“Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Millat mulki “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
43

Ma’lumki, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablari hamda nodavlat taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini keng targʻib qilish, oʻquvchilarda vatanparvarlik koʻnikmasini shakllantirish maqsadida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi tashkil etilgan edi.




“Jadidlar izidan” tanlovining respublika bosqichi joriy yilning dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazildi. Unda har bir sinf toifasi boʻyicha 1 nafardan jami 28 nafar(Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2 nafardan) oʻquvchilar ishtirok etdi. Tanlov ishtirokchilari 3 ta shart boʻyicha bellashishdi. Birinchi shart doirasida ishtirokchilar jadidlar hayoti, ijodi hamda asarlariga doir 10 ta savolga javob berdi. Ularga javob berish uchun 5-7 daqiqa vaqt ajratildi va 30 ballgacha baholandi. Ikkinchi shartda ishtirokchilar jadidlar faoliyati va ijodiga oid tanlangan mavzu yuzasidan insho yozdi. Insho yozishda ishtirokchilar mavzuning mazmun-mohiyatini toʻliq ochib berishiga eʼtibor qaratildi hamda 45 daqiqa vaqt ajratildi(mazkur shart 30 ballgacha baholandi). Uchinchi shartda ishtirokchilar erkin mavzular asosida loyiha taqdimotida qatnashdi. Mazkur shart uchun 10 daqiqa vaqt ajratildi hamda 40 ballgacha baholandi.


Tanlov hayʼati qaroriga koʻra, 6-, 7-, 8-sinf yoʻnalishi boʻyicha: 1-oʻrin – Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi 6-maktab oʻquvchisi Komilaxon Kuchkarovaga; 2-oʻrin – Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi 79-maktab oʻquvchisi Mexmetjon G‘aniyevga; 3-oʻrin – Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi 27-maktab oʻquvchisi Muhammadali Xoliqovga;

9-, 10-sinf yoʻnalishi boʻyicha: 1-oʻrin – Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi 18-maktab oʻquvchisi Aziza Turobovaga; 2-oʻrin – Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi 55-IDUM oʻquvchisi Shodiya Adxamovaga; 3-oʻrin – Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi 1-maktab oʻquvchisi Abdulaziz Sobirovga nasib etdi.



Tanlovning respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 6 nafar hamda eng yuqori ball toʻplagan 8 nafar(har bir sinf yoʻnalishi boʻyicha 4 nafardan), jami 14 nafar ishtirokchi xorijiy davlatga taʼlim sayohati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Tanlov ishtirokchilariga kelasi ishlarida ham muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Jadid

Ulashish