Hokim bobo, biznikiga qachon kelasiz?!
Shapaloq
32
Ha, men ham o‘sha videoni ko‘rdim, aka. Shu kundan beri na kechada halovat bor, na kunduzda. Bilasiz, o‘qituvchi odammiz. “Hokim” desa, shusiz ham oyog‘imiz qaltiraydi. Eski davrda hokim bobolar bizni zir titratgan. Ne kunlarni ko‘rmadik, deysiz. Paxta terganmiz, daraxt oqlaganmiz, ko‘cha tozalaganmiz, soliq yiqqanmiz, ajrashganlarni yarashtirganmiz, yarashganlarni ajrashtirganmiz...
Xullas, hokim bobodan so‘kish eshitmagan biror o‘qituvchi bo‘lmasa kerak.
Maktabdan qaytib, uyga keldim. Charchagan miyani ozroq chalg‘itay deb ijtimoiy tarmoqlardan video tomosha qila boshladim. Oldimdan lop etib bir tuman hokimining uyma-uy kirib, odamlarning ro‘zg‘orini tekshirib yurgani, tozalikka e’tiborsiz kelinlarni qaynonalardek tergayotgani, hatto yotoqxonalargacha kirib, taftish o‘tkazayotgani videosi chiqib qoldi. Uyning hech bir kunjagi hokim boboning sinchkov nigohidan chetda qolmagan. Yuvilmagan idish-tovoqdan yig‘ilmagan o‘ringacha, eskirgan botinkadan oqlanmagan devorgacha hammasini birma-bir tekshirib, tanbeh beryapti. Hatto kun qizigan payti uxlayotganlarni ham do‘qlayapti. Ro‘zg‘orni yaxshi tutmaganlarni hatto jarimaga tortayapti. “Hammaning uyi menikidek saranjom-sarishta bo‘lsin. Xohlasalaring, mening uyimga borib, xonadonni qanday toza saqlashni o‘rganinglar”, deyapti.
Videoni ko‘rdim-u, sapchib o‘rnimdan turdim. Yuragimni qo‘rquv bosdi. “Hozir, shu daqiqada eshikni tepib, biznikiga ham kirib qolsa, nima qilaman?!”. Aytib bo‘ladimi?!
Xudoga shukur, bizning uyimiz (o‘zi bir xonalik kichkinagina kvartirada ijarada turamiz) hokim bobo kirgan uylardagidek emas. Keliningiz tozalikka qattiq e’tibor qiladi. Ammo qaysi uyda kamchilik yo‘q, deysiz.
Bir qarasam, o‘quvchilarning yozma ish daftarlari stolda sochilib yotibdi, kitoblar ham betartib terib tashlangan, ochiq qolgan deraza tokchasiga chang qo‘nibdi, ertalab kofe ichgan bokalimni yuvmabdi ahmoq xotin...
Bir onda uyimiz juda betartib ko‘rinib ketdi ko‘zimga. Qanday qilib yig‘ishtirishga kirishib ketganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Oshxonada ovqat pishirish bilan ovora xotinim xonaga kelib, ko‘rgan manzarasi qarshisida hayratdan og‘zi ochilib qoldi:
– Tinchlikmi, dadasi, nima qilyapsiz?
Unga e’tibor ham bermay, qo‘limdagi nam doka bilan stollarni artaverdim.
– Sizga nima bo‘ldi? Qachondan beri uy yig‘ishtiradigan bo‘lib qoldingiz? Qo‘ying, kechagina uyning har tarafini yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘ygandim-ku. Ha-a-a, endi tushundim, urushishga sabab topolmaganingizdan shunday qilyapsiz. O‘zi anchadan beri so‘kmaganingizga hayron bo‘lib yurgandim. Urishmoqchimisiz, a? Urishmoqchimisiz?
– E-e, ahmoq xotin, eshitmadingmi? Hokimlar uyma-uy kirib, odamlarning qanday yashayotganini tekshirib yurgan ekan. Biror kamchilik topsa, otning kallasidek jarimaga tortayotganmish. Tez bo‘l, hamma joyni supur, idish-tovoqlarni yuv, kiyimlarni dazmolla, eshik-derazalarni art.
– Voy, sizga aytdim-ku, kechagina hamma yoqni chinni-chiroq qilib qo‘ydim deb. Qo‘ying-e, qo‘lingizdagini! Xotini bor uyda erkak kishi ham chang tozalaydimi? Hokim bobo ham o‘z-o‘zidan birovning uyiga bostirib kirmasa kerak. Bunga haqqi yo‘q-ku.
– Ko‘p aql o‘rgatma sen, hokimlar birovdan ruxsat so‘rab o‘tiradimi? Tez aytganimni qil!
– Ovqat pishib qoldi, siz qorningizni to‘qlab oling, ungacha men besh daqiqada hamma yerni tartibga keltirib qo‘yaman.
– He-e, ovqatingniyam!..
Xotin har doimgidek masalaning jiddiyatini tushunmadi. O‘sha videoni unga ham ko‘rsatishga majbur bo‘ldim. Videoni ko‘rgach, uning ham ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.
– Rostdan ham, lop etib eshikdan kirib qolsa-ya...
Yeng shimarib, ikkovimiz ham uy yig‘ishtirishga qattiq kirishdik. Pollar takror-takror yuvildi, gilamlar qoqildi. Stollarning ustidan shkaflarning ostigacha artib chiqdik. Kitoblar bir tekis qilib alifbo tartibida javonga terildi. Kelinsalomda berilgan, lekin hali qutisidan chiqarib ishlatilmagan idish-tovoq, sanchqi-pichoqqacha hammasini qayta-qayta, ko‘pirtira-ko‘pirtira yuvdi xotin. Ko‘zimiz qiymaganidan hali ham asrab kelinayotgan eski-tuskilarni chiqindixonaga olib borib tashladim...
Oxiri ikkovimizning ham bo‘larimiz bo‘ldi. Uyqusizlikdan ko‘zlar yumilib ketaverdi. Hokim boboning bir uyga kirib, xonadon sohibasini hatto uxlagani uchun urishgani esga tushib, ikkilangandek bo‘lsak ham, tozalikni ertaga davom ettirishga qaror qildik. Xonada o‘zim yotdim, xotinni balkonga quvib soldim. Aytib bo‘ladimi, hokimlarning ishi ko‘p, kuni bilan vaqt topolmagani uchun yarim kechasi ham eshikni tepib kelib qolishi mumkin. Hokim bobo uyga kirganda xotin bilan uxlayotgan bo‘lsang, noqulay-da... Havo issiq bo‘lishiga qaramasdan, kostyum-shimimni kiyib yotdim. Hokim boboning qarshisiga pijamada chiqib bo‘ladimi? Papkamni ham quchoqlab oldim, har ehtimolga qarshi.
Qani endi ko‘zga uyqu kelsa. Bir tomondan yotganimda kiyimlarimning g‘ijim bo‘lishini o‘ylayman, iloji boricha qimirlamaslikka harakat qilaman. Endi ko‘z ilinay deganda hokim bobo: “Mallim odamsan, galstuk taqsang o‘lasanmi?”, degandek bo‘laveradi. Turib galstukni ham taqaman. Galstuk qurg‘urni taqib uxlab bo‘ladimi? Nafasim qaytadi. Xullas, ertalabgacha uxlay olmadim.
Ertasi kuni kasal bo‘lganimni bahona qilib, maktabga ham bormadim. Uyning kam-ko‘stini tuzatishda davom etdik. Keliningizning qo‘lidan doka-yu supurgi tushmadi. Birdan videoda hokim boboning xonadon egasining muzlatkichini ochib qaragani, u yerdan ham bir dunyo kamchilik topib, do‘q urgani esga tushdi.
Yugurib borib muzlatkichni ochdim. Ichkarisi mo‘g‘ul qo‘shinlari talon-taroj qilgan shahardek: yuqigina qolgan tomat bankasi, to‘rt-beshta tuxum, so‘ligan bodring, kecha yeyilmay qolgan makaron sho‘rva, tamom. Bilasiz, 3-4 million so‘m oylikka kun ko‘radigan odammiz. Maosh olganda bir bozorlik qilamiz-u, oy bo‘yi shularni mayda chaynab yotamiz. Ha deganda muzlatkichni to‘ldirishga bizda imkon qayda, deysiz. Xuddi hozir hokim bobo uyga kiradi-yu, muzlatkichni ochib: “Muallim, odamga o‘xshab yashasang bo‘lmaydimi? Bu nima ahvol?!” deydigandek bo‘laverdi.
Kasal-pasal bo‘lib qolsak, ishlatarmiz deya tishning kavagida saqlab kelgan jamg‘armamizni olib bozorga otlandim. Tashqariga chiqsam, mahallada ham shu gap. Yaqinda ba’zi xonadonlarga hokim bobo kelib, jarimalar solib, ularning eshigiga “Uyatli xonadon” deb qog‘oz ham yopishtirib ketibdi. Hatto mahallamiz ham “Sharmandali mahalla” degan nom olibdi. Hamma sarosimada, hamma boshini qaysi devorga urishni bilmay yuribdi.
Dedi-dedilarga e’tibor bermay, bozorga borib, meva-cheva, go‘sht-u sariyog‘, chaq-chuq, qand-qurs... ko‘zimga nima ilinsa, olaverdim. Pulning oxirgi tiyinini sarflaguncha bozordan chiqmadim. Inqillab-sinqillab bozorxaltalarni uyga olib kelguncha ham bo‘larim bo‘ldi. Xotinning xursand bo‘lishini ko‘rsangiz edi. Bu qadar narsani hayotida birinchi marta ko‘rishi sho‘rlikning. Hatto Yangi yil uchun ham bu qadar bozorlik qilmagan edim. Muzlatkichni og‘ziga qadar to‘ldirdik. O‘zim otini ham bilmaydigan allambalo tropik mevalar sig‘may ham qoldi. Cho‘ntakda bir mirisiz qolgan bo‘lsam ham, qilgan ishimdan mamnun edim. Mana endi, kim kelsa kelaversin, dedim ichimda.
Afsuski, bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Nafas rostlay deb, endi ko‘rpachaga oyoq uzatgandim ham, xayolimga yalt etib bir fikr keldi:
Hokim bobo uyga kelib, hamma yoqni tekshirsa, oxiri kelib muzlatkichni ochsa-yu: “Muallim, buncha narsa sotib olishga pulni qayerdan olding?!” desa, nima bo‘ladi? Boshimdan sovuq terlar quyildi. Bozorlikni qilishga qilib qo‘ydik. Sotuvchilar endi qaytarib olmaydi. Shuncha narsani tashlab yuborishga odamning ko‘zi qiyadimi!
Eh mayli, bo‘sh muzlatkichdan ko‘ra to‘lasi yaxshi. Hokim bobo so‘rab qolsa, kecha qishloqdan mehmonlar kelgandi, shular olib keldi, deyman-u qutulaman. Bunga ham ko‘nmasa, “Mening xonadonimdan o‘rnak olinglar, degansiz, sizga havas qilib, qo‘ldan kelgancha harakat qildik”, deyman, deya o‘zimni ovutdim.
Shunday xayollar bilan o‘zimni yeb o‘tirgan edim ham, keliningiz xonaga kirib keldi.
– Dadasii-ii-iii, – dedi erkalanib. Birdan yurak orqaga tortdi. Ayol kishi biroz so‘zni cho‘zi-iib aytdimi, demak, xarajat bor. Xarajatning katta-kichikligi o‘sha so‘zning qanchalik cho‘zib talaffuz qilinishiga bog‘liq.
– Nima deysan?
– Qo‘ldan kelgancha uyimizni tartibga keltirdik. Muzlatkichni ham to‘ldirdik. Tekshiruvga faqat hokim boboning o‘zi kelmaydi-ku, to‘g‘rimi? Haligi videoda ko‘rdim. Hokim bobo bilan Xotin-qizlar qo‘mitasidan, mahalladan ayol vakil ham bor edi. Bilasiz, ayollar yanada sinchkov bo‘ladi. Ayol vakillar uydan ham ko‘ra uy sohibasining o‘ziga qarashadi. Mening ahvolimni qarang, na bir tuzukroq ko‘ylagim, na ro‘molim bor. Na uzuk olib bergansiz, na sirg‘a. Hokim bilan kelgan ayollar aytmaydimi: “Kelin, ro‘zg‘orda tartibli tutarkansiz-u, lekin o‘zingizga hech qaramas ekansiz-da”, deb. Menga-ku hech narsa kerak emas, siz mulzam bo‘lib qolmang, deyman-da...
Yonib ketdim. Lekin bilasiz, baribir ayollar aytganini qildirmay qo‘ymaydi. Xohlang so‘king, xohlang dod-voy soling, foydasiz.
Keliningizning quvlik qilayotganini, paytdan foydalanib yaltir-yultirli bo‘lib olmoqchiligini bilib turibman. Bir tomondan, chindan ham birovning uyiga kirib, hatto yotoqxonasigacha burnini suqqan tekshiruvchilar keliningizning ko‘ylagi-yu ziragini bahona qilib jarimaga tortmaydi ham deyolmaysiz.
Tanishlardan qarz-qavola qilib, kelini ngizning ham kam-ko‘stini to‘ldirdim. Lekin baribir halovat yo‘q. Miyamda ming xil senariylar aylanaveradi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, ichimdagi Men, ushalmagan orzularim, istaklarim ham miyamning darvozasini bir tepib kirib, hokim boboning ovozida menga do‘q urish, taftish qilishni boshladi:
“Muallim, sen ham odammisan, shu ham yashashmi?! Qara, boshqalarning uyi-joyi bor, sen esa hali ham ijarada turibsan! Umringning oxirigacha shu alfozda
o‘tib ketasan. Qizing bo‘lsa, bu ahvolingda xonadoningga hech kim sovchilikka kelmaydi, o‘g‘ling bo‘lsa, hech kim qizini bermaydi.
3-4 million ham pulmi? Tuzukroq ish topsang bo‘lmaydimi? Hatto mardikorlar ham sendan ko‘p topadi. O‘qib nimani qotirding? Maktabni bitiriboq o‘zingni bozorga ursayding, kuchayib ketarding hozirgacha. Hech qursa Rossiyaga ketish kerak edi, Rossiyaga!..
Bu dunyoga kelganing uchun, behuda yugurib-yelganing uchun, muallim bo‘lganing uchun, qayg‘uga to‘lganing uchun, oz maosh olganing uchun, Toshkentda qolganing uchun, chekishni tashlamaganing uchun, odamdek yashamaganing uchun...
Jarimaga tortish kerak seni – jarimaga!
Jarimaga tortish kerak seni – jarimaga!
Jarimaga tortish kerak seni – jarimaga!
Jarimaga tortish kerak seni – jarimaga!
Xullas, o‘sha videoni ko‘rganimdan beri yotsam ham, tursam ham, uyda ham, ko‘chada ham, ishda ham shu ahvol, aka. Jonga tegdi. Ortiq chidolmayman. Qachongacha kutamiz? Endi umrimning oxirigacha bu ovoz tinchlik bermasligi tayin. Hatto yuzga kirib, paymonam to‘lib o‘lsam, meni qabristonga eltib tashlasalar, u yoqda ham tinch yotmaydigandekman. Chunki hokimlar ham odam, ularning ham boradigan joyi go‘r. U yoqda ham hokim bobo kelib qolsa, nima qilaman, deb yotamanmi?!
Hokimiyatda biror tanishlaringiz bo‘lsa, yetkazing. Hokim bobo biznikiga kelsa kelsin. Kelmasa, kelmasligini aytsin.
MUALLIM
Shu kecha va kunduzda
HAR AVGUSTDA SHU BO‘LAR TAKROR...
Dolzarb mavzu
Hokim bobo, biznikiga qachon kelasiz?!
Shapaloq
V “Ustozlar milliy forumi” o‘z ishini boshladi
Jarayon
Al-Xorazmiy oromgohi – kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qilayotgan maskan
Jarayon
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank