“MAKTABGA BORISHDAN QO‘RQAMAN”

Og‘riq “MAKTABGA BORISHDAN QO‘RQAMAN”
63


BULLING – dunyoda 1 milliardga yaqin bola undan aziyat chekadi. Avval ham bo‘lgan, lekin hozir avj olgan, uyatchan, indamas, sinfdoshlaridan biroz tortinchoq bolalarni battar jimlikka botirayotgan illat. 




“Stopbullying” saytida joylangan ma’lumotlarga ko‘ra, bulling – bu maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida sodir bo‘ladigan, noma’qul va tajovuzkor xatti-harakat bo‘lib, unda kuch tengsizligi mavjud bo‘ladi. Tazyiqqa uchragan va boshqalarni tazyiqqa duchor qilgan bolalarda jiddiy psixologik muammolar kelib chiqadi. Bundan ikki tomon ham jabr ko‘radi. 


Psixologik bosim va jismoniy zo‘ravonlik, shuningdek, maktablarda bolalarni tahqirlash holatlari butun dunyoda jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Xalqaro tashkilot­lar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bolalar ko‘pincha jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlik bilan to‘qnashadi va eng achinarlisi, jabrlangan bolalarning qariyb 80 foizi bu haqida hech kimni xabardor qilmaydi. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan O‘zbekis­tonda bolalarning 62 foizi, Qozog‘istonda esa 17,5 foizi zo‘ravonlik yoki bulling qurboni bo‘ladi. Qirg‘izistonda esa bullingga qarshi biror qonun hujjati qabul qilinmagan, statistikasi yuritilmaydi ham. 




O‘zbekistonda har qanday zo‘ravonlik harakatlarining oldini olish maqsadida 2024-yil 14-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasizning “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, 2025-yil may oyidan kuchga kirdi. Mazkur hujjatning 3-moddasida: “Bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi”. Ushbu hujjat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning aniq ta’rifini beradi hamda jismoniy, psixologik va jinsiy zo‘ravonlik kabi turli xil tajovuz shakllaridan, shuningdek, bolalarga beparvolik, ekspluatatsiya va bezorilik (shu jumladan kiberbulling)dan himoya qilishni o‘z ichiga oladi.




– Bir qiz va bir o‘g‘ilim bor. Qizim tabiatan xush­chaqchaq va maktabda doim a’lo baholarga o‘qiydi. Shuning uchun undan ko‘nglim to‘q. Lekin o‘g‘lim juda tortinchoq, ichidan gap sug‘urib olish qiyin, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Mirzohid Zokirovning onasi Muborak Vohidova. – Sinfdoshlari, maktabi haqida men bilan gaplashishni istamaydi. Otasining o‘rni bilingani uchun shundaymi deb yurardim. Qizim maktabda akasini sinfdoshlari o‘rtaga olib kulishayotganini bir necha marotaba ko‘rgan ekan. Shundan beri maktabda bolamga nisbatan tazyiq o‘tkazishyotganini o‘ylab tashvishdaman. O‘g‘limni bu holatdan qanday chiqarishni bilmayapman. 


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumot­lariga ko‘ra, zo‘ravonlik turlari orasida qo‘rqitish o‘quvchilarning o‘quv natija­lariga juda katta ta’sir ko‘rsatishi, buning natijasida matematika, o‘qish va tabiatshunoslik kabi fanlardan past baholarga sabab bo‘lishi aniqlangan. 


– Ilgari bunday holatlar uncha ko‘p uchramas, ayniqsa ilk dars berishni boshlagan yillarim boshlang‘ich sinflarda o‘quv­chilar bir-biriga mehrli, soddaroq edi. Ammo so‘nggi yillarda 4-sinfdan keyin bulling holatlari ko‘proq ko‘zga tashlana boshladi, – deydi Forish tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi Guljahon Egamqulova. – Biz o‘qituvchilar­ning befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. O‘quvchi o‘zini jamoadan chetda his qilsa, nafaqat uning ruhiy holati, balki o‘qishdagi natijalariga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun bunday vaziyatlarda eng avvalo o‘quvchini sinf­ning e’tibor markaziga olib chiqaman. U bilan alohida suhbat o‘tkazib, ishonch bildiraman.


Bugungi kunda bolalar axborotga ochiq, ammo his-tuyg‘ularni tushu­nish, boshqaga mehr ko‘rsatish borasida qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. O‘qituvchi sifatida men bunday vaziyatlarda sabr bilan, yurakdan, har bir bolaning orqasida turgan ruhiy olamni tushunishga harakat qilaman. Bullingga uchragan bolani yakkalamasdan, balki uni sinfga yaqinlashtirib, jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishiga hissa qo‘shishga intilaman. 


Sinfimda kamgap, uyatchan, ravon gapira olmaydigan o‘quvchim bor edi. Ba’zan bolalar uning ustidan kulishardi. Vaqt o‘tgan sari shu o‘quvchim o‘z fikrini bildirishdan qo‘rqib qoldi. Masalaga yechim topishga kirishdim. Bir kuni unga “ertaga darsni men bilan birga olib borasan”, deb vazifa berdim. Avvaliga cho‘chidi, lekin keyin ishtiyoq bilan harakat qila boshladi. Uni maqtab, sinf oldida alohida e’tirof etdim.


Ertasi kuni butun sinf bilan “Bir-biri­mizni eshitamiz” mavzusida kichik suhbat o‘tkazdim. Har bir bola boshqalarning unga qanday munosabatidan o‘zini yomon his qilishini tasvirladi. Bu orqali bolalar kamsitish yoki kinoyasi tengdoshlariga qanday og‘riq keltirishi mumkinligini tushunib yetishdi. Shu yondashuvdan keyin sinfda bulling holati ancha kamaydi.


Doim bullingga uchragan bolaga ijobiy rol berishga harakat qilaman. Masalan, uni kichik guruh yetakchisi qilib tayinlayman, dars vaqti savollar berib, ishtirokini rag‘batlantiraman. Eng asosiysi, aynan intellektiga mos va kuchiga yarasha topshiriqlar beraman. Topshiriqlarni qanday bajarishidan qat’i nazar, sinf oldida rag‘batlantirib, u haqida ijobiy fikrlar aytaman. Bu orqali bola o‘zini hurmat qilishni o‘rganadi. Sinfdoshlari esa o‘qituvchining unga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, o‘rtog‘iga nisbatan muno­sabatini o‘zgartira boshlaydi. 




Ha, odatda bullingga uchragan bolalar boshqalarga nisbatan zaif, ijtimoiy kelib chiqishi pastroq yoki sinfdoshlaridan farqli millatga mansub bo‘lishi mumkin. Bulling qurbonlari asosan o‘zlarining “nozik” tomonlari tufayli nishonga olinadi. Biz kattalar boshqalarning salbiy fikr­larini filtr qilib, o‘z tajribamizga asoslangan holda to‘g‘ri-noto‘g‘riga ajrata olamiz. Ammo bolalar hali to‘liq shaxs bo‘lib shakllanmagani tufayli ham atrofdagilarning fikrlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri haqiqat deb qabul qilishi mumkin. Doimiy salbiy fikr eshitish insonga, ayniqsa bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilishi juda ko‘p tadqiqotlarda isbotlangan. Jumladan, amerikalik sotsiolog olim Xovard Bekerning  “Yorliqlanish nazariyasi” (labelling theoriy)ga ko‘ra, bola qayta-qayta salbiy fikr eshitib ulg‘aysa, keyinchalik o‘zini mana shu fikrlarga mos ravishda tuta boshlaydi. Masalan, dangasa bo‘lmagan bolaga bu gap qayta-qayta aytilsa, unda dangasalik belgilari ko‘rinib, bola unga berilgan “etiket”ga moslashadi.


– Biror xatti-harakatni bulling deb baholashimiz uchun unda ikki xususiyat jamlangan bo‘lishi kerak, – deydi O‘zbekis­ton jurnalistika va ommaviy axborot kommunikasiyalar universiteti psixologiya fani o‘qituvchisi Mushtariy Abdullayeva. – Birinchisi, kuchlar tengsizligi, ikkinchisi esa ushbu zo‘ravonlik davomiy bo‘lishi. Demak, maktabda bolani ajratib qo‘yishlari yoki tazyiq o‘tkazishlari davomiy va bu holat bolaga psixologik zarar yetkazayotgan bo‘lsa, bunday xatti-harakatni bulling deb baholash mumkin. Uni zo‘ravonlikning bir turi deb hisoblasak, u maktab, ish, oila, ko‘chada ham yuz berishi mumkin. Bulling va oddiy hazilni farqlash juda ham oson. Masalan, bullingda hazil tahqirlash maqsadida ishlatiladi, asosan bir tomon kulib rohatlansa, ikkinchi tomon azoblanadi. Bu holat ko‘proq ustunlik qilish va pastga urish ko‘rinishida bo‘ladi. Hazil esa hurmat doirasida bo‘lib, to‘xtovsiz sodir etilmaydi. Albatta, ta’kidlaganimizdek, bullingning muhim belgilaridan biri bu qayta-qayta sodir bo‘lishidir. Davomli ravishda bullingni boshdan o‘tkazgan bolalarda kichik psixologik muammolardan tortib, jiddiy ruhiy buzilishlar namoyon bo‘lishi mumkin. Oqibatda depressiya, xavotir-qo‘rquv, ijtimoiy fobiya, post-travmatik stress buzilishi(PTSD) kabi kasalliklar yuzaga keladi. Mustaqil ravishda yengish bolalarga mushkul kechadi. Shunday bo‘lsa-da, bolani o‘z qobiliyatlarini namoyon qila olishi mumkin bo‘lgan to‘garaklar va sport mashg‘ulotlariga berish ma’qul yechim. Ota-ona, sinf rahbari, maktab psixologi, maktab ma’muriyati bulling hammada ham bo‘lishi mumkinligini bolaga tushuntirishi lozim. Har qanday muammo birgalikda hal qilinganda osonroq yechim topilishini aytish kerak. Shuningdek, har qanday yomon oqibatning oldini olish maqsadida mutaxassisga murojaat qilish tavsiya etiladi.  




Statistik ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada har ikkinchi o‘spirin maktabda bezorilikka duch keladi. 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan respondentlarning 52 foizi tengdoshlari tomonidan bulling haqida xabar bersa, uning 32 foizni psixologik bulling va 26,6 foizni jismoniy bulling tashkil etgan. Maktabda bullingga duch kelgan bolalarning 63 foizi bu haqda ota-onalariga aytsa, 15 foizi nima bo‘lgani haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishadi. Kanadalik tadqiqotchilarning fikricha, maktab o‘quv­chilarining 67 foiz maktabda bullingga guvoh bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, deyarli barcha bolalar qurbonga achinadi, ammo guvohlarning faqat yarmi qurbonga yordam berishga harakat qilishadi, xolos.


Bulling bolada o‘ziga ishonchsizlik, ruhiy iztirob, o‘qishdan bezish va hatto o‘ziga zarar yetkazish kabi fojeaviy oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun biz – ota-ona, o‘qituvchilar va jamiyat bu muammoga befarq bo‘lmasligimiz zarur. Har bir bola o‘zini xavfsiz, qadrlangan va tushunilgan his qilishi kerak. Bullingga qarshi kurashda faqat jazolash emas, balki mehr, tushuncha berish, tarbiya va doimiy muloqot orqali sog‘lom muhit yaratish muhimdir. Yaxshi muhitda ulg‘ayayotgan bola esa, albatta, sog‘lom jamiyatning poydevori bo‘la oladi.


Sojida VOHIDOVA, 8-sinf o‘quvchisi: Ular kuladi. Turtadi. Ba’zan jim qarab turishadi, lekin bu jimlik ham“Sen hech kim emassan” degan baqiriqdek tuyuladi. Darsda ustozim savol beradi, javob bermoqchi bo‘laman, lekin qo‘lim ko‘tarilmaydi, cho‘chiyman. Ba’zan boshqa qizlar kabi chiroyli emasligim, ba’zan har kuni yangi kiyim kiyolmaganim, ba’zan esa so‘nggi rusumdagi telefonim yo‘qligidan boshqalarga mavzu bo‘laman. MAKTABGA  BORISHDAN  QO‘RQAMAN!


Fayoza AVLAYEVA,

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Maktab
  • #Nazorat
  • #Og‘riq
  • #Dars

Ulashish