INGLIZ TILINI O‘QITISH TIZIMI MODERNIZATSIYA QILINMOQDA

Jarayon INGLIZ TILINI O‘QITISH TIZIMI MODERNIZATSIYA QILINMOQDA
40



Yurtimizda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli yuz minglab yoshlar mamlakatimiz ta’lim muassasalari va chet davlatlar oliy o‘quv yurtlari filiallarida ta’lim olish bilan birga, xorijiy tillarni ham mukammal o‘rganmoqdalar. Bu borada Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yurtimizda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishda olib borilayotgan islohotlarga katta hissa qo‘shib kelmoqda. 


Jumladan, 2026-yilning 6-7-yanvar kunlari Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Milliy forum tashkil etildi. Forumda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlovchi 50 dan ziyod davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.  Unda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishdagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.   


200 nafardan ortiq ingliz tili mutaxassislari ishtirok etgan Milliy forumda refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim hamda PRESETT dasturi faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan trening mashg‘ulotlar, shuningdek, modul(fan) dasturlarini baholash, amaliyotga moslashtirish bo‘yicha materiallar va vositalar jamlanmalari o‘rganildi.  


– Yurtimizda keng ko‘lamli olib borilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlik tufayli yangi kadrlarga ehtiyoj sezilmoqda, – deydi  O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilhomjon To‘xtasinov. – Britaniya Kengashi tomonidan mamlakatimizda ingliz tilini o‘qitishni modernizatsiya qilish bo‘yicha bir necha yillardan beri o‘tkazilib kelinayotgan Milliy forumda universitetimizning 20 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ularning ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirish yo‘lida ishlab chiqqan taklif va yangi g‘oyalari joriy yilning 2-semestridan o‘quv reja dasturlariga joriy etildi. Bu esa ta’lim sifatini oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, chet tilini o‘qitishda sun’iy intellektdan samarali foydalanishga yo‘l ochadi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga  maktab bitiruvchilarining 7, 7,5 IELTS ballari bilan kelishlariga erishiladi. Biz buning uchun maktab ingliz tili o‘qituvchilari bilan uzviyliklikda ish olib boramiz va darslarda sun’iy intellekt yordamidan foydalanish, kaskad usulida o‘qitish, respublikaning barcha hududlarini trener-o‘qituvchilar bilan ta’minlash orqali zamonaviy o‘qitish usullarini qo‘llashga imkoniyat yaratiladi.


Yaqinda Britaniya Kengashi va Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamkorligida O‘zbekistonda o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi hamda ta’limdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy platforma – SPD Xab ishga tushirilgani katta yangilik bo‘ldi. Xab institut hududida joylashgan bo‘lib, u barcha ishtirokchilar uchun keng imkoniyatlar yaratuvchi, zamonaviy resurslar bilan ta’minlangan, yuzma-yuz va onlayn tarzda tashkil qilinadigan kasbiy o‘rganish faoliyatlarini tashkil qilish maskani vazifasini o‘taydi. 


Umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamkorligida Farg‘ona, Jizzax va Namangan shaharlarida Uzluksiz kasbiy rivojlanish xablari ishga tushirildi.


Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab inklyuziv ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bilan birga, ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashga qaratilgan mazkur dasturning asosiy akademik hamkori – Buyuk Britaniyaning Norvich til ta’limi instituti va Britaniya Kengashi(AELLCA) dasturi yoshlarimiz dunyoga o‘zlarini namoyon etishlarida poydevor vazifasini o‘taydi.

 

Maryam AHMЕDOVA


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish