«MENING HAM USTOZ HAQIDA AYTADIGAN GAPLARIM BOR»

O‘qituvchilik dunyodagi kasblarning eng mas’uliyatlisi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki ular hayotning o‘ydim-chuqur ko‘chalaridan millat kelajagini yelkalab o‘tadi. O‘z kasbini chin yurakdan sevgan haqiqiy pedagog har qanday sharoitda o‘quvchilarga bilim berishdan charchamaydi. Ana shunday ustozlarimizdan biri, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 225-umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Oygul Safarqulovadir.
U uzoq yillardan buyon yoshlarga saboq berib kelyapti. Ustoz ushbu maktabdagi faoliyati davomida o‘zining mehnatsevarligi, ilmiy salohiyati bilan boshqalardan ajralib turadi. Ustozning darsini kuzatish maqsadida 9-«B» sinfining geometriya darsiga kirdik. Muallimaning pedagogik mahorati, o‘quvchilar bilan munosabati, murakkab mavzuni ham oson va tushunarli usulda tushuntirib berishi natijasida dars juda qiziq va jo‘shqin ruhda o‘tdi. Qahramonimiz har bir darsga chuqur tayyorgarlik ko‘radi, murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan mavzular uchun yangi pedagogik texnologiyalar, innovatsiyalarga tayanib, interfaol usullar, yangicha metodlardan unumli foydalanadi. O‘zi yaratgan ko‘rgazmali qurollardan mahorat bilan foydalanishi natijasida o‘quvchilarida o‘zlashtirish samaradorligining o‘sishiga erishib kelmoqda.
– Oygul Imomqulovna o‘z ustida ishlaydigan, juda ham ko‘p qiziqarli manbalarni topib, o‘quvchilarni algebra, geometriya faniga qiziqtiradigan ustoz. Bilasiz, yuqori sinflarga o‘tgan sari o‘quvchilarimiz aniq fanlarga qiziqishi kamayib boradi. Shu sababli, o‘qituvchimiz “Qiziqarli matematika” to‘garagini olib boradi, – deydi maktab direktori Go‘zal Shoislomova.
Maktab rahbaridan fikr olib tugatmasimdan bir ustoz “Meni ham Oygul haqida aytadigan gaplarim bor”, deb qoldi.
– Oygul ustoz samimiy va kuyunchak, bilimdon va talabchan, oqila, doim xushchaqchaq va nekbin hamkasblarimizdan biri, – deb gap boshladi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulshoda opa. – U ilmni o‘quvchiga qanday yuqtirishni biladigan fidoyi ustoz.
Qo‘ng‘iroq chalindi. Uchinchi soat tugadi. Oygul ustoz, maktab rahbari bilan gaplashib turgan ham edik, ikki o‘quvchi qiz yugurib kelib, salom berdi.
– Eng yaxshi ko‘rgan ustozimiz – Oygul opa, – deydi 9-«B» sinf o‘quvchilari Shahrizoda Muxtorova va Gavhar Ro‘zimbetova.
– Darslarini intiqlik bilan kutamiz. Qiziqarli o‘yinlar, mashqlar, slaydlar bilan tashkillashtirilgan dars esda qolarli bo‘lishi tayin.
– Shu o‘rinda matematika fanining ahamiyati haqida gapirib o‘tmoqchiman. Bu fan hayotda asqotadigan eng muhim fanlardan. Siz bankda ishlaysizmi yoki maktabdami – matematika, albatta, kerak. Shu bois, matematika fanini o‘qitish borasida bugun biz Singapur tajribasini o‘rganyapmiz. “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlarida mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yurityapman. Shuning uchun har oyning birinchi va uchinchi payshanba kunlari tumanda lider ustozlarga “Kasbiy rivojlantirish kuni” trening darslari o‘tilmoqda. Biz kelib, o‘rganganlarimizni maktabda o‘tib beramiz. Ya’ni “Kasbiy rivojlantirish soati” trening darslari maktabda bo‘ladi. Hammamiz 1+1=2 ekanini yaxshi bilamiz, lekin uni qanday qilib 10 ga aylantirish kreativlik talab etadi. Singapur metodi orqali biz o‘quvchilarni mana shunga o‘xshash muammolarga kreativ yechim topishga o‘rgatamiz. Masalan, bolalar algebra va geometriya darslarida juda ham ko‘p matematik shakl va tushunchalarni o‘rganadi. Lekin ularni qayerda, qanday qo‘llashni bilmaydi. Bu dastur o‘quvchilarning o‘rganayotgan bilimini yaxshiroq va tezroq eslab qolishiga yordam beradi hamda undan hayotda qanday vaziyatlarda qo‘llash bo‘yicha tasavvurini kengaytiradi.
Intilganga tole yor, deganlaricha bor ekan. Ayniqsa, o‘quvchilar, hamkasblari e’tibori, e’tirofi va rag‘batidan ziyoda mezon va haqiqiy baho bo‘lmasa kerak.
– Pedagogikaga astoydil mehr qo‘yganim sababli, kayfiyatim yoki oilaviy muhitim qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, maktabga borib, o‘quvchilar bilan muloqot qilganimda, suhbatlashganimda barcha tashvishlarim unutiladi, mamnun bo‘laman. O‘quvchi o‘g‘il-qizlarning barchasi xuddi o‘z farzandlarimdek bo‘lib ketgan. Bu men uchun katta baxt! – deydi qahramonimiz.
Ayollik baxtini mehnatda, kasbida, farzandlari kamolida, shogirdlar quvonchida, savob ishlar va sabrda topgan Oygul opadek ustozlarni zamonamiz qahramonlari degim keladi.
Sirojiddin NAJMIDDINOV,
O‘zDJTU talabasi
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekistonda sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilma va dronlar hamda ularga qarshi kurash bo‘yicha yangi bo‘linmalar tuziladi
Bolani noqonuniy diniy taʼlim olishga jalb qilganlar javobgarlikka tortiladi
Endilikda energiya sarfi maktab yoshidan boshlab o‘rgatiladi
13 yoshli maktab oʻquvchisi shaxsiy brendiga ega
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank