MULKDORLAR KIM ASLIDA?

Jarayon MULKDORLAR KIM ASLIDA?
50


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida “Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollar va tartibdan tashqari, shuningdek sud qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”, deya aniq qilib ko‘rsatilgan. Xo‘sh, bosh Qomusimizda qayd etilgan bunday konstitutsiyaviy kafolat amalda qanday ishlamoqda? Sudlar tomonidan mulk huquqi himoyasi qanchalik samarali bo‘lmoqda?

Tahririyatimizga o‘z mehnati va bilimi bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan o‘qituvchi ayol oilasi bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy-huquqiy masala yuzasidan yordam va adolat tiklanishida ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Go‘zal Azimova Sergeli tumanidagi 277-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida sakkiz yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Biroq uning hayotida so‘nggi yillarda kechayotgan voqealar tahlili ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor ayolning huquqlari amalda qay darajada himoyalanayotgani haqida og‘ir savollarni o‘rtaga qo‘yadi.

Go‘zal 2014-yili Fazliddin Azimov bilan qonuniy nikohdan o‘tadi. Shundan so‘ng ikki nafar qiz dunyoga keladi. Ammo oiladagi doimiy janjallar, turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlik, kaltaklash holatlari ayol salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Hatto, uning vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishiga, qosh usti miya kosasi lat yeyi­shiga olib keladi. Oxir-oqibat ular o‘rtasidagi nikoh 2022-yilda sud qarori bilan bekor qilinadi.

E’tiborli jihati shundaki, Fazliddin Azimov ichki ishlar idoralarida ish­lagani sababli ushbu oilaga davlat tomonidan ipoteka krediti orqali uch xonali uy-joy ajratilgan edi. Ma’lumki, mazkur xonadon uning oilasi – ona va ikki nafar voyaga yetmagan farzand manfaatlari inobatga olingan holda berilgan.

2024-yil 18-mart kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi ushbu xonadonni Go‘zal Azimova va Fazliddin Azimovning teng ulushdagi umumiy mulki deb topdi hamda ona va bolalarni uyga kiritishni belgilab berdi.


Uydan chiqarib yuborilgan ona-bolalar

Biroq sud qarori qonuniy kuchga kirganiga qaramay, Go‘zal Azimova va uning farzandlari amalda mazkur uyda yashash imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Hatto MIB xodimlari tomonidan uning ikki nafar farzandi nizoli xonadonga kiritilgan bo‘lsa-da, sobiq turmush o‘rtog‘i ushbu xonadonga o‘z opasi Ziyoda Parpiyeva va uning oila a’zolarini sobiq turmush o‘rtog‘i Go‘zal Azi­mova(ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari)ning roziligisiz joylashtirib, yashash xonalarini to‘liq band qildi. MIB xodimlari ketganidan so‘ng esa ona va bolalar uydan chiqarib yuborildi.

Bu holat Go‘zal Azimovani takroran sudga murojaat etishga majbur qildi. U da’vo arizasida uy-joydan foydalanish tartibini belgilash hamda noqonuniy ravishda yashab kelayotgan shaxslarni ko‘chirish masalalarini qo‘ydi. Sobiq turmush o‘rtog‘ining opasi Ziyoda Parpiyeva ushbu nizoli xonadon bilan hech qanday mulkiy aloqasi yo‘qligiga qaramasdan u ham sudga uy-joydan foydalanish huquqini belgilash to‘g‘risidagi qarshi da’vo arizasini kiritdi.


Qonun bor, adolat-chi?

