5 so‘m bersin. Yig‘ilgan pullarga yurtimizdagi barcha maktablar validol, tinchlantiruvchi dorilar va yod, spirt, bint kabi birinchi yordam vositalari bilan ta’minlansin (markazga yuboriladigan arizalar, direktorning bordi-keldi xarajatlari ham jamg‘arma hisobidan qoplansin).
6. IIV, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluv­chi tashkilotlar direktor va zavuchning xav­fsizligini saqlashga amaliy yordam ko‘rsatsin.


Mening takliflarim hozircha shular, sizda ham avgust oyini betalofat o‘tkazishga doir biror tashabbus bo‘lsa, ularni chiroyli qilib qog‘ozga tushirib “Ma’rifat” gazetasiga yuboring.

Dars taqsimoti oyini bir amallab o‘tkazib olsak, keyin hammasi yaxshi bo‘ladi. Barchaga omad, kuch-g‘ayrat tilayman! To‘r ko‘z tugal, eson-omon sentabrga yetib olaylik!

BETARAF

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish