MIKROFON OLDIDA MAS’ULIYAT – YO‘QOLGAN QADRIYATMI?

Dolzarb mavzu MIKROFON OLDIDA MAS’ULIYAT – YO‘QOLGAN QADRIYATMI?
62


Bugungi kunda xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan ko‘ngilochar dasturlar noo‘rin kulgi, shovqin, bo‘sh-bayov jumlalar, bachkana xatti-harakatlar bilan to‘lib-toshgan. Har bir ko‘rsatuvda eng ko‘p uchraydigan holat – tilga nisbatan loqaydlik va efir etikasiga zid xatti-harakatlardir. Afsuski, bu holatlar teledasturlarni tomosha qilayotgan keng jamoatchilikda salbiy taassurot qoldirmoqda. 


Xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan ko‘ngilochar dasturlarni kuzatganda, ko‘p hollarda tilga bo‘lgan hurmat yo‘qolganini sezish mumkin. Eski va yangi avlod orasida bu dasturlarni tomosha qilishda sezilarli farqlar mavjud. O‘tmishda, ko‘ngilochar dasturlar odatda tomoshabinlariga ma’naviy, ruhiy ozuqa berishga xizmat qilar edi. Bugungi kunda esa aksariyat dasturlarda ba’zi shaxslarning hamma narsani shunchaki kulgiga aylantirishi, ba’zan tilni buzib, nomuvofiq xulq-atvor ko‘rsatishi, tomoshabinni o‘ylashga majbur qiladigan mas’uliyatni unutgani yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.


Efirda aytilgan har bir so‘z va xatti-harakat teletomoshabinlarga o‘z ta’siri­ni o‘tkazadi. Shuning uchun mikrofon oldida turib so‘zlayotgan shaxslar o‘z mas’uliyatini chuqur anglashlari lozim. Har bir so‘z va harakatni ehti­yotkorlik bilan tanlash, nafaqat ommaviy fikrni shakllantirish, balki jamiyatni tarbiyalashda ham katta ahamiyatga ega. Aynan shu nuqtada “til madaniyati” va “efir madaniyati” o‘rtasidagi bog‘liqlikni to‘liq anglashimiz kerak.


Xususan, ko‘plab yoshlar ko‘rsa­tuvlar orqali o‘zlari uchun hayotiy darslar, o‘rnak olishadi. Nutqi, madaniyatini shakllantiradi. Masalan, “Milliy” telekanalida “Show Biz News”, “Ikkalamiz”, “Shirchoy”, “Allo, doktor” kabi ko‘rsatuvlarni tomosha qilmagan yoki nomini eshitmagan inson bo‘lmasa kerak. Ko‘cha tiliga xos “Qanday bo‘ldi hay?, qattan,  qildizu, sho‘tta, buyoda, biza, bo‘sin, bula, ko‘rdilami, yorvora­miz, lekin amo, usha, gap yo‘, ehtiyot bo‘lila, uzatin, uzativorin” kabi shevaga xos nome’yoriy so‘z va jumlalarning tez-tez ishlatilishi odatga aylanib ulgurdi.




“Allo, doktor” ko‘rsatuvining bir sonida esa deyarli dasturning boshidan oxirigacha Toshkent shevasidagi so‘zlarni qo‘llashgani juda achinarli holdir:
– “Boshlimizmi” emas – boshlaymizmi;
– “Oline buni” emas – oling buni;
– “Kere bo‘ladi” emas – kerak bo‘ladi;
Yig‘ishtirn emas – yig‘ishtiring;
Farqi yo‘ emas – farqi yo‘q;
Keremi emas – kerakmi;
Tafsiya qilinmidi emas – tavsiya qilinmaydi;
– “Qiseyiz bo‘ladi” emas – qilsangiz bo‘ladi;
“Olamiza” emas – olamiz;
– “Yumimza” emas – yuvmaymiz;
“Oybe” emas – Oybek.


Yana ko‘rsatuv davomida varvarizm so‘zlardan foydalanilgan: “ha” o‘rnida rus tilidagi “да” so‘zi ko‘proq ishlatiladi. Shuningdek, mehmon ekspert hamda teleboshlovchining o‘zini tutishi, ayrim bachkana qiliqlari efir madaniyatiga ziddir.  


“Zo‘rTV” telekanalining “Ertalabdan salom” tonggi dasturidagi boshlovchilar nutqi ham shunday buzuq: 




– Qora kofe ichadigon insonlar biroz jiddiyroq bo‘lar ekan, jiddiy hayotga jiddiy ko‘z bilan qaraydigon, lekin yumshoq­roq. 
– Nerviniy bo‘ladi-da qora kofe icha­diganla, asab bo‘ladi. 
– Endi ja nerviniylab tashamang, Shukur aka, ja man endi qora kofe ichgansan, san nervinniysan deganmas mani. 
– Jahli tez bo‘ladi-da qora kofe ichganlani. 
– A shunaqa dismi?
– Qoralik kiravradida ichiga.
– Yo suv oq bilan yuvoradi ichida siz nima divossz.