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining 2025-yil 4-dekabrdagi chiqarilgan hal qiluv qarori bilan da’vogar Go‘zal Azimovaning yuqorida aytib o‘tilgan da’vosi hamda javobgar Ziyoda Parpiyevaning qarshi da’vo arizasi ham qanoatlan­tirilmasdan rad etildi. Holbuki, Fuqaro­lik kodeksining 219-moddasiga ko‘ra, “Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilari kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish undan foydalanish sud tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi”, deb aniq ko‘rsatilgan. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uy-joyga doimiy ro‘yxatga qo‘yish uchun barcha mulkdorlarning roziligi talab etiladi. Go‘zal Azimova esa sobiq turmush o‘rtog‘ining opasi Ziyoda Parpiyevaning ushbu xonadonga ro‘yxatga qo‘yilishiga rozilik bermagan. Bundan tashqari, bu bilan ikki nafar voyaga yetmagan bolaning turarjoy huquqlari ochiqdan ochiq poymol qilingan.


Ochiq sud majlisidagi yopiqlik

Eng xavotirli holatlardan biri shu bo‘ldiki, ushbu masala yuzasidan Mirobod tumanlararo sudi binosida o‘tkazilgan sud majlislarida jabrlanuvchi murojaat qilgan “Ma’rifat” gazetasi muxbiri ochiq sud jarayonida kuzatuvchi sifatida ishtirok etolmadi. Sababi, sud majlislari ochiq deb e’lon qilingani va jurnalist buning uchun barcha zarur hujjatlarga ega bo‘lganiga qaramay, sudya G.Ernazarova turli bahonalar keltirib, sud zalini tark etishga majbur qildi.


Go‘zal Azimovaning tahririyati­mizga yo‘llagan murojaati yuzasidan olib borilayotgan jurnalistik surishtiruv doirasida junalistning sud jarayonini kuzatishiga yo‘l qo‘yilmasligi (2025-yil 23-oktabr, 2025-yil 4-dekabr kunlari) jamoatchilik o‘rtasida turli savollarni tug‘dirdi. Axir bunday amaliyot protsessual qonunchilik talablari, shuningdek, sud ochiqligi va jamoatchilik nazorati prinsiplariga ham zid hisoblanadi.


Ochiq sud majlisida jurnalistning bir necha bor sud zalidan chiqarib yuborilgani jamoatchilik orasida “Sud kimdan va nimadan qo‘rqdi?” degan savollarni yuzaga keltirdi. O‘qituvchi – jamiyatning ongli vakili. Ikki nafar voyaga yetmagan bolani tarbiyalayotgan, davlat maktabida halol mehnat qilayotgan pedagog ayolning uy-joyi, xavfsizligi hamda inson qadr-qimmatiga oid huquqlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinayotgan bir paytda, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining bu jarayonga befarq bo‘lmasligi tabiiy holatdir. Mazkur vaziyatda sud jarayonining ochiqligi va shaffofligi masalalariga yanada kengroq e’tibor qaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.


Mazkur sud ishi orqali nafaqat mulkdor huquqlari, balki voyaga yetmagan bolalarning manfaatlari, adolat tamoyili hamda qonun ustuvorligining amalda qay darajada ta’minlanayotgani masalasi ham alohida mavzu. 


Apellyatsiya instansiyasi va qisman tiklangan qonun

Go‘zal Azimova tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi. Ish ochiq sud majlisida muhokama qilinib, O‘zbekiston ziyolilarining bosh nashri hisoblangan “Ma’rifat” gazetasi jurnalistiga tinglovchi va kuzatuvchi sifatida ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Sudlov hay’ati tomonidan 2026-yil 28-yanvarda chiqarilgan ajrimga ko‘ra, birinchi instansiya sudining 2025-yil 4-dekabrdagi hal qiluv qarori qisman bekor qilindi.


Apellyatsiya hay’ati ish materiallari­ni qayta tahlil qilib, ulushli mulkka oid huquqiy munosabatlarga to‘g‘ri huquqiy baho berilmaganini qayd etdi. Sud Fuqarolik kodeksining 219-moddasi talablariga tayanilgan holda, ulushli mulk ishtirokchilari o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lmagan sharoitda foydalanish tartibi sud tomonidan belgilanishi shartligini ta’kidladi. Natijada apellyatsiya instansiyasi Go‘zal Azimovaning uy-joydan foydalanish tartibini belgilash to‘g‘risidagi da’vo talablarini qanoatlantirib, nizoli xonadon bo‘yicha aniq foydalanish tartibini belgiladi. Qarorga ko‘ra, uyning 27,97 kv m maydonli yashash xonasi Go‘zal Azimova va uning voyaga yetmagan ikki nafar farzandlariga,  18,14 k m maydonli yashash xonasi Faz­liddin Azimovga, 15,04 kv m maydonli xona esa Ziyoda Parpiyevaga foydalanish uchun ajratildi. Dahliz, oshxona, hammom, hojatxona va boshqa umumiy joylar esa umumiy foydalanishda qoldirildi.  


Mulkdor kim?

Biroq baribir asosiy savol ochiq qoldi: nima uchun Ziyoda Parpiyeva ushbu nizoli kvartirada foydalanuvchi sifatida qayd etildi? Axir fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2024-yil 18-martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ahmad Yassaviy MFY, Xovos 2-tor ko‘chasi, 1/17-uy, 16-xonadon Azimova Go‘zal Akramovna va Azimov Fazliddin Faxritdinovichlarning teng – ½ ulushdagi umumiy mulki deb topilgan edi-ku? Shundan so‘ng, nega 2024-yil 8-iyun kuni Ziyoda Parpiyeva ushbu manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yiladi?  

Ammo uy-joy ulushli mulk hisoblangan sharoitda, amaldagi qonunchilikka muvofiq, turarjoyga doimiy ro‘y­xatdan o‘tkazish uchun barcha mulkdorlarning roziligi talab etiladi. Bu talab O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuni hamda ushbu sohadagi amaldagi me’yoriy hujjatlarda aniq belgilangan-ku! Xususan, amaldagi tartiblarga ko‘ra, shaxsni ro‘yxatga qo‘yish uchun turarjoy mulkdorining (yoki mulkdorlari­ning) roziligi talab etilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, nega ushbu talab vakolatli organ tomonidan buzildi?

Go‘zal Azimova bunday rozilikni ham shaxsan, ham notarial tarzda bermagan. Demak, Ziyoda Parpiyeva­ning 2024-yil 8-iyun kuni doimiy ro‘y­xatga qo‘yilishi ikkinchi mulkdorning huquqlari buzilganligini ko‘rsatib turibdi.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylash­tirish bo‘limiga murojaat qilinib, Ziyoda Parpiyevani ro‘yxatdan o‘chirish so‘raldi. Biroq vakolatli organ 2025-yil 30-dekabrdagi javob xati bilan uning doimiy ro‘yxatga qo‘yilishi mulkdorlardan biri tomonidan berilgan rozilik asosida amalga oshirilganini bildirib, ro‘yxatdan o‘chirishni rad etgan. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 219-moddasi talabi­ga ochiqdan ochiq rioya etilmayapti. Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 21-moddasi va Fuqarolik kodeksi­ning 9-moddasiga muvofiq, fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart. Mulkdorlik huquqidan boshqa mulkdorning huquqlariga zarar yetkazish tarzida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aynan shu huquqiy asoslarga tayangan holda, mazkur masala yuzasidan Go‘zal Azimova tomonidan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga Toshkent shahar Yashnobod tumani IIOF MB Migratsiya va fuqarolarni rasmiylash­tirish bo‘limi mansabdor shaxslarning qonunga xilof xatti-harakatlari yuzasidan ariza kiritildi. Umid qilamizki, sud tomonidan chiqariladigan adolatli qaror Go‘zal Azimovaning mulkdor sifatidagi qonuniy huquqlarini to‘liq himoya qiladi.

Ma’murjon QIYOMOV,

“Ma’rifat” gazetasi muxbiri,

Dilbar UMAROVA,

“Nodir Ishonch” advokaturasi

advokati


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish