MUALLIM QADR TOPSA, TA’LIM-TARBIYA YUKSALADI

Tanqid MUALLIM QADR TOPSA, TA’LIM-TARBIYA YUKSALADI
76



— Traktorchilar kelishyaptimi?! Ichkariga olinglar, ichkariga… ichkari uy bo‘shmi, kim o‘tiribdi? O‘qituvchilar?! Chiqar hammasini tashqariga!
Mashhur so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyev jamiyatdagi, insonlar tafakkuridagi o‘zgarishlarni kulgiga olar ekan turli sabablar tufayli o‘qituvchilar obro‘si to‘kilayotganiga ham ishora qilgan edi bir paytlar. Bu hazil-hangoma payrov qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqatga yaqinligi sababli xalqimiz yuragidan joy oldi.


Darvoqe, avvallari davralarning to‘ri, maslahatning zo‘ri o‘qituvchiniki bo‘lganini pedagoglar ham, katta yoshli insonlar ham yaxshi eslaydi, qo‘msaydi. Xalqimiz azaldan ardoqlab, ko‘klarga ko‘tarib kelgan ustoz obro‘siga hamon putur yetkazayotgan bir qancha omillar borki, quyida ular xususida fikr yuritamiz.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida har bir soha oldida qiyinchiliklar, muammolar yuzaga kelgani sir emas. Bu ta’lim tizimini ham chetlab o‘tmadi. Odamlar o‘qish, ilm olishdan ko‘ra, ko‘proq tirikchilik g‘amiga tushgani, ayrim o‘qituvchilar “kasbini o‘zgartirib”, o‘zini savdoga  va boshqa sohalarga urgani bor gap. Natijada, maktablarda malakali kadrlar yetishmovchiligi keskin ravishda ortdi. Bo‘shab qolgan ish o‘rinlari esa o‘rta maxsus ma’lumotli yoki nomutaxassis pedagog-kadrlar bilan to‘ldirildi. Ba’zan shunday holatlar bo‘ldiki, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi haqiqiy pedagogga emas, hech qayerda ishi yurishmay, ishsiz qolgan “kadr”larga ishonib topshirildi.

– Ta’lim sohasida 48 yillik tajribaga egaman, – deydi Olmazor tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi Munira Rahmatqoriyeva. – Yillar davomida ko‘p o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Endi mustaqillikka erishib, davlatimiz oyoqqa turayotgan yillarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli nochorligi, o‘qituvchi maoshining kamligi sababli tajribali, yuqori malakali mutaxassislar boshqa sohalarga o‘tib ketdi. Bu maktablar nufuzini tushirib yubordi. O‘qituvchilarga past nazar bilan qarash shakllandi. Ota-onalar ham farzandining o‘qishi, ilm olishidan ko‘ra, pul topishini afzal ko‘ra boshladi. Bolalarni odob-axloqqa chaqirib, yaxshi o‘qishga da’vat qilgan muallimga “Sen kimsanki, bolamga xo‘jayinlik qilasan! O‘qib, olim bo‘ladimi yo menga dunyo olib beradimi?!”, mazmunida e’tiroz bildiruvchi ota-onalar ko‘paydi.

“Nuroniy” jamg‘armasining Yunusobod tumani bo‘linmasi raisi Anvar Gʻulomovning ta’kidlashicha, o‘sha davrda “Muallimlik kasbini yanglishib tanlabman!”, degan noto‘g‘ri qarashga berilgan, vazifasini sidqidildan bajarishga ishtiyoq sezmaydigan kadrlar paydo bo‘ldi.

– “Kelajakda o‘qituvchi bo‘laman!”, degan o‘spirinni kam uchratamiz, – deydi Anvar Gʻulomov. – To‘g‘ri-da, tinmay kasbidan noliydigan o‘qituvchiga qaysi o‘quvchi havas qiladi! “Oddiy muallim” iborasidagi “oddiy” so‘zi zamiridagi yuksak insoniylik, ziyo tushunchalari buzib talqin qilinib, “oddiy o‘qituvchi” atamasi kamxarjlikni, “qo‘li kaltalik”ni ifoda etadigan bo‘lib qoldi. “Oddiy o‘qituvchilikning orqasidan...”, degan gaplar muomalaga kirdi. Maktab – oliy dargoh. Unda xizmat qilayotganlar yosh avlod tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazishi, maktab va muallim degan nomga dog‘ tushirishi aslo mumkin emas. Abdulla Qahhor, Shavkat Rahmon o‘zbek adabiyotini iqtidorsiz havaskorlar va sayoz asarlardan qanchalik himoya qilganini yaxshi bilamiz. Agar maktablarda ham ta’limni, pedagoglikni chalasavod, nomunosib kadrlardan himoyalaydigan shunday jonkuyar ustozlar ko‘payganida tizimda “adashgan o‘qituvchilar” uchramasdi. Ta’lim sifati va samaradorligi bundan-da yuksalgan, o‘qituvchilik eng obro‘li kasblardan biriga aylangan bo‘lardi.


Shukrki, mamlakatimiz yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatlar barchamizni quvontiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilgacha respublikada 8214 ta maktab mavjud bo‘lib, shundan 4689 tasi (57 foizi) loyihalashtirilgan binolarda joylashgan. 3525 ta maktab (43 foiz) moslashtirilgan binolarda, shundan 1167 tasi (33 foizi) o‘tgan asrning 40 – 60-yillarida hashar yo‘li bilan paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan, biror-bir me’yorga javob bermaydigan binolarda faoliyat olib borgan. O‘tgan yillar mobaynida deyarli barcha ta’lim muassasalari kapital yoki joriy ta’mirlandi. 1991–2003-yillarda respublikamizning barcha hududlarida 1 million 893 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan umumta’lim maktablari hamda 152,8 ming o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasalari qurildi va ta’mirlandi.

2004–2009-yillar mobaynida Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi doirasida jami 8501 ta (351 ta maktabning binosi yangidan qurildi, 2470 tasi kapital rekonstruksiya qilindi, 3608 tasi kapital va 2069 tasi joriy ta’mirlandi) maktabda; 2010–2016-yillarda Investisiya dasturi asosida 2255 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu maqsadlar uchun 2,9 trillion so‘m sarflandi. 

Ta’lim muassasalari 1,09 trillion so‘mlik zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Maktablarning o‘quv mebellari bilan jihozlanganlik darajasi 82 591 sinf to‘plamga (2004 yildagiga nisbatan 78,1 foizga ko‘p), fizika laboratoriya xonasi 8 519 taga (87,8 foiz), kimyo laboratoriya xonasi 8 550 taga (88,2 foiz), biologiya laboratoriya xonasi 8 541 taga (88,1 foiz) yetdi.

2004-yilda respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 1342 ta (14 foiz) maktabga zamonaviy kompyuter berilgan bo‘lsa, bugungi kunda eng so‘nggi rusumdagi o‘quv kompyuter sinflari 12 956 tani yoki umumiy maktablar sonining 81,5 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, so‘nggi 11 yil davomida maktab o‘qituvchilarining o‘rtacha ish haqi miqdori 17 baravarga oshgani moddiy farovonligi yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 25-noyabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish va uni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan eng ilg‘or va faol pedagoglar oylik maoshining 40 foizigacha ustama haq olmoqda. Albatta, bu e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z mevasini berishi lozim. Ammo...

“O‘qituvchi bo‘lmayman”

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘qituvchi va o‘quv muassasasi” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Maktab, lisey va kollej o‘quvchilari ishtirok etgan so‘rov natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, oxirgi yillarda har beshinchi pedagog obro‘sini yo‘qotib bormoqda. O‘quvchilar ularga taqlid va havas qilishni istamaydi. “Nega?” degan og‘riqli savol tug‘iladi.

– Bugun o‘qituvchi obro‘sining tushishiga uning jamoat ishlariga faol jalb etilayotgani ham sabab bo‘lyapti, – deydi Chilonzor tumanidagi 178-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Nargiza Toshmatova (ism-familiya respondentning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi). – Kasbimni yaxshi ko‘rsam-da, ayrim sabablarga ko‘ra, sohadan ketmoqchiman. Oliy o‘quv yurtini tamomlab, faoliyatimni katta ishtiyoq bilan boshlagandim, maqsadlarim  ham ulkan edi. Yillar o‘tib, kasbimdan ko‘nglim soviy boshladi. Hammasiga qo‘l siltab, boshqa ishga o‘tish istagi paydo bo‘ldi. Bugun bu istak qat’iy qarorga aylandi. Bunga oylik maosh sabab emas. Chunki maoshimdan nolimayman. Hozir yaxshi ishlasangiz, ustama haq, mukofot pullari olasiz. Sababi boshqa: maktabda turli bahonalar bilan pul yig‘ish, o‘qituvchilarni har xil tadbirlar, seminarlarga, jamoat ishlariga majburan jalb qilish holatlari ko‘payib ketgan. Aytildimi, bas, darsni tashlab bo‘lsa-da, tadbirlarga borish kerak. Bu kasbiy mahoratimizni oshirishga xizmat qilsa-ku, yaxshi. Ammo ko‘p hollarda vaqtimizga achinib qaytamiz. Men keraksiz tadbirbozlikdan ko‘ra, 45 daqiqalik darsimni muhim hisoblayman.


Muallima sinf burchagidagi javon tomon ishora qildi. Bu yerda ko‘plab albom shaklidagi daftarlar o‘rin olgan ekan.

– Bu mikrohududni nazorat qilish daftari. Hududimizda 70 ta ko‘p qavatli turarjoy binosi bor. Bizga ana shu uylar bo‘lib berilgan. Darsdan keyin mikrohududdagi har bir xonadonga kirib, zarur ma’lumotlarni qayd etamiz. Bir yilda ikki marta nazorat olib borilsa-da, o‘qituvchi o‘ziga belgilangan xonadonlarni bir kunda aylanib chiqolmaydi. Axir kim qaysi maktabga o‘tgani, yashash joyini o‘zgartirgani kabi ma’lumotlarni yig‘ish oz vaqt talab qiladimi?! O‘tgan yillarda har bir xonadonda nechta bola borligi, tahsil olayotgan maktabi ro‘yxatga olinardi. Endi hududda yashovchilarning nechtasi doimiy, nechtasi vaqtinchalik ro‘yxatda turishi, qanchasi maktabda o‘qiydi, qanchasi MTMga boradi, ta’lim muassasasi ko‘rsatilishi kerak. Bundan tashqari, har yili nechta chaqaloq tug‘ilgani, jinsi, millati ham qayd etiladi. Bunday ortiqcha yuklamalardan charchadim. Agar o‘quvchilar daftari, kundaliklarini tekshirish, pedagogik yuklamalarni bajarish, reja, konspekt daftarlari yozish, darsga doir ko‘rgazmali qurol tayyorlash, dars ishlanmalari ustida ishlash, o‘quvchilarimning ruhiy-axloqiy holatini nazoratga olish bo‘lsa, e’tirozim yo‘q. Bu ishlar o‘qituvchining vazifasiga kiradi. Ammo mikrohudud nazorati, har hafta eshik oldida navbatchilik qilish, ko‘chalarni obodonlashtirish kabi ishlar kasbiy vazifamizga daxldor emas-ku!

Direktor o‘qituvchining himoyachisi (bo‘lishi kerak!)

Muhabbat opa 30 yillik pedagog. O‘quvchilarda matematikaga qiziqish uyg‘otib, iqtidorli bolalar salohiyatini tezda ilg‘ab, ular bilan samarali ishlay oladi. Shundan o‘quvchilarining ko‘rsatkichlari juda yaxshi. Lekin bir kuni maktabga qo‘qqisdan kelgan tekshiruvchilar uning darsini kuzatdi. Mashg‘ulot so‘ngida o‘qituvchi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar sinfxonaning o‘zidayoq birma-bir sanaldi. O‘quvchilar hayratda. Axir ular shu vaqtgacha ustozining benuqson dars o‘tishiga, hech qachon kamchilikka yo‘l qo‘ymasligiga ishonishardi-da. E’tiroz o‘qituvchiga ham xush kelmadi, chunki u doim darsga mas’uliyat bilan yondashar, o‘z metodlaridan ko‘ngli to‘lardi. O‘quvchilar oldida yuz bergan tortishuv maktab rahbari xonasida davom etdi. O‘qituvchi kamchiliklari o‘quvchilar oldida muhokama etilganidan norozi bo‘lib, maktab rahbarining himoyasidan umid qilgandi. Ammo bunday bo‘lmadi. Hodisa mohir pedagogning ruhiyatiga salbiy ta’sir qildi. “Ortiq dars berolmayman. O‘quvchilarim men haqimda endi nima deb o‘ylaydi?” degan istihola bilan ishidan voz kechdi...

Chindan ham yuqori tashkilotlardan kelgan tekshiruvchilar tomonidan o‘qituvchiga nisbatan e’tiroz bildirilsa, maktab direktori uni himoya qilishi lozim. Agar bu tanqidlar to‘g‘ri bo‘lsa ham ko‘pchilik oldida pedagogga tanbeh berish aks natija berishi mumkin. Shu bois ta’lim muassasasi rahbari xodimni kamchiliklarini alohida chaqirib, o‘ziga aytishi kerak. Shunda o‘qituvchi xatolarini tushunib, uni to‘g‘rilashga intiladi, qolaversa, rahbarga bo‘lgan hurmati ortadi.

Bilimli, mahoratli o‘qituvchi hamisha bir pog‘ona yuqori turadi. Ammo tashqi tomondan o‘tkazilgan birgina ta’sir bola ko‘nglidagi ana shu yuksak ehtiromni bir lahzada yo‘qqa chiqarishi hech gap emas. Ota-onaning farzandi oldida o‘qituvchisi haqida salbiy fikr bildirishi, yuqoridagi kabi holatlar bunga misoldir.


– Oxirgi yillarda farzandiga past baho qo‘ysangiz ham janjal ko‘tarib keladiganlar ko‘paydi, – deydi Yuqorichirchiq tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi Dilnoza Normatova. – “Sen yaxshi o‘qitganingda bolam ikki olmasdi. Ikki qo‘yguncha, unga bilmaganlarini yaxshilab o‘rgat. Bolamni doskada mashq yozishga majburlashga nima haqqing bor”, deya o‘sha jazoning, qo‘yilgan “ikki” bahoning sababini surishtirmay, do‘q-po‘pisa qiladiganlar bor. Aksariyat holatlarda bu janjallar rahbar xonasigacha yetib boradi. Eng yomoni, rahbar ham ota-onalarning yonini olib, o‘qituvchini tajribasizlikda, xato qilganlikda ayblaydi. Menimcha, maktab direktori shunday vaziyatda xolis, imkon qadar o‘qituvchi va ota-ona munosabatlarini murosaga keltiruvchi bo‘lishi kerak. Shunday yo‘l tutilsa, ota-onalar kichik bir vaj bilan ham o‘qituvchining obro‘sini to‘kishga botinolmasdi. Qolaversa, ba’zi hollarda maktab rahbariyati o‘quvchilar o‘rtasida o‘qituvchining obro‘siga putur yetkazadi.

Erkak o‘qituvchi bormi?

Shahrisabz tumani Shakarteri qishlog‘idagi 78-maktabda bir necha yillardan buyon malakali, oliy ma’lumotli tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi yo‘q. 7 yil muqaddam bu fandan saboq bergan muallimni hanuz o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalar sog‘inib eslaydi. Mahoratli, bilimli, bolalar bilan tez til topisha oladigan pedagog ko‘plab o‘quvchilarda faniga qiziqish uyg‘otgan. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar orasida kelajakda arxitektor, rassom bo‘lishga qaror qilganlar ko‘paydi. O‘qituvchi ular bilan darsdan keyin ham shug‘ullanardi. Iqtidorli shogirdlari Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro yosh rassomlar ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, “O‘zbekistonning tarixiy obidalari” mavzusidagi suratlari bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Ammo dars soatining kamligi natijasida maoshi ozlik qilgan o‘qituvchi maktabdan ketishga majbur bo‘ldi...

Shu kabi sabablar aksariyat erkak o‘qituvchilarni maktabdan ketishga undagan bo‘lsa, bu vaziyatni ko‘rib voyaga yetayotgan o‘smirlarda o‘qituvchilikka havas so‘nmoqda. Natijada maktablarda erkak o‘qituvchilar kamayib, bu ta’lim-tarbiya jarayoniga ham sezilarli ta’sir o‘tkazyapti.

– Pedagogik jamoada erkak o‘qituvchilarning o‘rni katta, – deydi Shayxontohur tumanidagi 20-maktab direktori Shahnoza Qosimova. – Bizda aksariyat o‘qituvchilar ayol kishi bo‘lgani uchun shu fikrga kelganman. Misol uchun, tanaffus payti o‘qituvchilar xonasida muallimlar o‘zaro pedagogik mahorat, fanga doir masalalar yuzasidan fikrlashib, dolzarb muammolar ustida bahs-munozara yuritganiga guvoh bo‘lmayman. Aksariyat hollarda bu daqiqalar mayda-chuyda mavzulardagi shivir-shivirlarga sarflanadi. Ahamiyat bersam, ana shunday “shivir-shivir”lar biror erkak o‘qituvchi xonaga kirib kelishi bilan nihoyasiga yetadi. Birgina o‘qituvchilar xonasida erkak o‘qituvchilarning o‘rni qanchalik muhimligini shundan ham anglasa bo‘ladi. Endi sinfxonalarni, dars jarayonini ham shu nuqtai nazardan kuzatsak, xulosa yanada oydinlashadi. 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Toxir Malik “Jinoyatning uzun yo‘li” asarida shunday yozadi: “Mutaxassislarning kuzatishicha, o‘g‘il bolalarning his-tuyg‘ularida, fe’l-atvorlarida (xarakterida) ilmiy tilda “feniminatsiya” degan holat kuzatilyapti. Lotincha, “femina” – “ayol” ma’nosini bildiradi. Mazkur ilmiy atama o‘g‘il bolalarda qat’iyatsizlik oshib borayotganini anglatadi. Kengroq ma’noda sharhlasak, o‘g‘il bolalar jiddiy bir qarorga kelishda sustkashlik qiladilar, ularda mas’uliyatga nisbatan qo‘rquv mavjud, boshqarishdan bo‘yin tovlamoqlik, mustaqil qarorga kelishdan qochishga urinish, irodasizlik va o‘ta ta’sirchanlik sezilyapti. Bular erkaklarga xos bo‘lmagan holatlar ekanini ta’kidlamasak ham bo‘lar. Buning asosiy sababi sifatida olimlar maktab o‘qituvchilarining asosan ayollardan iborat ekanini ko‘rsatishadi. Maktab o‘qituvchilarining 80 – 90 foizi ayol ekani va buning muhim ijtimoiy muammo ekani dunyodagi ko‘p mamlakatlarga xosdir”.


Zamon zayli bilan odamlarning vaqti tig‘iz. Oila boshliqlari ishdan kech qaytadi. O‘rni kelganda aytish kerak, o‘z bolasiga-da vaqt ajratolmayotganlar talaygina. Ayrim oilalarda esa farzandlar yolg‘iz ona qaramog‘ida ulg‘aymoqda. Bolalar tarbiyasida erkak o‘qituvchilarning o‘rnini hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bu ta’lim maskanlaridagi axloqiy-tarbiyaviy muhitda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Muallim ham charchaydi...

Bugun o‘qituvchilar o‘z ustida qay darajada ishlayapti? Har uch-besh yildagi malaka oshirish kurslarini qo‘yib turaylik-da, kundalik badiiy, ilmiy, estetik ehtiyojlarini qay darajada to‘ldirib borayotganiga e’tibor qarataylik.

Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tinglovchilari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovimizda qatnashgan 27 nafar turli fan o‘qituvchilaridan faqat 4 nafari ommaviy axborot vositalarida o‘qigan oxirgi maqolasini aniq ko‘rsatishdi. “Ta’limiy nashrlar orqali berilayotgan qaysi metodik tavsiyadan foydalanyapsiz?”, degan savolga 5 nafar o‘qituvchigina aniq javob yozgan. 2 nafar o‘qituvchi mutaxassisligiga oid oxirgi o‘qigan ilmiy-metodik asar nomini yoza oldi. “Oxirgi marta o‘qigan badiiy adabiyotingiz?”, savoliga yozilgan javoblar ham bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Aksariyati “Sariq devni minib”, “Ikki eshik orasi”, “O‘tkan kunlar”, “Yulduzli tunlar”, “Me’mor”, “Choliqushi”, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kabi asar nomlarini ko‘rsatish bilan cheklanishdi. So‘rovnomada o‘qituvchilar ish faoliyatida uchrayotgan muammolar haqida ham fikr bildirishdi. Har bir respondent o‘z ustida ishlashga vaqti yo‘qligi, ortiqcha qog‘ozbozliklar ko‘pligini alohida qayd etgan. Bir ishtirokchi “O‘qituvchi hujjatlari” degan kichik sarlavha ostida quyidagi uzun ro‘yxatni keltirgan:
1. Sinf jurnali.
2. Sinf rahbari papkasi.
3. Sinf rahbari jurnali.
4. Sinf rahbarining tarbiyaviy ish (soat) hujjatlari.
5. O‘quvchilarning kundalik daftari nazorati.
6. Ota-ona bilan ishlash daftari.
7. Dars konspekti.
8. Yillik reja.
9. Pedagogik soat.
10. Dars tahlili.
11. Fanga oid ko‘rgazmalar.
12. Past o‘zlashtiruvchilar, bo‘shliq bilan ishlash reja va daftari.
13. Iqtidorli o‘quvchi bilan ishlash reja va daftari.
14. O‘quvchilarning aylanma daftarlari.
15. O‘quvchilar nazorat ishi daftari.
16. Uslubiy birlashma hujjatlari.
17. Test banki.
18. O‘z ustida ishlash papkasi.
19. To‘garak jurnali.
20. To‘garak bilan ishlash papkasi.
21. Mikrohudud bilan ishlash daftari.
22. “Orasta qizlar” papkasi.
23. Filtr daftari va shoshilinch buyruqlar, hisobotlar, ma’lumotlar va hokazolar... 


Chindan ham, maktablarda o‘qituvchiga shunchalik ko‘p vazifa yuklanganmi, degan savol bilan maktab o‘qituvchilariga yuzlandik. Ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi hujjatlar umumiy bo‘lib, ularning har birida o‘qituvchiga yana ko‘plab vazifalar bor ekan. Masalan, sinf rahbari papkasida sinf rahbarining shaxsiy hujjatlar jamlanmasi, sinf rahbarining nizomi, yillik ish rejasi va oylik hisobotlari, o‘quvchilar, ularning ota-onalari haqida ma’lumot, o‘quvchilar qoidalari, o‘quvchilarning kundalik daftar to‘ldirish qoidalari, ota-onalar yig‘ilishini o‘tkazish rejasi va bayonnomalar, tashkil etilayotgan tadbir, ochiq dars, tanlov, olimpiada natijalari haqidagi ma’lumotlar joy olishi kerak...


Bular faqat qog‘ozni to‘ldirish ishlari xolos. Ularning amaldagi jarayonini ham o‘ylasak, o‘qituvchi zimmasidagi yuklamalar qanchalar ko‘pligi oydinlashadi. Shulardan ortib, o‘qituvchi dars ham o‘tishi kerak, darsdan tashqari o‘quvchilar bilan shug‘ullanishi, tadbir va ochiq darslarni tashkil qilishi va o‘z ustida ishlashi lozim. Insof bilan ayting-chi, shuncha yuklama bilan ulardan yana kitob o‘qishni talab qilish to‘g‘rimi? Imkoni bo‘lsa, barcha pedagoglar ham kitob o‘qishni, o‘z bilimini oshirib borishni xohlaydi. Axir busiz ertaga o‘quvchi oldida uyalib qolishi hech gap emas. Afsuski, ularda buning uchun vaqt yetishmayapti.


“Har kuni hadik ichida o‘tiramiz, – deyiladi anonim javoblarning birida. – Bugun qayerdan tekshiruvchi kelarkan, nimani tekshirarkin, hamma hujjatlarim to‘liqmikan. Achinarlisi, tekshiruvchi o‘qituvchiga hujjatlarning to‘liqligiga qarab baho beradi. Nahotki, o‘qituvchining mahorati, bilim darajasini shu tilsiz qog‘ozlar xolis aytib bera olsa?! Axir, ularning hammasi bir-biridan ko‘chirish asosida yoziladi-ku”.


Haqiqatan ham o‘qituvchiga xolis baho uning darsini kuzatib, o‘quvchilar bilimidagi samaradorlikka ko‘ra berilishi kerak. Zero, maktab ta’limidagi eng birlamchi masala ham o‘quvchiga sifatli ta’lim berish. Ammo ortiqcha qog‘ozbozlik darsning sifatini buzish bilan birga, o‘qituvchining qimmatli vaqti behuda sarflanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada kitob o‘qimaydigan, yangilikka intilmaydigan, hatto hordiq chiqarish uchun o‘ziga vaqt ajrata olmaydigan (buni qarangki, o‘qituvchi ham charchaydi!) tajang kayfiyatdagi muallimlar paydo bo‘lyapti.


Ta’magirlik beobro‘ qiladi

Har bir inson mehnatiga yarasha taqdirlanishni istaydi. Mukofot ham ikki xil bo‘ladi: moddiy va ma’naviy. O‘qituvchi faoliyati davomida buning ikkisiga ham erishadi. Ammo shuncha erishganlariga qanoat qilmaydiganlar “muallim” nomiga dog‘ tushirmoqda. Keling, mavjud holatni xaspo‘shlamay, ochiq aytaylik. Turli bayramlar, bitiruv oqshomlari va hatto tug‘ilgan kuni oldidan o‘zining “bahosi”ni sekingina ota-onalarga shipshib qo‘yadigan, agar sovg‘a o‘zi istagandek bo‘lmasa, qoshlarini chimirib, ters o‘giriladiganlar ham yo‘q emas. Bu ham o‘qituvchi obro‘siga putur yetkazuvchi bosh omillardandir. “Kelishilgan sovg‘alar” o‘qituvchining obro‘si, mavqeini tushiradi. Zero, ta’magirlik boshlangan joyda xolislik, haqqoniylik, qat’iyat va shaxsiy prinsip kabi pedagogik xislatlar chekinadi.


“Hurmatga loyiq bo‘laylik!”

– Ishlayman, degan muallim uchun barcha sharoit mavjud, – deydi Shahrisabz tumanidagi 78-maktab o‘qituvchisi, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Nazokat Vohidova. – Faqat yurakda mehr, istak bo‘lishi kerak. Bir necha yillar oldin qishlog‘imizda kuniga 20 soat tok bo‘lmasdi. Bo‘r va doska, ko‘rgazmali qurollar yordamida dars o‘tardik. Uyga qaytgach, uy ishlari bilan kech bo‘lganini ham sezmay qolardim. Tongga qadar ertangi darsga tayyorgarlik ko‘rib, o‘quvchilarning yozma ishlarini tekshirib bo‘lardim. Ertalabdan yana maktabga otlanardim. Kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun bu menga og‘irlik qilmasdi. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, ishlagan, mahoratini oshirib borgan o‘qituvchi, albatta, hurmat qozonadi. Menimcha, jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘si tushishiga ularning o‘zi ham sababchi bo‘lyapti. O‘zimizga “Nega o‘quvchilar meni hurmat qilmayapti?”, “Nega ota-ona bunday munosabatda bo‘lyapti?” kabi savollarni berib ko‘raylik! Har bayramda ota-onalardan nimadir ta’ma qilib tursak, bitiruv kechasiga menga falon narsa sovg‘a qilinglar, deb shart qo‘ysak, o‘quvchi qizlar bilan bir xonada tirnoq bo‘yab o‘tirsak, bahoni narxlasak, eng yomoni kasbimizni yaxshi bilmasak, el ichida qanday hurmatimiz bo‘lsin?! O‘qituvchi ilm kishisi. Uning ko‘zi to‘q, nazari baland, ma’naviyati yuksak bo‘lishi kerak. Ana shu xislatlarni o‘zida jamlaganlargina ustozlik maqomiga, e’zozga sazovor bo‘ladi.


“O‘qituvchilik – qo‘shimcha yukmi?

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati qaysi organning me’yoriy-huquqiy hujjatlari asosida tashkil etiladi? Maktab o‘qituvchilari faoliyati qaysi tashkilotning buyruqlariga ko‘ra yuritiladi? Bugungi kunda bu vakolat ikki tashkilot tomonidan amalga oshirilayotganini hammamiz bilamiz: Xalq ta’limi boshqaruv idoralari va mahalliy davlat hokimiyati organlari.


– O‘qituvchi faqat ish beruvchiga bo‘ysunadi, – deydi Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva. – O‘qituvchiga ish beruvchi bu maktab rahbaridir. O‘quv-tarbiya jarayoni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan chiqarilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tashkil etiladi. Mahalliy hokimiyatning ta’lim muassasasi faoliyatidagi vakolatlari “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasi orqali tartibga solingan. Ya’ni, mahalliy davlat hokimiyati organlari ta’lim   muassasalari  faoliyatining mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligini ta’minlaydilar; ta’lim muassasalarini  tashkil etadilar,  qayta tashkil  etadilar va tugatadilar (respublika tasarrufida bo‘lgan muassasalar bundan  mustasno), ularning ustavlarini ro‘yxatga oladilar; o‘z hududlaridagi ta’lim muassasalarini vakolat doirasida  moliyalash miqdorlarini va imtiyozlarni belgilaydilar; ta’lim sifati va  darajasiga, shuningdek, pedagog  xodimlarning kasb faoliyatiga bo‘lgan davlat talablariga rioya etilishini ta’minlaydilar. Hokimiyatning ta’lim muassasalari faoliyatiga aralashuvi jamoatchilik nazorati tarzida amalga oshirilishi kerak. Agar mahalliy hokimiyat darsning sifati, samaradorligi bo‘yicha nazorat o‘tkazmoqchi bo‘lsa, bunga tegishli me’yoriy hujjat qabul qilishi lozim bo‘ladi. Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat vazirligi tomonidan qabul qilingan 181-sonli buyruqda o‘qituvchining lavozim vazifa va majburiyatlari belgilab berilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan   lavozim vazifasiga kirmaydigan ishlarni mahalliy hokimiyat va jamoatchilik tashkilotlari o‘qituvchidan talab qilishga, majburlashga haqli emas.


Shuni ta’kidlash o‘rinliki, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan pedagogik, ta’limiy, tarbiyaviy vazifalari to‘liq va sifatli bajarilishi uchun o‘qituvchilar mahalliy davlat hokimiyati organlari topshirig‘i bilan o‘z vakolatiga kirmaydigan jamoat va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy ravishda jalb qilinmasligi, turli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshir-tekshirlar tartibga solinishi zarur. 


Sir emas, keyingi paytlarda ayrim mahalliy hokimlik mutasaddilarining pedagoglar, xususan, direktorlarga nisbatan qo‘pol munosabati, ularni behurmat qilgani aks etgan video va audioyozuvlar internet tarmog‘ida keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.  


Jumladan, Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev va Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev o‘qituvchilarni behurmat qilgani tasvirlangan videolavhalar ko‘pchilik o‘rtasida keng muhokama qilindi. E’tiborlisi, har ikki hokimning bu hatti-harakatiga nisbatan qonuniy baho berildi. Sayxunobod tumani hokimi vazifasidan bo‘shatilgan bo‘lsa, Andijon shahar hokimi ma’muriy tartibda jazolanib, eng kam oylik ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Haqiqatan ham, pedagoglarni beminnat yugurdakka aylantirib olish nafaqat o‘qituvchi zotiga nisbatan hurmatsizlik, balki o‘sha rahbarlarning ta’lim-tarbiya samaradorligiga befarqligini ham anglatmaydimi?


– Maktab ta’miri, ko‘chalarni obodonlashtirish, makulatura, metallolom yig‘ish, uyma-uy yurib qandaydir ro‘yxatlarni to‘ldirish va hokazo yumushlar o‘qituvchining asosiy vazifasi – darsni to‘liq va sifatli o‘tishiga to‘sqinlik qiladi, – deydi Kosonsoy tumanidagi 11-maktab geografiya fani o‘qituvchisi Muhammadjon To‘rabekov. – Oqibatda ayrimlar uchun o‘qituvchilik qo‘shimcha yukka o‘xshab qolmoqda. Ayniqsa, kuz oylarida darslar ikkinchi darajali masalaga aylanib, o‘qituvchilar paxta terimi uchun dalalarga safarbar qilinadi. O‘qituvchi dalada paxta tersa, kim dars o‘tadi, bolalarga kim ta’lim-tarbiya beradi? Tabiiyki, ta’lim-tarbiyada bo‘shliq yuzaga keladi. Bu yil Namangan viloyati hokimi X.Bozorovning o‘qituvchilarni obodonlashtirish va dala ishlariga jalb qilishga chek qo‘yishga va’da bergani  ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilindi: “O‘qituvchilarni nafaqat obodonlashtirish ishlarida, hatto qishloq ho‘jaligi ishlarida ham ishlatib keldik. O‘qituvchiga o‘zining ishini qildirmadik, fermerga bog‘ladik. Ko‘zimizni ochsak, og‘ir ahvoldamiz. Shuning uchun biz o‘qituvchilarimizni, umuman, byudjet xodimlarini o‘ziga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilishga chek qo‘yamiz...”, degan edi viloyatimiz hokimi. Biz o‘qituvchilar uning gaplaridan ta’sirlandik va natija qanday bo‘lishini kutdik. Bu yil maktabimizdagi hech bir o‘qituvchi terim mavsumida dalaga jalb etilmadi. Har bir sinfda dars jarayonlari reja bo‘yicha davom ettirildi.


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat tarixida birinchi marta parlamentga murojaatnoma taqdim etib, barcha sohalar qatori davlat boshqaruvi, jumlandan, mahalliy hokimlar vakolatini kengaytirish taklifini bildirdi. Quvonarli jihati, davlatimiz rahbari ushbu murojaatnomada endi hokimlar birinchi galda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirishga mas’ul bo‘lishini alohida ta’kidladi. 


Chindan ham farzandlarimizning kelajakda komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishida o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Shunday ekan, hokimlar o‘qituvchilarni obro‘sini oshirish, ularni e’zozlashda barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi kerak.  


Maqsadimiz, faqat kamchiliklarni sanab, ko‘rsatib o‘tish emas. Balki o‘qituvchi obro‘si, martabasini tiklash choralarini ko‘rish vaqti kelganini ta’kidlashdir. Axir muallimga yengillik berib, zimmasidagi keraksiz yuklardan ozod qilish ta’lim-tarbiya tizimiga faqat foyda keltiradi. Chunki o‘quv-tarbiya ishlarining sifati o‘qituvchi obro‘si bilan bevosita bog‘liqdir. 

   

Zilola MADATOVA

"Ma'rifat" gazetasining 2018-yildagi soni

dan olindi

Maqola muallifi

Zilola MADATOVA

Zilola MADATOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Gazeta
  • #Maktab

Ulashish