Ko‘rinib turganidek, dialog matnida og‘zaki adabiy til me’yorlaridan og‘ish kuzatiladi. Bu qadar saviyasiz nutq parchasini efirga olib chiqish qanchalik to‘g‘ri?! Mazkur turdagi ko‘rsa­tuvlar soni kundan kunga oshsa osh­yaptiki, aslo kamaygani yo‘q. Natijada tomoshabin efirdagi nutq madaniyatini andoza sifatida tabiiy deb qabul qilyapti. Tez-tez takrorlanayotgan nutq buzilishlariga teletomoshabin quloqlari mosla­shib bormoqda. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan til siyosati bilan bog‘liq chora-tadbirlar, qaror-u farmonlar kimlarga mo‘ljallangan? Nega ayrim teleijodkorlar belgilangan vazifalarini bajarmayapti yoxud ona tilimiz kelajagiga loqaydlik bilan yondashishadi? Bunga ularning haqqi bormi?!


Jumladan, Prezidentimiz Sh.Mirzi­yoyevning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish vat til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida bir qator vazifalar belgi­langandi. Shulardan ayrimi: “jamiyatda o‘zbek tiliga (davlat tiliga) hurmat-e’tibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish; mamlakatimizda har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishishdir”. Mazkur vazifani bajarishda OAV katta rolni bajaradi. O‘zbek tilida so‘zlashuvchi har bir fuqaro, eng avvalo, o‘z ona tilini sevsa, unga hurmat-e’tibor ko‘rsatsagina maqsadga erishiladi. Shunday qilinmas ekan, chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolib ketadi, natijada tilimiz kelajak avlodga o‘z bo‘y-basti, tarovatini yo‘qotib yetkaziladi. Shuningdek, begona tildagi so‘zlarni noo‘rin ishlatish nutqning ifodaliligiga, uslubiy tozaligi va estetik qadriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ona tilidan foydalanishdagi beparvolik, chet tili so‘zlarini qo‘shib ishlatish zamonaviylik belgisi emas, balki tilga loqaydlik va milliy identitetga begonalashuv belgisidir (Звегинцев, 1973).


Ha, teledasturlar orasida saviyasi yuqori, boshlovchilarning nutq madaniyati savodli, har jihatdan o‘rnak olsa arziydiganlari ham anchagina. Istaymizki, efir millat yuzi bo‘lganligi bois barcha dasturlarda efir madaniyatiga rioya etilsa, nur ustiga  nur bo‘lardi. 


Ma’lumki, axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi jamiyatda deyarli barcha telekanallarning ijtimoiy tarmoqda sahifalari mavjud hamda har bir ko‘rsatuv yoki uning ma’lum bir qismi muntazam yoritib borilayapti. Tomoshabin istasa, yo‘lda keta turib ham dasturlarni tomosha qilishi mumkin. Ayrim shou dasturlar to‘liqligicha youtubega joylashtirilganligi bois istagan vaqtda tomosha qilish imkoniyati mavjud. Ayrim videolar uchun yozilgan sharh­larda tomoshabinlar keskin fikrlar(savi­yasiz ko‘rsatuv; ko‘rsatuvni tugatish kerak; shu boshlovchidan bezor bo‘ldik, uning bema’ni gaplari jig‘imizga tegadi, shundan boshqa boshlovchi yo‘qmi…) bildirgan. Mazkur holat zukko, saviyali, madaniyatli hamda ona tilimizga g‘amxo‘r tomoshabinlar ham mavjud­ligini ko‘rsatadi. 


“Yuksalish” umummilliy harakati maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yil noyabr holati bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasida 1893 ta ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyat olib bormoqda. Ulardan 72 tasi telekanallardir. Demak, tilni targ‘ib etish, uni rivojlantirish va himoya qilish uchun bu yetarlicha katta kuch ekanligini ko‘rsatadi. 


Mikrofon oldida so‘zlashish – bu faqatgina so‘z aytish emas, balki mas’uliyatli va axloqiy xulq-atvorni namoyon etishdir. Shuning uchun har bir telekanal va dastur ishlab chiqaruvchisi o‘z faoliyatida nafaqat tomoshabinni o‘ylantiradigan, balki unga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, jamiyatni yaxshilashga hissa qo‘shadigan ko‘rsatuvlarni yara­tishi lozim. Ko‘rsatuvlar muvaffaqiya­tiga faqatgina tomoshabinlarni kuldirish orqali erishish mumkin deb hisoblash xato. Uning maqsadi – insoniy qadriyatlar, til madaniyati va ma’naviyatni saqlashga qaratilgan bo‘lishi kerak. 


Mehrigiyo SHIRINOVA,

BuxDU doktoranti

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish